OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdusaid Ko‘chimov: «Dunyoni yaxshilar ushlab turadi» (2010)

1

Eslasam, kulgim kelaveradi: bolalik-da, bolalik. Tirmizak-tirrancha bola bo‘lmasang, kelib-kelib o‘z otangni “feleton” qilasanmi? Tag‘in qaerda deng? O‘z uyida, qosh-ko‘zining shundoq ostida – “Oilamiz ovozi” gazetida-ya!

Sho‘ring qurg‘ur bu gazetning dunyoga kelishiyam, ketishiyam ikki kunlik bo‘lgan. Birgina soni chiqiboq boqiylikka jo‘nagan bunday “bebaxt” gazet, ommaviy axborot vositalari deb atalguvchi olamda (agar o‘sha gazetni ham shu olamga aloqador demoq mumkin bo‘lsa) yagona bo‘lsa, ajabmas.

Janobingiz o‘sha zamonda yo beshinchi, yo oltinchida o‘qirdim. Maktabimizga “muxbirlik” kasali yuqqan edi. Har sinfda ikki-uchtadan, beshta-oltitagacha “muxbir” javlon urardi. Ular katta-kichik xabaru maqolalari bilan tuman, viloyat, hatto, respublika gazetlarini ham beto‘xtov “bombardimon” qilgani-qilgan edilar. Shu yaqin “qorong‘i daraxtda”da tangaday yangilik sodir bo‘lsa, tamom – ertasigayoq birvarakayiga ikki-uch gazetda elga salom berib turardi. Muxbir serob – hamma birinchi bo‘lish ishqida kuyib-pishar edi-da. Ora-sira bizning xabarlar ham ko‘rinib qolardi u yer-bu yerda.

Yozuv-chizuv ishtiyoqi hammanikidan ham kaminada kuchliroq bo‘lgan shekilli, kunlarning birida uyimizda gazeta chiqarmoqqa (bu fikr qaerdan kelganiga hali-hali aqlim yetmaydi) kirishibman. Darvozadan hovlimizga kirgan joyda mol-holga yem, xas-xashak saqlanadigan somonxona bo‘lguvchi edi. Devorlari suvoqsiz, shiftini o‘rgimchak inlari qoplagan bu joy yozda bo‘sh turgani uchun bo‘lsa kerak, Iskandar, Quddus, Abdunazar, Rahimberdi degan jo‘ralar bilan hashar qilib, uyni tozaladik, somonli loy bilan devoru yerini kuchimiz yetganicha suvadik. Gazetlarni bir-biriga qator ulab, shiftga yelimladik. “Yozgi kanikul”da hordiq chiqarayotgan sandalni o‘rtaga joylashtirdik. Xullas, somonxonaga “darsxona” tusini bergan bo‘ldik.

“Darsxona” yaratish jarayonida oilamizda bolalarning dars qilishlari bilan bog‘liq bir qator kamchiliklar mavjudligi aniq-tiniq ko‘rinib qoldi. O‘zingiz tanangizda bir bir o‘ylab ko‘ring, bitta ro‘zg‘ordan to‘rt kishi: akam, kamina, ukam va singlim maktabga qatnaymiz. Demak, bir oilada to‘rtta o‘quvchi bor. Lekin uyda stol u yoqda tursin, bir dona maymoq stul ham yo‘q. Yerda uzala tushib yotib kitob o‘qiymiz. Biroq o‘n uch bolorli katta uyimizning uchta taxmoni ko‘rpa-yostiqqa, ikkita tokchasi choynak-piyolaga to‘la. Necha yillardan buyon tutilmagan chinni idishlaru bo‘g‘jomaga qamalgan ko‘rpa-ko‘rpachalar o‘rniga stol-stul olish mumkin-ku, axir! Modomiki, hukumat, bolalar – bizning kelajagimiz, deyotgan ekan, oilamiz boshlig‘i bo‘lgan otamiz nima uchun bunday hayot-mamot masalasiga panja orasidan qarab kelmoqda?!.. Bir ko‘nglim, bu muammolarni (qolaversa, qishlog‘imizdagi boshqa oilalardagi ahvol ham biznikidan g‘arib bo‘lsa borki, lekin yaxshi emas) tuman gazetigami, “Tong yulduzi” (burungi “Lenin uchquni”)gami boplab ur, deydi. Lekin otamdan hayiqqanim tufayli albatta, bu fikrdan qaytgan bo‘lsam kerak. Uyda, hali nomi tilga olingan sho‘rpeshona devoriy gazetni chiqarib, yuqoridagi kamchiliklar uchun otamni “feleton” qilibman. Rahmatlik otam sodda, ammo o‘ta hamiyatli, qishloq obro‘yi uchun jon-tani bilan kurashadigan, yordamga muhtojlardan borini ayamaydigan, mehnatkash, tanti va cho‘rtkesar odam edi. Son-sanoqsiz matalu masallar, ertagu dostonlarni yod bilar, ko‘hna qo‘shiqlar, aytimlarni suyub xirgoyi qilar, ammo savodxon emasdi. Sababi, ota-onadan juda erta ayrilgan, og‘ir qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan, o‘qish-yozishni o‘rganish imkoni bo‘lmagan. Shuning uchun ham “Oilamiz ovozi” g‘arib ayvonimizning o‘rtasida – ikki deraza oralig‘ida osilganiga qaramay, otam ikki kungacha e’tibor bermabdi. Gazetni sinfdoshlarim o‘qishgan emasmi, ular uyidagilarga yetkazishibdi. Quddusning otasi Arslonxon eshon bobo bir to‘yda otamni ko‘rib qolib, masxaraomuz kulibdi. Kichik ukam Abdusoli o‘qib berganidan keyin esa sho‘rpeshona gazet xuddi Jordano Bruno singari yonayotgan o‘choqda kulga aylandi. Ammo, shuni g‘urur bilan ta’kidlash joizki, sal vaqt o‘tmay, nafaqat biznikida, balki qishlog‘imizdagi boshqa ayrim xonadonlarda ham stol-stullar paydo bo‘lgani hech esimdan chiqmaydi...

Yana bir tafsilot. Qishlog‘imiz bilan qo‘shni Nisbot qishlog‘i orasida Yangi ariq kanali bor. Tumanimiz markazi bo‘lgan Urgut shahriga eltuvchi katta yo‘l ham ana shu kanaldan o‘tadi. Lekin kanalning ko‘prigi shu qadar omonatki, yuk mashinalari o‘tayotganda shovshab yotgan to‘sinlar qaltirab, belanchakdek chayqalib, botmon-botmon tuproq yoriqlardan shovullab suvga to‘kiladi, otliq ham, piyoda ham yuragini hovuchlab o‘tadi. O‘sha – oltinchida o‘qiyotganda “Urgut sadosi” (burungi “Oktyabr alangasi”) gazetida “Qilpillama” sarlavhali tanqidiy maqolam chiqdi. Kolxozimiz raisi bor edi, Abror To‘raqulov degan. Rayonda dongdor, obro‘li raislardan edi. Raykomdan gap eshitgan ekan, ko‘chada otamni uchratib qolib kesatibdi, lo‘lidan odam chiqsa o‘toviga o‘t qo‘yar, deb. Otamning hurmati baland edi Rais boboga. Rais boboga, bolalik qipti, tanobini tortib qo‘yaman, depti.Ammo unday qilmadi. Unaqalarni yozishga hali yoshlik qilasan, hozir yaxshilab o‘qish kerak, dedi, xolos. Bilasiz, bola deganda do‘ppidaygina shumlik ham bo‘ladi, otam nasihat qilayotganida, ichida allaqanday g‘urur borligini ovozidan sezib turdim...

Balki tasodifdir, balki rejalidir, ishqilib, oradan biroz vaqt o‘tib, kanal ustida yangi, temir-beton ko‘prik qurildi...

2

Demoqchi bo‘lganim shuki, eslab ko‘rsam, gazetachilikni beshinchi yo oltinchi sinfdan boshlagan ekanmiz. Nasiba ekan-da, umrimiz jurnalistu yozuvchilar orasida o‘tayotir. Peshonamga shunday qismat bitilganiga bir emas, o‘n emas, ming martalab shukurlar qilaman. Odamlarni, elni, yurtni tanidim; bitta-yarimta tanigan bo‘lsa, buyam shu kasb, shu qalam tufaylidir.

O‘tgan yillarda turfa fe’lu turfa xislatli odamlar bilan uchrashdim. Eh-he, ular orasida kimlar yo‘q deysiz! Saxiyi ham, baxili ham; davring kepti, sur begim, davroning kepti, ur begim, degichlar ham; shahar – sharmandaniki, yutog‘ich tuyani yungi bilan yutadi, degichlar ham; eshak – siypalaganni, yomon – siylaganni bilmas, degichlar ham...

Xullas, do‘st-birodar, tanish-bilish – ularning har biri misoli bitta kitob. Lekin, ular orasida ustozlarning o‘rni tengsiz. Ustoz degani maktabdagi o‘qituvchi bilan o‘quvchi singari biri o‘rgatadi, biri o‘r­ganadi, degani emas ekan. Ustoz degani goho bir og‘iz pand-na­si­hat qil­­masa ham o‘zi­­­ning yurish-turishi, at­­rof­da­gi­larga mu­nosabati, ha­yot tarzi, ish uslubi, muomala madaniyati kabi xislatlari bilan be­­o‘lchov saboqlar berib, saxovat yo‘­liga chorlab turar ekan hami­sha. Shuning uchun ham go‘zal chechakka bolari qo‘nganidek, ustozlar huzuriga oshiqar ekansan. Yoshi yetmishdan oshgan esa-da, hanuz bolalardek sodda va samimiy Pirmat Shermuhamedov, alloma va tanti Odil Yoqubov, vazmin va bag‘ri keng Erkin Samandar, betakror adib O‘tkir Hoshimov, kattayu kichikka birdek suyumli ijodkor Xudoyberdi To‘xtaboev kabi ulug‘lar bilan birga bir tashkilot, bitta jamoada ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim.

Shukrkim, dunyoda, jamiyatda yaxshi odamlar ko‘p. Men nima uchun dunyoga keldim, dunyoga kelib nima qildim, biron kishiga nafim tegdimi, yashashdan maqsadim nima o‘zi, mayda-chuydalarga ko‘milib umr o‘tkazishmi yoki bir tup bo‘lsa hamki ko‘chat ekib ko‘kartirishmi, qabilidagi haqli savollarni o‘zingga berganing sari haligidaqa qitmir kimsalarning basharalari xira, qiliqlari nimjon, ko‘rimsiz va mezon singari ojiz bo‘lib qoladi.

Xususan, ijodga daxli bor odam... mayda-chuydalardan balandda turmog‘i shart, deb hisoblayman. Aks holda, u yozuvchi emas, nargayi kir ig‘vofurushga aylanib, yozolmaydigan bo‘lib qolishi mumkin. Demakki, u, inson deb atalmish murakkab jonzotning ko‘ngil qatlamlarida taxlanib yotgan ismsiz tuyg‘ularni ko‘rish, tushunish, o‘rganish va eng keragi badiiy tahlil qilishdek bebaho baxtdan mosuvo bo‘ladi.

3

Ijodkor-ijodkor deymiz, aslida ijodkor ham boshqa insonlar singari Yaratganning bir yaratig‘i. Unda hayratomuz shox-butoq ham, ayrimlar kamtarona tavoze ila bot-bot pisanda qilishni suyadigan ilohiylik ham yo‘q – liq to‘la avtobusda ketayotgan yo‘lovchilarning biri. Uyam adashadi, xato qiladi, kimgadir zug‘um o‘tkazadi yoki kimningdir zug‘umiga uchraydi.

Mavridi keldimi-yo‘qmi, bilmayman, ammo shu o‘rinda Umar Xayyom hazratlarining manovi ruboiysiga, ruboiydagi haqiqatga bir qarang:

Bir qo‘lda Qur’onu, bittasida jom,
Ba’zida halolmiz, ba’zida harom.
Feruza gumbazli osmon tagida
Na chin musulmonmiz, na kofir tamom.

Manovinisi esa rus xalqining buyuk adibi Lev Tolstoyga tegishli: ”Men urushda odam o‘ldirganman, o‘ldirmoq niyatida duelga chaqirganman, tasarrufimdagi mujiklarni qartaga boy berganman, ularning mehnati evaziga yashaganman, ularni qatl etganman, fahsh ishlar bilan shug‘ullanganman, aldaganman. Yolg‘onchilik, o‘g‘irlik, har xil rangdagi zinokorlik, ichkilikbozlik, zo‘ravonlik, qotillik... Men qilmagan jinoyat qolgan emas”.

Dunyo tanigan va tan olgan ulug‘ allomalarning bu tarzdagi iqrornomalari ba’zilarga erish tuyulishi, Umar Xayyomni “piyonista chol” deb, Lev Tolstoyni esa, Ozod Sharafiddinov domla aytganidek:”Voy soqoling ko‘ksingga to‘kilgur-ey!”– deb ayblashi mumkin. Lekin bu daholar shunday g‘ala-g‘ovur, o‘ydim-chuqur yo‘llardan o‘tgan. Bitta tirik jon sifatida xatolar, adashuvlar to‘fonida azoblangan, toblangan. Eng muhimi, yuksak xulosalar chiqargan. Jahon adabiyoti durdonalariga aylangan benazir asarlar yaratgan.

Gapning abdavi shuki, Yaratgan birovga ketmon, birovga o‘roq, birovga bolta, yozuvchiga esa qalam bergan. Yozuvchi yozadi, yozgani, yoza olgani uchun, u – yozuvchi. Bunda tariqchayam favquloddalik yoki ilohiyot yo‘q. Ish —hamma jabhada ish, ishlagan – tishlaydi, chin ishlagan kattaroq yutuqqa erishadi, tilga tushadi, e’tibor qozonadi. Adib ham shu-da. Hamma gap qanday yozishda. Yozganingni kimdir o‘qisa, o‘qiganda hayajonlansa, xayolga botsa, mulohaza, mushohada qilsa. Ana unda azoblansang arziydi!

“Olimlikni niyat qilgan har bir odam eng avval o‘z ruhini haqiqatni ko‘rishga xalal beruvchi turli illatlardan tozalashi zarur. Negaki, qo‘ndoqda tekkan yomon odatlar – tarafkashlik, raqobat, tuban ehtiroslarga qul bo‘lish, hokimiyat talashish va shu singari juda ko‘p illatlar olimlarni haqiqatdan ko‘z yumishga olib keladi”. Qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniyning mazkur so‘zlari to‘laligicha adabiyot ahliga ham taalluqlidir.

Kim uchsa sa’y-jahd qilmay shuhratga,
Karam libosiga ko‘zi bo‘lsa och,
G‘aflat soyasida shod bo‘lur ammo,
Sharaf kiyimisiz qolur yalong‘och.

Bu hikmat ham Beruniy bobomizniki. Darvoqe, izohga hojat bormi?..

4

Bugun ijodkorda miriqib ijod qilish uchun mukammal imkoniyatlar muhayyo. Xususan, o‘zimizda – O‘zbekistonda.

Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimiz mustaqilligining birinchi kunlaridan buyon ma’naviyat va ma’rifatni, adabiyot va san’atni yuksaltarish yo‘lida tinmay jon kuydirib kelayotir. O‘tgan yillar ichida qilingan va qilinayotgan savobli yumushlar behisob. Prezidentimiz qarori bilan “Ijod” fondining tashkil etilgani hamda mazkur fondga millionlab mablag‘ ajratilishi, milliardlar sarflanib yozuvchilarning Do‘rmondagi ijod uyi va shifo maskanining qayta ta’mirlanishi, yer yuzida inqiroz bo‘roni och bo‘ridek uvillab turgan bir zamonda, ayniqsa, misli ko‘rilmagan saxovatli hodisadir! Barcha toifa ijod ahli qatori, yosh yozuvchi-shoirlar ham bunday dorilamon zamonda, dilda borini qog‘ozga to‘kib solishlari, to‘lqinlanib, to‘lib-toshib yozishlari va... Yaxshi yozishlari kerak. Soyasi yupqa, mujmal, g‘o‘jala, hoyu-havaslarga osonlikcha berilib ketuvchi, turmushning birinchi zarbalariga duch kelishi bilanoq tob tashlab, aro yo‘lda ikkilanib qoluvchi, o‘ylab chiqarilgan qahramonlar bugun hech kimga kerak emas. Go‘zal insoniy munosabatlar, ohori to‘kilmagan xarakterlar yarata olmagan lanj qalamkash esa umrbod hofiz bo‘lish orzusida yashovchi laparchiga o‘xshab qolaveradi.

Adabiyotning vazifasi hayotning kishilarga ibrat bo‘ladigan jihatlarini yoritish, deydilar. Agar, yozuvchining o‘zi samimiylik, to‘g‘riso‘zlik, halollik, kishilarga mehribonlik kabi fazilatlari bilan boshqalarga namuna bo‘la olsa, buning ta’siri ham eng yaxshi asarning ta’siridan kam bo‘lmaydi. Jahon she’riyatining sultoni Alisher Navoiy hazratlarining hayoti ana shu jihatlari bilan necha asrlar osha insoniyatga namuna maktabi bo‘lib kelayotir. Ibrat olsa arziydigan kishilar hozir ham oramizda kam emas. Hayotimning sal kam o‘ttiz yili katta-kichik mansabu vazifalarda o‘tayotir. Xudoga shukur, shu davrda ma’naviy barkamol, samimiy insonlarni ko‘p ko‘rdim. Dunyoni yaxshi odamlar ushlab turadi, degan ko‘hna ibora zamiridagi oddiy haqiqatga qayta-qayta guvoh bo‘ldim. Ha, azizlar, dono bobolarimiz: yaxshi odam, yaxshi do‘st – bebaho davlat; yaxshilik – nur, yaxshiga gul – soya, yaxshilik – yaroq, yaxshi qand yedirar, yaxshi – to‘rga eltar, yaxshilik ikki jahonni orttirar kabi hikmatlarni bekordan-bekorga hadeb takrorlamas, farzandlar ongi-shuuriga singdirmas ekanlar.

Anglaganlarimdan yana biri shu bo‘ldiki, bu yorug‘ jahonga kelganingdan keyin bir o‘zing mo‘ridek so‘ppayib yasholmaysan: kimgadir yo‘ldosh, kimgadir sirdosh bo‘lasan. Rahmatlik otam: “Yo‘ldoshing olaqarg‘a bo‘lsa, yemishing go‘ng bo‘ladi”, “Do‘stda dushmanning qulog‘i bor” degan kalimalarni ko‘p takrorlar edi. Bu – yo‘ldoshni ham, sirdoshni ham ehtiyot bo‘lib tanlaganga baxt quyoshdek kulib boqadi, degani ekan. Yomon yo‘ldosh ravon yo‘lda ham g‘ov bo‘lishiga bot-bot duch keldim. Ammo do‘stiga qalqon bo‘lgan, oyna bo‘lgan, qo‘ldosh-elkadosh; do‘stga lola, dushmanga jala bo‘lgan va bo‘layotgan pokdomon zotlarga havas bilan qarayman, ulardan o‘rganishga, ularga safdosh bo‘lishga, ularga xizmat qilishga intilaman.

5

Yon daftarlarimda bir-biridan qiziq va o‘zimcha, xarakterli deb hisoblagan bir dunyo qaydlar bor. Sekin-sekin qog‘ozga tushyapti...

“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 6 (235)-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.