OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husniddin Sharipov. Taqdir (2011)

Ochig‘i, sevimli jurnalimizning tashrifi meni biroz shoshiltirib qo‘ydi. O‘zim haqda gapirishga ancha qiynaldim. Lekin ko‘nglimda o‘quvchilarga aytar gapim ko‘p. Fursatdan foydalanib hayotimda, ijodimda katta ahamiyat kasb etgan ba’zi bir ibratli voqealarni eslab o‘tishni istadim.

Muallif

Dono insonning bir og‘iz so‘zi o‘sha so‘zga muhtoj bo‘lib turgan, lekin bundan o‘zi ham bexabar boshqa bir kishining taqdirini yangi bir kenglik sari burib yuborishi mumkin ekan. Buni ko‘rish menga ham nasib qilgan.

1960 yilning yanvarida «O‘zbekiston madaniyati» gaze­tasiga adabiy kotib sifatida ishga joylash­ganimdan keyin orttirgan do‘stim, adabiyot bo‘li­mining mudiri, keyinchalik farzandlarimga ham universitetda ustoz­lik qilgan qadrdonim, yaxshi olim va jurnalist Sharif Yusupov so‘nggi paytlarda besh-o‘n kishilik davra ichiga kirib qolsak, davrimizning ulkan yozuvchisi Abdulla Qahhor 1952 yil dekabrida meni maqtab, bir og‘iz so‘zi bilan adabiyotda qaddimni tiklab qo‘yganini bir-ikki marta shavqlanib esga oldi. Bu hakda o‘zimning munosabatim qandayligini ham so‘radi. Munosabatim a’lo darajada-ku, ammo bu hakda el aro gap ochsam, o‘zimni o‘zim maqtaganday bo‘lib qolishdan cho‘chib, indayolmay yuraverdim. Chunki o‘tgan asrning elliginchi yillarida – faqat yoshlar emas, kitob chiqargan, hatto yoshi bir joyga borib qolgan qalamkashlar ham, kamtarlik devorini buzib, o‘zlarini shoir deb ayyuhannos solishdan iy­manar edilar.

Sharif aka mening qitig‘imni uyg‘otish qiyin eka­niga aqli yetdimi, «Adibning jasoratli bir so‘­zi» maqolasi («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 2007 yil, 16 mart)da bu vazifani o‘zi ado etishga kirishibdi. Mana u maqoladan bir lavha. «O‘shanda Abdulla aka o‘z nutqini hozirgi yoshlarga havasim keladi, ular bizning avlod yoshlik chog‘ida qilolmagan katta ishlarni qilmoqdalar, deb boshlagan va o‘sha kunlari she’riyat maydoniga endigina kirib ke­layotgan Husniddin Sharipovning «Sahroga hujum» (as­lida «Iroda») she’rini ibrat namunasi sifatida keltirib, atroflicha tahlil etgandan so‘ng, hozirda Husniddindan ko‘ra besh-o‘nta ko‘ylakni ko‘proq yirtgan qalamkashlar undan dars olishlarini istardim, de­gandi».

Shundan so‘ng, Sharif Yusupov yozganidek, Abdulla Qahhor o‘zbek nasri va she’riyatidagi umumiy ahvolga to‘xtab, ba’zi adib va shoirlarning ijod sohasidagi, shaxsiy hayotidagi nuqsonlarni o‘yib-o‘yib oladigan so‘zlar bilan butun zal tasavvurida yaqqol gavdalantirib bergandi.

Ana shunday so‘zlardan keyin ham men og‘zimga tal­qon solib o‘ltiraverishim, boshqalar tugul, o‘zim­ga ham g‘alati tuyulayotganday bo‘la boshladi. Faqat bir andisha bor: hozirgi eslovchilar ko‘pincha esla­nuvchilarning nomlarini yashirib, «bir yozuvchi», «ta­niq­li shoir» singari iboralar bilan atab o‘tadilar. Menimcha, she’rda ham, xotiranomada ham qahramonni tanib bo‘ladigan portretini chizishning zarari yoki og‘rintiradigan joyi yo‘q. Axir bu kimningdir orqasidan tosh otish uchun emas, balki o‘sha davr ob-havosini, leksikasini, ifoda imkoniyatlarini ko‘r­satib berish uchun xizmat qilishi mumkin.

Hozir ham qo‘limda O‘zbekiston yosh yozuvchilari IV Respublika kengash-konferentsiyasining 1952 yil 24-26 dekabr kunlaridagi majlislarining stenografik yozuvi bor. Men o‘tganlarning ruhidan kechirim so‘rab, endi stenogrammaning u yer-bu yeridan qisqa-qisqa lav­halar keltiraman, umidim borki, bu Abdulla Qahhor­ning o‘z portretiga o‘zi qo‘shgan bo‘yoq bo‘lib qoladi.

Avvalo Mirmuhsinning «Abdulla Nabiev» dos­toni haqida. Qahhor domla shunday deydi: «Bu mahsulotning uchta yaxshi bo‘lmagan tomoni bor. Birinchidan, Abdulla Nabiev o‘rtoqlari, tanish-bilishlari qatori­da ma’lum bir obraz edi. Men uni ko‘rganman, eshitganman – uning aloqasi bo‘lgan kishilardan eshitganman. Poemada shu yorqin obraz latta qo‘g‘irchoqqa aylangan. Ikkinchidan, poema dushman to‘g‘risida o‘quvchida noto‘g‘ri tasavvur tug‘diradi. U bunday emas, dushman bunday bo‘lmaydi. Dushmanning chet el bilan bo‘lgan aloqasi bunday emas edi. Uchinchidan, haqiqatan boy, badiiy puxta ishlangan misralarni e’tiborga olmasak, poema o‘quvchini shoir­dan (ehtimol she’rdan) ma’lum darajada bezdiradi»

Konferentsiyani o‘z ma’ruzasi bilan boshlab bergan 31 yoshli Mirmuhsin aka 45 yoshli ustozning bu tanbehi ustida o‘ylab, oradan bir kun o‘tgach, o‘zining yakunlovchi ma’ruzasida Abdulla Qahhor dostonni diqqat bilan o‘qigani uchun minnatdor ekanini bildirdi, asar ustida ishni davom ettirayotganini va bu jarayonda Qahhor fikrlarini ham hisobga olajagini aytdi. Men bu o‘ylashning natijasini bilmoq uchun Mirmuhsin akaning keyingi kitoblari va tarjimai hollarini varaqlab ko‘rdim, lekin o‘sha dostonning na o‘zini, na nomini topdim. Mehnati uvol bo‘lishini muallifning o‘zi ham sezgan bo‘lsa kerak-da.

Badiiy asarlar xom tug‘ilayotganini, Abdulla Qah­­hor nutqini davom ettirib, ijodiy kengashlar faoliyatining past saviyasiga bog‘laydi. She’riyat ken­gashi (u paytlar poeziya sektsiyasi deb atalardi) rais­ini tilga olib, «Mamarasul Boboev, ma’lum bo‘­lishicha, sen menga tegma, men senga tegmayman, ikkalamiz ham olam keng, yashayveraylik, deb ish tu­tarkan. Bunaqa kamtarlik kimga kerak?» deydi ustoz va so‘zini davom ettirib, Asqad Muxtorning biror asarga baho berishda uning sifatidan ko‘ra, muallif mavqeiga ko‘proq e’tibor qilayotganini eslab o‘tadi.

Bunday holat nasr kengashi (ya’ni proza sektsiyasi)da ham hukm surayotgani haqida so‘zlab, Abdulla Qah­­hor birin-ketin Sami Abduqahhor, Ibrohim Ra­­­him, Abbos Muhiddin, Said Nazarning qissa, hikoya va ro­manlarini tahlil qiladi, ulardagi mantiqsizlik, hayot­dan yiroqlik, til g‘aribligini chertib-chertib, zal­ni kuldira-kuldira, namoyish etadi. Buni Yozuv­chilar uyushmasi rahbarlaridan birining adabiy hayot bo‘yicha navbatdagi nashtarli nutqi deyishdan ko‘ra, umri ijod bilan o‘tgan ulkan tajribali yozuvchining respublikamiz yosh kalamkashlari uchun o‘tkazgan ma­horat darsi, unutilmas sabog‘i deb atash to‘g‘riroq bo‘ladi, menimcha.

Ustozning ma’ruzasi nihoyasiga yetib qoldi she­killi, ohista umumlashmalar tug‘ila boshladi. «Ijod­­­korlarning ko‘pchiligi adabiyotga qalam bilan kirayotibdi, yoshlar adabiyotga zo‘r maqsad bilan kelayotibdi, – deydi Abdulla Qahhor va davom etadi. – Biz uchun yozuvchilarning oz yoki ko‘pligi emas, balki buyuk maqsad yo‘lidagi bir rivojlanish vositasi bo‘lishi qiziqarli. Kimdir o‘z oldiga qandaydir yozg‘uvchi bo‘lishni mo‘ljal qilib qo‘ygan bo‘lsa, na chora, undan har qachon ham yozuvchi chiqavermaydi. Yozuvchini buyuk maqsad tug‘diradi. Hatto buguncha tajribasi yetarli bo‘lmagan yosh qalamlar ostidan chiqqan asarlarda ham o‘sha ruh barq urib tursa, mana shu ruhdan tug‘ilgan ilhom barakali bo‘ladi».

Majlis qatnashchilari bu dadil va teran nutq uchun minnatdorchilik bilan qarsak boshlaganlarida ustoz minbarni tark eta qolmadilar, balki yuqorida aytgan fikrlarini yana bir bora tasdiq etish uchun bo‘lsa kerak, shunday davom etdilar: «Qaysi kuni «Qizil O‘zbekiston» gazetasida adabiy sahifa chiqdi. Unda yosh shoirlardan Husniddin Sharipovning «Iroda» degan she’ri bosilib chiqdi. (Shu on mening yuragim «shuv» etib ketdi. Lekin, xayriyat, ustoz boyagiday qattiqqo‘llik bilan emas, o‘zgacha bir ohangda davom etdilar). Afsuski, she’r o‘qishni bilmayman, bilsam o‘qib berardim. Mayli, o‘zingiz o‘qib olarsiz. She’rda qum bo‘roni tasvir etiladi. Kimdir bunaqa hodisani halokat deb hisoblar. Ammo shoirning o‘zidek yosh bir geolog o‘zi bu yerlarga bugun-erta boshlab keladigan hayotni o‘ylab, halokatli bo‘ron ostida jilmayadi. Chunki orqasida butun mamlakat borligini, xalq borligini biladi. Shuning uchun g‘alaba qilishiga amin.

Men gapimni nima bilan boshlagan bo‘lsam, o‘sha bilan tamomlayman: biz adabiyotga yo‘l axtarganda, bunday she’r yoza olmas edik, bunday yozishni tasavvur qilish ham qiyin edi. (Uzoq va davomli qarsaklar)».

Shundan so‘ng tanaffus e’lon qilindi. Tanish va notanishlar, hali zal eshigidan chiqmay turiboq, meni tabrik eta boshlashdi. Gazeta va jurnallarning xodimlari bosilmagan she’rlarimni so‘rab olishga kirishdilar. «She’rlarim tugadi» desam, qay bir mavzuni aytib, buyurtma berganlar ham bo‘ldi. Rasmiy majlislar orasida bo‘lib o‘tgan ijodiy muhokama­lar­da she’riyat kengashi raisi Mamarasul Boboev menga ham tez-tez so‘z berib turdi. Ana shu jarayonda aqlim sal yorishib, Abdulla Qahhor deb atalgan ulug‘ insonning so‘zi naqadar qudratga ega ekanini tushuna bordim. Ustoz meni ancha-muncha yuqoriga kaftlarida ko‘tarib qo‘ygan ekanlar, endigi vazifa – o‘sha yerdan «gurs etib» qulamaslik, domlamiz so‘zini beqadr qilmaslik, o‘sha yo‘l, o‘sha tramplindan yanada olg‘a intilish edi.

«Iroda» to‘rt yildan so‘ng «Nihol» deb atalgan birinchi kitobimda asli o‘zim qo‘ygan nom bilan bo­sildi. U kitobni topish hozirgi kunlarda amri ma­hol bo‘lgani sababli, yosh she’rxonlar va boshqa qi­ziqqanlarga ko‘chirma havola etmoqchiman:

SAHRODA

Birdan qumtepalar, cho‘chigan toyday, Seskanib ko‘zg‘oldi, bo‘ron boshlandi. Nurdan hozirgina ko‘z tolgan joyda Qorong‘ulik cho‘kib, suron boshlandi. Quyosh chang qoplagan barkash singari To‘zon orasidan ko‘rinar xira. Mashina yurolmas endi ilgari, Yo‘lni ko‘rmoq uchun iloj yo‘q sira. Ko‘zoynakdan o‘tib ko‘zga kirar qum, Tishning orasida qum g‘ijirlaydi. Bo‘ronga boqarkan, geolog Tursun Qumni tuflab tashlab, birdan jilmaydi: Mayli uvullab ol, sahro, so‘nggi bor, Tezda yuvosh bo‘lib qolasan qo‘ydek. Bu yerlar bo‘ladi ko‘m-ko‘k paxtazor, Chunki keng ko‘ksingga biz qadam qo‘ydik. Shamol hushtak chalar, tinchimas bir dam, Darg‘azab, yoqaga soladi changal. Tursun palatkada, qo‘lida karta, Jilmayar «Bog‘ bo‘lar manov yerlarda, Bu yerdan o‘tadi hayotbaxsh kanal».

Hozirgi kunning ba’zi bir jimjimaxo‘r she’rxoni yuqoridagi satrlar bilan tanishgach, hayron bo‘lishi mumkin: Nega bu qadar olqish, qani yurakni g‘ijimlab tashlovchi ohanglar, qayda qoldi samoviy teranlik va yarq etib ko‘zni tindiruvchi zulmatlar, deb. Javob sifatida aytishim mumkinki, o‘sha davr adabiy ob-havosidan nafas olgan Naim Karimov, Ummat To‘ychi singari yosh shoir do‘stlarim (ha, juda oz qolyapmiz) hanuz eslasalar kerak. Urush yillari jangchilarni olg‘a chorlagan, mamlakat ichkarisida mehnat qi­layot­gan fidoyilarni esa bellaridagi tasmani yanada qattiqroq tortishga undagan satrlar sadosi elliginchi yillarning boshlarida ham yangrab turardi she’riyatda. Dabdaba va madhiyabozlik odatiy narsa edi. Konstantin Simonov va Mikola Bajanning chet eldagi do‘stlarimiz va dushmanlarimiz haqidagi tig‘dor she’riy kitoblariga ergashib, gazetalarda o‘qigan maqolalarimiz ta’sirida o‘zimiz ham «Ana – ular» singari turkumlar yozib, «Yoshlik daftari»da chiqarib yuboraverardik. Adabiyot tarozusining yana bir pallasini esa mumtoz she’riyatga taqlidan yaratilgan nasihatgo‘ylik yoki ishqiy so‘la­kaynomalar egallagandi. Adabiyotning ertasini o‘y­lagan, shira bosmagan, ammo shirador she’rlarni so­g‘ingan ijodkorlar yuqorida aytilgan kabi g‘arib­liklarni davolash yo‘lini hayot­ning o‘zidan, o‘sha kun­ning qahramonlaridan, il­homga omuxta voqeaband she’­riyatdan qidirishardi. Bu – birinchi masala.

Ikkinchidan, o‘tgan asr qirqinchi yillarining oxi­ri, elliginchi yillarning boshida adabiyotga urush ko‘rgan bir guruh yosh kalamkashlar dadil kirib keldi. Ular ijodi sababli adabiyotda «front haqiqati» degan ibora ham paydo bo‘ldi hatto. Shimoliy sha­harlarda Kogan, Kulchitskiy, Kornilov, Kazin, Su­vorov va ularning kechagina soldat jomalarini yechgan tengdoshlarining satrlarida umr qadri, vatanga fi­doyilik, urush zahmatlari o‘z tabiiy bo‘yog‘ida, hech qanday bejamasiz ifodasini topar edi. Lekin hayot­ning bo‘yoqlari ham ranggo-rang.

Markaziy gazeta-jurnallarning ba’zilari ijod olamining yangi avlodini mamnuniyat bilan qutlab qarshi olardi. Bunday ovozlar ko‘tarilib borayotgan bir pallada boshqa bir obro‘li markaziy gazeta, o‘n-o‘n besh kun o‘tkazib, «adabiyot – umumxalq ishi, juda mas’uliyatli, murakkab narsa, uning taqdirini endigina qalam tutishni o‘rganayotgan, grajdanlik ru­hiyati parishon o‘spirinlarning qo‘liga topshirib qo‘yish aqldan bo‘lmas» deb chiqardi. Agar nashriyotlar avvalroq yoshlarning asarlarini so‘rab olayotgan bo‘lsa, endi ehtiyotkor muharrirlar ularni darhol o‘z yillik rejalaridan chiqarib tashlashga kirishardilar. Tez-tez takrorlanib turadigan bunday «ikkilanish to‘lqinlari» o‘sha gazeta-jurnallar bilan birga biz taraflarga ham muntazam yetib kelar, natijada «ijo­dimiz qayig‘i» chayqalgani-chayqalgan edi.

Adabiyotning kelajagi uchun o‘z mas’uliyatini yaqqol his etib yashagan ustoz Abdulla Qahhor, nazarimda, o‘sha kungi nutqi bilan, avvalo, she’riyatimizning xalq turmushidan tug‘ilgan yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlashiga o‘zi ishora qilgan, qolaversa, ijodkor kishi sermahsul va mo‘‘tadil hayot kechirishi uchun har qanaqa begona shamollarning tebrataverishidan himoya qilinmog‘i za­rur ekanini ta’kidlagan, deb o‘ylayman. Bu faqat o‘sha kungi kayfiyat emasdi. Ustoz, menimcha, o‘zi ko‘tarilgan ufqqa yangi, halol shogirdlar ham tirmashib, u olayotgan zavqqa sherik bo‘lishlarini o‘ylagan, lekin bu uning uchun bir-ikki mavsumli ish bo‘lmagani sababli, uzluksiz o‘ylagan. So‘zimning isboti sifatida quyiroqda yana ustozning o‘z so‘zlarini keltiraman.

Mana, oradan o‘n-o‘n besh yil o‘tib, adabiyotga yosh ijodkorlarning yana bir yangi avlodi kirib keldi. Andrey Voznesenskiy, Yevgeniy Yevtushenko, Robert Roj­destvenskiy va hamqurlarining ovozi jahon bo‘y­lab tarala boshladi. Bizning adabiyot ham yangi, yang­roq, yorqin ruh kasb etdiki, buni Qahhorning 1965 yil 7 avgustdagi «Literaturnaya gazeta»da bosilib, «O‘zbekiston madaniyati» ham chop etgan «Talant – xalq mulki» sarlavhali maqolasida ayniqsa yaqqol ko‘rish mumkin.

«Erkin Vohidovning «Nido» poemasini olaylik, – deydi ustoz quvonch bilan. – Poemaning lirik qahramoni – urush jafosini tortgan, fashizmga qarshi buyuk jangda halok bo‘lgan odam. Uning qalb sadosi million-million kishilarning nidosi urushga naf­rati, urushda halok bo‘lganlarning haqqoniy xoti­rasidir.

Abdulla Oripov «Temir odam» degan she’rida murakkab texnika siridan voqif bo‘lgan, lekin in­sonning quvonchi, g‘am-g‘ussasiga kelganda qulog‘i kar, tili lol bo‘lgan, yig‘lagan go‘dakning boshini si­lol­maydigan, onaga taskin-tasalli berolmaydigan odam­larga ta’na toshini otadi.

Husniddin Sharipov she’rlarida insonni, uning aqlini, mehnatini, ezgulik va adolatni kuylaydi, ulug‘­laydi.

O‘lmas Umarbekov «Sevgim, sevgilim» povestida odam bolasiga ishonch, odamlar qalbining sofligi to‘g‘­risida zavq-shavq bilan hikoya qiladi».

Bu e’tiroflar albatta faqat yoshlar emas, hatto tajribali qalamkashga ham qanot baxsh etmog‘i mumkin. Lekin gap faqat qanotning o‘zidagina emas, balki undan katta maqsadlar uchun foydalanishda, parvozni yuksaklarda mustaqil davom ettira bilishda. Ana shuning uchun bo‘lsa kerak, Abdulla aka shogirdlarni sergaklantirib, yigirma satrlardan keyin fikrni bun­doq davom ettiradilar:

«Hozir, omadi gapni aytganda, Erkin Vohidov bi­lan Husniddin Sharipov o‘zlaridagi bor kuch-quvvatni to‘la ishga solishayotgani yo‘q. Yuqorida she’ri maqtov bilan tilga olingan Abdulla Oripovda o‘z talantiga mas’uliyatsiz qarash hollari sezilayotibdi. O‘lmas Umarbekovning birinchi yirik asari qo‘shiqday qal­bidan otilib chiqqan edi, o‘zi yaxshi bilmagan geologlar hayotidan olib yozgan asari esa zo‘rma-zo‘raki, tasodifiy chiqib qoldi. Shukur Xolmirzaev birinchi asarida hayot­ning bir parchasini g‘oyat chiroyli bir tabassum bilan chizib bergan edi, keyingi bir asarida voqea qidirib qolgani sezilib turibdi. Uchqun Nazarov keyingi hi­koyalarida birinchi hikoyasi darajasiga yaqin ham bo­rol­mayotibdi».

Abdulla Qahhor bundan ilgariroq o‘zining «Ma­halla» degan hikoyasiga epigraf qilmoq uchun va, eh­timolki, yosh ijodkorga qora qalamini qayrab bo­qayotgan tanqidchilarning nafsi va nafasini qay­tarib qo‘ymoq uchun Erkin Vohidovga bir to‘rtlik buyu­rib yozdirganini hozirgi kitobxonlar bilishavermasa kerak. Mana o‘sha to‘rt satr:

Inson bilan tirikdir inson, Muhabbatdan hayotning boshi. Odamzodga baxsh etadi jon Odamlarning mehr quyoshi.

Keyinroq xuddi shunday taklif bilan ustoz o‘z sho­girdi bo‘lib qolgan Abdulla Oripovga ham murojaat etib, bu to‘rtlik bilan «Nurli cho‘qqilar» hikoyasini bezadi. Mana o‘sha uzukning ko‘zi:

Goho yer mehrini o‘ylarkan, Esga tushar dorning siyog‘i; Ajab hikmat: odam o‘larkan Uzilganda yerdan oyog‘i.

Abdulla akaning soyasiga intilishimiz yoshlik bilan o‘tib ketadigan xislatlardan biri emas ekan. Oradan anchagina vaqt o‘tib, hassos va faylasuf shoir Asqad Muxtor rahbarligidagi «Sharq yulduzi» jurnalining she’riyat bo‘limini boshqarayotgan, jur­nal atrofiga anchagina yosh va, muhimi, iste’dodli shoirlarni jalb etib, Abdulla Qahhordan olgan ijodiy qarzlarimni o‘shalarga qaytarib berayotgan pallam edi. «Sharq yulduzi»ning tog‘day obro‘siga suyanib, hali o‘zini himoya qilishga ojiz yoshlarga yoki qalami bo‘shroq akalarga katta-katta talablar qo‘yish qiyin emasdi. Lekin mening o‘zimga kim talab qo‘yadi? Ha, men ham «bilgan kishi»ning so‘ziga zor edim.

1965 yil. Yoshlar yig‘iladigan odatiy vaqt va kun. Yozuvchilar uyushmasi raisi kabinetining ortidagi shinamgina xonaga taklif etishdi. Abdulla Qahhorni shu yerda kutib oldik. Katta-kichik yigirmatacha ekan­­­miz, ustoz bir-bir qarab, o‘zlari so‘z aytishdan ilgari bizni tinglamoqchi ekanlarini bildirdilar. Dar­rov she’rxonlik boshlandi. She’r yozmaydiganlar, odat­dagidek, ularni tanqid qilib chiqa boshlashdi. Men keyingi paytlarda negadir oq she’r mashq qilayotgan edim. Bilardimki, urushdan ilgari adabiyotimizda ancha-muncha sarbast-sochma she’rlar yaratilgan, ammo bu usul negadir hayotga singib ketmagandi. Shuning uchun men o‘zimning «qofiya-libos»siz yozganlarimdan bir oz xavotirda edim. Navbat yetganda, turib, «Dengiz sokin edi» degan yangi she’rimni o‘qib berdim. Abdulla aka yengil bosh silkib «ma’qul» dedilar-u, keyingi notiqdan so‘z kutayotgan edilar, men uloqni bergim kelmadi

– Domla, o‘qiganim odatiy she’r emas, qofiyasiz, oq she’r, fikringizni bilmoqchi edim.

– Shunaqami, men qofiyasi bor-yo‘qligini mutlaqo payqamabman, durust, – deb ko‘nglimni tinchitdilar. Bu so‘z biror yangi yo‘l izlaganimda hali ham menga tutqa bo‘lib keladi.

Yoshlarni o‘z himoyasiga, o‘z qanoti ostiga olishdan ustozning maqsadi – o‘sha davr adabiyotini tushunish saviyasini ko‘taribroq, badiiyatning mohiyatini yorqin­lash­tiribroq berishga kuchi yetadigan yangi oqimga yo‘l o­­­chish bo‘lsa kerak, menimcha. Negaki, yuqorida eslab o‘tilgan «Talant – xalq mulki» maqolasida ta’kidlanganidek, «ilgarilari yoshlikda yoshligiga, qariganida qarib qolganiga rioya talab qilib o‘tgan kishilar oz emas edi». Bu masala ijodiy turmushimiz­ning eng og‘riqli bo‘g‘imlaridan biri bo‘lib, hali hozirgacha ushbu sohada «ommaviy tushunchamiz»ning zehni na yetarli darajada o‘tkirlashdi, na ko‘zi du­rustroq ravshanlashdi. Tah­lilchilarning badiiy tim­­­­­solni fahmlay olish saviyasi pastligidan eng ko‘p jabr ko‘rganlarning biri Abdulla Qahhor bo‘lsa kerak.

Taqdir deymiz. Yozuvchining taqdirini ijodiy meh­nat va uning qalami uchidan tug‘ilgan jonli in­son­lar yaratadi. Men Abdulla Qahhor haqida o‘y­la­ganimda ko‘z oldimdan negadir Mixail Sholoxov va uning qahramonlari o‘taveradi. Tasavvur qiling, ikki oqim birini shartli ravishda «oq kuchlar» desak, ikkinchisini «qizillar» deb atashimiz mumkin. Har ikkala kuch ham zamon va makonni boshqaruv murvatini o‘z qo‘lida saqlab qolish uchun beayov kurashga kirishgan. Goh o‘ng to‘lqin bosib ketadi bu harbda, goh so‘l to‘lqin. Buni muhit deydilar. Dunyoga umid bilan kelib, baxtini mehnatdan, o‘z qora tuprog‘idan izlaganlar-chi? Ularning ko‘ksidagi muhabbat deb atalgan ilohiy ne’mat-chi? Aniqroq qilib aytsak, Grigoriy va Aksinyalar-chi? Bu berahm, insonning zorini eshitish qobiliyatidan, sevish-sevilish zavqini anglash bax­tidan mahrum muhitda ikki sevishgan qalb, qaysi to‘lqinning kiftida qalqib-entikib borsa-da, faqat oyoq osti bo‘ladi.

Hatto bu ayanchli taqdir bozoridan bosh olib ketayotganlarida ham orzulari xazonga aylanadi.

Ko‘pgina esdaliklarda, «Sarob» romani uzoq vaqt do‘pposlanib, oradan o‘n sakkiz-yigirma yil o‘tgach, o‘z ijobiy bahosini olgan, deyiladi. Lekin yozuvchining orzusi faqat ijobiy bahomidi? Qani, romanni bir varaqlab ko‘raylik-chi.

Uning asosiy qahramonlari – Munisxon va Saidiy­ni takdir bir eshikning ikki betida uchrashtiradi. Bu asno asta-sekin hayotni ostin-ustun qilib yuborayotgan tarixiy voqealar girdobiga borib tutashadi. Girdob ayov nima ekanini bilmaydigan narsa. Uni aylantirayotgan kuchlarning biri maqsad yo‘lida qurbon bo‘lishdan ham qochmaydigan qo‘rs jon egalaridan tashkil topgan bo‘lsa, ikkinchisi – o‘z jonini asrab qolish uchun hatto yolg‘iz opa yo singlisini qurbon qilishdan toymaydiganlar. Ularning o‘rtasidagi «ur-tep»lardan dami chiqayotgan koptokka o‘xshab siniqqan Saidiy «zamona bo‘roni butun mamlakatni taraqlatayotipti-ku. Qo‘y, men olamga tom tuzatgani kelganim yo‘q» deb, kitobxon bilan xayrlashadi. Munisxon esa turmushning sasib yotgan razolat botqog‘idan oyog‘ini tortib ololmagach, «Olam to‘la baxt, faqat men baxtsiz edim» deb, avvalambor o‘z chakkasini o‘qqa nishon qilgan edi, to‘pponcha esa akasiniki.

Taqdirdoshlikni ko‘ring, «Tinch Don» va «Sa­rob»ni har ikkala yozuvchi ham ayni yigirma uch yoshida yozishga kirishgan edi. Ular mavzuni yoritish yoki qahramonlar qiyofasini yaratishda bir-birlaridan «gula ko‘tarishgan» deb aytish mumkin emas. Chunki Sholoxovning asari 1928 yili yozila boshlab, qirqinchi yilda nihoyasiga yetgan bo‘lsa, Abdulla Qahhor o‘z romanini 1930-1934 yillar orasida yaratgan. Shunday ekan, aytishimiz mumkinki, Sholoxov ham, Qahhor ham bir-birlaridan anchagina olisda, o‘z tuproqlarida halol yashay turib, davr oqimini, zamon ob-havosini, o‘sha sharoitda nafas olayotgan beg‘ubor kishilarning, o‘zlari bilgan kishilarning sezgi, sevgi va dardlaridagi hamohanglikni, ba’zilarga o‘xshab quloq yo burunlari bilan emas, balki sezgir yuraklari bilan his eta olganlar va, eng muhimi, mustaqil ifoda etishga muvaffaq bo‘lganlar.

Men olimlik da’vo qilmoqchi emasman. Faqat, yuqoridagi kuzatuvlardan kelib chiqib, ko‘nglimda tu­­g‘ilib qolgan bir fikrni o‘rtoqlashish niyatida ay­tamanki, ijodkor qanday usul yo uslubda, qachon va qaerda qalam tebratmasin, bunday mehnat kishilarini birlashtirib turadigan narsa – iste’dod, ISTYe’DOD o‘zi esa juda qisqa qilib aytganda TASAVVUR VA UNI IFODALASh QOBILIYaTIDIR.

Ana shu ulkan qobiliyat mahsuli bo‘lmish har ikki asarning ko‘z ochib ko‘rganlari ashaddiy tanqid bo‘ldi. Sholoxov munaqqidlar tomonidan yangi davrni tezgina hazm qilib keta olmagan beboshvoq «kazak (Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda «o‘ris qozoq»)larning kuychisi» deb «o‘qqa tutilsa», Qahhorning boshidan millatchilik masalasini bahona qilib sovuq suv qo‘yildi. Qirqinchi yillarning oxirida haddan ortiq savalanib, keyinchalik «Qo‘shchinor chiroqlari» sifatida yangidan yaratilgan «Qo‘shchinor» romani haqida hozir gapirib o‘tirmayman – avval solishtirib o‘qish kerak, chamamda. Chunki men «Qo‘shchinor»ni va uning to‘g‘risidagi tanqidlarni g‘o‘r o‘spirinlik chog‘imda o‘qigandim va, og‘zimni ochganimcha, unisiga ham, bunisiga ham alang-jalanglab qolavergandim. Lekin xotiramning bir chetida hanuz bir cho‘g‘ milt-milt etib turadi mayli, mavzu masalasini hozircha og‘izga olgani erinsak, xo‘p, bu ikki «Qo‘shchinor»ning badiiyati, ayniqsa, til boyligi ustida ishlaydigan biror mard adabiyotshunos topilsa, bugun ham bemalol fan doktorligiga arziydigan go‘zal ilmiy asar tug‘ilishi mumkin.

Iste’dod qismatini faqat o‘zi hal qilish maq­sadida har qanday muammoni, hatto yuksak badiiyat masalalarini siyosat egovi bilan tekislashga urinuvchi hakam va hunarmandlar ilgari ham bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘laveradi. Lekin adabiyotda yuz bergan va berayotgan hamma tashvishli hollar uchun aybni ularga ag‘daraverishdan foyda uncha ko‘p bo‘lmasa kerak. Chun­ki asarni iste’dod, iste’dod egasi shoir, yozuvchi, dramaturg yaratadi.

Mana, yigirmanchi asr yangi asrimiz bilan tu­tashgan pallalarda, ya’ni qayta qurishning olatasir kunlarida, keyinroq – jamiyat turmushi o‘zgarishga yuz tutib, xalq turmushini boshqaruvchi yangi kuchlar qaror topgan davrda hamma ijodkorlarimizning ko‘zi ochiq, aqli joyida, qalami qo‘lida edi. Ammo ularning orasidan biror yigirma uch yoshli yangi Abdulla Qahhor chiqib, o‘zining «Sarob» darajasidagi fikrga toldiruvchi yangi kitobini elga taqdim etoldimi? Bunday asar yarata olmagan bo‘lsa, sababi nima? Iste’dod yetishmadimi? Hayotni tushunishga tishlari o‘tmadimi yoki adabiyotning yangi tarozibonlaridan cho‘chish­dimi, jon shirinmidi?

Ana shularni o‘ylaganda, Abdulla Qahhor naqadar joni qattiq, chidamli, faylasuf inson ekani ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Uning «Shohi so‘zana» («Yan­gi­er») pesasi Moskva teatrida sahna yuzini ko‘rganidan keyin ijodkoriga Davlat mukofoti berildi. «Sincha­lak» qissasi Konstantin Simonov tomonidan tarjima qi­linib, Moskva jurnalida bosilib chiqqanidan keyin o‘zimizdagilarning unga munosabati ravshanlashdi. Faqat ulkan inson emas, hatto oddiy kishi ham ana shunday asnolarda kimlar bilan yashayotganini o‘ylab, ichi zil ketishi mumkin. Axir yozuvchi yoki shoir ham odam, u faqat dilidagini emas, tilidagini ham o‘z zamondoshlari tushunib olishlarini istaydi, ha, mehnatining natijasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgisi keladi. Faqat kelajak umidi bilan yashash og‘ir, axir.

Ehtimol kimdir ustozni tili achchiqlikda ayblar, yuzingda ko‘zing bormi deb o‘ltirmay, o‘z haqiqatini dasturxon qilaverishini kimdir yoqtirmas, shuning uchun har bir qahhorona «tars»ga «qars» etib boshma-bosh javob beruvchilarning urug‘i ko‘p edi, der kimdir. Menimcha, gap bunda emas. Yana o‘sha muhitga nazar tashlab ko‘raylik. Yigirmanchi asrning birinchi choragi o‘tib, yangi jamiyat qaror topibdiki, davlat boshqaruviga oddiy odamlar ko‘plab jalb etilgani sababli, uning asosiy shiorlaridan biri «tanqid va o‘z-o‘zini tanqid» bo‘ldi. Rahbarmi, sodda va’zxonmi, minbarga chiqqani­­­dan keyin ma’ruzasining beshdan to‘rt qismini turmushda, ishlab chiqarishda, oilada va o‘z faoliyatida ro‘y be­rayotgan kamchiliklarga bag‘ishlar, shundan so‘nggina qan­daydir mo‘ljallarini, bu mo‘ljallar berajak ijobiy natijalarni, o‘sha natijalar ko‘lga kiritilishi uchun nimalar qilish kerakligini tilga olardi. Bunga hamma ko‘nikib qolgan edi ham.

Hayot sahnasidagi ushbu holat 1966 yilga kelib, davlat rahbariyatida yangi arboblar paydo bo‘lganidan keyin keskin o‘zgardi. Endi qo‘liga mikrofon tushib qolgan notiq o‘z nutqining beshdan to‘rt qismini qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarga, qolgan qisminigina ishdagi va turmushdagi yetishmovchiliklarga hamda yaxshi niyatlarga bag‘ishlashga o‘rgandi. Kadrlarning ishonch qozonishi, yuqori lavozimlarga ko‘tarilishi ham ular ana shu san’atni naqadar puxta o‘zlashtirishlari bilan bog‘liq bo‘lib qoldi. Sababi tirikchilik deganlaridek, ularning orasida faqat mansabparastlargina bo‘lib qolmay, Abdulla Qahhorning shogirdiman deb yurgan olim yoki qalamkashlar ham uchrab turardi. Karvon bexatar bo‘lmaydi-da!

Abdulla aka dekoratsiya o‘zgarsa ham pinagini buz­­may, hatto jonining og‘rig‘ini boshining og‘rig‘iga aylantirmoqchi bo‘lganlar tobora ko‘paysa-da, qah­horona yashashni davom ettirdi. U o‘zi ishongan, halol, iste’dodli hammaslaklariga suyanib dardini yengardi. Butun umidi esa yoshlar qo‘li va iste’dodi bilan yaratilguvchi kelajakka bog‘liq edi. Agar bir mo‘‘jiza ro‘y bersa-yu, men bexosdan rassomga aylanib qolsam, avvalo ustozning ko‘zidagi ana shu yashirin umidni tasvirga tushirgan bo‘lardim va rasmning nomini «Taq­dir» deb qo‘ygan bo‘lardim.

ADIB HAQIDA MA’LUMOT

Husniddin Sharipov 1933 yilda Namangan tuma­nida tug‘ilgan.

2000 yilda “Mehnat” shuhrati” ordeni bilan taq­dirlangan. Umumiy mehnat staji 54 yil. 1993 yildan buyon nafaqada, ijodiy ish bilan mashg‘ul.

Husniddin Sharipov taniqli o‘zbek shoiri, dra­maturgi va tarjimonidir. Uning “Navoiy” deb nom­langan dastlabki she’ri 1948 yilda Namangan viloyat gazetasida e’lon qilingan edi. Shundan so‘ng o‘tgan yarim asrdan ko‘proq vaqt mobaynida shoirning “Ko‘ngil buyurgani”, “Quyoshga oshiqman”, “Tuproqqa qasida”, “Yer­ning qalbi”, “Men sizga aytsam”, “Lirika”, “Hayajonli daqiqalar”, “Oh, go‘zal”, “Xirmon”, “Yana visol” kabi jami o‘ttizga yaqin she’riy to‘plamlari dunyo yuzini ko‘rdi.

Husniddin Sharipov jami yigirmaga yaqin dos­ton­lar muallifi. Ular orasida, ayniqsa, “Sotiboldidan salom”, “Quyoshga oshiqman”, “Insof di­yori”, “Tanovar” dostonlari o‘zining o‘ynoqiligi, xal­qonaligi, shirador tili va boshqa fazilatlari bilan o‘zbek dostonchiligi tarixida alohida o‘rin tutadi. Shoirning “Bir savol” she’riy romani o‘zbek adabiyotida she’riy romanning eng sara namunalaridan biridir.

Husniddin Sharipov mohir dramaturg hamdir. Uning “Seni sevaman”, “Ota o‘g‘il”, “Afsona”, “Chol­lar va kampirlar” dramalari mamlakatimiz teatr­larida muvaffaqiyat bilan sahnalashtirilgan. U mo­hir tarjimon sifatida I.Turgenov, U.Uitmen, R.Roj­destvenskiy kabi yozuvchilarning she’rlari va dramalarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Ayni chog‘da Husniddin Sharipov asarlari rus, urdu, tojik, turk va boshqa jahon tillariga tarjima qilingan.

Husniddin Sharipov ayniqsa O‘zbekiston davlat mustaqilligi yillarida faol ijod qilmoqda. Bu yillarda shoirning “Yor istab” (1992 y.), “Ming ikkinchi kecha” (1992 y.), “Qaltis yurish” (1999 y.), “Qaynarbuloq” (2002 y.), “Asiringman” (2003 y.) kabi jami yigirmadan ko‘proq she’riy kitoblari, dostonlari, dramatik asar­­lari va Yeji Yurandotning “To‘qqizinchi pokiza” (1999 y.), Pablo Nerudaning she’rlari (2000 y.), Jan Lafontenning she’rlari (2001 y.), Bertold Brextning she’rlari (2002 y.), V.Mayakovskiyning she’rlari (2003 y.) tarjimalari o‘zbek tilida dunyo yuzini ko‘rdi. Ular adabiy jamoatchilik tomonidan yuqori baholandi.

Ikki o‘g‘il, ikki qizning otasi, ko‘plab nevara va chevaralarning bobosidir.

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 8-son.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.