OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mansurxon Toirov. Uzoq yillar aks sadosi (2007)

 Yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra. Hech bo‘lmasa, derazangizning oynasidan bir pasgina qarab tursangiz, ilgari kuzatmagan qandaydir bir kattami, kichikmi voqeadan voqif bo‘lasiz. Uzoq safarga borsangiz, o‘zingizni turli voqealar xazinasi ichiga tushib qolganday sezasiz. Shuning uchun olam-olam kitoblar yozilgani bilan bu xazina boyligi ta’rifini sira ham ado qilib bo‘lmaydi. Men ham o‘zimning ko‘pdan-ko‘p safarlarimda o‘xshashi yo‘q qator voqealarga duch kelganman yoki eshitganman.
 Ilmiy ish qilishingizdagi mashaqqatlar ushbu ishingizni tushunadigan hamsuhbat topganingizdan keyingina sizga haqiqiy lazzat bag‘ishlaydi. Ungacha bo‘lgan quvonchingiz baribir qalbingizni butunicha qamrab olmay turaveradi. Statistik fizika va fizik kinetika asoschilaridan biri, avstriyalik mashhur fizik Lyudvik Boltsman (1844—1906) o‘z kashfiyotlaridan quvonchini ichiga sig‘dira olmaganiga hozirgi paytda hech kimda shubha ham bo‘lishi mumkin emas. Lekin u o‘zining ushbu quvonchga haqli ekanining tasdig‘ini faqat hamfikrlari orqaligina olishi mumkin edi. Shuning uchun ham fiziklarning yirik anjumanlarida o‘z kashfiyoti haqida bir nechtadan bo‘rlarni sarflab tushuntirishga harakat qiladi, g‘oyaviy kurash olib boradi. Lekin manaman degan fiziklar ham uning kashfiyotlarini tan olmaydi, chunki ushbu kashfiyoti borasida unga hamfikr bo‘lishga ular tayyor emas edilar. Mana shunaqa mojorolardan ruhan ezilgan Boltsman 1906 yili 62 yoshida o‘zini o‘zi o‘ldiradi. Ushbu fojiadan ko‘p o‘tmasdan Boltsmanning fizika fanidagi nuqtai nazarlari butkul haq ekani ayon bo‘ldi.
 Bolsman-ku, juda ham yuqori materiya haqida fikr yuritgani uchun uning hamfikr topishi o‘z-o‘zidan juda mushkul edi. Sizni tushunadigan tanish-notanishlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, o‘zingizni shu darajada baxtiyor seza borasiz. Men ham ko‘p yillardan beri uzoq safarlarda yurganimda hamsuhbatlarimning boshlaridan o‘tkazgan va nazarimda ko‘pchilik bilishi kerak bo‘lgan quyidagi ikki voqeani siz azizlarga yetkaza olsam, degan orzudaman.
 Qaysidir ilmiy nuqtai nazarimni o‘rtoqlashish maqsadida 1978 yili Ashxabod shahriga bordim. Ob-havoning noqulayligi bois samolyot bizlarni muddatidan ancha kech manzilga yetkazdi. Qaysi mehmonxonada to‘xtashimni bilmaganim sababli taksi haydovchisining maslahati bilan to‘ppa-to‘g‘ri “Turkmaniston” mehmonxonasiga bordim. Lekin u yerda menga joy yo‘qligini aytishdi. Yarim kechada begona shahar ko‘chalarida plakatlarimni ko‘tarib yurish o‘rniga ushbu mehmonxona ostonasidagi biror o‘rindiqda o‘tirib chiqishni o‘zimga qulay bilib, mehmonxonadan hech qaerga siljimadim. Kechqurun aylanib yuradigan posbonlar ham mehmonxona ma’muriyatiga “O‘tiraversin, hozir qaerga boradi bu odam”, deyishdi shekilli, meni hech kim bezovta qilmadi, ertalabgacha mehmonxonaga kiraverishdagi o‘rindiqda o‘tirib chiqdim.
 Ertalab soat to‘qqizlardan oshganida murojaat qilmasam ham mehmonxona ma’murining o‘zi meni chorlab ikkinchi qavatdagi ikki kishilik xonaga joylashtirib qo‘ydi. Xonada jikkakdan kelgan, og‘zi bir oz qiyshiqroq, nazarimda, qomatining boshqa joylarida ham shunga o‘xshash nuqsonlar serob bo‘lgan bir rus kishisi bor edi. U bilan apil-tapil so‘rashdim-da, ilmiy ma’ruzamni yoritishimda meni qo‘llab turadigan plakatlarimni mehmonxona devorlariga osib qo‘yib, o‘zimcha mashq qilmoqchi bo‘ldim. Yangi hamrohim bir oz ishimni kuzatib turdi-da, so‘ng savolga tuta boshladi. Uning menga berayotgan savollarida ma’no borligini ko‘rganimdan keyin “Siz ham fizikmisiz?” deb so‘radim. U: “Yo‘q, men harbiy odamman. Mari shahri kriminalistlarining boshlig‘iman”, dedi. “Urushda jang qilganmisiz?” degan so‘rog‘imga, “Jang ham gapmi, urush davridagi eng dahshatli “Dikaya diviziya”da xizmat qilganman”, deya javob berdi. Men, suhbatdoshim yanglishib ketdi shekilli, deb o‘ylab: “Siz shtrafnoy batalon”ni aytyapsizmi?” degan edim, u: “Yo‘q, aynan “dikaya diviziya”da xizmat qilganman. Bu diviziya haqida kamdan-kam odam biladi. Diviziyamizning vazifasi dushman urush harakatlarida haddan tashqari quyushqondan chiqib ketsa, o‘ziga keltirib qo‘yishdan iborat bo‘lgan”, dedi.
 Gapning qisqasi hamrohimning suhbati o‘zimning ertangi bo‘ladigan va menga yod bo‘lib ketgan ma’ruzamdan ko‘ra yaxshiroq ko‘rinib, o‘rindig‘imni unga yaqinroq yerga surib, o‘tirib oldim. Ma’lum bo‘lishicha, u Litvadagi qaysidir harbiy qism kichik ofitseri lavozimida xizmat qilayotganida urush boshlangan.
 “Yarim kechada bizlar qattiq uyquda edik, — deb so‘z boshladi hamrohim, — birdaniga tasir-tusur bombalarning portlashlari butun olamni buzgandek bo‘ldi. Kim qaysi kiyimida bo‘lsa, shu ahvolda yugurib ko‘chaga chiqqan. Hech kim hech narsani tushunmaydi. Lekin hamma qandaydir bir dahshat ustimizga yopirilib kelayotganini ko‘rib turibdi. Men shoshganimdan ustimga chala-yarim kiyimimni ilgandek bo‘ldimu yashab turgan binomizdan uzoqroqqa yugurdim. Barcha har tomonga qochar, boshimizni qovushtiradigan biror inson ko‘rinmas edi. Hamma o‘zining jonini asrash bilan ovora. Shu yugurganimcha yotog‘imdan ancha uzoq joyga ketib qolganimniyam bilmay qolibman. Bir payt harbiy hujjatlarim yotog‘imda qolib ketgani esimga tushib qoldi. Qaytib bordim. Lekin hammayoq alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib yotibdi. Nima qilishimni bilmay qoldim. Boshliqlarga boray desam, aniq, harbiy tribunal bo‘ladi. Bormay desam, qo‘lga tushishim bilan darrov yana o‘sha harbiy tribunalga beradi. Shu payt o‘zimga o‘xshash holatga tushgan bir hamroh ham topib oldim. Ikkalamizning dardimiz bir edi. Nima qilish kerak. O‘ylab-o‘ylab, qo‘lga tushguncha qochib yurishni ma’qul ko‘rdik. Urush boshlanganidan uch oycha vaqt o‘tdi. Bizga o‘xshash aybsiz aybdorlar anchagina ekanligi harbiy boshliqlar nazaridan chetda qolmagan ekan. Ularni yig‘ib, maxsus topshiriqlarni bajaruvchi “Dikaya diviziya” tuzishga qaror qilinganini tushuntirishdi va agarda ushbu diviziyada xizmat qilsak, bizning taqdirimizni harbiy tribunal hal qilmasligini bildirishdi. Barchamiz jon deb rozi bo‘ldik. Mashqlar boshlandi. Vazifalarimiz tushuntirib borildi. Ma’lum bo‘lishicha, dushman harbiylari o‘zlari qo‘lga kiritgan ko‘p joylarda haddidan oshib, insoniylikni ham unutgan holda, tinch aholiga vahshiyona zulm o‘tkaza boshlashgan. Natijada dushman harbiylarining “hushini bir oz o‘ziga keltirib qo‘yish” niyatida ushbu “Dikaya diviziya” tuzilgan. Dushman bosib olgan yerida tinch xalqqa nisbatan zulmni oshirib yuborsa, bizlar bexosdan o‘sha yerda, ular hech ham kutmagan paytda paydo bo‘lardik. Lekin dushmanni o‘ldirmasdik. Aniqrog‘i, dushman harbiylari shu darajada mayib-majruh qilinar ediki, ular qilgan ishlariga ming pushaymonlar yeb, dahshatli azobda qolar edilar. Ushbu og‘ir va dahshatli vazifamizni bajarib bo‘lganimizdan so‘ng, ikki-uch soat ichida u yerni tashlab g‘oyib bo‘lar edik. Bu harakatlar dushmanni urush tugagunicha har qalay, bir oz bo‘lsa ham, epaqali bo‘lishga so‘zsiz majbur qilib turgan. Urush davomida o‘n sakkiz yerimdan yarador bo‘lganman”.
 Suhbatdoshim o‘q tekkan ba’zi joylarini menga ko‘rsatdi. Ikki bilagini ham o‘q teshib o‘tgan ekan. Uning bilaklaridagi yara-chaqa o‘rinlariga qarab turuvdim, bunday izohladi:
 “Bilasizmi, ikki bilagimdagi bu yaradorlik bir kunda, bir daqiqa vaqt orasida ro‘y bergan. Bir ko‘prikni hujum qilib olishimiz kerak edi. Men to‘pponchamni dushmanga mo‘ljallagan edim, bilagim jiz etdi. Qarasam, o‘q bilagimdagi soatniyam qo‘shib teshib o‘tib ketibdi. To‘pponchamni boshqa qo‘limga olib endi dushmanni mo‘ljalga olganimni bilaman, bu qo‘limning bilagi ham jiz etdi. Bu bilagimni ham dushman o‘qi teshib o‘tib ketibdi. Bilaklarim, ko‘rib turganingizdek, tuzalib ketdi, lekin soatimga achinaman. Bu soatni qo‘limga bir o‘zbek o‘g‘loni taqib qo‘ygan edi...”
 Men qog‘oz-daftarlarimni yig‘ishtirib institutga, ketdim. Yaxshi kayfiyat bilan kechga tomon mehmonxonaga borib xonamda boshqa bir kishining xurrak otib yotgani ustidan chiqdim. Marilik hamrohim bilan suhbatim chala qolganidan juda achindim...
 Bu voqeadan so‘ng menda yoshi katta odamlar suhbatiga ishtiyoq va hurmat yanayam oshdi. Imkoniyat bo‘lib qolsa, ularga malol keltirmay suhbatini olish ishtiyoqida bo‘ldim.

 “Ma’rifat” gazetasi, 2007 yil 21 aprel, qisqartirilib bosildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.