OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mansurxon Toirov. Zakovati tengsiz edi (2008)

 Akademik Shavkat Vohidovni bilmagan, tanimagan yurtdoshlarimiz kam. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Shavkat Vohidov ko‘p yillar "Koinot" ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining bosh direktori bo‘lib ishlagan edi.
 Shavkat Vohidov 1932 yili Samarkand shahrida tug‘ilgan. Ilmiy iqtidori bilan kosmonavtika fani, kosmik texnologiyalar taraqqiyotiga mislsiz hissa qo‘sha olish darajasiga yetgan fizik olimlarimizdan. U 1987 yildan O‘zbekiston Respublikasi Kosmonavtika federatsiyasi prezidenti, 1990 yildan boshlab esa iqtidorli maktab o‘quvchilari uchun o‘zi tashkil etgan xalqaro aerokosmik maktabning tashkilotchisi va rahbari bo‘ldi. Shavkat Vohidov qattiq jismlar fizikasi, kosmonavtika, spektroskopiya, kristalografiya, radiotexnika va aloka, asbobsozlik bo‘yicha yirik tadqiqotlar qildi. Uning bevosita rahbarligida orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlarga meteorlar, fazodagi chiqindilar yoki maxsus jismlar bilan ta’sir ko‘rsatilganida xabar beradigan ixcham yo‘ldoshlar yaratildi. Shuningdek sel, qor uyumlari kuchishi va boshqa tabiiy ofatlar yuz berishidan xabar beradigan va bu falokatlar oldini oladigan asbob-uskunalar yaratishga ham muvaffaq bo‘ldi.
 Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, sovetlar hukmronligi yillarida kosmosni zabt etish borasida qo‘yilgan qadamlarda yurtimiz farzandlari ham ishtirok etishgani, hatto ularning bu ishlarga doir biror jo‘nroq ishlarda qatnashgani haqida hech narsa eshitmagan edik. Holbuki, kosmosga uchirilayotgan sun’iy yo‘ldoshlarning muhim jarayonlarini ishlab chiqish, ularning eng zarur asbob-uskunalarini yaratishda Shavkat Ahadovich Vohidovdek allomalarimizning ilm va zakovatlari, tengsiz jasoratlari kerak bo‘lgan ekan. U fazoni zabt etuvchilar qatorida faqat oddiy vazifalar ijrochisi bo‘libgina qolmay yigirma yildan ko‘proq vaqt davomida yuzlab olim va yuqori malakali mutaxassislarga boshchipik qilib, kosmonavtika sohasi rivojidagi misli ko‘rilmagan yutuqlarga hissasini qo‘shdi.
 O‘zbekistonning kosmonavtika fani va amaliyotidagi ishtiroki tashkil topganiga qirq yil to‘lgan Toshkent mashinasozlik-konstruktorlik byurosi bilan bevosita bog‘liq. 1969—1977 yillarda bu muassasani uning bosh konstruktori V.G. Yeliseev, 1977—1980 yillarda esa A.A.Proxorov boshqargan.
 Shavkat Vohidov mazkur konstruktorlik byurosiga 1981 yildan to 2002 yilgacha, ya’ni, yigirma bir yil davomida bosh konstruktorlik qildi. Yu.I.Bolotin, Yu.N.Denisov va B.P.Jukovlar uning o‘rinbosarlari bo‘lgan. Toshkentdagi maxsus konstruktorlik byurosida Shavkat Vohidov rahbarligida yaratilgan "LB-09" burg‘ulash qurilmasi va avtomatlar Oyni, Mars va Venerani tadqiq etishda, Galley kometasi sari uchirilgan "Vega"da olib borilgan tajribalarda ayniqsa qo‘l kelgani bugun ko‘pchilikka sir emas. Bu qurilmalar "Luna-24" apparatida Oyga yetkazilib, uning yordamida 2,7 metr chuqurlikda Oy zamini burg‘ulangan. Bu juda noyob ixcham burg‘ulash qurilmasining og‘irligi 27 kilogramm, kattaligi atigi uch metrcha, xolosdir. Toshkentdagi konstruktorlik byurosida bu qurilmani Venera sayyorasida ishlatish uchun uni besh yuz daraja issiqlikka va 95 Yer atmosferasi bosimiga teng bo‘lgan bosim sharoitida ishlay oladigan va yana, Venera atmosferasining tajovuzkorligini nazardan qochirmagan holda takomillashtirilgan.
 1981 yilning oktyabrida uchirilgan "Venera-13" va "Venera-14" kosmikstantsiyalari Venera sayyorasiga yumshoq qo‘ndiriladi. Venera zaminining fizik-kimyoviy xususiyatlarini o‘rganish uchun bu qurilmalar orqali maxsus germetik bo‘lmalarda o‘ta noyob tajribalar amalga oshiriladi. Yerga Venera zaminidagi elementlarning oltmish xil spektrini uzatishga muvaffaq bo‘linadi.
 Oradan uch yil o‘tgach, Shavkat Vohidov rahbarlik qilayotgan jamoa yana bir ulkan kosmik loyiha — Galley kometasini o‘rganishda ham faol ishtirok etadi. 1985 yili "Venera-1" yordamida Veneraga yetkazilgan burg‘ulash qurilmasi sayyoraning boshqa joylaridagi zaminni ham tahlil qiladi. Bunday qurilmalar Mars va uning sayyorasi Fobosda ishlash uchun ham yaratiladi. Bundan tashqari, Fobosga borib to‘xtaydigan va uzoq vaqt harakatda bo‘ladigan avtomatik stantsiya hamda quyosh sistemasining boshqa sayyoralarini o‘rganishga mo‘ljaplangan qurilmalar ustida tadqiqot ishlari olib boriladi. Shovkat Vohidov uzoq yillar davomida jamoani aniq maqsad sari uyushgan holda harakatlantirishga muvaffaq bo‘ldi. U ko‘plab yuqori malakali konstruktorlar, asbobsozlar va texnologlar, elektronchilar, ishlab chiqaruvchi va sinovchilarga ustozlik qildi. Kosmik fazoni tadqiq etishda jahondagi ko‘plab olim va mutaxassislar bilan hamkorlik qilishga erishdi. Boyqo‘ng‘irdan kosmosga odam uchayotgan navbatdagi bir parvoz arafasida qirqdan ortiq o‘zbekistonlik olim va mutaxassisni o‘z tashkiloti hisobidan "Ikarus" avtobusida u yerga borib-kelishini tashkil qilganini esa — hali hanuz ko‘pchilik katta minnatdorlik bilan eslab yuradi.
 Shavkat Ahadovich yurtimizning iqtidorli maktab o‘quvchilari uchun tashkil etgan xalqaro aerokosmik maktab, mana, salkam yigirma yildan buyon muvaffaqiyatli ishlab kelyapti. Allomaning benihoya kamtarligi, go‘zal insoniy fazilatlari, fidoyiligi ham aslo unutilmasdir. Yakinda zakovati tengsiz ulug‘ alloma qariyb sakson yosh arafasida boqiy dunyoga rixlat qildi. Kosmik texnologiyalar taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan akademik Shavkat Vohidovning jasorati uning yaratuvchilik va kashfiyotchilik ishini davom ettirayotgan shogirdlari timsolida davom etajakdir.
 
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2008 yil 28 noyabr

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.