OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murod Abdullayev. To‘rg‘ay va Zarafshon Orolga najot baxsh etishi mumkinmi? (2009)

Yozuvchi va publitsist Nusrat RAHMATga maktub

Qadrli Nusrat aka!

Sizni yangi yil bilan samimiy qutlayman. Bu yilning qutlug‘ shioriga, odatdagidek, Prezidentimiz oq fotiha berdilar: 2009 yil — “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” deb belgilandi. Sizu men garchi shaharda tug‘ilmagan bo‘lsak-da, taqdir taqozosi bilan shaharlarda yashaymiz. Har holda mendan ko‘ra siz qishloqqa yaqinsiz. Samarqandning shundoq biqinidagi qadim shaharga tutashib ketgan qishlog‘ingizni obod qilib, bolarilar bilan do‘stlashib yashamoqdasiz. Shu bois sizga havas qilaman.

Gazeta orqali maktub yozishimga yangi yil arafasida o‘qib qolgan bir maqola sabab bo‘ldi. Uning yangi yilimiz shioriga ham aloqasi borligi uchun qo‘limga qalam oldim. Asli saytingizni ochib, unga yozib qo‘ya qolsam ham bo‘lardi-yu, biroq hali “sayt ochish sirlari”ni sizchalik egallab ololganimcha yo‘q. Qolaversa, muloqotlarimizni boshqalar ham o‘qisa, ona tabiatimiz, Orol dengizimiz jonkuyarlari yanada ko‘payishiga umid bog‘lamoqdaman. Chunki bugun ekologik harakat jonkuyarlari amaliy ishlarga yuz burishmoqda. O‘tgan yili O‘zbekiston ekologik harakati rasman ta’sis etilib, o‘z faoliyatini boshladi. Yaqinda “Ekoharakat”imiz uyushtirgan ilk davra suhbatlaridan birida ishtirok etdim. Suhbatda harakatning haftalik nashrini chop etish, uning ishtirokchilari safini kengaytirish bilan bog‘liq rejalar, amaliy taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

Anjuman yakunida ekologik jurnalistika 7-milliy ko‘rik tanlovining g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi. Unda gazetamiz sahifalarida atrof-muhit muhofazasiga doir e’lon qilingan turkum maqolalar ham e’tirof etildi. Bunga albatta suvni tejash hamda Orol muammosiga doir siz bilan qilgan muloqotlarimiz ham sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.

Nusrat aka, gapning indallosini aytadigan bo‘lsam, anjuman ishtirokchilariga taqdim etilgan “Vdol Amu-Da... yeщe koe-chto!” jaridasida bosilgan bir maqola sho‘rolar hukmronligi yillari boy berib qo‘ygan dengizimizga jon baxsh etishga umid uyg‘otdi. Nukusda vaqti-vaqti bilan shunday ilmiy ommabop byulleten nashr etilarkan. Uning sahifalarida bosilgan “To‘rg‘ay qutqara oladimi?!” *(“Turgay — spasitel?!”) degan maqola ayni siz bilan biz mulohaza yuritayotgan Orol dengiziga madad bo‘ladigan qo‘shimcha obihayot topish haqida.

Muallif Yusuf Kamolov aytgan bir gap nihoyatda dolzarb: “Agar biz o‘z kuchlarimizni birlashtirgan holda amalda Orol muammosini hal etmasak, boshqa bundan-da kattaroq, ko‘lami kengroq muammolarni ham hal eta olmaymiz va, oxir-oqibatda, ona sayyoramizni unga tahdid solayotgan global darajadagi xavf-xatarlardan asrab qololmaymiz”.

Uning bu fikriga, nazarimda, e’tiroz bildirib bo‘lmaydi. Muallif siz bilan biz kabi Sibir suvlari masalasiga ham munosabat bildirgan. “Kimdir o‘z vaqtida bu loyihani ilgari surish bilan siyosat bobida o‘zlariga keragicha dividendlar ishlab olgan va reytinglarini yanada oshirish uchun boshqa yangi imkoniyatlar qidirish bilan ovora ekanliklari tayin, — deb yozadi u. — Nima ham qila olardik, gigantamaniya va volyuntaristik harakatlarning xurujlari hali ancha-munchagacha quloqqa chalinib turadi. Bunday xom xayollarga aldanib, vaqtni boy berish odamlarni zarur rejalar tuzishdan chalg‘itishdan boshqa narsaga yaramaydi. Keyin, borib-borib, global darajadagi iqlim o‘zgarishi, tabiiy va texnogen fojialar, epidemiya va boshqa fojialar ta’sirida inson zoti ham zavol topadi”.

Sayyoramizni bunday qismatga yuz tutishdan asrash uchun tabiatimiz jonkuyarlari o‘z kuchini birlashtirishi va hamkorlik qilishi zarur. Shu ehtiyojdan kelib chiqib muallif Orolni asrash masalasida ushbu taklifni ilgari suradi:

“Qadimda suvini Orol dengiziga quyuvchi Amudaryo va Sirdaryodan tashqari yana bir daryo ham bo‘lgan. U Qozog‘istondagi Ulug‘tog‘dan boshlanuvchi To‘rg‘ay daryosidir. Ba’zi manbalarda uning Orolga, boshqa manbalarda esa Kaspiyga quyilgani aytiladi. Sho‘rolar davridagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, To‘rg‘ay o‘z suvini Orol havzasiga quygani aniq. Hozir To‘rg‘ayning suvi taxminan uch yuz kilometrcha masofada Orolga yetib kelolmay dashtlarga singib ketadi. Buning sababi, xuddi Zarafshon daryosi oqimi sayozlashganidan Amudaryo yaqiniga yetib kelolmayotgani kabi, To‘rg‘ay suvining haddan ziyod kamayib qolganidadir. Xo‘sh, bu daryolar obihayotini ko‘paytirish mumkinmi? Olimlar mumkin deb hisoblashmoqda”.

Avvalo, bu daryolar suvining kamayib ketish sabablarini tahlil etaylik, deb yozadi maqola muallifi. Daryolar o‘zani sayozlanishiga o‘rmonlarning haddan ziyod qiyratib yuborilgani, ular atrofidagi o‘simlik olami yo‘q bo‘lib ketishi va buning oqibatida kelib chiqqan gidrologik sharoitlar o‘zgarishi sabab bo‘lmoqda. Shunday        ekan, kelinglar, mana shu ikki nahr — To‘rg‘ay va Zarafshon daryolari atrofidagi o‘simlik olamini tiklaylik. Imkoni bor joylarda irmoqlarini tozalab, qurib qolgan o‘zanlarni chuqurroq ochib, ularning gidrologiyasini o‘zgartiraylik. Bu daryolar suvidan oqilona foydalanish orqali ularning obhayotini tejaylik.

Bu harakatni hech bo‘lmaganda shu ikki daryoning birortasidan boshlaylik, deya taklif etadi muallif. Bu harakat maqsad va mohiyatiga ko‘ra “tabiatni o‘z izmiga bo‘ysundirishga jahd qilganlarning urinishi”dan batamom farq qiladi. Bu tabiatdan oqilona foydalanishni burch deb bilganlar harakati, tabiatni hurmat qilish va kelgusi avlodlar rizq-nasibasidan qiyib olingan qarzlarni qaytarishga urinish bo‘ladi. Eng muhimi esa bu harakat insoniyat hayot-mamoti uchun sayyoramizni asrab qolish, barcha kuchlarni birlashtirgan holda biror savob ish qilishga qodirligimizni namoyon etgan bo‘lur edi.

Hurmatli Nusrat aka, hozir har yili Sirdaryoning qanchadan-qancha oltinga teng obihayoti Aydarko‘lga behuda quyilib yotgani hammaga ma’lum. Chordara suv ombori va Sirdaryoning shu joydan davom etadigan o‘zanlari qish va bahor oylari To‘xtag‘ul suv omboridan ochib yuborilayotgan katta miqdordagi suvni o‘zanlariga sig‘dira olmayotgani tufayli shunday ilojsiz hol ro‘y berayotir. Endilikda O‘zbekiston hukumati bunday vaziyatning oldini olish uchun Namangan va Jizzax viloyatlarida katta-katta suv omborlari qurilishini olib bormoqda. Bundan tashqari, Xalqaro suv muammolari instituti mutaxassislari o‘zbek olimlari bilan hamkorlikda Farg‘ona vodiysida yer osti suvlaridan dehqonchilik maqsadlarida foydalanishni ko‘paytirish va Sirdaryoning qishqi oqim suvlarini tabiiy yer osti havzalarida tutib qolish taklifi bilan chiqmoqdalar.

Qozog‘istonda esa Sirdaryoning Orolga borib turgan suvlarini to‘g‘on bilan Katta dengizdan to‘sgan holda Kichik dengiz vujudga keltirildi. To‘g‘on qurilishida xalqaro homiy tashkilotlar ko‘magidan foydalanildi. Endilikda Sirdaryo o‘zani sig‘dira olmay Aydarko‘lga behuda oqib ketayotgan obihayotni qisman tutib qolish uchun qozoq do‘stlarimiz ham o‘z hududlarida — Chordaradan quyiroqda yana bir suv ombori qurilishi tadorigini ko‘rishayotir. Ehtimol kelgusida shu yo‘l bilan Sirdaryoning bir tomchi suvini ham behuda oqizmasdan Orol sari yo‘llash mumkin bo‘lar.

To‘rg‘ay va Zarafshon daryolari gidrologiyasini o‘zgartirish esa bevosita shu ishlarning mantiqiy davomi bo‘lishi mumkin. “Zarafshon transchegaraviy daryo hisoblanadi, — deb yozadi Yu.Kamolov. — Uning suvini ko‘paytirish davlatlararo qo‘shma loyiha bo‘lishi mumkin va uni amalga oshirishning o‘zaro kelishuv bilan bog‘liq murakkabliklari ham bor. Biroq To‘rg‘ay daryosi suvini ko‘paytirishga doir loyihani esa birgina Qozog‘istonning o‘zi hal eta oladi. Albatta, Orolga Turg‘aydan olinadigan ikki-uch kub kilometr suv gigantamonlar nazarida tomchiday bo‘lib tuyulishi mumkin. Biroq Sibir daryolari suvini janubga oqizish loyihasida ham Orolga bor-yo‘g‘i yiliga besh kub kilometr suv berish, qolgan suvni esa yangi yerlar o‘zlashtirishga sarflash ko‘zda tutilgan edi-ku! (Sibirning o‘sha suvini ham To‘rg‘ay daryosi o‘zani bo‘ylab oqizish mo‘ljallangan edi).

Agar biz To‘rg‘ay va Zarafshon daryolari gidrologiyasini o‘zgartirish, ya’ni ularning obihayoti hosil bo‘ladigan va irmoqlari oqib o‘tadigan joylarning o‘simlik olamini, bir paytlar mavjud bo‘lgan tabiiy o‘rmonlarni tiklash orqali suvini ko‘paytirishga erishsak, ikkala daryodan Orol uchun yiliga besh kub kilometr suv yo‘llash mumkin bo‘ladi. Shu orqali biz programma-minimumni bajargan bo‘lamiz. Shu bilan birga cho‘llab qolgan dengizimiz Sirdaryoning 25-30 kub kilometr suvini ham doimiy ravishda olib tursa, u holda bu urinishlar tufayli butun Orol tirik ekosistema sifatida qayta tiklangan bo‘lur edi. Ayni chog‘da Markaziy Osiyo davlatlarida industrlash jarayoni yanada kuchaysa, bu ham daryolar obihayotini hozirgidan ko‘proq tejashga olib kelishi mumkin... Axir bugun Germaniyada shamol energiyasidan foydalanilgan holda hosil qilinayotgan elektr energiyasi beshta Chernobil atom elektr stantsiyasi beradigan elektr energiyadan ko‘p ekan“.

Maqola muallifi bu rejani qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro homiy tashkilotlar topilishiga, loyihani amalga oshirishga kirishilganidan so‘ng besh-etti yil o‘tmayoq dastlabki samaralar ko‘rilishiga astoydil ishonadi. Negaki, asrlar osha mavjud bo‘lgan va insonning nomutanosib faoliyati tufayli izdan chiqqan tabiiy suv yo‘llari, ekotizimlarni tiklashga bo‘lgan harakatlar qo‘llab-quvvatlanishiga shak-shubha yo‘q.

Qadrli Nusrat aka! Siz ona tabiatimiz jonkuyarlaridan biri sifatida Zarafshon daryosining ekologiyasini doimiy ravishda nigohingizdan qochirmay kelasiz. Ayni chog‘da Orol dengizimiz taqdiriga ham befarq emassiz. Shu ma’noda menga nihoyatda jonli tuyulgan bu taklif sizga ham ma’qul tushsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki bu loyiha amalga oshsa, avvalo, qanchadan-qancha odamlar ishli bo‘ladi. O‘rmon va tabiiy o‘tloqlar vujudga kelgan joylarda chorvachilikni, bog‘dorchilikni rivojlantirish mumkin bo‘ladi. Hamma gap harakatda. Harakatga — barakat! — deya bejiz aytilmagan-ku. Germaniya shamol quvvatidan foydalanishni yaqinginada boshlab, bugun shu qadar katta natijaga erishgani ayni haqiqat-ku.

Xo‘sh, siz Yu.Kamolovning taklifi haqida qanday fikrdasiz? To‘rg‘ay va Zarafshon daryolari atrofidagi tabiiy ekotizimlar — o‘rmonlar va boshqa o‘simlik olamini tiklash yo‘li bilan ularning obihayotini ko‘paytirish mumkinmi. Mumkin bo‘lsa, bu harakatni avvalo nimadan boshlamoq kerak? Bu xususda mutaxassis olimlarning fikrlari bilan birga siz kabi asli biolog bo‘lib, publitsistikamizda ham qalami qayralgan adiblar fikri qimmatli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Sizga yangi yilda katta ijodiy muvaffaqiyatlar tilab:

Murod Abdullayev

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 2-sonidan olindi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.