OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Naim Karimov. Yashin domlani eslab... (2009)

XX asr o‘zbek adabiyoti namoyandalari orasida uzoq umr ko‘rgan adiblardan biri Komil Yashindir. U barakali umri mobaynida Hamza va Cho‘lpon singari shoirlardan ijod sirlarini o‘rganish, Qori Yoqubov va To‘xtasin Jalilov singari san’at darg‘alari bilan hamkorlik qilish sharafiga erishdi. Murakkab tarixiy davrda ro‘y bergan ijtimoiy va madaniy voqealarning jonli guvohi bo‘ldi, shu voqealarning ma’lum bir qismida shaxsan ishtirok ham etdi. XX asr o‘zbek adabiyotida sho‘ro davri mavzularini adabiyot va san’atning qariyb barcha tur va janrlarida yoritishga Yashindek katta kuch sarflagan boshqa ijodkorni topish qiyin.

Komil Yashin 1909 yil 25 dekabrda Andijon shahrida tug‘ildi. Uning bobosi Jumaboy tuyakash Toshkentning Eski shahar qismidagi Saqichmon mahallasida yashab, boylar va savdogarlarning mollarini bir shahardan ikkinchi shaharga tashish bilan turmush tebratgan. Aytishlaricha, Eski Jo‘vada uning karvonsaroyi bo‘lgan. Jumaboy tuyakash birinchi xotinidan Qosim, Sodiq va No‘‘mon degan o‘g‘illar ko‘rgan. Uning No‘‘mon degan uchinchi farzandidan bizning muhtaram adibimiz Komil Yashin dunyoga kelgan.

Jumaboy tuyakash foniy dunyodan boqiy dunyoga rixlat qilganida, zamon o‘zgarib, karvonsaroylardagi tuyalar siyraklashib qolgan edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, farzandlari “ota kasbi”ni tashlab, bog‘dorchilik bilan shug‘ullana boshlaganlar. Bo‘lajak adibning otasi o‘tgan asr boshlarida qandaydir bir sabab bilan Andijonga borib, o‘sha yerda uylanib, palak yozib qoladi.

G‘afur G‘ulom 1966 yilgi Toshkent zilzilasi munosabati bilan yozgan “Vatandoshlarimga tasalli” maqolasida 1892 yili Andijonda ro‘y bergan dahshatli zilzilani eslab, bunday yozgan edi: “Mening o‘sha zamon ma’muriyatiga tuhmat qilishga haqqim yo‘q. Zilziladan jafo chekkan xalqqa qanday va ne miqdorda, nimalar bilan yordam berganini bilmayman... Ammo shunisi ma’lumki, tom tagida qolganlarni qazib olish uchun yaroqli imorat uskunalarini, ro‘zg‘or anjomlarini, bisotu bag‘alni tuproq tagidan chiqarib olish uchun ketmon, bel singari asbob-uskunalar yetishmas edi. Ana shunda Andijon yigitlaridan asl tagi toshkentlik No‘‘monjon degan kishi Toshkentga kelib, yetti arava ketmon, bel, mayda qozon, choynak-piyolalar olib borib andijonliklarga ulashdi” (Bu odam atoqli dramaturgimiz Komil Yashinning otasi bo‘ladi).

No‘‘mon Jumaboy o‘g‘li adibning bo‘lajak onasi Xayrinisoga devordan o‘sma, rayhon otib yurib, o‘ziga rom qilgan. Shu vaqtda u yigirma besh yoshda bo‘lgan. U madrasa ko‘rmaganiga qaramay, xat-savodi puxta bo‘lganligi tufayli andijonlik paxtachi boylardan biriga gumashtalik qilib, uning e’tiborini qozongan. Uning ichkari-tashqari hovlili uyi Andijon viloyat musiqiy drama teatriga tutash bo‘lib, bu uyning tokchalarida “Daloyili hayrot”, “Tafsir”, “Qissasi Rabg‘uziy», “Kimyoi saodat”, “Bobo Ravshan”, “Ibrohim Adham” singari diniy kitoblardan tashqari, “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim”, “Turkiy guliston” singari kitoblar ham bo‘lgan. “Dadam, — deb yozgan edi Yashin, — she’riyatni ham yoqtirardi, musiqa, qo‘shiqni jon qulog‘i bilan tinglardi. Uyda turlicha “bayoz”larni saqlar, vaqti-vaqti bilan ularni varaqlar, biroq pana-pana joylarga berkitgani-berkitgan edi. Buning sababi ham ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldi. U opalarimning ko‘zlari ertaroq “ochilib ketmasligi” uchun ishqiy she’rlardan iborat g‘azallarni ularga ko‘rsatmaslikka harakat qilarkan”.

Yashin aka shunday muhitda tarbiya topdi. Lekin o‘zgara boshlagan zamon uning adabiy didi va qarashlariga o‘z muhrini Hamza orqali bosdi. U 1915 yilda eski maktabda Faxriddinxon ismli mutaasib muallim qo‘lida o‘qiy boshladi. Shu vaqtda inqilobiy voqealar yuz berdi. 1919 yili andijonlik mashhur tadbirkor Mirkomilboydan tortib olingan Savdo markazi madaniyat xodimlari ixtiyoriga berildi. Bahor oylarida shu yerda Hamza bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv Yashinning keyingi hayoti va ijodiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

“Hamza Hakimzoda bilan ilk uchrashuvlar, — deb yozgan edi adib, — qalbimda o‘chmas va chuqur iz qoldirdi. O‘shandan boshlab vujudimga bir tuyg‘u oralab qoldi. U ham bo‘lsa sahna san’atiga kuchli muhabbat edi. San’atni azbaroyi sevib qolganimdan u hatto tushlarimga ham kirib chiqardi”.

Afsuski, adib shu yillarda ham, keyin ham buyuk Cho‘lpon bilan yaqin aloqada bo‘lganligi, uning ijodiy yordamidan ko‘proq bahra olganligiga qaramay, ma’lum sabablarga ko‘ra, shu haqda biror so‘z aytmagan. Holbuki, adib umrining so‘nggi yillarida biz, bir-ikki adabiyotshunosga Cho‘lpon to‘g‘risida, uning o‘z ijodiga ko‘rsatgan ta’siri to‘g‘risida minnatdor shogird sifatida jo‘shib so‘zlab bergan edi.

Yana shuni aytish lozimki, adibning pochchasi, Andijonning ilg‘or kishilari Hakimjon va Olimjon Sarkorovlarning xonadonida boy kutubxona bo‘lib, bo‘lajak adib shu kutubxonadagi Turkiston tarixiga oid ilmiy kitoblardan tashqari, Voqif, Husayn Jovid, Sobir singari ozarbayjon, Abdulla To‘qay singari tatar yozuvchilarining asarlarini mutolaa qilgan va bu asarlar ham uning ijodkor sifatida shakllanishiga muayyan ta’sir ko‘rsatgan. Lekin sho‘ro davlati shu davrda o‘quv muassasalarida tashkil etilgan komsomol-yoshlar tashkiloti yordamida yosh avlodni o‘z ta’sir doirasiga tortib, ular bilan Cho‘lponlar, Husayn Jovidlar orasiga to‘siq qo‘ya boshlagan edi.

Bolalik va yoshlik xotiralari aksar yozuvchilar ijodida muhim o‘rin tutadi. Chunonchi, adibning otasi qaysidir boydan olgan qarzini o‘z vaqtida uzolmay, Sultonxon ismli popukdek qizini boyning to‘rt xotinli tantiq va nodon o‘g‘liga berishga majbur bo‘lgan. Boyvachcha o‘ta zolim va johil kimsa bo‘lib, xotinlarini yarim yil-bir yil deganda ota uyiga arang yuborar, boshqa paytlarda bo‘lar-bo‘lmasga kaltaklar ekan. Komiljon bir kuni pochchasining uyiga borganida uning opasini qamchilab, azob berayotgani ustidan chiqadi.

Bunday voqealarni ko‘rib, o‘zbek xotin-qizlarining mashaqqatli qismatlaridan ezilib yurgan Yashin 1925 yilda qo‘liga qalam olishi bilan Sultonxon opasiga o‘xshash ayollarga bag‘ishlab she’rlar yozadi. 20-yillar oxiri — 30-yillarning o‘rtalarida o‘zbek adabiyotidan katta o‘rin egallagan xotin-qizlar ozodligi mavzui Yashin she’riyatida ham bong o‘laroq jarangladi. Yosh shoir bu bilan kifoyalanib qolmay, o‘quvchilik yillaridan boshlab oshifta bo‘lgani dramaturgiyaga qo‘l urib, “Teng tengi bilan”, “Lolaxon” nomli bir pardali piesalarini (1927), “Ichkarida” (1933), “Gulsara” (1934), “Nomus va muhabbat” (1935), “Nurxon” (1940) dramalarini yozadi. Yashin “Ichkarida” piesasi asosida yozilgan “Gulsara” asari ustida tinimsiz ishlab, uni opera va balet teatri sahnasiga olib chiqadi. Shu tarzda xotin-qizlar ozodligi mavzusi Yashinning she’riy, ayniqsa, dramaturgik ijodida davrning eng muhim ijtimoiy va ma’naviy muammolaridan biri sifatida talqin qilinadi.

O‘zbek dramaturgiyasining shakllanishi va rivojlanishida Hamzaning xizmatlari oz emas. Drama va komediya tabiatini chuqur his etgan Hamza dramatik va komik vaziyatlarni yaratishda mislsiz bo‘lishi bilan birga, qahramonlar nutqini ishlashning ham mohir ustasi edi. Yashin Hamzaning “Boy ila xizmatchi”, “Maysaraning ishi”, “Zaharli hayot” asarlarini qayta sahnaga olib chiqish jarayonida ustozning dramaturglik mahoratini puxta egalladi. Shu hol uning Navoiy va xalq og‘zaki ijodi durdonalarini musiqali va opera teatrlari sahnasiga olib chiqishida ham («Farhod va Shirin”, “Ravshan va Zulxumor”, “Dilorom”), “Hamza”, “Yo‘lchi yulduz”, “Inqilob tongi” dramalarini yaratishida ham o‘z jamolini ko‘rsatib turadi.

Yashinning dramaturg sifatidagi xizmatlari to‘g‘risida so‘z borar ekan, Mirtemirning quyidagi so‘zlarini eslash joiz: “Dramaturg deganda, — deb yozgan edi u, — ko‘z o‘ngimizga buyuk Hamzadan keyin u keladi. Uning dramalari qadam-baqadam, zina-bazina yuksalib, chiniqib, o‘sib-ulg‘ayib, tomoshabin dilida o‘chmas iz qoldirgan. Uning o‘zi ham qadam-baqadam, zina-bazina yuksalib, chiniqib, o‘sib-ulg‘ayib, tomoshabin olqishiga sazovor bo‘lgan qalam zahmatkashi... Bu hazilakam mehnat emas. Bu, har tomonlama yetuklik, degan so‘z. Odamlarni bilish, hayotni bilish, hayotning ich-ichiga singib ketish, ...hayotni san’atkorona tasvirlay olish hazilakam gap emas. Bu fazilatlar faqat yetakchi yozuvchiga, zamon va xalq oldida o‘z mas’uliyatini qalbdan sezgan qalamkashga xos fazilatlardir. Men uning har asarini o‘qiganimda yo sahnada ko‘rganimda, katta ijodiy mehnat mevasi ekanini his etaman...”.

Yashin XX asr o‘zbek adabiyotining zabardast namoyandalaridan biri sifatida o‘zbek dramaturgiyasi va teatr san’ati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdi. Dramaturgiya va teatrning biror sohasi yo‘qki, u shu sohalarning vujudga kelishi va kamol topishiga hissa qo‘shmagan bo‘lsin. U yetuk dramaturg sifatida o‘z asarlari bilan hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri repertuarini belgilab va o‘zbek dramasining “planka”sini ko‘tarib berdi; o‘zbek teatr madaniyatida opera san’atining vujudga kelishi va ravnaq topishiga munosib hissa qo‘shdi. Shekspirning «Antoniy va Kleopatra”, U.Gadjibekovning “Arshin mol olon», I.Brusilovskiyning “Er Torg‘in”, B.Kerboboevning “Mahtumquli”, Mehti Husaynning “Olov”, I.Qosimovning “Inson mehri” singari asarlari Yashin tarjimasida sahna yuzini ko‘rdi. U kinodramaturgiya sohasida ham ijod qilib, “Asal” (1940), “Hamza” (1060), “General Rahimov” (1067), “Shiddat” (1971) filmlari hamda “Olovli yo‘llar” telefilmi (hamkorlikda) stsenariylarini yaratdi. 1958 yildan 1980 yilga qadar bo‘lgan davrda esa, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildiki, shu davrda Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek”, O.Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, P.Qodirovning “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni” singari o‘lmas asarlarning maydonga kelishi, Abdulla Oripov va Erkin Vohidovning she’riyatga chaqmoq o‘laroq otilib kirishida, o‘zbek yozuvchilari asarlarining rus va boshqa tillarga tarjima qilinib, xorijda mashhur bo‘lishida uning ham xizmatlarini yo‘q, deb bo‘lmaydi. O‘zbek adabiyoti xalqaro obro‘sining xuddi shu davrda oshishida Yashinning sobiq ittifoq Yozuvchilar uyushmasi rahbarlari va peshqadam qardosh yozuvchilar bilan yaqin aloqada bo‘lganligi muhim ahamiyatga molik bo‘ldi.

Yashinning adabiy-tanqidiy maqolalariga nazar tashlar ekanmiz, uning 1958 yil uchun belgilagan ijodiy rejasi bizni hayratga soladi. U 1957 yilda hozirgi Milliy teatr uchun “Yo‘lchi yulduz” dramasi, Muqimiy teatri uchun “Ravshan va Zulxumor” musiqiy dramasi, Navoiy teatri uchun esa “Dilorom” opera librettosini yozganligini qayd qilib, bunday so‘zlarni aytgan: “Men 1958 yilda o‘zbek olimi, ulug‘ astronom, mutafakkir, faylasuf Ulug‘bek haqida Hamza nomli teatr uchun bir tragediya ustida ish olib bormoqdaman. Bu tema meni ko‘pdan beri qiziqtirib keladi. 1958 yilda Ulug‘bek nomiga loyiq asar yaratib, shu orzumga yetsam, o‘zimni baxtiyor, deb bilardim”.

Biz bu asarning yozilmay qolish sabablaridan ogoh emasmiz. Adibning 1958 yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rais etib saylanishi va tashkiliy ishlar bilan o‘ralashib qolishi, balki shu ijodiy niyatning ro‘yobga chiqishiga imkon bermagandir. Balki u Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasini yozishga taraddud ko‘rayotganidan voqif bo‘lib, qalamkash do‘stining ijodiy niyati yo‘lida g‘ov bo‘lishni istamagandir. Kim biladi, balki Yashin bu qutlug‘ ijodiy rejasini amalga oshirish imkoniga ega bo‘lganida uning keyingi ijodi boshqa o‘zanda kechgan va u adabiyotimiz xazinasida bir umrga qoladigan sahna asarlarini yaratgan bo‘larmidi.

Kamina adibning eng so‘nggi asari — “Yodnoma”ni varaqlar ekanman, muallifning muhofaza quvvati behad darajada kuchli bo‘lganidan hayratga tushaman. U bolalik kezlaridan umrining so‘nggi nafasiga qadar o‘zi guvoh bo‘lgan yoki eshitgan voqealarni, odamlarni xotirasida shu qadar tiniq va to‘la saqlagan ediki, “Yodnoma”ni o‘qigan kishi Yashinning XX asrdagi o‘zbek xalqi tarixining jonli qomusi sifatida idrok etishi hech gap emas edi. Biz, bir-ikki adabiyotshunos, Yashin akani ziyorat qilib borganimizda, u Cho‘lpon, Qori Yoqubov va boshqa o‘nlab mashhur tarixiy shaxslar to‘g‘risida shunday voqealarni aytib berardiki, biz adibdan shu xotiralarni qog‘ozga tushirib, “Yodnoma”ning ikkinchi kitobini tezroq chop etishini iltimos qilardik. Lekin u horiganligi va ortiq yozuvga rag‘bati qolmaganligi sababli bu voqealarni yozishni bizning o‘zimizga topshirmoqchi bo‘ldi.

Kamina o‘sha kezlarda Cho‘lpon shaxsi bilan qiziqqanim tufayli Yashin akadan ham, Halima opadan ham ularning ulug‘ andijonlik yurtdoshi haqidagi xotiralarini bilishni istardim. Halima opa Cho‘lponni o‘z otasidan ham ortiq darajada hurmat qilar, Yashin aka esa, hali hushyor quloqlar borligi sababli, Cho‘lponning millatchi bo‘lganligini pesh qilar edi. Biz o‘zgarayotgan davrda Cho‘lpon haqida paydo bo‘layotgan yangi tasavvurlarni Yashin akaga sekin-asta yetkazib, uning qalbi tubida yotgan xotiralarning yuzaga chiqishiga erisha boshladik. Yashin aka Cho‘lponning o‘ziga ustoz bo‘lganini, bir necha she’rlarini tahrir qilib berganini aytdi. Uning piyolani labiga yaqin keltirib, tez-tez ho‘plab ichishini esladi. Uning Cho‘lponga bo‘lgan mehri turli ranglarda tovlana boshladi.

Ammo afsuslar bo‘lsinki, Yashin aka bu xotiralarini qog‘ozga tushirib, “Yodnoma”ning ikkinchi kitobini tayyorlash uchun so‘nib borayotgan ijodiy kuchini qayta tiklay olmadi.

XX asr so‘ngida mamlakatimizda ro‘y bergan olamshumul voqea xalqimizning yaqin tarixini ikki davrga — mustaqillikkacha bo‘lgan va mustaqillik davriga ajratib yubordi. Birinchi davrda yaratilgan asarlar orasida bugun ham badiiy qimmatini yo‘qotmagan asarlar oz emas. Lekin aksar asarlar sho‘ro davri talabi va sho‘ro mafkurasi andozalari asosida yozilgani uchun, ular qanday talantli asarlar va qanday mashhur adiblarning qalamiga mansub bo‘lmasin, Tarix, Vaqt va Adabiyot g‘alviridan tushib qoldi. Ammo bu hol sho‘ro davri yozuvchilarining xizmatlarini yo‘qqa chiqarmaydi. Chunonchi, maqolamiz qahramoni Yashin XX asr o‘zbek adabiyotining zabardast namoyandalaridan biri sifatida o‘zbek dramaturgiyasi va teatr san’ati taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi bois xalqimiz xotirasida hamisha saqlanib qoladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 52-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.