OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Omon Muxtor. Uzaytirilgan umr (2010)

U tiklanish (reanimatsiya) bo‘limida edi.

Bir hafta burun uyiga borib uni ko‘rgan edim. Lekin ahvoli og‘irlashib yana kasalxonaga yotqizilganini eshitgach, sabrim yetmay xabar olgani bordim.

Bo‘lim eshigi belidagi darchani taqillatdim.

Eshik orqasida hamshira bir ayol ko‘rindi.

— Odil akani ko‘rmoqchiman, — dedim.

— Siz kimi bo‘lasiz?

— Ukasi, shogirdi.

— Ahvoli og‘ir. Odam tanimaydi, — dedi hamshira.

— Baribir, ko‘rishim kerak.

Hamshira eshikni ochdi. Qo‘limdagi xaltaga qarab:

— Unga endi hech narsaning keragi yo‘q. Qaytib olib ketasiz, — dedi.

— Shu yerda, o‘zlaringda qolaversin, — dedim.

Ayol yo‘lakdan meni katta bir xonaga kiritib yubordi.

Xonada to‘rt-besh bemor, g‘ira-shira payqadim. Ro‘parada, to‘rda Odil akaning karavoti. Boshi ustida chiroq yonar, u so‘nik ko‘zlarini shiftga tikib yotar edi. Bir qo‘liga dori tomizgich ulangan, ko‘ksi ochiq, ko‘ksiga ham igna sanchilgan. Ikkinchi qo‘li to‘shakka vazmin bosilgan.

Uni ko‘rish barobarida, karavot yonida turgan xushqomat-yosh hakimaga ko‘zim tushgan edi. Hakima bo‘sh kursiga imo qilib: — Faqat ikki-uch daqiqaga o‘tirasiz. Gaplashish qiyin. Foydasi yo‘q. Sezmaydi, — dedi.

Men Odil akaning holatidan gangib qolgan edim. Necha kundan buyon u xastalik azobini chekayotgani, umr shami bora-bora so‘nayotganini bilsam-da ayni shu damgacha, qancha kishilar bu bo‘limda o‘nglanib palataga ko‘chiriladi, Odil akaning ham ahvoli uncha yomon emasdir, u kuchli kishi, hali tuzaladi, deb o‘ylayotgan edim. Bu kun kasalxonaga kelayotganimda ham, u bilan har qachongidek diydorlashish, jilla qursa, ikki og‘iz so‘zlashish mumkin, deb o‘zimni-o‘zim aldayotgan edim. Shu damda esa yo‘lakdagi hamshirayu, xonadagi hakimaning aytganlari bor achchiq haqiqat ekanligini tushungandek bo‘ldim. Shunga qaramay, umidli kayfiyat meni hamon tark etmaganidan, hakima ogohlantirganiga ahamiyat bermay, Odil akaning qo‘lini bir dam tutib siypalagandek bo‘ldim. Odil aka, bu men, dedim. Sizni yaxshi ko‘ramiz, Odil aka, dedim.

Lahza ichida ko‘p gaplar xayolimdan kechdi.

* * *

U bilan qachon, qanday tanishganimni eslamayman.

Adabiy davra — bir oila. Talabalik yillari turli yig‘inlar, uchrashuvlarda qatnashib, nom qozongan yozuvchilar orasida Odil akani ham ko‘rgan, tanigan bo‘lishim kerak.

Ancha yil bizning munosabatimiz oddiy deymi, rasmiymi edi. Odil aka mendan o‘n besh yosh katta, u Toshkent davlat dorilfunini (hozirgi Milliy universitet)ni ham men o‘qishga kirishimdan bir necha yil oldin bitirgan. Ma’lum muddat Adabiyot nashriyotida ishladi (o‘shanda men ham muharrirlik qilganimdan, birga ishlagan paytimiz bo‘lgan). Keyinchalik gazeta bosh muharriri, O‘zuvchilar uyushmasining raisi singari rahbar lavozimlarni egalladi. Men uni hurmat qilar, ijodiga qiziqib asarlarini o‘qib borganimdan, ustozlarimdan biri deb bilardim. Ammo bu o‘sha — adabiy davraga, ko‘pchilikka tegishli umumiy holat! Buni yaqinlik-qadrdonlikka yo‘yishning iloji yo‘q... O‘z navbatida, Odil aka ham menga (ijodimga) alohida e’tibor bergan, deyolmayman. To‘g‘rirog‘i, o‘shanda u meni yaqindan bilmagan, bunga hatto qiziqmagan bo‘lsa ham ajab emas. Bundan tashqari, uning atrofida yaxshi-yomon shogirdi, muxlisi ko‘p edi... Umuman, o‘sha paytlardan menda qolgan taassurot, Odil aka katta-kichik demay, barcha bilan birdek yaxshi munosabat tutar, shu bilan birga, u o‘zini aftidan “daxlsiz” deb bilgan kishi (qandaydir “yolg‘iz karvon”) edi.

Uzoq yillar davomida oradagi munosabatdan kichik ikki muhim holat yodimda. Men hali nashriyotda ishlamasdim. Odil aka bosh muharrir o‘rinbosari edi. Dastlabki “Yillar shamoli” romanim chop etiladigan bo‘ldi. Bir kuni kutilmaganda meni Odil aka qidirayotganini aytishdi. Bordim. Odil aka qo‘lyozmani o‘qigan ekan, hali aytganim oddiymi-rasmiy, men — shunchaki muallif, u — shunchaki noshir, asar borasida gaplashdik.

— O‘sh do‘stim! Kitob bosiladi, — dedi Odil aka. — Lekin ungacha ayrim o‘rinlarni bir ko‘rsangiz... — Keyin, menga “O‘zbekiston uchun sho‘roning paxta siyosati qanchalik zulmga aylangani”ni ro‘yrost gapira ketdi. — Qishloq hayoti “dalada bayram” emas, majruh ayollarni, hali oyog‘i chiqmay dalaga haydalgan bolalarni “unutib”, qishloq haqida asar yozib bo‘lmaydi. Sezib turibman, asarda niyat boshqa, ammo baribir, bu narsalarni o‘ylash kerak...

Men o‘sha kuni Odil akadan saboq oldim.

O‘ylashga harakat qildim.

Ikkinchi holat. O‘zbekiston mustaqillikka erishib, ilk qadamlarini bosa boshlagan. Odil aka bu kunlarni intiq kutganlardan. U yoshi ulg‘ayib qolgan bo‘lsa-da, hayotda ham, ijodda ham faol. Bir daqiqa ortiqcha vaqti yo‘q. Ammo “To‘rt tomon qibla” trilogiyasini yozganimda, asarni Odil aka ko‘zdan kechirib berarmikin, degan xayolga bordim. Undan buni so‘radim. U erinmay asar bilan tanishib chiqdi, hatto gazetaga bir maqola ham yozdi. Odil aka o‘zi an’anaviy uslubda asar yozganiga qaramay, davr bilan birga adabiyot o‘zgarib borishi, yangi shakllar qidirish ham kerakligini yaxshi tushunardi. Faqat o‘zbek adabiyoti emas, butun jahon adabiyotidagi jarayonlardan xabardor edi. Matbuotdan tashqari, bir-ikki yig‘inda ham asarimni ma’qullagan holda, u menga:

— Izlanib ijod qilayotganing yaxshi. Faqat, jahon andozalariga suyanib, xalqdan uzoqlashmaslik kerak. Shu narsaga ehtiyot bo‘l, — dedi.

Men o‘sha kuni Odil akadan yana saboq oldim.

Ehtiyot bo‘lishga harakat qildim.

* * *

Ta’bir joiz bo‘lsa, odamlar orasidagi munosabatda yuzaga kelgan yaqinlik-qadrdonlik ham muhabbatga o‘xshaydi. Xalq bekordan “mehr-muhabbat” deb qo‘shib gapirmaydi.

Yaqinlik-qadrdonlik birovga buyurishi, birovga buyurmasligi mumkin. Biz ba’zan oddiy, rasmiy munosabatni do‘stlik deb ataymiz. Yig‘inlar, to‘y-ma’rakalarda quchoqlashib ko‘rishganlarning barini adashib, bir-biriga qadrdon, biri-biriga mehribon deb o‘ylaymiz. Holbuki, hayotda odamlar munosabati ilk ko‘ringanidan murakkabroqdir.

Qisqasi, Odil aka yoshi saksonga yaqinlashib, uyda ijod qilayotgan, men ham yoshim oltmishdan o‘tib ijodiy ishga chog‘langan bir davrda oramizda oldingi (oddiy, rasmiy)ga o‘xshamagan bir munosabat tug‘ildi. To‘g‘rirog‘i, men bir oz “kechikib” Odil aka (inson va adib)ning qadriga yeta boshlagan, u ham mening mehrimga mos javob qaytargan bo‘lsa kerak. Katta-kichik ijodkorlarning ba’zan yaqinlashib-qadrdonlashib, ba’zan aksincha, uzoqlashib-begonalashib ketishi eskidan uchrab turadigan hol. Bu, ehtimolki, dunyoqarashdan, hayotga munosabatdan, har xil shart-sharoitlardan kelib chiqadi. Qanday bo‘lmasin, avvalida “Sharq yulduzi” jurnalida ishlagan birodarlarim bilan, keyin boshqa ayrim ijodkor do‘stlar bilan gohida Odil akaning uyiga borib uning suhbatini olishga odatlandim. Adabiyot ahliga tegishli turli davralarda ham ko‘proq ko‘risha boshladik. Asosan, yurt, xalq, adabiyot bobida gaplashar edik.

Odil aka tabiatan jiddiy kishi. Bu — hazil-mutoyibani, tabassumni bilmaydi, degani emas. U mag‘rur va osoyishta. Bir narsadan norozilangan, jahli chiqqan (to‘g‘rirog‘i, g‘azablangan) paytda ham, faqat yuziga bulut soya tashlab, ko‘zlari chaqnar, ammo uning o‘zini tutishida jiddiyat va osoyishtalik “saqlanib” qolaverardi. Bunga zid holda, adibning asarlarini o‘qigan kishi uning qalbida qanday to‘fonlar borligini his etishi mumkin. Yana bir belgi. Odil aka balki o‘ylamagandir ham, ismiga mos, uning asarlarida adolat tuyg‘usi muhim o‘rin tutadi. Gap mustaqillik yillarida u “Adolat manzili” deb asar yozganida emas, birov e’tibor bergan-bermagandir, ilk asarlaridan “Muqaddas” qissasining o‘zi hayotdagi adolatsizlikka qarshi isyondir. “Diyonat” romanida ham, “Ulug‘bek xazinasi”, “Ko‘hna dunyo” tarixiy romanlarida ham u shu tuyg‘u mezonidan kelib chiqqanini ko‘ramiz. Odil aka suhbatda ba’zan Abdulla Qahhor yoki Ozod Sharafiddinov to‘g‘risida gapirar edi. Bu ikki kishining adabiyotga talabchanligi, haqiqat va adolatni diqqat markazida tutishgani vijdonli inson va vijdonli yozuvchi sifatida Odil aka uchun aftidan muhim edi.

U — adabiyotga to‘g‘ri, havaskorlik davrini boshdan kechirmay kirganlardan. Tasavvur qiling, Turkiston tumani Qarnoq qishlog‘ida tug‘ilib, o‘rta maktabni tugatishi bilan askarlikka chaqirilgan, ikkinchi jahon muhorabasidan keyingi yapon urushida qatnashgan. Shu boisdan, dorilfununda o‘qishni ham bir oz kech — o‘ttiz yoshida bitirgan, lekin shu orada nasriy asarlari (hikoya, qissalari) bosilib, dramalari teatr sahnasida qo‘yila boshlagan edi. Uning asarlarida urush mavzusiga qayta-qayta murojaat qilingan. Muhimi, Odil aka yoshlikdan hayotni ko‘rgan, bir o‘limdan qaytgan edi. Uning jiddiyligi, bosiqligi, ba’zan dag‘al va keskinligi ma’lum darajada shu tarjimai hol bilan ham bog‘liq.

Ammo o‘z darajasini bilish, o‘ziga ishonch, g‘urur barobarida, u “dehqoncha” sodda, oddiy va kamtar, bag‘rikeng inson. Barcha adiblar, ayniqsa, yosh ijodkorlarga mehribon edi. Adabiyot olamida har xil holat uchraydi, rashk ham. Ustoz Mirtemirdan keyin, atrofida ko‘proq yoshlar to‘plangan kishi — Odil aka edi. Odil aka erinmay-og‘rinmay gohida o‘zi uyga qo‘ng‘iroq qilib, ishlaring qanday ketyapti, ko‘rinmaysan, deb hol so‘rar, qaysidir davraga birga borishni taklif ham qilaverardi. Biron masala bo‘yicha xayolida qandaydir savol tug‘ilsa, men kattaman, men ustozman, degan fikrga borib o‘tirmay, samimiy ko‘yda sening mulohazalaringni bosiq eshitardi.

* * *

Mana, endi u — yoshi saksondan ham o‘tgan, uydan kam chiqayotgan kunlar. Goh-gohi o‘ziga borishi zarur tuyulgan “joylar” — davralarga aksar o‘g‘li Iskandar yetagida yo‘l olar (shu o‘rinda aytish kerak, Iskandarga to‘g‘rilik, oddiylik otasidan “yuqqan”, ba’zan ichkariga kirib, ba’zan tashqarida ham qolaverardi), Odil akani qanchalik qistashmasin, yana tez uyiga qaytar edi.

Asosan, umri shunday, uyda o‘tayotganiga qaramay, oila a’zolarining g‘amxo‘rligidan bo‘lak — kunda bo‘lmasa-da, kunora tengdoshlari va ularning farzandlari, o‘z uka-shogirdlariyu, muxlislari Odil akadan xabar olib turishardi... Umuman, yana Mirtemir akaga qiyos, Odil akaning uyida doim dasturxoni ochiq edi. Yangamiz Maryam opa uning yuz-ko‘ziga qaraydi. Uni avaylab kelgan. Avaylaydi.

Xullas, Odil aka so‘nggi paytlar hovlida, ayvon etagidagi yo‘lkada bir soat-yarim soat “oyoqning chigilini yozish uchun” nari-beri yurishni odat qilgan. Yayov yurishning foydasi haqida gap chiqqanida o‘zi ko‘pincha buni aytar edi. Bir kuni boshi aylanganmi, har holda shu yo‘lkada yiqilib qolgan, suyaklariga zarb yetgan ekan. Jahongashta jurnalist va adib Anvar Jo‘raboy bilan borsak, oynavand ayvonga ichkaridan ancha qiynalib chiqdi. Lekin kursiga joylashib olgach, dadillashgandek bo‘ldi. Faqat, uning gap ohangi menga uncha yoqmadi, u o‘z hayoti haqida, insondan dunyoda nimadir qolib-qolmasligi haqida, negadir “tobutkashlik” haqida gapirdi, buning bari vasiyatga o‘xshar edi. Keyingi yillar u “Osiy banda” romani ikkinchi kitobi ustida ishlayotgan, ko‘proq xayolini shu asar taqdiri band etayotgan edi, men uni “chalg‘itish” uchun shu haqda so‘radim. Biroq bu borada uning gaplashgisi kelmadi.

U ikki oydan ko‘proq vaqt xastalik azobini chekdi. Bir nuqtaga faromush va o‘ychan tikilgan. Taqdirga go‘yoki tan bergan. Birovga o‘z holati malol kelmasligiga urinayotgan...

Odil aka o‘zi yoshligida yuzlashgan urush davridan matonatga, bardoshga o‘rgangan edi.

* * *

Tiklanish (reanimatsiya) bo‘limida, Odil akaning qarshisida turib lahza ichida shu gaplar xayolimdan kechdi. To‘g‘risi, bu — o‘y ham emas, senga yaqin va qadrli bir kishining hayoti-yu, o‘z hayotingga daxldor sezgi edi.

Xushqomat yosh hakima yana kursiga imo qildi. Keyin, Odil aka to‘g‘risida:

— Hayoti tugagan. Biz uning umrini uch-to‘rt kunga uzaytirayapmiz, xolos, — dedi.

Kursiga bir nafas o‘tirgach, men uchun bu Odil aka bilan so‘nggi muloqot, u bilan vidolashuv ekanligini his etdim.

Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi.

Kasalxonadan ko‘cha chiqqanimdan so‘ng, nazarimda hakimaning ovozi qulog‘im ostida aks-sado berayotgandek bo‘ldi:

— Biz uning umrini uch-to‘rt kunga uzaytirayapmiz...

Xudoyim! Bu dunyoda chinakamiga insonning umrini uning ezgu ishlari, yozgan asarlari uzaytirmaydimi?..

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 39-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.