OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otabek Jo‘raboyev. Shoir bo‘lib shuhrat topganlar (2010)

Milliy ma’naviyatimizning ajralmas qismi bo‘lmish mumtoz adabiyotimiz nafaqat xalqimizga, balki dunyoga o‘nlab buyuk ijodkorlarni, jahon adabiyoti xazinasiga esa yuzlab durdona asarlarni taqdim etgan. Prezidentimiz Islom Karimovning “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” nomli risolasida: “Xalqimiz adabiyotni muqaddas va ulug‘ bir dargoh deb biladi. Ana shunday bahoning o‘zi el-yurtimiz hayotida bu soha namoyandalariga, ularning haqqoniy so‘zi, chuqur ma’noli asarlariga ishonch, hurmat-e’tibor va ehtirom azaldan yuksak darajaga ko‘tarilganini yaqqol ko‘rsatib turibdi”, deya ta’kidlangani bejiz emas. Bu e’tiborning joylardagi tatbig‘i o‘laroq Farg‘ona viloyatida ham adabiyotimiz va uning ulug‘ namoyandalari ijodiga bo‘lgan yuksak hurmat barqaror ravishda davom etib kelayotir. Yaqinda viloyat hokimining mashhur shoirlarimiz Uvaysiy, Muqimiy, Haziniy va Charxiy tavallud sanalarini nishonlash haqida chiqargan farmoyishi fikrimizga dalildir.

Mazkur ijodkorlarning adabiyotimiz tarixida tutgan o‘rni, xususan, o‘z davrida Qo‘qon adabiy muhitining yetakchi ijodkorlaridan bo‘lganliklari isbottalab emas. Fikrimizcha, bu shoirlarimizni mumtoz badiiyatga xos bo‘lgan adabiy an’ana va o‘zaro ta’sir masalalaridan tashqari, ularning ruhiyati va e’tiqodidagi uyg‘unlik ham bog‘lab turadi. Bu esa ularning hayoti, yaratgan asarlarining badiiyatida aks etadi.

Chunonchi, Uvaysiy nafaqat o‘zbek, balki Sharq mumtoz she’riyatidagi o‘ziga xos, betakror siymo. Uning lirikasi alohida bir go‘zal badiiyat olamini tashkil etadi. Shoira ijodi bo‘yicha keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar uning ilohiy ma’rifatni, tarixiy haqiqatni, pok e’tiqodni va nihoyat, oliy muhabbatni tarannum etganligini ko‘rsatmoqda. Shoiraning o‘zi keng bilimli, ma’rifatli ayol bo‘lib, ba’zi g‘azal va muxammaslarida asl yor g‘ami va unga eltuvchi oshiqlarning riyozatli yo‘li tasvirlanadi. Hayot yo‘li ham u qadar ravon kechmagan shoira qalbida doimo mahzunlik bilan birga haqiqatsevarlik jo‘sh urgan, she’riyatida pokdomonlik, yuksak axloqiy g‘oyalarni targ‘ib etgan. Xuddi shunday xususiyatlarni Muqimiy va Haziniy ijodida ham ko‘ramiz.

Mavlono Muqimiy mumtoz adabiyotmizda mahoratli lirik va o‘tkir hajvchi shoir sifatida tanilgan. To‘g‘rirog‘i, uzoq yillar davomida uning ijodidagi aynan shu xususiyatlargina bo‘rttirib ko‘rsatildi. Ammo shoirning:

Hojati har bandai mo‘‘minravo qilg‘il Karim,
Bori jismim jurmu isyonman davo qilg‘il Karim...

tarzidagi misralar bilan to‘lug‘ asarlari o‘rganilmadi. Aslida u bir necha yil Qo‘qon va Buxoro madrasalarida tahsil ko‘rgan, ham shar’iy, ham dunyoviy ilmlarni o‘zlashtirgan olim, xushnavis xattot edi. Zamondoshlarining aytishicha “ham ilmi qol, ham ilmi holda yetuk”, “mutavalli, imom yoki qozi” bo‘lishi ham mumkin edi. Lekin u hayotini halollik, faqirlik va miskinlik bilan o‘tkazdi. Bu jihat ham shoir she’rlarida, ayniqsa, umrining oxirgi yillarida yaratilgan asarlarida yaqqol seziladi. Shuningdek, u Haziniy bilan juda samimiy munosabatda bo‘lgan.

O‘ttiz yoshida irshod olgan Haziniy to‘raning Katta Kenagasdagi uyiga yoz oylarida Muqimiy tez-tez kelar va bu yerda ancha muddatgacha qolib ketar edi. Balki Muqimiyning o‘zidan o‘n yetti yosh kichik Haziniy bilan do‘stligi faqat shoirligi tufayli emas, ular o‘rtasidagi ruhoniy bog‘liqlik, desak to‘g‘riroq bo‘lar. Chunki Furqatning Yorkentda umrining oxirgi yillari “Kajkul daftari”ga yozgan so‘nggi she’ri ham aynan o‘zidan sakkiz yosh kichik Haziniy g‘azaliga taxmis edi. Mana o‘sha muxammasning dastlabki bandi:

Manam, ahli fano yanglig‘, riyozat qilmasam bo‘lmas,
Topib bir piri dononi, inobat qilmasam bo‘lmas,
Bo‘lub xoki rohi, xizmat davomat qilmasam bo‘lmas,
Gunahga tavba aylab emdi, toat qilmasam bo‘lmas,
Xatoyu ma’siyatlarg‘a nadomat qilmasam bo‘lmas...

She’rdagi kayfiyat va misralardagi ma’nolar poklik va ezgulikka da’vat ekani ravshan. Tabiatan Furqatning shu muxammasida aks etgan ikki xislat bilan birga kamtarlikni ham o‘z fe’l-atvorida mujassam etgan Muqimiy va Haziniy o‘rtasidagi rosmana do‘stlikni ana shu jihatlarga bog‘lasak o‘rinlidir.

Ziyovuddinxon Haziniy o‘z davrida zamondosh ijodkorlar tomonidan “shoiri otashzabon”, deya tan olingan. Qayumiy domla ham “Haziniy nihoyat hayotda... rivojli bir shayx va shoir bo‘lub shuhratlandi”, deya ta’kidlagan. Shuningdek, u xalqning hurmatiga ham sazovor zot edi. Uning mag‘zi to‘q asarlaridan, hikmatli pand-o‘gitlaridan va tanbur jo‘rligidagi xushovozidan bahramand bo‘lishar edi. Haziniy ijodida inson va insoniylik ulug‘lanadi, kishining baxti haqni tanishida ekanligi ta’kidlanadi.

Iste’dodli shoir Asqarali Charxiyni Muqimiy va Haziniy bilan bog‘lagan muhim jihatlardan biri uning mahoratli xattotligida edi.

Ijodda o‘zini Muqimiyga shogird, deb bilgan Charxiy, aytish mumkinki, xattotlikda ham unga munosib izdosh edi. U uzoq yillar davomida Muqimiy muzeyida ilmiy xodim bo‘lib ishladi va shoir asarlaridan ko‘plab namunalarni ko‘chirdi. Xususan, Muqimiyning nasriy maktublarini aynan unga o‘xshatib, husnixat bilan ko‘chirib chiqqani muhimdir. Bundan tashqari, biz Haziniy ijodiy merosining kattagina qismi saqlanib qolishi va bizgacha yetib kelishida ham aynan Charxiy domladan minnatdor bo‘lishimiz darkor.

Ma’lumki, Muqimiy va Haziniy sohibi devon shoirlardir. Lekin ularning devonlari asl nusxalari hanuz topilganicha yo‘q. Uzoq yillar davomida bu ikki shoir asarlarining qo‘lyozmalari borasidagi tadqiqotlarimiz natijasida ularning devonlari tartib berildi. Bu ikki ulkan ijodkor qalamiga mansub asarlar esa, o‘sha davrda ko‘chirilgan ko‘plab qo‘lyozma va bosma manbalardan aniqlandi. Charxiy domlaning esa biz qidirgan devonni yoki undan ko‘chirilgan nusxani ko‘rgani va undan bir necha she’rni ko‘chirib olgani faqat XX asrning so‘nggi o‘n yilligidagina ma’lum bo‘ldi. Charxiy taxminan 1930 — 1940 yillar oralig‘ida Haziniy asarlaridan ko‘pgina namunalarni ikki bayozga ko‘chirgan. Bu manbalar keyinchalik davlat fondiga olinib, hozirda Qo‘qondagi adabiyot muzeyida saqlanmoqda. Ana shu qo‘lyozmalar hozirgi kunda shoir asarlari to‘plamini tayyorlashda muhim manbalar qatoridan o‘rin oldi.

Demakki, kamtarin inson va shoir Charxiy chin shogird sifatida o‘z ustozlari Muqimiy va Haziniy asarlarining bizgacha yetib kelishi uchun beqiyos xizmat qildi.

Ta’kidlash joizki, Uvaysiy, Muqimiy, Haziniy va Charxiy adabiyotning poklik, ezgulik, adolat va go‘zallik tushunchalarini ulug‘lovchi qutlug‘ dargoh ekanini teran his etganlar hamda bu jihatni o‘z hayotlari, ijodiy faoliyatlari davomida isbotlab o‘tgan ulug‘ adiblarimizdandir. Nazarimda, ularning tavallud sanalari bir paytda nishonlanayotgani ham aynan shu hikmat bilan aloqadordir.

Otabek Jo‘raboyev,

filologiya fanlari nomzodi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 47-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.