OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rahimjon Rahmat. Shoirligimdan iymanaman (2010)

Men har doim, hamma joyda, hatto o‘zimdan ham shoir ekanligimni yashirishga intilaman. Chunki shoirlik insonning qadr-qimmatini oshiradigan kasb yoki hunar emas, balki u ba’zan-ba’zan xuruj qilib turadigan g‘alati bir darddir. Ba’zilar: “Men — zargarman!”, deb maqtanadi. Lekin “Men — shoirman!”, deb dangal aytishga iymanadi odam. Chunki, birinchidan, ilhom kelgan payti bir kechada yuzlab misra yozgan shoir, agar ilhom uni tark etsa, yillar davomida ham to‘rt qator she’r yozolmasligi tayin. Ikkinchidan esa, shoirman deyish dardmandman, ichim to‘la iztirob, deganga o‘xshab ketadi. Shu bois, men shoirman, degan gapni tilimga chiqarishdan ehtiyot bo‘laman.

O‘z paytida dunyoning eng aqlli odami deb hisoblangan Suqrot she’r san’ati qonun-qoidalarini mukammal o‘rganib ham bir misra she’r yozolmaydi. Lekin yaxshi she’r yozish uchun she’r san’ati nazariyasini bilish unchalik shart emas. Mashhur shoirlarimizning aksari she’r nazariyasi degan gapni eshitgunlaricha eng go‘zal she’rlarini bitib ulgurishgan. Aksincha, she’r to‘qish texnikasini mukammal bilib olgan shoir ruhsiz she’rlarni ko‘p yozib yuborishi mumkin.

Nazarimda, she’r yozish ruhning himoya mexanizmidir. Masalan, tananing himoya mexanizmini ko‘raylik. Jonlanib qolgan kasallikka qarshi vujud haroratni oshirib, patogen mikroflorani o‘tindek yoqa boshlaydi. Shu tariqa u o‘zini o‘zi zarardan asrab qoladi. Aslida ilhom ham kishi immun sistemasining ruhiyatdagi faollashuvidir. Olloh tomonidan sog‘ligimizni saqlash uchun dasturlangan immun sistemasi ko‘ngilda jonlanib qolgan dard “mikrob”lariga qarshi ilhom ko‘rinishida kurash boshlaydi. Harorat tanani, ilhom esa qalbni zararlardan tozalaydi.

Ilhom — ruhning isitmasidir.

Ilhom parisini itdek bo‘ynidan bog‘lab bo‘lmaydi, u osmonda erkin uchib yurgan qush, kutilmaganda ko‘ngil bog‘ingizdagi daraxt shoxiga qo‘nib, ajabtovur xonish qilib qoladi, keyin esa to‘satdan bir yoqlarga uchib ketadi. Sizning qushcha qachon qaytib kelishini kutishdan boshqa ilojingiz yo‘q. Shu bois, shoirlikni zinhor hunar deb bo‘lmaydi. Hunarim — shoirlik, degan kimsaga aslo ishona ko‘rmang.

O‘ttiz yil davomida she’riy ijod bilan band bo‘ldim, degan shoirni tushunolmayman.

Shoirlardan biri: “Men ilhomni kutib o‘tirmayman. Har kuni she’r yozaman”, degan edi. Albatta, shoir har kecha she’r yoza oladi. Lekin bu kabi she’rlar qog‘oz guldan farq qilmasligi mumkin. Odatda shoirlik iste’dodi insonda umrining oxirigacha saqlanib qolmaydi. Go‘zal she’riy iste’dod ham kutilmaganda sevgi kabi kelib, ichki olamingizning to‘s-to‘polonini chiqarib, so‘ng sizni tark etadi. Aytmoqchimanki, shoirlik iste’dodi tug‘ma bo‘lishi bilan birga, o‘tkinchi hamdir, ya’ni odam vaqtinchalik shoirga aylanadi. Lekin sizni tashlab ketgan iste’dod oradan o‘n yillar o‘tib to‘satdan qaytib qolishi ham ehtimoldan xoli emas.

Mirtemirni olaylik. Shoir ijodining dastlabki paytlari go‘zal lirik she’rlar bitadi, keyin uzoq vaqt ilhomsiz ijod qiladi, ya’ni kommunistik g‘oya, sotsialistik qurilishlar haqida gazeta maqolasida yoziladigan gaplarni she’rga aylantiradi. Umrining oxirrog‘ida esa, unga kutilmaganda shoirlik iste’dodi qaytib keladi va “Men seni injitmayman...” kabi samimiy satrlarni yoza boshlaydi. Shoirning anchayin keksaygan yoshda yozgan ishqiy she’rlarida yosh oshiq yigitning qalbida bo‘ladigan kuchli, bahor toshqinlariga monand sevgi tuyg‘ularini payqash mumkin. Sevgi tuyg‘usining kuchi va tafti fiziologik yosh bilan bog‘liq, baribir... Nega Mirtemir keksayganda fiziologik yoshiga to‘g‘ri kelmaydigan ishqiy satrlar bitishga kirishdi. Buning sababi shuki, shoir o‘sha davr adabiy muhitida hokim bo‘lgan aqidalar ta’sirida samimiy ko‘ngil kechinmalarini satrlarda izhor etish o‘rniga, kommunistik buyurtmani bajarish bilan ovora bo‘lgan. U shunday qilishga majbur edi. Yo‘q edi boshqa yo‘l. Shunday bo‘ldiki, shoir yigit yoshida ko‘nglidan kechgan ishqiy kechinmalarini keksayganida qog‘ozga tushirish imkoniga ega bo‘ldi.

Ochiq derazadan ichkariga kirgan musichani cho‘chitib yuborsangiz, boyoqish tashqariga uchib chiqaman, deb o‘zini deraza oynasiga uradi va ozgina karaxt bo‘lib yerga qulaydi. Keyin, bir oz o‘nglanib, ochiq derazani topolmay, yana boshi bilan oynaga uriladi. Yordam berishingiz kerak unga: asta tutib, tashqariga uchirib yuborasiz. Ko‘ngilda paydo bo‘lgan she’riy tuyg‘u ham shu musichaning derazaga urilishiga o‘xshaydi: uni tashqariga chiqarib yubormaslikning sira iloji yo‘q, yordam berib, erkinlikka qo‘yib yubormasangiz, boyoqish qush o‘zini o‘zi halok etadi. Demak, ko‘ngilda paydo bo‘lgan she’r emin-erkin qog‘ozga tushmasa, ichingizda ketmas g‘ashlik paydo bo‘ladi. Odatda ko‘ngildagi fikr tilimizga ko‘chgunicha mingta chig‘iriqdan o‘tadi. Freyd aytmoqchi, insonning xatti-harakati va gap-so‘zini “super Men” qattiq nazorat qilib turadi. Ya’ni aytmoqchi bo‘lgan gapingiz so‘zga aylanib odamlarning qulog‘iga yetib borgunicha “Fikrimning keyin o‘zimga ziyoni tegmaydimi, yaqin do‘stimning dilini og‘ritmaydimi, allakimning g‘azabini qo‘zg‘atmaydimi” kabi ko‘plab chig‘iriqlardan majbur o‘tadi. Ilhom kelganida esa, “super Men” misralarni nazorat eta olmaydi. Ko‘ngildagi o‘y-fikr, his-tuyg‘u butunicha she’rga ko‘chadi, ya’ni ilhom kelgan payti bir muddat hushyor va ehtiyotkor aql junbushga kelgan ko‘ngilni nazorat qilolmaydi. Haqiqiy she’r tug‘ila boshlaydi.

Ba’zan o‘ylab qolaman: balki shoirlik yoshlikka xos bir xislatdir. Yosh ulg‘aygach, shoirlik qobiliyati ham pasayib boraveradi, shekilli. Har qanday shoirning ko‘pincha ilk to‘plamiga kiritilgan, ijodining boshlang‘ich pallasida yozgan she’rlarini o‘quvchi sevib yod oladi. Uning yosh jihatdan ulg‘ayganda to‘qigan she’rlarini esa, ko‘pincha oddiygina o‘qib qo‘ya qolamiz, yod olmaymiz. Shoirning yoshi ulg‘ayib, hayot tajribasi ko‘payib, mahorati oshib borgani sayin iste’dodining o‘tkir qirralari yemirilib boraveradi. O‘zi go‘zal she’r yozish uchun hayot tajribasi, ilm o‘rganib kuchga to‘lgan aql va yuksak she’riy mahorat xalal beradi.

Insoniyatning injigan ko‘nglini yupatish uchun Xudo ayrimlarimizga she’r yozish qobiliyatini ato etgan.

Rostdan ham she’r xuddi tush kabi amalga oshmagan istagimizdan paydo bo‘ladi. Sevaman deb she’r yozgan shoirning sevgisi she’r bilan birga chiqib ketgan bo‘ladi...

Junun vodiysig‘a moyil ko‘rarmen joni zorimni,
Tilarmen bir yo‘li buzmoq buzulg‘an ro‘zgorimni, —

degan dohiyona baytni yozishni hammamiz orzu qilamiz. Lekin shu baytlar zamirida aks etgan ruhiy iztirob, ilojsizlik va mashaqqatga yo‘liqishdan qo‘rqamiz, ey Xudo, bunday yomon kunga tushishdan o‘zing asra, deb ichimizda duo o‘qib yuramiz. Chinakam ilhom do‘zaxda kuyishga teng azob ekanligini birov biladi, birov esa, bir umr bilmay o‘tadi. Shoir bo‘lib chinakam ilhom nima ekanligini bilmay bu dunyodan o‘tayotgan shoirlar ham bordir, ehtimol... Ba’zi shoirlarimizning ko‘pyillik ijodiy mehnati jamlangan yaltiroq kitobidan bir misra ham she’r topolmay hafsalamiz pir bo‘ladi. Bular nima uchun shuncha yil davomida she’r yozmay she’riy ijod bilan shug‘ullanganliklarini o‘zlari sezmadimikan, deb hayronlar qolaman.

Xudo insonga ato etgan noyob qobiliyat she’r yozishdir. Insoniyat she’r yozish va o‘qish vositasida ruhini pokizalab yuradi.

She’r yozish hayotni sog‘inishdir asli.

She’r yozish — o‘z fojiangizga o‘zingiz tomondan berilgan zarba.

Insoniyat eng mushkul va umidsiz vaziyatlardan she’r yozish, o‘qish orqali chiqib ketadi.

Nima uchun yoridan ayrilgan oshiq dardiga malham sifatida she’rga yopishadi. Xuddi yarador kiyik baland tog‘lar orasidan mo‘miyo izlagani kabi, yuragini ayriliq tig‘i tig‘lagan oshiq she’r tomon yuzlanadi.

Nima uchun umrida she’r yozmagan va she’r o‘qishga qiziqmagan ayol, 35 yoshida umr yo‘ldoshidan ayrilib qolgach, yarim kechasi uyqusi buzilib oshxonasiga chiqib she’r yozmoqchi bo‘ladi.

She’r insonning ruhiy dardiga malhamdir.

Xudo shoirlarni insonlarning dardiga taskin berish uchun yaratgan. Hatto she’riyatni tabobatning bir bo‘limi sifatida taqdim etgim keladi.

Qadimdan shoirlarni payg‘ambarlarga yaqin kishilar, deb ta’rif qilishadi. Nega? Shoirda payg‘ambarlarga xos qanday xislat bor? Ma’lumki, Ollohning rasullari insoniyatni oxir zamon kutib turganini ochiq dalillar bilan ogoh etishgan. Shoirlarda ham kelajakni bashorat qilish uquvi bor. Deylik, bugun ijod qilayotgan shoirlarning misralarida aks etgan kechinmalaridan 30 yoki 50 yildan so‘ng jamiyatda, xususan, kishilar ruhida sodir bo‘lajak alohida bir o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot topish mumkin. Masalan, o‘tgan asrning 60-yillari shoirlari, xususan, Abdulla Oripov va Erkin Vohidov ijodida vatanimiz O‘zbekiston ittifoq tarkibidagi bir o‘lka o‘laroq emas, balki alohida, mustaqil tushuncha sifatida madh etildi. Ular ijodida Vatan mustaqilligi tuyg‘usi bo‘y ko‘rsatgan edi. Siyosiy mafkura “rus xalqi — ulug‘ og‘amiz”, deb turgan bir paytda Erkin Vohidovning:

Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon o‘zbegim, —

deyishi o‘sha davr rasmiy tushunchalariga muxolif tushunchadir.

“O‘zbegim” she’rida poetik ifodasini topgan shonli tariximiz muzey eksponatlari emas edi. Aytmoqchimizki, 60-yillardayoq o‘zbek xalqi vatan mustaqilligini real psixik voqelik sifatida his etgan edi. Avval his, ortidan fikr, keyin esa harakat yuzaga keladi. Yurtboshimiz Islom Karimovning sa’y-harakati bilan 90-yillar boshida Vatanimiz mustaqillikni qo‘lga kiritdi.

Mustaqillikka erishib, bozor munosabatlariga o‘tishimiz bilan jamiyatimizda jamoaviy fikrlash barham topib, har sohada individualizm ko‘rindi; shaxs erki, haq-huquqlari masalasi oldinga chiqdi; fikrlashda turfa xillik paydo bo‘ldi, kishilar dunyoqarashini asoratga soladigan siyosiy mafkura hokimligi tugadi.

Odam bukilgan mix yoki sopi singan pichoqni ham tashlab yubormay, kerak bo‘lib qolar deb, bir chetga yashirib qo‘yadi. Lekin shoirlikni kasb qilib olgan shoirning sust, mazasiz va hissiz she’rlari jamlangan kitobini qo‘lga olish tugul, hatto kitob javonida turishiga ham sabringiz chidamaydi: ko‘zdan yo‘qotasiz. Shoirlik rostdan ham odamlarning g‘ashiga tegadigan yomon odat, deb o‘ylaysiz.

Ko‘pchilik shoirlarning she’rlariga ularning kitobini qo‘lga olganingizda duch kelasiz. Kamchilik shoirlarning she’rlari esa, o‘z hayotingizda bo‘lib o‘tgan muhim hodisa kabi deyarli har kuni xotirangizda jonlanib turadi.

Yigirma yoshingizda yod olingan she’rning tub ma’nosini o‘ttiz yoki qirq yoshda anglashingiz mumkin. Rauf Parfining ushbu misralari:

Ehtimol, umrimning yarmi o‘tgandir,
Ehtimol, yarmiga qolganman botib.

Yigirma yoshimda yod olgan edim bu misralarni. Qirq yoshimda esa, kunlardan bir kun, ular xotiramda qayta jonlanib, ko‘nglimni junbushga soldi. Buning sababi shuki, she’rda aks etgan ma’no shaxsiy hayotimda sodir bo‘lgandir, balki. Masalan, sevgan yoridan ayrilgan oshiq anchaga dovur real hayotga qo‘shilishib, aralashib ketolmay, achchiq xotiralar bilan yashashga majbur bo‘ladi. Shoir aytmoqchi, umrining “yarmiga” botib qoladi.

Oybekning satrlari:

Tushimda ko‘rdim seni,
Birga olib ket meni...

Ushbu misralarda yigirma yoshli oshiqning samimiy va bir oz shikasta ko‘ngil kechinmalari ifodalangan. Oshiq tushida sevganini ko‘rib, “Birga olib ket meni...”, deyapti. Shu ikki misra she’rning ma’nosi ellik yoshdan oshganingizdan so‘ng butunlay o‘zgacha yo‘sinda o‘zgarib ketadi. O‘zi ellik yoshga yetganingizda ko‘ngilda g‘ashlik, zerikish va charchoq hislari o‘rnashadi, ko‘plab yaqin insonlaringizni tuproqqa berib ulgurasiz:

Mening yer ostida do‘stlarim ko‘proq...

(Abdulla Oripov)

Kunlardan bir kun tushingizga marhum do‘stingiz kiradi, qorong‘ilikdan chiqib, yuzingizga bir qaraydi-yu, yana ortiga qarab ketadi, uyg‘onib ketasiz va kutilmaganda xotirangizda yonayotgan olovdek ikki misra she’r uyg‘onadi:

Tushimda ko‘rdim seni,
Birga olib ket meni...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 11-slnidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.