OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rahmon Qo‘chqor. “Umri uzun bo‘lar ko‘ngil gulining...” (2010)

Zabarjadga maktub

Singlim Zabarjad! Telefonda aytgan: “Ayam yaqinda ellik yoshga to‘ladilar, u kishi haqida biror narsa yozib berasizmi?” mazmunidagi gapingiz meni qanchalik xijolatga solganini bilsangiz edi. Nega bu gapni ming bir istihola bilan iymanib aytasiz? Axir, shunga ham yaramasak, shugina ishni ham qilmasak, dunyoda ne deb bosh ko‘tarib yuramiz? Hayot, Adabiyot bizni nimaga o‘rgatdiyu, bu saboq haqiga biz nedir bir narsa qaytarmasak?..

Umri ijod va turmush zahmatlarida kechgan Sizning ayangiz – mening Zamira opam uchun adabiyot na obro‘-izzat yoxud amal-e’tibor pilapoyasi, na mashhurlik vasvasasiyu na o‘zgalarga o‘zini taqdim etish vositasi edi. U kishi bundaylarning ko‘pini ko‘rar, kuzatar va... biz — “shijoatli tanqidchilar”dan farq qilaroq, o‘ziga nihoyatda yarashadigan, u kishidan keyin boshqa hech kimda ko‘rmaganimiz zavq bilan maza qilib kular edi. Biz jig‘ibiyron bo‘lganimizga qasdma-qasd kular edi. Bugun – oradan shuncha yillar o‘tib ma’lum bo‘layaptiki, Zamira opa haq ekan, ming marta haq ekan.

O‘tgan asrning yetmishinchi yillari andijonlik ijodkorlar boshini qovushtirib, haftada bir marta adabiy suhbatlarga chorlab turadigan dargohga o‘z vazifasiga ixlos bilan yondashadigan bag‘rikeng ijodkor Olimjon Xoldor boshchilik qilardi. Viloyatning eng chekka tumanlaridan tortib, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi binosining shundoq biqinida joylashgan Andijon pedagogika instutidan chiqib kelgan o‘ttiz-qirq nafar, aksariyati yosh qalamkashlar davrasi to‘rt-besh soatlik qizg‘in suhbatsiz tarqamasdi. Mana shu davrada tengdoshlaridan, hatto o‘zidan kattaroq qiz-yigitlardan ko‘ra ko‘proq narsa o‘qigan, bilgan, eng muhimi — yozgan narsalari bilan shaxsi o‘rtasida qilcha farq sezilmaydigan, demakki, ko‘nglini aldashga, avrashga o‘rganmagan Zamira Egamberdievaning hozir bo‘lishi ko‘pchilikni taraddudga solib qo‘yardi. Holbuki, bu qiz hech qachon boshqalarni turtib-surtib oldinga intilmas, do‘stlari o‘qiyotgan har bir narsani yerga qarab jon qulog‘i bilan tinglar, ohorli misra uchrab qolsa bir qalqinib qo‘yar, o‘ziga navbat berilishini esa, jimgina kutardi. Navbati yetgach, o‘sha zamonning o‘ynoqi, bashang ohanglariga yot, aksariyat mahzun tuyg‘ular ifodasi bo‘lmish she’rlarini sokin ovozda o‘qib berardi. Shoira tilsiz-zabonsiz mavjudotlarga til bo‘lishga, ularning o‘zinikiga o‘xshash taqdirlaridan arzi hol qilishga urinardi. She’rlarning biridan tush ko‘rishga umrbod mahtal, hech qachon uxlamaydigan, ko‘z yoshlari dengiz suvini sho‘r qilgan baliqlar yig‘isini eshitsangiz, boshqa birida ko‘pchilikning havasini qo‘zg‘otadigan tuvakdagi gullar abadiy tutqunlikning, erksiz qismatning unsiz ramzi bo‘lib Sizga arz qilardi:

Ularning yuziga tushmaydi shabnam,
Uyqusiz o‘tkazar butun hayotin.
Ochilib turarlar hatto qishda ham,
Hech kimsa tinglolmas unsiz faryodin.
 
Erkin o‘sayotgan bog‘ gullaridan
Biror farqi bormi yoki gunohi?
Nega icholmaydi tog‘ suvlaridan
Kimlarga tusharkan bularning ohi?

O‘qishni bitirgan Zamira opaning keyingi hayoti poytaxtda davom etdi. Yosh ijodkorlarga o‘ziga xos dorilfunun vazifasini o‘tagan “Shu’la” ijodiy uyushmasini iqtidorli shoira Mukarrama Murodova hamda qalami o‘tkir jurnalist Mirzakarim Pirmatov boshqarar, bu to‘garak respublikaning turli burchaklaridan kelgan yoshlarning intiqib kutadigan ijodiy muloqot manziliga aylanib ulgurgan edi.

Yodimda, qish kunlarining birida mashg‘ulotdan chiqsak, qorong‘i osmonni parquga burkab laylak qor yog‘ayotgan ekan. Men Talabalar shaharchasidagi yotoqxonaga, Zamira opa bo‘lsa, o‘sha atrofdagi mahallalardan birida joylashgan, dugonalari bilan turadigan ijara uyga ketishimiz kerak. Hozirgi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi oldida mashina to‘xtatmoqchi edim, Zamira opa: “Qarang, qanaqa toza, yorug‘ tun bo‘layapti, yerdagi manavi oppoq qor ertaga bo‘lmasligi mumkin, keling, uylarimizgacha piyoda ketamiz”, deb qoldi. Shu tariqa, biz yayov yo‘lga tushdik. Bilmadim, necha soat yurdik. Zero, biz shoshilmas, keta-ketguncha nafis adabiyot, san’at namunalari, hozirgina mashg‘ulotda eshitganimiz she’ru dostonlar to‘g‘risida so‘zlashib borar, bu suhbatga na bir og‘iz insoniy g‘iybat, na bir bachkana tashvish aralashardi. Zamira opa hayotdan emas, adabiyotdan topgani mard va tanti insonlar, gardsiz-g‘uborsiz his-tuyg‘ular, real dunyoda kun ko‘rishi mumkin bo‘lmagan pokiza qalblarning ishq-muhabbat qissalari haqida to‘lqinlanib hikoya qilar, yupungina ust-boshimizdan allaqachon o‘tib ulgurgan tungi izg‘irinni mutlaqo sezmasdi ham.

O‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalarida kechgan, millatimiz boshida so‘nggi qatliom qilichini o‘ynatgan siyosat o‘zbekning vijdoni uyg‘oq biror qalamkashini befarq qoldirmadi. Zamira Egamberdieva ham, jumladan, 1987 yili yozgan she’rlaridan birida

Bu qanday sinoat, qanday ko‘rgulik:
O‘zingning soyangdan hurkib yashasang.
Xavotir uyg‘otsa barcha yangilik,
Orzular shol bo‘lsa, umidlar garang.
Havas-la entikib ko‘kka qaradim,
Har kecha bayramdir, axir, osmonda.
Yulduzlardan yig‘lab turib so‘radim:
Qachon to‘y bo‘ladi bizlar tomonda?! —

deya shoir akalari – Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Mirzo Kenjabeklar safiga dadil qo‘shilgan edi...

Zabarjad, ayangiz yoki dadangiz, albatta, aytishgan bo‘lsa kerak: Siz chaqaloqligingizdan faqat alla eshitib katta bo‘lmagansiz. Zamira opa Siz va singillaringiz – yig‘loqi qizaloqlarini o‘zbekning mumtoz kuylari ohangida orom oldirardi. Uylaringizda mehmon bo‘lganimizda bunga necha bor guvoh bo‘lganmiz. “Shashmaqom” yozilgan plastinkadan “Cho‘li Iroq” yangrar, dadangiz bilan mehmonlarga dasturxon tuzab bo‘lgan Zamira opa beshikni ohista tebratib, bunday usul bolaning ruhiyati to‘q, nafis ohangni ilg‘aydigan, shuurlariga go‘zallik singgan inson bo‘lib voyaga yetishiga yordam berishini astoydil hikoya qilardi. Bu gaplarni bejiz eslayotganim yo‘q. Sizga chin ma’nodagi ziyolilar — ijodkorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetish nasib etganining o‘zi katta baxtingiz. Dadangiz Tursunboy akani iste’dodli rassom sifatida bilaman. U kishi ayangizning ijodiy yutuqlaridan chin dildan quvonar, unga har ishda dalda berib, qo‘lidan kelgan yordamini ayamas, ikkalalari adabiyot, muayyan asar to‘g‘risida soatlab suhbatlashishdan charchamasdilar. Bunday pokiza, ruhoniy muhit farzandlar tarbiyasiga qanchalar ijobiy ta’sir qilganini birgina Sizning yozayotgan maqolalaringiz, uyushtirayotgan ijodiy suhbatlaringizdan ham sezish qiyin emas.

Mendan yaxshiroq bilasiz — Zamira opaning ko‘plab she’rlari Andijonda qolgan yaqinlari — tunu kun sog‘inadigani ota-onasi, qo‘li yengil shifokor opasi, yelkalarida ko‘tarib katta qilgan akasi va sizlar — bu dunyoga kelib topgan eng aziz boyligi — uch nafar qiziga bag‘ishlangan edi. Bu ko‘ngil qo‘shiqlaridagi samimiyat, rostlik, to‘g‘rilik oldidan befarq o‘tib bo‘lmaydi. Ularning har birida Zamira opaning, boshqa birorta shoirnikiga o‘xshamaydigan sokin ovozi, jimgina termulib turishi, ma’yus tabassumi naqshlanib qolgan. Shoiraning kundaligidan topilgan mana bu gap naqadar haq: “Ko‘ngilning ichida hech narsa yo‘qolmaydi”.

Zamira Egamberdieva ko‘nglidan joy olmagan tuyg‘ularga she’ridan ham joy bermas edi. Shunday ekan, shoira ko‘nglining go‘zal aksi bo‘lmish uning she’rlari ham hech qachon yo‘qolmayajak.

Zabarjad, ayangiz qizlarining kutilmagan, bir-biridan topqir gaplarini ham eng sevimli she’ridek ardoqlab yozib borgan ekan. Mana o‘shalardan bittasi – Siz va singlingizning ayangiz eshitib qolgan suhbati:

— Mohinur, qara, ayamning rasmi!

— Yo‘q, bu ayammas!

— Voy, nega unday deysan. Qara, ayam-ku!

— Yo‘q, ayammas. Ayamga kuling desa, kulardilar. Bu kulmayapti-ku!..

Bilaman, tushunaman, Zabarjad, Siz, dadangiz va singillaringiz Zamira opamning hech kim qaytara olmaydigan g‘uborsiz kulgusini, tabassumini, o‘zini sog‘ingansizlar. Men-chi, men sog‘inmabmanmi? Endi bu armonni selgitmoqning birgina yo‘li bor — u kishi bitgan she’rlarni, kundaliklarni, maqolalarni qayta-qayta o‘qimoq. Axir, o‘shalar ichida Zamira Egamberdieva degan dilbar qalbning butun harorati taft berib turibdi-ku...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 24-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.