OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Raxshona Kenjaboyeva. Harflar zamirida tarix sirlari (2010)

«Boburnoma»da abjad hisobida ifodalangan tarixiy voqealar

Jahon madaniyati xazinasidan munosib o‘rin olgan va ko‘plab tillarga tarjima qilingan «Boburnoma» muhim tarixiy asar sifatida o‘rganilishi bilan birga, turli fan sohalari uchun hamon kashfiyotlar manbai bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, harflar orqali ifodalangan matematik raqamlarni tadqiq etish jihatidan bu asar alohida ahamiyatga molikdir.

Adabiyotimiz tarixida hech bir so‘z san’atkori «ta’rix» degan she’riy san’atni chetlab o‘tgan emas. Zahiriddin Muhammad Bobur ham bu san’at namunalariga jiddiy e’tibor bergan. Mumtoz she’riyatda muhim tarixiy voqealar maxsus so‘z va iboralarda ifodalangan. Bu san’at abjad deb atalgan matematik hisobga asoslanadi. Abjad haqida Alisher Navoiy bobomiz aytadilar:

Aqlkim, barcha xirad ahliga erdi ustod,
Bo‘ldi ishq abjadi ta’limida tifli maktab.

Ya’ni, barcha zehn va donolik ahliga ustoz bo‘lgan aql ishq abjadi ta’limida xuddi yosh boladek bo‘lib qoldi.

«Boburnoma»da ba’zi muhim tarixiy ko‘rsatkichlar, sanalar borki, muallif ular haqida yillar va voqealar tafsiloti bilan cheklanib qolmay, mazkur tarixiy voqelikka oid she’riy satrlar yoxud maxsus ifodalardan yaxshi foydalangan. Bunday so‘z va iboralarda voqelik abjad hisobida, ya’ni lafzlardagi harflar raqamlarga aylantirilganda aniq tarixiy ifodasini topadi.

Sonlar qiymatini harflar bilan ifoda etish abjad va jimal hisobi, deyiladi. «Abjad» arab alifbosining barcha 28 harfini o‘z ichiga olgan sakkizta so‘zning umumiy nomidir. Bu so‘zlarning to‘rttasi to‘rttadan harfni, to‘rttasi uchtadan harfni ifodalaydi. Bu harflar ifodalagan raqamlar «abjad hisobi», «abjad tartibi», deb ham ataladi. So‘zlar quyidagilardir: abjad, havvaz, huttiy, kalaman, sa’fas, qarashat, saxxaz, zazzag‘. Bu so‘zlar hech narsani anglatmaydi, degan fikr xatodir. Bular alifboni, jadvalni yodlash, harflar bildiradigan matematik raqamlarni esda saqlab qolish, sonlarni ko‘paytirish, undan tarix chiqarish uchun muhim omildir. Harflarni raqamlash qadimda finikiya-oromiy alifbosida ham mavjudligi aytilgan («O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi»). O‘zbek adabiyotida maxfiy maktublar yozishda ham abjad va jimal hisobidan foydalanilgan. Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma» asarida sohibqiron Amir Temurning 71 yil umr ko‘rgani «Alif, lom, mim» harflarida ifodalanganini bayon qilib: «Bu Qur’onning ulug‘ suralaridandir», deydi.

«Boburnoma»da kelgan baytlar va maxsus iboralardagi tarixiy sanalar mohiyatini yaxshi tushunish uchun, avvalo, 28-harf ifodalagan raqamlarni ko‘rib chiqamiz. Abjad: alif-1, be-2, jim-3, dol-4; havvaz: ho (hoyi havvaz)-5, vov-6, ze-7; huttiy: he (hoyi huttiy)-8, to (itqi)-9, yo-10; kalaman: kof-20, lom-30, mim-40, nun-50; sa’fas: sin-60, ayn-70, fe-80, sod-90; qarashat: qof-100, re-200, shin-300, te-400; saxxaz: se (uch nuqtali)-500, xo-600, zol-700; zazzag‘: zod-800, zo (izg‘i)-900, g‘ayn-1000.

Dastlabki misol sifatida «Boburnoma»da buyuk alloma Mirzo Ulug‘bekning shahid bo‘lish voqeasi bayon qilingan ushbu forsiy nazmni keltirish mumkin:

Ulug‘bek bahri ulumu xirad,
Ki dunyovu dinro az o‘ bud pusht.
Zi Abbos shahdi shahodat chashid,
Shudash harfi ta’rix Abbos kusht.

Tarjimasi: «Ilm va aql dengizi bo‘lgan Ulug‘bek dunyo va dinning tayanchi edi. Abbos qo‘lidan shahidlik bolini totdi, «Abbos kusht» («Abbos o‘ldirdi») harflari o‘lim tarixi bo‘ldi».

“Abbos kusht” iborasidagi harflarni abjad hisobida raqamga aylantirib chiqamiz: ayn-70; be-2; alif-1; sin-60; kof-20; shin-300; te-400. Jami –853. Shunga asosan, harflar raqami yig‘indisidan hijriy 853 yil kelib chiqadi. Bu sana milodiy hisobga ko‘ra Mirzo Ulug‘bek qatl qilingan 1449 yilga to‘g‘ri keladi.

Voqea tafsilotida davom etar ekan, Bobur: padarkush podshoh bo‘la olmasligini, bo‘lsa ham olti oyga yetmasligini Nizomiy-Ganjaviy baytlari asosida ta’kidlab, Abdullatifning ham o‘ldirilish voqeasini bayon qiladi. So‘ng bu voqeaning ham she’riy san’atga jo bo‘lgan tarixiy sanasini keltiradi:

Abdullatif Xusravi Jamshidfar, ki bud
Dar silki bandagonash Faridunu Zarduhusht.
Bobo Husayn kusht shabi jum’aash ba tir,
Ta’rixash in navis, ki: Bobo Husayn kusht.

Tarjimasi: “Abdullatif Jamshidday shukuhli podshoh edi, Faridun bilan Zardusht qullari qatori edi. Uni Bobo Husayn juma kechasi o‘q bilan o‘ldirdi, o‘lim tarixini “Bobo Husayn kusht” (“Bobo Husayn o‘ldirdi”), deb yozgin”.

“Bobo Husayn kusht” iborasidagi harflarni abjad hisobiga ko‘ra raqamga aylantirsak, hijriy 854 sana kelib chiqadi: b-2; alif-1; be-2; alif-1; he-8; sin-60; yo-10; nun-50; kof-20; shin-300; te-400; yig‘indisi — 854. Bu milodiy hisobda 1450-1451 yillarga to‘g‘ri keladi.

“To‘qqiz yuz yettinchi yil voqealari”da Bobur o‘z yaqin kishilaridan bo‘lmish No‘yon Ko‘kaldoshning fojiali o‘limi haqida so‘z yuritadi va favtining tarixi “Favt shud No‘yon” (“No‘yon vafot qildi”), deb topilganini ta’kidlaydi.

“Favt shud No‘yon” iborasi abjad hisobiga ko‘ra raqamlarga aylantirilganda hijriy 907 (milodiy 1501-1502) yil kelib chiqadi: fe-80; vov-6; te-400; shin-300; dol-4; nun-50; vov-6; yo-10; alif-1; nun-50; yig‘indisi — 907. Ana shu No‘yon Ko‘kaldoshning vafoti tarixidir.

“To‘qqiz yuz to‘qqizinchi yil voqealari”da Bobur Xoja Seyoron (Uch yorlar) nomli chashma haqida so‘z yuritib, bu yerdagi uch turli daraxt uch aziz-avliyoning karomati ekanini ta’kidlaydi va “Seyoron” deb nomlanishi shundandir, deydi. Bu chashmaning g‘arbi-janubiy tarafidagi bir daradan hamisha yarim tegirmon suv oqib turishini bildirib, u yerda bir ariq qazdirib, shu suvni “Dashti seyoron”ning g‘arbi-janubiy tarafidagi pushtaning ustiga keltirganini aytadi. Bu ariq tarixi “Jo‘yi xush” (“Go‘zal ariq”) degan iborada ifodalanganini ilova qiladi.

“Jo‘yi xush” harflarini raqamga aylantiramiz: jim-3; vov-6; yo-10; xo-600; vov-6; shin-300; jami — 925. Bobur faoliyatida, yer sug‘orish va obodonlik tarixida muhim hisoblangan bu ariq hijriy 925, milodiy 1518 yilda qazilganligi ma’lum bo‘ladi.

“To‘qqiz yuz o‘n uchinchi yil voqealari”da esa Bobur: “Ushbu yilning oxirida seshanba kechasi zulqa’da oyining to‘rtida Kobulning arkida” o‘g‘li Humoyun tug‘ilganini aytadi va “ta’rixi valodati”ni (tug‘ilish tarixini) shoir Mavlono Sayidiy “Sulton Humoyunxon”, deb topganini ta’kidlaydi. Shuningdek, “Kobul shoirchalaridan birov (ya’ni, yosh shoirlardan biri) uning tavallud tarixini “Shohi firuz qadr” (“Baxtli, toleli, g‘olib, qadrlangan shoh”), deb topganini ta’kidlaydi. Ikkala ibora ham abjadga ko‘ra raqam holida yozilsa, Humoyun tug‘ilgan 913 sana kelib chiqadi.

Iboralarni abjad hisobidagi sanoqlarda ko‘rib chiqaylik:

“Sulton Humoyunxon”: sin-60; lom-30; to (itqi) -9; alif-1; nun-50; ho-5; mim-40; alif-1; yo-10; vov-6; nun-50; xo-600; alif-1; nun-50; yig‘indisi-913.

“Shohi firuz qadr”: shin-300; alif-1; ho-5; fe-80; yo-10; re-200; vov-6; ze-7; qof-100; dol-4; re-200; jami-913.

Bundan Humoyunning tavallud tarixi hijriy 913 yil ekanligi ma’lum bo‘lib, bu milodiy 1507 (1508) sanaga to‘g‘ri keladi.

Bobur “To‘qqiz yuz o‘ttiz uchinchi yil voqealari”da Hindistonni egallash tarixini hikoya qila turib, bu voqea tarixi Shayx Zayn tomonidan “Fathi podshohi islom” (“Islom podshohining fathi”), degan lafzda o‘z ifodasini topganini bayon qiladi. “Fathi podshohi islom” iborasi abjad hisobiga ko‘ra, 933 hijriy sanani tashkil etadi. Bu esa, milodiy 1527 yilga muvofiq keladi.

Voqea tafsiloti davomida Bobur Kobuldan kelganlardan Mir Gisu nomli shaxs ham shu ifodani qo‘llaganini aytib o‘tadi va bu holat tavorud — ikki shoir she’rida biror bayt yoki misraning mazmunan yoki shaklan bir xil chiqib qolishiga misol bo‘lishini ta’kidlaydi.

Voqeaga Shayx Zayn yondashuvini bayon qilgan Bobur, uning ilgari Dibolpur fathini “vasati shahri rabi’il avval” (“robi’ul-avval oyining o‘rtasi”) shaklida ifodalanganini eslab o‘tadi. “Vasati shahri rabi’il avval” iborasi hijriy 930, milodiy 1524 yilga muvofiqdir.

“To‘qqiz yuz o‘ttiz to‘rtinchi yil voqealari”da Chandiriyni egallash voqeasini keltirib, Bobur bu tarixiy voqea “fathi dorul-harb”, deb atalganini bayon qiladi. So‘ng bu voqea haqidagi ushbu misralarni ilova etadi:

Bud chand maqomi Chandiriy
Pur zi kufforu dorul-harb.
Fath kardam baharb qal’ai o‘,
Gasht ta’rix fathi dorul-harb.

Tarjimasi: “Chandiriy ko‘pdan buyon kufr ahli bilan to‘lgan dorul-harb — urush uyasi edi. Uning qal’asini urushib qo‘lga kiritdim, “fathi dorul-harb” bunga tarix bo‘ldi“. “Fathi dorul-harb” abjad hisobida 934 hijriy yil bo‘lib, 1527 milodiy sanaga to‘g‘ri keladi.

“To‘qqiz yuz o‘ttiz beshinchi yil voqealari”da Bobur Humoyunning o‘g‘il farzand ko‘rganini hikoya qiladi. U nabirasi Al’amonning tug‘ilish tarixini Shayx Abulvajd “Shahi sa’odatmand” (Saodatli shoh), deb ifodalaganini ta’kidlaydi. Bu o‘rinda “shah” so‘zida alif ishtirok etmaydi, “shoh” deb emas, balki fatha bilan “shah” tarzida yozilgan. “Shahi sao’datmand” iborasidagi harflarni abjad hisobi bilan raqamga aylantirib ko‘ramiz: shin-300; ho-5; sin-60; ayn-70; alif-1; dol-4; te-400; mim-40; nun-50; dol-4; yig‘indisi — 934. Demak, Boburning nabirasi Al’amon hijriy 934 yilda tavallud topgan bo‘lib, bu milodiy 1527 yilga muvofiqdir.

Muhim tarixiy voqealarni she’riy san’at vositasida maxsus so‘z va iboralar bilan ifodalashning sababi va hikmati nimada? Albatta, asrlar va yillar davomida zarur sanalar hamda raqamlarni yodda saqlab qolish oson emas. Shuning uchun maxsus lafz va iboralar orqali muhim voqealar tarixi avlodlardan avlodlarga bexato o‘tib kelishi ta’minlangan. Barcha mumtoz adiblar qatori Zahiriddin Muhammad Bobur ham bu san’atdan o‘rinli foydalangan. Zotan, harflar zamiridagi tarix sirlari tafakkurni boyitadigan ilm olamidir.

Raxshona Kenjaboyeva,

Toshkent Islom universiteti xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘nalishi talabasi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 7-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.