OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sirojiddin Sayyid. Olis ishq sog‘inchi yoxud vatan surati (2010)

Olis-olis qirlar ortidan, Boysun tog‘lari adog‘idan dilni orziqtirguvchi navo taraladi. Mo‘ysafid xarsangtoshlar mangulik duosini o‘girayotgandek, o‘rkach-o‘rkach bo‘lib yotgan adirlar asrlardan yodgor karvonlarni eslatadi. Yam-yashil dashtlarda qora suruvlar, osmonning zangori yaylovida esa boqilgan oq hisori qo‘ylar misoli semiz bulutlar sokin kezinadilar. Dunyo cheksiz, borliq hudud buhududday. Navo qir-adirlar, tepalar va do‘ngliklarning musiqiy shakli-shamoyili yanglig‘ o‘rkach-o‘rkach, to‘lqin-to‘lqin bo‘lib, goh pastlanib, goh balandlanib ketadi. Elas-elas, olis-olis sog‘inchlar, hijronu firoq, ayriliq va diydor manzillari. Barchasiga bekat – shoir yuragi. Bunda – eshiklar yopilmaydi, “Iltimos, suyanmangiz” degan eslatmalar yo‘q.

Umrimni bir olis ishqqa almashdim,
Kechdim hushyorlikdan, tushga almashdim.
Beqanot qalbimni qushga almashdim,
Sizsiz o‘tgan umrim bekor, yorijon,
Ne baxtkim, yuragim bemor, yorijon.

“Olis ishq”ni tahlil qilib, sharhlab bermoq uchun shoirning hayoti kamlik qiladi. Bu yo‘lda umr sarf qilinadi, buning boju xiroji qalb qoni bilan to‘lanadi. Shoirlik ham xuddi shofyorlikday: birovning yukini vujudi, yuragining yukxonasiga ortib olganu olis yo‘lga otlangan. Yo‘l goh o‘nqir-cho‘nqir, goh dovon bo‘lsa, goh dashtu biyobon. Yuk ba’zan og‘irlik qiladi, uning zalvori, salmog‘i katta. Shoirga yo‘l-po‘lda qolib ketmasin degan maqsadda ehtiyot g‘ildiragi berilmagan. Yukni chidam bilan tortmog‘i, manzilga sog‘-omon eltmog‘i kerak. O‘zi, qalbiyu vijdoni oldidagi, adabiyot va she’riyat, hayotu tiriklik, elu yurt oldidagi qarzdorlik, burch va javobgarlik yuki.
Yillar sog‘inchlarga, sog‘inchlar yillarga aylanadi. She’rlar shoir umri, qalb va ruhining xaritasiga o‘xshaydi. Tun va kun, kecha va kunduz, masofalaru makonlar. Har bir kitob bir manzil misol taassurot qoldiradi. Boysundan Toshkent qadar, Toshkentdan cheksiz olamlar qadar yo‘l. Oyu quyosh, zaminu osmon, falaklaru yulduzlar, keyin – keta-ketguncha chiroqlar, chiroqlar, dilga yaqin va qadrdon chiroqlar. Umr o‘tgan sari, yukini tarqatib, ulashib borgan sayin shoirning yuki ortib, og‘irlashib boraveradi. Bu yuk kamayishga emas, ko‘payishga mahkum etilgan. Shoirlik qismatida azaldan shunday yozilgan.

Garchi o‘rtamizda sog‘inchu hijron,
Garchi visol yo‘li vayrondir vayron.
Ammo azobingiz ko‘ksimda har on
Muqaddas olovday qoldi, yorijon,
Shukrkim, siz bilan yondim, yorijon.

Bir zamonlarda, XX asrning 70-yillari boshida olis Olmoniyoda harbiy xizmatda yurgan askar yigitdan pochta jildiga joylangan bir dasta she’r Toshkentga uchib keladi. Bu jild qo‘liga tekkan kishi: “Yot yurtlarda uyini, Vatanini sog‘ingan bir o‘zbek bolasining nima qilishni bilmay, shunchaki havasga qoralagan mashqlaridir-da» deb o‘ylashi ham ehtimoldan xoli emas edi. Biroq askar yigitning hayotu taqdiri joylangan, umriy qismatini hal qilib berishi lozim bo‘lgan jild haqiqiy egasiga, imon-e’tiqodi butun, benazir va beg‘araz ustoz, ulug‘ bir insonning qo‘liga tushadi. Oradan qisqa vaqt o‘tib, respublikaning obro‘li, mashhur jurnallaridan birida ustoz adib Shuhrat domlaning “Soldatdan maktub keldi...” deya boshlanuvchi, g‘oyat hayajonli, samimiy xayrixohlik va mehr bilan bitilgan oq fotihasi, davomidan esa bir turkum she’rlar e’lon qilinadi. Biz – o‘rta maktab bitiruvchilari bo‘lmish bearmon havaskor bolalar dunyoda armonning ham hidi borligini ilk bora o‘sha she’rlardan bilib olganmiz: «Qarshimda lobar qiz o‘ltirar jiddiy. Ichmagan, stolda qadahi lim-lim. Sezdingmi, havoda bir armon hidi. Olamda turnalar uchmoqda, singlim».
Keyin oq yomg‘irlar, she’riyat va muhabbat fasli boshlandi.
Hozirda Yoshlar, o‘shanda Talabalar shahar¬chasidagi adabiy muhit, she’riyat kechalariyu nazmiy anjumanlarni zir titratgan “Insonni tushunish” kitobchasi, “Boychechak”, “Podpolkovnik Fateev”, “Sen yo‘q eding...”, “Meni seving, mendan nafratlaning”, “Bu yerga keltirdi meni tasodif”, “Tong titraydi kech kuzakning quchog‘ida”, “Boysun haqida g‘amgin ballada”, “Parallel chiziqlar”, “Sevgi haqida umidbaxsh ballada”, “Olis yurtning begona isi” singari bizning tasavvur va tafakkurimizni butunlay o‘zgartirib yuborgan, o‘smir ko‘nglimizni ag‘dar-to‘ntar qilib bergan o‘nlab, yuzlab she’rlar. U she’riy oqshomlaru bu she’rlar sabab biz adabiyotning yaqin oshnolariga aylandik. Yangi ohanglar, nazmdagi eski qoliplarni sindirgan o‘ziga xoslik, mutlaqo yangicha bir she’riyat bizni sehr etdi, qalblarimizni tarbiyaladi. O‘sha davralarda mashhur bo‘lib ketgan “Boychechak” she’ri – mehr va sog‘inchning toza va ma’sum qissasi hammamizga yaqin va qadrdon bo‘lib qoldi: “Boychechagim boylandi\ Boychechagim boylandi\ Bugun olisda yoshlik\ Zamin qancha aylandi”. Muallifning baland pardalarda, yuksak san’at va mahorat bilan, jazavaga tushgan dirijyorni eslatuvchi qiyofada o‘z she’rini aynan ijro etib berishi, uning ta’sir kuchini, dovrug‘ini ikki karra oshirib yuborgan edi. Talabaligimiz havosidan she’r, sog‘inch va ifor ufurar, yotoqxonamizning g‘arib, ko‘rimsiz yo‘laklarida uzun qish kechalarida ham boychechaklar shivirlab-shitirlab yurgandek tuyulardi.
Biz havas qilgan shoir akamizning yelkalari hurpaygan, qaddu bastiga g‘oyat yarashgan jun po‘stini bo‘lardi. She’rlari, she’r o‘qishlari bilan birga shu po‘stini ham uni boshqa shoirlardan alohida ajratib turardi. Po‘stin egasini g‘oyat salobatli, vahimali qilib ko‘rsatar, havaskor talabalarning doimiy hamdami, qadrdon adabiy maslahatchisiga aylanib qolgan Mahmud aka, ustoz Mahmud Sa’diy Shota Rustavelining mashhur asariga qiyosan shoir og‘amizga “Ayiq terisini yopingan Usmon Azim” deb nom qo‘ygan edi.
Besh yilimiz nayson bulutlari yanglig‘ tez o‘tib ketdi. Chaqinlarimiz olislab, talabalikning bor orzu-havaslari, gulu chechaklarimiz, yoshligimiz ortilgan osmonning qaldiroq aravalari ham bizdan yiroqlashdilar.
Hayot sinovlari, tiriklikning haqiqiy imti¬hon¬lari davri boshlandi.
O‘tgan asr, 80 – yillarning boshlari, mushoiralar, adabiy davralar qizigandan qizib borar, bu davralarning sevimli erkasi, gultoji mashhur rassom Shuhrat Abdurashidov edi. Rahmatli Shuhrat aka she’riyatni jon-dildan sevar, Mirtemir domlaning “O‘v, mening o‘zbaki yuragim. Nechchiga bo‘linding, nechchiga?!..” degan mashhur satrlarini hamisha aytib yurar, aytib bo‘lgach esa, she’rni xuddi o‘zi yozganday, qulochlarini keng yoyib astoydil zavqlanardi. U kishiga «Rassomlarning shoiri, shoirlarning rassomi” deb zarofat qilishgan edi. Davralarga ham, she’riyatga ham fayz va rang kiritgan musavvir o‘shanda adabiyotga mehr-muhabbatining ifodasi sifatida “Ijodkor do‘stlarim” degan katta hajmli rangtasvir asarini chizib, adabiy jamoatchilik hukmiga havola etgandi. Asar hammaga ma’qul kelib, ancha-muncha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Unda Rauf Parfi, Erkin A’zam, Nodir Normatov, Xurshid Davron singari taniqli adiblar qatorida Usmon aka portretiga, qiyofasi, holati va ichki dunyosiga alohida urg‘u berilgan. Shoirni tasvirlar ekan, musavvir aslida uning katta qalbini, undagi og‘ir yuk zalvorini ifodalagan edi. Keyin barcha ijodkorlar – rassomlar, shoir-yozuvchilar, aktyorlaru olimlarning qalbini larzaga solgan kutilmagan fojia ro‘y berdi. Shuhrat aka avtomobil halokatiga uchrab, o‘n kuncha o‘ziga kelmay olamdan o‘tdi. Beshyog‘ochdagi uyida, azasiga kelgan keksa onasi “Toshkentlarda yurgan shoir bolam” debon uvvos soldi. Tasviriy sat’atimizgina emas, adabiyot uchun ham katta yo‘qotish bo‘lgan bu voqeadan ustozlar, ijodkor akalarimiz ancha vaqtgacha esankirab ma’yuslanib yurdilar. “Osmonga tikildim xayolim og‘ib. Bir parchasi bulut, bir parchasi ko‘k. Vaqt degan shuncha tez o‘tdimi oqib. Mening yonimda ham endi birov yo‘q”.
O‘sha kezlari Usmon akaning «Adabiyotni, Vatanni, do‘stlarni sevishni, qadrlashni Shuhratdan o‘rganishimiz kerak» degan so‘zlari ma’nisini keyin angladik. Qisqagina umri (o‘shanda rassom bor-yo‘g‘i 29 yoshda edi) davomida musavvir hayratlanarli darajada ko‘p ish qilishga ulgurgan ekan. Eng muhimi, u o‘z asarlarida Vatanni, ona yurt suratini bor tarovatiyu muhabbati bilan ko‘rsatib ketgan edi. Tuzum va zamon g‘irrom bo‘lishiga qaramasdan, shoirlarimiz ijodida ham bu mavzu alohida o‘rin egallab, kuchayib borayotgan edi. Jumladan, Usmon akaning yuqorida tilga olingan “Boychechak”, “Boysun haqida g‘amgin ballada”, “Vatan haqida she’r”, “Abdulla Qodiriy”, “Boysun qirlarida bir o‘zim kezdim”, “Samarqand.Tungi sayr”, “Tesha Saydaliev xotirasiga”, “Onamga maktub”, “Dasht”, “G‘afur G‘ulom...” singari o‘nlab she’rlari, «Baxshiyona” turkumiyu ustoz Asqad Muxtor “Guliston” jurnalida chop etgan “Oq sharpa”, Temuriyzoda sultonlarga bag‘ishlangan “Xalil Sulton” dramatik dostonlarigacha o‘sha yillarda yozilib, ko‘pchilik o‘quvchilarning mehrini qozongan edi.

Javzo. Bir erka shamol
Bug‘doyzorga urar to‘sh.
Ot yelar. Chavandozning
Bir yengi hilpirar – bo‘sh...

Opa, Vatan – ulug‘ dard,
Opa, Vatan bog‘ bo‘lsin.
She’rda suratin chizsam,
To‘rt muchasi sog‘ bo‘lsin!

Bu Vatan she’rlarda tilga kiradi, shoirga «Bolam... Yurak bilan ko‘ksing bezadim” deydi. Bundan-da go‘zalroq saodat bormi dunyoda! “Yuragimga sig‘madi sog‘inch. Bo‘lmayin deb hijronda vayron. Endi kuylay boshladim notinch: – Boysun! Boysun!Boysun! Boysunjon!..”
Mazkur she’r ustoz adibimiz Shukur Xolmirzaevga bag‘ishlangan. Uni tinglayotib, Shukur akaning ko‘zlariga yosh qalqqanlariga necha bor guvoh bo‘lganmiz. Shoir bu mavzuni nasriy asarlarida ham davom ettirib, «Uzoq xayrlashuvlar” nomli go‘zal essesida adib bilan Vatanning dardli va jozib suratini yaratadi.
Ilk “Insonni tushunish” kitobidan to “Holat”, “Dars”, “Surat parchalari”, “Ikkinchi aprel”, “Baxshiyona”, “Uyg‘onish azobi”, “G‘ussa” bilan “Kuz” to‘plamlarigacha kechgan vaqt chamalab ko‘rilsa agar, so‘z va she’r yo‘lida chekilgan zahmatlar, iztiroblaru zavqu shavqlar besamar ketmagani, adabiyot va she’riyatga baxshida, insoniy tuyg‘ular ila limmo-lim, diydoru ayriliqlar, sog‘inchlaru sevinchlarga to‘lug‘ sermazmun bir umr bor bo‘y-basti bilan gavdalanadi.
Nihoyat, uzoq kutilgan istiqlol davri boshlandi. Yangi zamon ijodkorlarga yangi sarpolar kiygizdi. Mustabid tuzumning asriy zanjirlari chilparchin bo‘ldi. So‘z ham ozodlikka chiqdi. Keyingi salkam yigirma yillik muddat Usmon Azim hayoti va ijodining sermahsul davri, yanada teranlashish va yuksalish yillari bo‘ldi. “Alpomish” badiiy filmining kinoqissasi, shoirning asari asosida suratga olingan, Vatan, ona yurt sog‘inchi haqida go‘zal qo‘shiqday taassurot qoldirguvchi “Sevgi” badiiy filmi, Abdulhamid Sulaymon Cho‘lponga bag‘ishlangan “Kunduzsiz kechalar”, ustoz adiblar G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor haqidagi qator dramatik asarlari, shuningdek nasriy bitiklarini o‘zida jamlagan “Jodu” kitobi, “Yurak” va “Fonus” she’riy to‘plamlari shoirning qalb mehnatxonasida uzluksiz ijod barakali davom etayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, oxirgi ikki kitobi – bu she’riyat yildan-yilga qiyomiga yetib, donishmandlik va yetuklik kasb etganini, umr va qalb hikmatlari yaxlit yombi holatga kelganini ko‘rsatib turibdi. Aslida Yassaviy, Navoiy bobolar davridan buyon aytib kelinayotgan bu hikmatlar XXI asrga kelib shoirimiz tilidan yangicha jaranglaydi: Mana, ulardan biri, umr haqida shoir bundoq deydi: “O‘zi bir yog‘ib o‘tishga arziydi odamning umri. Yog‘ umrim, ko‘ngillar ko‘karsin!”
Adabiyot, xususan she’riyatning ham asosiy vazifasi shunda: ko‘ngillarni ko‘kartirish, dillarni yashnatish. Usmon aka bu ezgu Burchni qat’iyat va mardonalik bilan uddalab kelayotgan ustoz shoirimiz, katta elning katta oqini. U kishiga bir umr hamdamu hamnafas, dardu quvonchlariga birdek sherik, ta’bi nazmi baland, didi nozik tarjimon Ra’no yangamizning sharafli bu qismatda alohida maqomi borligini ham ta’kidlab o‘tmoq joiz. Adabiyot, jahon adabiyoti, kitob va kitobxonlik, nazmu nasr, mumtoz va zamonaviy asarlar haqida eng ko‘p gapiriladigan bu xonadonga havaskor yoshlik yillarimizda biz har doim oshiqib, intilib yashaganmiz. Insonni tushunish, kitob va adabiyotga mehr, did va savodxonlik tarbiyasi, so‘zga e’tibor va munosabatni biz shunday ustozlarimiz, ularning xonadonidagi adabiy muhitdan ham o‘rgandik, hayotlaridan ibrat oldik. “Senga hech narsa qilolmadim, Vatan!” deb aytish uchun ham avvalo ona yurtni, tug‘ilgan tuproqni sevishni bilish kerak. Adabiyotga muhabbat ham xuddi shunday.
Alqissa, askar yigitning “shinelli yillar”i ortda qoldi. Rahmatli Shuhrat domlaning duolari ijobat bo‘ldi. Shu lahzalarda Termizda, qadim Jayhun qirg‘oqlarida Vatan chegaralarini himoya qilayotgan bir askar yigit qoralama she’rlarini xatjildga joylab, ming orzu-havas bilan O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim nomiga jo‘natayotgan bo‘lsa, hech ajablanmang. Aziz o‘quvchi! Unga xalaqit bermaylik. Hozir u butun umrini, borlig‘iyu qismatini olis bir ishqqa – she’riyatga, adabiyotga almashishga shaylanayotgandir...

2010

“Yoshlik” jurnali. 2010 yil, 11 (240)-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.