OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Suyima G‘aniyeva. Mavlono Lutfiy Navoiy nigohida (2010)

Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” tazkirasida XV asrda ona tilida ijod qilgan shoirlar — Atoyi, Gadoiy, Sakkokiy, Amiriy, Yaqiniy, Muqimiy va boshqalar haqida alohida fiqralarda ma’lumot beradi. Mavlono Lutfiyni esa, “o‘z zamonining malik ul-kalomi erdi, forsiy va turkiyda naziri yo‘q erdi, ammo turkiyda shuhrati ko‘prak erdi va turkcha devoni ham mashhurdur va mutaazzir ul-javob matla’lari bor...”, deya ta’riflaydi.

Lutfiy haqida “O‘zbek adabiyoti tarixi”da N.Mallaev, besh jildlik “O‘zbek adabiyoti tarixi”da S.Erkinov yozgan. Ergash Rustamovning “Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV v.” kitobida Lutfiy she’riyatining g‘oyaviy-badiiy jihatlari ochib berilgan, ayniqsa, shoir xalq og‘zaki ijodidan g‘oyat unumli foydalanganiga e’tibor qaratilgan.

Lutfiy ijodiga qiziqish o‘z davridayoq boshlangani ma’lum. Davlatshoh Samarqandiy, Xondamir, Abdulloh Kobuliy va boshqalarning asarlarida ta’rif qilingan. Alisher Navoiyning Lutfiy siymosiga, ijodiga oid fikrlari “Majolis un-nafois”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Nasoyim ul-muhabbat” asarlarida mavjud.

“Nasoyim ul-muhabbat”dagi Navoiy fikrlari boshqa asarlari kabi keng tarqalmagani uchun keltirib o‘tish joiz: “Tahsil ayyomida Mavlono Shihobuddin Xiyoboniy xizmatig‘a yetar ekandur va odobi tariqat sulukini andin kasb qilur erkondur. Agarchi shoirliq tariqida ma’ruf va mashhur bo‘ldi. Ammo darveshlik tariqini dag‘i ilkidin bermadi. Bu faqir borasig‘a ko‘p iltifoti bor erdi va fotihalar o‘qur erdi va doim volida mulozamatig‘a va rizoe xotirig‘a targ‘ib qilur erdi. To‘qson yoshidin tajovuz qilg‘onda, Hazrat Maxdumi (nuvvira marqaduhu nuran) otig‘a radifi “suxan” saj’ qasidae aytib erdiki, zamon xushgo‘ylari barcha xubluqqa musallam tuttilar va ul hazrat dog‘i insof berdilar va oning matlai budurkim,

Bayt:

Zihi hadisi labat quvvatu ruhu jon ast,
Guli ruxat chamanoroyi bo‘ston ast.

(Mazmuni: Xusho, labingdan chiqqan so‘zlar — ruh ozig‘i, so‘zning jonidir. Yuzing guli — so‘z bo‘stoni chamanlarini bezovchidir.)

Ul Hazrat shukrguzorlik yuzidin ma’zirat izhori qilib, dedilarkim, bu she’rning silasi uhdasidin biz chiqolmasbizki, magar muqobalada ham qasidae sizning otingizg‘a aytqaybiz. Mavlono dedilarkim, ani sizga oson qilurbiz. Sizing kiygan eski to‘nungizni gadoyliq qilurbizki, hulla bo‘lg‘ay. Ul hazrat uzrxohliklar bila kisvatni Mavlonog‘a kiydurdilar. Mavlono bag‘oyat so‘xta kishi erdi. To‘qson to‘qquz yoshida olamdin o‘tti, qabri Dehikanordadurki, o‘z maskani erdi. Bu matla’idin bu toifa mashrabining choshnisi zohirdur:

Ulki, husn etti bahona elni shaydo qilg‘ali,
Ko‘zgutek qildi seni o‘zini paydo qilg‘ali”.

Mazkur fiqrada Navoiy Mavlono Lutfiyning Abdurahmon Jomiyga bo‘lgan hurmati va botiniy e’tiqodi haqida so‘z yuritadi. Lutfiy davrning taniqli tariqat peshvolaridan Shihobuddin Xiyoboniy xidmatlariga yetishib (“Majolis un-nafois”da Navoiy uni “aziz va mutabarrak kishi erdi”, deb ta’riflaydi), tariqat yo‘llarini kasb qilgani bayon etiladi. Lutfiy tabiatida darveshlikka moyillik ustuvor bo‘lgani ta’kidlanadi. Binobarin, Lutfiy ijodida tasavvufiy aqidalar, sufiyona ta’birlar mavjud bo‘lgan. Shoir ijodining bu jihatlari yoritilmagani izoh talab qilmaydi. Demak, “Nafahot ul-uns” tarjimasi ustida ishlaganda Navoiy uni to‘ldirishga ahd etar ekan, turkiy mashoyix, tasavvufga daxldorligi bor turkiygo‘y shoirlarni kiritgani tasodifiy emas.

Navoiyning “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida shunday bir nukta bor. Unga ko‘ra, Lutfiy she’riyatida dunyoviylik tushunchasi ustunligi anglashiladi. Kunlarning birida Pahlavon Muhammad Navoiydan turkiygo‘y shoirlardan qaysi biri yaxshiroq yozgan va sen xush ko‘rasan, maqbul ko‘rasan, deb so‘rabdi. Navoiy debdi: — Mavlono Lutfiy holo musallamdurlar va bu qavmning ustodi va malik ul-kalomidur. Pahlavon Muhammad: — Nechuk Sayyid Nasimiy demading? — deganida, Navoiy: — Xotirg‘a kelmadi va bar taqdir kelmoq, Sayyid Nasimiyning nazmi o‘zga rang tushubtur, zohir ahli shuarosidek nazm aytmaydur, balki haqiqat tariqin ado qilibdur. Bu savolda sening g‘arazing majoz tariqida aytur el erdi.

“Majolis” oxirida “Xilvat” deb berilgan, Husayn Boyqaroning Navoiy “oliy majlis” deb ta’riflagan adabiy anjumanlarining birida Sultonning “g‘ayri nazm latoyifidin”, deya Lutfiy bilan bog‘liq naql keltiriladi.

Bahor kunlarining birida shiddatli yomg‘ir yog‘ayotgan paytda Lutfiy Navoiyni uchratadi va unga Xusrav Dehlaviyning hinducha she’rlaridan bir ma’noni aytib beradi:

Bahor chog‘ida mahbub qaygadur ketayotgan ekan. Yog‘indan yer balchiq bo‘lib, u toyib ketib, yiqilayozibdi. U shunday nozik ekanki, yog‘in torini tutib, o‘nglanib olibdi. Navoiy Xusravning juda nozik xayolidan xushhol bo‘lib, tab’ ahlidan ba’zilarga aytib berganda, ular ham qoyil qoladilar. Navoiy ko‘p hayajon bilan Husayn Boyqaroga aytib berganida, u tabassum qilib, fikr bildirmaydi — e’tiroz etgandek tuyuladi Navoiyga. Navoiy yana shu haqda so‘z ochganda, Sulton deydi: “E’tiroz budurkim, ul yog‘in qatrasi yuqoridin quyi inib keladur, muqarrardurkim, rishtasig‘a dag‘i hamul holdur. Rishtaekim, mayli quyi bo‘lg‘ay, aning madadi bila yiqiladurg‘on o‘zin asramog‘i maholdur”. Mana bu baytdagi fikrga esa, e’tiroz qilish maholdur, deydi Husayn Boyqaro:

Za’fdin kulbamda qo‘pmoq istasam aylar madad.
Ankabute rishta osqon bo‘lsa har devorg‘a.

Mazkur lavhada Husayn Boyqaro she’rda mantiqqa rioya etishga e’tibor bergan. Lutfiy, Navoiy va boshqalar esa, fikrning noyobligiga e’tibor qilganlar. Demak, Navoiy majoziy yo‘nalishni Lutfiy she’riyatida asosiy deb qaragan.

Alisher Navoiy Lutfiyning uch g‘azaliga muxammas bog‘lagan.

Ey, soching shaydo ko‘ngullarning savodi a’zami,
Halqa-halqa ruxning sarmanzilidur har xami

matla’li g‘azaliga muxammasida Navoiy4-baytni 3-qilib olgan va maqta’ni

Lutfiyni boshtin yana tirguzsang, ey Isonafas,
Kim yetibdur, vah, ani o‘lturgali hijron g‘ami —

tarzida beradi.

Anqara nashri va “Sensan sevarim”da ikkinchi misra shunday:

Kim tanindin bo‘ldi ko‘p jon olg‘ali hijron g‘ami.

2-muxammas Lutfiyning quyidagi matla’li g‘azaliga bog‘langan:

Ko‘ktadur har dam fig‘onim ko‘rgali sen mohni,
Da’vii mehringga tonuq tortadurmen ohni.

G‘azal 7 baytli bo‘lib, 7 baytdan 5 bayti olingan va 3-bayt 4-o‘rinda keladi. 5—6-baytlar tushirilib qoldirilgan.

“Zulfu oy yuzing” — “zulfungu yuzing”, “qil nadirkim” — “rahm qilkim”, “zakoti husn uchun” — “zakoti husn anga” deb tahrir etilgan.

3-muxammas Lutfiyning:

Laylat ul-me’rojning sharhi sochi tobindadur,
Qoba qavsayn ittihodi qoshi mehrobindadur

matla’li g‘azaliga bog‘langan. Navoiy 4-baytni ikkinchi qilib olgan, 3 — 4-baytlarni tushirib qoldirgan.

Shunisi diqqatga sazovorki, bular Navoiyning ilk rasmiy devoni “Badoe’ ul-bidoya”da keltirilgan. Demak, ular 870—885/1465—80 yillar o‘rtasida yozilgan.

Navoiyning 10 muxammasidan uchtasi Lutfiy g‘azallariga bog‘langan.

Navoiy Lutfiyning:

Ey, jamoling loyazolu bebadal husnung jamil,
Oy yuzingdur ahsani taqvim uchun ravshan dalil...
 
Ey, qading to‘biyu jannat xaddi gulgun ustina,
Ko‘rmadi davron seningtek oy gardun ustina

matla’li g‘azallariga musaddas ham bog‘lagan — tasdis qilgan. Bular ham “Badoe’ ul-bidoya”da keltirilgan.

Bugina emas, Navoiyning Lutfiy g‘azallariga tatabbu’ va tavrlari, javobiyalari ham bor. Lekin ularni o‘rganish darkor.

Muxammas bog‘lashda shoir olinayotgan g‘azalning har baytiga mazmun ham badiiy tafsillarning uyg‘un bo‘lishiga e’tibor berishi zarur bo‘lgan. Navoiy Lutfiy g‘azallaridan muxammas va musaddaslar bitar ekan, ulardagi g‘oyani yanada teranlashtiradi, badiiyatini ochib beradi. Natijada Lutfiyga hamovoz Navoiy g‘azalni idrok etish, undan ruhiy ta’sirlanishga noil bo‘ladi.

Lutfiy g‘azallaridan birida shunday mahbubaga ko‘z qorachig‘imni vatan ayla, degan ma’noli matla’ bor. Navoiyning mashhur, o‘z davridayoq maqom yo‘llarida ijro etilgan “Qaro ko‘zum kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il...” g‘azaliga Lutfiydagi nozik nukta ilhom baxsh etgandir.

Mashhur ozarboyjon shoiri Muhammad Fuzuliy Lutfiyning

Ey, azaldan to abad ko‘nglum giriftoring sanin,
Chora qilkim, bo‘ldu jonim asru darmoning sanin

matla’li g‘azaliga taxmis bog‘lagan, faqat asliyatdagi “afgoring” qofiyasi “darmoning” deb xato olingan.

XIX asrning ko‘rkamli shoiri Amiriy ham Lutfiy g‘azallaridan

Ey, sanavbar bo‘yli dilbar, fikri hijron qilmag‘il,
Shavq o‘tinda men gadoni asru biryon qilmag‘il...
 
Ishq tushsa ham ko‘ngulga, dardu g‘amdin chora yo‘q,
Yetsa chun nashtar jarohatqa, alamdin chora yo‘q...
 
Nortek yangoqlaring kibi sham’ anjumanda yo‘q.
Sarv qading mengizli sanavbar chamanda yo‘q...
 
Ey jafodin bir zamon ko‘ngli pushaymon bo‘lmag‘on,
Qoni bag‘rim zarrayi qayg‘ung bila qon bo‘lmag‘on

matla’li g‘azallariga muxammas bog‘lagan.

“Gul va Navro‘z”ga kelganda, shuni aytish kerakki, Navoiy uni “Majolis”da yodga olmagan. (Bu asar muallifi haqida Yo.Ishoqov 1972 yili maqola yozib, uning Haydar Xorazmiyniki ekanini aytgan.) Faxriy Hirotiy (“Majolis”ning forsiyga birinchi tarjimoni) Sulton Iskandar mirzoga bag‘ishlangan fiqrada “Mavlono Haydar turkiygo‘yki, sohibi “Mahzani asror” va “Gul va Navro‘z” az ust va maddohi u buda va on du kitobro xub go‘fta, ba nomi u tamom karda”, deb yozadi.

Bobur ham o‘z “Aruz risolasi”da “Gul va Navro‘z” Mavlono Abdul Haydar Xorazmiy asari, deb yozgan.

Lutfiy devonining Anqara nashrida esa, Jalol Tabibning “Gul va Navro‘z”ini Lutfiy forsiydan turkiyga o‘girgan, deb yozadi Gunoy Qoraog‘och.

Fors mumtoz adabiyotining mashhur nomoyandalaridan Hoju Kermoniy (Kamoluddin Abul Mato’ Mahmud, vafoti 753/1352-53) “Xamsa”sidagi besh dostonning biri “Gul va Navro‘z”dir. Bu doston matni bilan Lutfiyga nisbat berilgan dostonni muqoyasa qilganimizda butunlay boshqa asar ekanligi ma’lum bo‘ldi...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 5-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.