OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

To‘lqin Eshbek. Qirqinchi dovon (2007)

Qirq raqami mo‘’jizakor son ekani haqida ko‘p rivoyatlar bor. Yoz va qishning qirq kunlik chillasida ob-havo o‘zgacha bo‘ladi. Udumga ko‘ra, kelin-kuyov qirq kunlik chillaga amal qilishi shart. Chaqaloqlar ham qirq kunlik muddatdan so‘ng bir qadar ulg‘ayganini ko‘rib quvonasiz.   Ertaklarda to‘ylar qirq kechayu qirq kunduz bo‘lishi, bahodirlar qilichi qirq gaz ekani zamirida ham ramziy ma’no mujassam. Qirq qiz va qirq yigit afsonalari, shu kunga qadar ular nomi bilan ataladigan joylar ham ana shu sonning mo‘’jizakorligini tasdiqlayotgandek... Buni qarangki, ko‘plab jurnalist kadrlarni yetishtirgan jonajon o‘quv maskanimiz – Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti tashkil topganiga ham qirq yil to‘libdi!
U dastlab 1949 yili universitetning filologiya fakulteti qoshida jurnalis­tika bo‘limi sifatida tashkil etilgan. Hukumat qarori bilan 1967-1968 o‘quv yilidan jurnalistika fakultetiga aylantirilgan. Bo‘limga dastlab tarix fanlari doktori, professor To‘g‘on Ernazarov rahbarlik qilgan. Bu amaliyotchi jurnalist va zukko olim 1965 yilda O‘zbekiston jurnalistikasi tarixida birinchi fan doktori bo‘lgan edi. Fidoyi ustoz rahbarlik qilgan davrda fakultet  shakllandi, jurnalistika ilmining mustahkam poydevoriga asos solindi.
Anvar Shomaqsudov, Tohir Pidaev, Feliks Nesterenko, Bekir Mamutov, Saydi Umirov, Omonulla Madaev, Hamidulla Akbarov, Fayzulla Mo‘minov kabi murabbiylar turli yillarda fakultet dekani bo‘lganlar. Tarix fanlari doktori Qudrat Ernazarov 2001 yil fevral oyidan buyon shu lavozimda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uzoq yillar fakultetimizning kechki va sirt­qi bo‘limlari ham faoliyat ko‘rsatgan. Turli davrlarda Ne’mat Yoqubov, Saydi Umirov, Vohid Abdullaev, Abdulla Sayfutdinov, Boybo‘ta Do‘stqoraev, Ramziddin Abdusattorov, Abduvahob Muslimovlar unga mas’ul bo‘lganlar. 
Respublikamizda xalqaro jurnalist kadrlar tayyorlash ham dastlab fakultetimizda boshlangan. 1993 yilda Xalqaro jurnalistika kafedrasi tashkil etilib, unga turli davrlarda Fayzulla Mo‘minov va Qudrat Ernazarovlar mudirlik qilishdi. 1999 yilda O‘zDJTU tarkibida xalqaro jurnalistika fakulteti tashkil etilishi munosabati bilan mazkur kafedra faoliyatini to‘xtatdi.
Bu qutlug‘ dargohda tahsil olib kamolga yetgan talabalar orasidan yuzlab yetuk jurnalistlar, gazeta, jurnal, kitob nashriyotlari, teleradio muharririyatlari, axborot agentliklari bosh muharrirlari, matbuot kotiblari, shoir va adiblar, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqdi. Ular To‘g‘on Ernazarov, Ochil Tog‘aev, Ozod Sharafiddinov, Adham Akbarov, Orif Saidov, Laziz Qayumov, Rasul Muhammadiy, G‘aybulloh as-Salom, Irisali Toshaliev, Fathiddin Nasriddinov singari rahmatli ustozlardan, Muxtor Xudoyqulov, Nazira Abduazizova, Najmiddin Komilov, Abdug‘afur Rasulov, Feliks Nesterenko, Hamidulla Akbarov, Fayzulla Mo‘minov, Fotima Mo‘minova kabi fan doktori va professorlardan, Anvar Shomaqsudov, Tohir Pidaev, Anvar Karimov, Boybo‘ta Do‘stqoraev, Vohid Abdullaev, Abdulla Sayfutdinov, Fatxulla Lutfullaev, Omonulla Madaev, Adham Ergashev, Yusuf Hamdamov, Mirbotir Husanov, Shavkat Miralimov kabi jonkuyar ustozlardan saboq olganlari haqida faxrlanib so‘zlaydilar. Shu qutlug‘ dargohdan yetishib chiqqan o‘nlab yosh jurnalist olimlar ayni vaqtda ustozlar izidan dadil borayotganlari quvonchli holdir.
Fakultetning birinchi qaldirg‘ochlaridan biri – umrini matbuot ishiga baxsh etgan taniqli jurnalist Ismoil Sulaymonov «Men jurnalistman» kitobida o‘quv dargohimizda yuz bergan g‘aroyib voqealar, bu maskandan yetishib chiqqan ijodkorlar haqida maroq bilan hikoya qilgan. Dotsent Anvar Shomaqsudov esa «Jurnalist mutaxassislar tayyorlash maskani» risolasida bu maskan tarixi, bosib o‘tilgan mashaqqatli hamda sharafli yo‘l haqida so‘z yuritadi.
2005 yili universitetimiz tarkibida Oliy jurnalistika kursi tashkil etildi. Bu yil iyun oyida mazkur kurs­ning ilk qaldirg‘ochlari qo‘llariga magistrlik diplomini oldilar.
Hozirgi kunda fakultetda «Matbuot», «Teleko‘rsatuv va radioeshittirish», «Ommaviy aloqalar va reklama», «Uslubiyat va tahrir» hamda «Internet jurnalistikasi» kabi ixtisoslik kafedralari faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 7 avgustda «Ommaviy axborot vositalari sohasida kadr­lar tayyorlash va qayta tayyorlash davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Bunga muvofiq fakultetda siyosiy sharh, OAV iqtisodiyoti va menejmenti,  OAV sotsiologiyasi, OAV psixologiyasi, axborot-psixologiya xavf­sizligi masalalari mutaxassisliklari bo‘yicha magistratura bo‘limlari ochish, universitet bazasida o‘quv-nashriyot kompleksini barpo etish, uni o‘quv-metodik adabiyotlar nashr etish uchun zamonaviy matbaa va nusxa ko‘paytirish texnikasi bilan jihozlash, shuningdek, «Jurnalis­tika masalalari» ixtisoslashtirilgan ilmiy almanaxini ta’sis etish rejalashtirilgan.
Ochig‘i, bir paytlar ona tilimizda jurnalistika nazariyasi, bu soha sirlarini mukammal o‘rgatadigan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar yo‘q edi. O‘tgan yillar mobaynida, ayniqsa, yurtimiz istiqlolga erishganidan buyon sohaga doir o‘quv qo‘llanmalari, nazariy risolalar nashr etildi. Bu boradagi izlanishlar, tadqiqotlar izchil davom etmoqda.
Jurnalistikani amaliyotsiz tasavvur etish qiyin. So‘nggi yillarda bu masalaga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Respublika gazeta va jurnallari tahririyatlarida, teleradio muharririyatlarida, qator tashkilotlarning matbuot xizmatlarida tajribali jurnalistlar bilan hamkorlikda «Ijodiy ustaxona»lar tashkil etilgan. Bundan tashqari fakultetning «Jurnalistika» o‘quv gazetasi, «O‘zbekiston Milliy universiteti» ko‘p nusxali nashri ham talabalar uchun o‘ziga xos amaliyot maktabi bo‘lmoqda.
Muntazam ijodiy mashq va izlanishni talab etadigan bu nozik soha sirlarini o‘rgatish borasida O‘zMU jurnalis­tika fakultetida juda ko‘p xayrli ishlar qilingani tahsinga loyiq. Lekin jurnalistika fakultetida zamonaviy ommaviy axborot vositalariga munosib kadrlar yetkazib turish borasida hali juda ko‘p ishlar qilinishi zarurligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. 
Qirq yil mobaynida bir necha jurnalistlar avlodini yetishtirgan jonajon fakultetimiz ayni qirchillama yoshida yanada kamol topib, ilmiy va ijodiy salohiyati ortmoqda. Uning istiqboli qanchalik porloq bo‘lishi esa aziz ustozlaru zukko talabalarimizning sa’y-harakatlariga bog‘liq.
To‘lqin ESHBEK,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universitetining
axborot xizmati rahbari.
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.