OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

To‘lqin Tog‘aev. «Iliktin ixtiyoring bermagil...» (2011)

Buyuk ajdodlarimizning asrlar osha yashab kelayotgan ulkan madaniy merosi, ma’naviy kadriyatlari milliy taraqqiyotimiz rivojiga, istiqlol mafkuramiz kuchayishiga, bugungi avlod ma’naviyatining yuksalishiga bevosita ta’sir etmoqda. Ayniqsa, ma’naviy bahramandlik bobida Navoiy dahosining o‘zbek xalqi oldidagi xizmatlari beqiyoc. Nainki biz, balki boshqa el-ulus va xalqqa mansub ko‘plab insonlar bugungi kunda buyuk shoir tafakkur olamidan bahra olmoqda, ijodini oshno tutayotir.

Alisher Navoiy asarlari inson kamolotiga qanot beradigan ta’limotga boy. Jumladan, vatanparvarlik, axloqiylik, ona tiliga muhabbat, ishq, odamiylik, do‘stlik, hayo, saxiylik, qanoat, adolat, insof, halollik singari o‘lmas g‘oyalar bugungi yangi jamiyat qurilishida bag‘oyat qadrli. Navoiy bobomiz «Mahbub ul-qulub» asarida insonning go‘zal fazilatlaridan bo‘lgan qanoatni ta’riflar ekan, jumladan, shunday deydi: «Qanoat — suvi olingan bilan qurimas buloq. Qanoat — sochgan bilan tugamaydigan xazina». Buyuk mutaffakkir qoldirgan bebaho ulkan meros ham aslida biz uchun shunday bitmas-tuganmas ma’naviyat chashmasi, adoqsiz ma’naviy boylikdir.

Navoiy asarlarining tili va uslubi ularda uchraydigan arabiy, forsiy so‘z va iboralar evaziga ancha murakkab. Bu hol tasavvuf she’riyatida tatbiq etilgan majoziy obrazlar, timsol va ramzlar, istilohlar, turli ifoda vositalari, orifona she’rlarning g‘oyaviy-badiiy mazmuni bilan bog‘liq, albatta. O‘zining ulug‘vorligi, jozibadorligi, fusunkorligi bilan forsiy adabiyot bilan bo‘ylashish, uning panjasiga panja urish talabi Navoiy haddi a’losiga chiqargan turkiy so‘z san’atining shunday til va uslubda navo topishiga sababdir. Shu jihatdan Navoiy turkiy adabiyotning Atoiy, Lutfiy, Bobur kabi shoirlaridan ajralib turadi. Ammo jami asarlari bag‘rida g‘oyat turkona jilo topgan jumlalar, ifoda-iboralar mo‘lki, bu tilni bugungi o‘quvchi hech bir lug‘atlarsiz tushuna oladi. Navoiy ijodi shundan dalolat beradiki, shoir xalq og‘zaki ijodiga chuqur ehtiromda bo‘lgan, uni sevgan va ardoqlagan. Davrining yozma adabiyoti bilan bir qatorda xalq donishmandligining bitmas-tuganmas ma’ni javohirlarini terib o‘rgangan, o‘zlashtirgan va o‘z asarlarida san’atkorona qo‘llagan. Navoiy asarlarining xalqchilligi ularda ilgari surilgan yuksak insoniy g‘oyalarning xalqona ifoda yo‘sinida, shoirning xalq tili va badiiy tafakkuridan to‘kis bahramandligida ko‘rinadi. Shulardan ba’zilariga diqqatni qaratmoqchimiz.

Shoir g‘azallaridan birida shunday baytni o‘qiymiz:

Husnidin mehr g‘arazdur, ey ishq,

Bu masaldur: «Silig‘ingdin ilig‘ing».

Baytdagi «Silig‘ingdin ilig‘ing» maqoli buyuk mutasavvif Yassaviy yurti bo‘lgan Turkistonda hozirda ham xalq tilida «Suluvingdan iluving» shaklida uchraydi. Ushbu maqol el ichida soddaroq talqin qilinishicha, «silliq, chiroyli bo‘laman deb, yupqa-engil kiyinib, sovqotgandan ko‘ra, qo‘polroq ko‘rinsa-da yoki eskiroq bo‘lsa-da, issiq kiyinib, sog‘liqni o‘ylagan afzal», degan mazmunga ega. Zamonaviy «Suluvingdan iluving» va burungi «Silig‘ingdin ilig‘ing» shakllariga ega ushbu maqolning aslida ma’no ko‘lami yanada kengroq. Insonning tashqi ko‘rinishi, qiyofasi ko‘rkam bo‘lishi bilan birga, uning ichki dunyosi, odob-axloqi ham go‘zal, qilig‘i iliq, ma’naviyati to‘kis bo‘lishi kerak. Odamning suvrati xunuk bo‘lishi mumkin, balki u tabiatan shunday yaralgandir, ammo uning siyrati go‘zal bo‘lmog‘i shart. Ahli donish nazdida shakldan ko‘ra ma’ni, suvratdan ko‘ra siyrat ustunligi yaxshidir.

Shoir baytda bog‘lagan «Silig‘ingdan ilig‘ing» masali, ya’ni maqoli orqali yor o‘z husn-jamoli, «sho‘xi badxo‘»ligi bilan oshiqni azoblab, ishq ofatlariga duchor etgandan ko‘ra, unga mehr ko‘rsatib, o‘z lutf-inoyati, ishqiga sazovor qilgani, vasliga yetkazgani yaxshidir, degan mazmunni tasdiqlagan. Bu baytning majoziy talqini. Uning tasavvufiy mazmuni ham bor.

Navoiy aqidasicha (dunyoqarashicha), olam haqning o‘z husn-jamolini tomosho qilish istagidan paydo bo‘lgan ko‘zgudir. Ollohdan taralgan nur bu ko‘zguda aks etadi, ya’ni borliqdagi ja’miki narsa va jonzot shu nur bilan yoritiladi. Inson ham ushbu ko‘zguning bir parchasi, ammo unda husni mutlaqning sifatlari eng ko‘p zuhur topgandir. Husn, jamol tasavvufda «haqning lutfu ehson ila tajallisidir». Shoir aytmoqchi, husndan murod mehrdir. Mehr ko‘chma ma’noda Quyoshni anglatadi. Quyoshning jamoli va mahbubaning yuz tuzilishida o‘xshashlik bor. Quyosh olamdagi nur taratuvchi yagona xilqat. U butun mavjudot va maxluqot uchun hayot, nur, harorat manbai. Oshiq uchun shunday fazilat kasb etgan ma’shuqaning husnidan murod ishq, ya’ni Ollohning jamolidir. Ko‘rinadiki, «Silig‘ingdan ilig‘ing» maqolining mohirona qo‘llanishi she’rning ham zohiriy, ham botiniy mazmunini kuchaytirishga, she’rning badiiyligi va tilini boyitishga xizmat qilgan.

Navoiy g‘azaliyoti, dostonlari va nasriy asarlarida uchraydigan ko‘plab xalq iboralari, maqol ham ta’birlari bugungi kunda tilimizda unumli ishlatilmoqda. Chunonchi:

O‘qlaring ko‘nglumga tushgach, kuydi ham ko‘z, ham badan,

Kim kuyar o‘lu qurug‘ chun naysitong‘a tushti o‘t.

Ya’ni, muhabbat o‘qlari ko‘nglimga tushib, butun vujudimni, jumladan, ko‘z va badanimni kuydirdi. Buning ajablanarli yeri yo‘q, chunki to‘qayga, qamishzorga o‘t ketsa, ho‘lu quruq baravar yonadi. Hozirda ham bu maqol xalqimiz tilida «O‘rmonga (To‘qayga) o‘t ketsa, ho‘lu kuruq baravar yonadi» shaklida ishlatiladi.

«Birovga choh qazisang, o‘zing yiqilasan» maqoli shoir tomonidan shunday she’riy shaklga solingan:

Har kishikim birovga qozg‘ay choh,

Tushgay ul choh uzra o‘zi nogoh.

Ulug‘ mutafakkir tomonidan so‘ngsiz darajada ulug‘langan inson Olloh yaratgan maxluqotlar orasida har jihatdan eng yuqori martabaga ega:

Borchasini garchi latif aylading,

Borchadin insonni sharif aylading.

Hamma narsadan aziz, sharafli qilib yaratilgan inson aql-tafakkur bobida, albatta, tengsizdir. Navoiy Farhod tilidan «Dedi: har ishki qilmish odamizod, tafakkur birla bilmish odamizod» der ekan, o‘z asarlarida inson aqlining cheksiz imkoniyatlarini madh etadi. O‘z davri uchun g‘oyat ilgarilab ketgan ba’zi kashfiyotlar, mo‘‘jizalar, fantastik xayollar bugungi kunda allazamonlar oddiy hayot haqiqatiga aylangan. Masalan, dengiz yoki ummon chuqurligiga tushiriladigan batistkaf, istagan narsani ko‘rsatadigan oynai jahon yoki o‘sha davrda harbiy kashfiyot sanalgan bomba haqida shunday deyish mumkin. «Saddi Iskandariy» dostonida Iskandar qo‘shinlari Kashmir mamlakatini fath etishda o‘ta mustahkam istehkom qarshisida ojiz qoladilar. Buning chorasi uchun olimlar shohga yumaloq, g‘ovak ichiga qo‘rg‘oshin, bronza va turli portlovchi moddalar to‘ldirilgan, olovlantirish uchun piligi bor bomba yasab beradilar. Uni dushman ustiga irg‘itganda, bu qurol beradigan samaralar: baland tovush chiqarib portlashi, olov chiqarib kuydirishi, dud va is chiqarib dushmanga ziyon keltirishi ta’riflanadi. Ma’lumki, go‘y-chavgon to‘pi yumaloq bo‘ladi. Bu yerda bomba ham yumaloqligi jihatdan go‘ydeb atalgan. Ming qarg‘aga bir kesak kifoya bo‘lganidek, ushbu bomba irg‘itilgach, raqib askari ham tumtaraqay qochishga tushadi. Xullas, bomba ta’rifida ham maqol yaxshi bog‘langan:

Hamul go‘y otilg‘och qochib yak-bayak,

Masaldurki: «Ming qarg‘ag‘a bir kesak».

«Men edim sendek, sen ham bo‘lasan mendek».Ushbu maqol shoir qalami bilan quyidagicha poetik libos kiygan:

Ey, Navoiy, olam ahlidin vafo qilding tama’,

Men edim sening kibi, men yanglig‘ o‘lgung sen dog‘i.

Qattol, befarosat, berahm ijrochilarning nojo‘ya, xunuk ishi haqidagi «Sallani olib kel desa, kallani olib keladi» yoki «Salla keltir desa, kalla keltiradi» maqoli Navoiy g‘azallaridan birida keltirilgan:

Bo‘rk o‘rnida bosh eltur,naqd o‘rnig‘a olur jon,

Atfoli g‘aming ichra bas turfa o‘yunlardur.

Husayn Boyqaro mirzoning farzandlari — taxttalab shahzodalarni o‘z asari qahramoni Farhoddek bo‘lishga undagan va ular tarbiyasida ko‘p mehnat chekkan shoirning, ayniqsa, Badiuzzamondan umidi katta, kutgani ziyoda edi. «Shahg‘a so‘zimdin bor esa e’tibor, Gar sanga ham pand desam, yeri bor», deb shahzodaga maslahat va nasihatlar berar ekan, bu o‘rinda ibratli xalq maqoli qo‘llanganini ko‘rish mumkin:

Tutma tuzub kinu adovat fani,

O‘zga kishi jurmi bilan o‘zgani.

Roi esang tut bu nafas yaxshi pos,

Har qo‘yni o‘z ayog‘i birla os.          

«Hamma qo‘yni ham o‘z oyog‘idan osishadi» maqoli hozirgi paytda ham «har kim o‘z qilmishiga yarasha jazo oladi, har kim o‘z ishidan topadi» mazmunida xalq ichida ishlatiladi.

Shoir Lutfiyga baho berganidek, o‘zi ham «masalni yaxshi bog‘lag‘on» baytlar she’riyatida ko‘p uchraydi. Masalan:

Xo‘blar tiyg‘i yetishmastin burun bu zor o‘lar,

Chin emishkim, bo‘lsa ko‘p qassob, qo‘y murdor o‘lur.

(«Cho‘pon ko‘p bo‘lsa, qo‘y harom o‘ladi»).

Koshki sensiz o‘lsam erdi, ey parivash, qilma ta’n,

Kim, meni Majnung‘a ortuqtur o‘limdin bu uyot.

(«Uyat — o‘limdan qattiq»).

Agar tuprog‘ tutsang, bo‘lsun oltun.

Oqizsang qatrai xay durri maknun.

(«Tuproq olsang, oltin bo‘lsin»).

Ko‘zi uchmoq, og‘zini ochmoq, qo‘ldan bermoq, ko‘z yumib,ochmoq kabi xalq iboralari ham shoir she’riyati badiiyligini kuchaytirgan:

 

Ko‘zum ucharki, humoyun yuzungni ko‘rgay bot,

Biaynih anga kirpiklar o‘lmish ikki qanot.

(Ko‘zim uchmoqdaki, sening qutlug‘ yuzingni yana ko‘rsam kerak. Uchayotgan ko‘zimga kipriklarim xuddi ikki qanot bo‘lganday).

Qolurlar og‘zin ochib ishq ahli po‘yamdin,

Sog‘ elga kulgu erur telba aylagan harakot.

(Yelib-yugurishimni ko‘rgan ishq ahli og‘zini ochib — angrayib qoladilar, negaki, telbaning xatti-harakati aqli sog‘ kishilarga kulgulidir).

Biravni, eyki, sevmak orzu qilding, havosinda

Iliktin ixtiyoring bermagil zinhor men yanglig‘.

(Birovni sevmoqni orzu qilsang, men kabi ko‘yida ixtiyoringni zinhor qo‘ldan bermagin).

Tushdek erur dahrda nokomu kom,

Ko‘z yumub ochquncha o‘tubdur tamom.

Ko‘z yumib ochguncha «juda qisqa muddatda, tezda» degan ma’noni anglatuvchi iboradir. Hozirda uni «ko‘z ochib yumguncha» tarzida noto‘g‘ri qo‘llaymiz, hatto ayrim lug‘atlarda ham shu shaklda uchraydi. Aslida bobomiz ishlatgandek, iko‘z yumib ochquncha(ochguncha)» deyish to‘g‘ridir.

Ushbu misollar ham shoirning turkona xalq ta’birlaridan samarali foydalanganini ko‘rsatadi:

Itik teshalarig‘a har qaro tog‘,

Pichoq olinda andoqkim, sarig‘ yog‘.

 

Kim bor edi boshima ko‘p mehnatim,

Yo‘q edi bosh qoshig‘ali fursatim.

 

Yuzu zulfingni sog‘inib kelmisham, ey mahjabin,

Kechani kecha demay, kunduzni kunduz demayin.

 

Ey ishq, yana furqat o‘tin jonuma urdung,

Jismimni kul aylab, kulini ko‘kka sovurdung.

 

Necha ul kirpik sinonig‘a Navoiy ko‘nglini

Har zamon ilg‘aysen, ey badmehr, ani bir ko‘zga il.

(Ey, mehri kattiq, Navoiy ko‘nglini kipriklaring nayzasiga ilib qiynaverma, uning o‘zini ham nazaringga ilgin, unga e’tiboringni qarat).

Husayn Boyqaro ta’rifidagi ushbu bayt ham hozirda nodir bo‘lib qolgan maqol bilan ziynatlangan:

Ulus chehrai olamfruzidin,

«Bilur yil kelishini Navro‘zidin».

Xullas, Navoiy dahosi tufayli turkiy til va turkiy adabiyot, binobarin, o‘zbek tili va adabiyoti o‘zining yuksak martabasiga erishdi. Husayn Boyqaro unga «Turkiy tilning o‘lgan jasadiga jon kiyurdi», deb baho berdi. Bu sohada shoirni rag‘batlantirgan, unga panoh bo‘lgan, tegishli farmon va ko‘rsatmalar bergan shoh va shoir Husayn Boyqaro xizmatlarini ham unutmasalik lozim.

O‘zbek xalqi toleida mangu porloq yulduz bo‘lib chaqnagan buyuk mutaffakir bobomiz so‘zining martabasi hech qachon «avjdan quyi inmagay». Uning o‘lmas merosi, ezgu ish-amallari millatimiz sha’ni, g‘ururi, tayanchi sifatida til va adabiyotimiz ravnaqiga, ma’naviyatimiz yuksalishiga, qadriyatlarimiz bardavomligiga, insoniyat tarbiyasiga asrlar osha xizmat qilaveradi.

To‘lqin Tog‘aev,

filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 20-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.