OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yo‘ldosh Solijonov. Yil xirmoni, hosil sifati (2012 yil romanlari tahlili) (2013)

2012 yil xalq xo‘jaligining barcha sohalaridagi singari badiiy adabiyotda ham g‘oyat samarali bo‘ldi. Bu jihatdan adabiyotimizning gultoji hisoblangan roman janrining xirmoni ham miqdori, ham sifatiga ko‘ra avvalgi yillardagidan qolishmaydi. Mavzularning rang-barangligi, adabiy aholi toifasining yangiligi, xarakterlar xilma-xilligi, badiiylik mezonlari va muammo yechimidagi o‘ziga xoslik roman janrining yil sayin imkoniyatlari kengayib, jahon miqyosiga chiqish yo‘llarini izlayotganidan dalolat beradi.

O‘tgan yili birgina “Sharq yulduzi” jurnalining o‘zida 6 ta – Nazar Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li”, Asal Dilmurodning “Rang va mehvar” romanlari to‘la, Komil Avazning “Sozanda”, Hakim Sattoriyning “Sog‘inch” (har ikkala roman keyinroq alohida kitob holida nashr etildi), Nurali Qobulning “Taxt tagidagi zindon”, G‘ulom Karimiyning “Langar fojiasi” romanlar­idan parchalar e’lon qilindi. Bular qatoriga poytaxt nashriyotlarida chop etilgan O‘zbekiston Xalq yozuvchilari Odil Yoqubov va Tohir Maliklarning “Osiy banda” hamda “Samum”, Sa’dulla Siyoevning “Ahmad Yassaviy”, Bahodir Xudoyberganovning “Ayol armoni” (barchasi “O‘zbekiston”), N.Karimovning “Mirtemir” (“Merius”), Abduqayum Yo‘ldoshevning “Bankir” (“Tafakkur qanoti”), Olimjon Hayitning “Arosatlar oroli” (“Yangi asr avlodi”) hamda viloyatlar va xususiy nashriyotlarda bosilib chiqqan ko‘plab romanlarni ham qo‘shadigan bo‘lsak, yil xirmonining salmog‘i yanada ortadi.

2012 yil romanlari hosilini sarhisob qilar ekanmiz, avvalo, ularni mavzu va muammosiga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratib olishni lozim topdik:

1. Ijtimoiy-iqtisodiy (O. Yoqubovning “Osiy banda”, A.Yo‘ldoshning “Bankir”, H.Sattoriyning “Sog‘inch”, G‘.Karimiyning “Langar fojiasi”);

2. Ma’naviy-axloqiy (T.Malikning “Samum”, N.Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li”, A.Dilmurodning “Rang va mehvar”, B. Xudoyberganovning “Ayol armoni”);

3.Tarixiy (S.Siyoevning “Ahmad Yassaviy”, K.Avazning “Sozanda”, N. Qobulning “Taxt tagidagi zindon”);

4. Biografik (N.Karimovning “Mirtemir”, O.Hayitovning “Arosatlar oroli”);

5. Detektiv (bu guruhdagi romanlarning haddi-hisobiga yetib bo‘lmaydi, ammo ularning ko‘pchiligi yengil-elpi, oldi-qochdi voqealardan iborat bo‘lgani uchun munosabat bildirishdan o‘zimizni tiydik).

Bu tasnifni shartli qabul qilish joiz. Negaki, ijtimoiy-iqtisodiy mavzu va muammoni ko‘targan romanlar ma’naviy-axloqiy masalalardan xoli bo‘lmaganidek, tarixiy hamda biografik romanlarda ham qahramon taqdiri bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-axloqiy muammolar aks etishi tabiiy. Masalan, O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning umri so‘nggida yoza boshlagan, ammo betobligi sababli to‘la tugallanmay, qayta ishlanmay kolgan “Osiy banda” romanida yuqoridagi barcha mavzu va muammolar qamrab olingan desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Roman yozuvchi uslubiga xos shafqatsiz realizmning yanada takomillashganidan, jamiyat illatlarining tub ildizlarini real faktlar va dalillarga asoslangan holda fosh etilishi jihatidan “Diyonat”, “Oq qushlar, oppoq qushlar” romanlariga qaraganda bir necha pog‘ona yuksaklikka ko‘tarilganidan dalolat beradi. Adib o‘tgan asrning 80-yillarida o‘zbek xalqi boshiga malomat toshi bo‘lib yog‘ilgan paxta yakkahokimligining fojiali oqibatlarini, “paxta ishi”ni vujudga keltirgan qabih siyosatning tub ildizlarini 50-60-yillar voqealari bilan bog‘lagan holda real obrazlar vositasida ochib tashlaydi.

Ma’lum bo‘lishicha, romanning atigi 16 bobi yozib bo‘lingan ekan, xolos. Ammo shu boblarda tasvirlangan voqealar ham iste’dodli adibning yuksak mahoratidan darak beradi.

O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Tohir Malik o‘zining doimiy mavzusi va uslubiga sodiq qolib, qimorbozlar, o‘g‘rilar va narkomafiozlar faoliyati haqida bir necha kitobga mo‘ljallangan “Samum” romanini e’lon qildi. Ma’naviy-axloqiy muammolar asosiy mavqeni egallagan bu romanda ham jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy holati, Bo‘ron, O‘lat, G‘irromlarning hayotiga oid biografik ma’lumotlar, hatto detektiv unsurlar ham uchraydi. Yozuvchining maqsadi “kitobxonni jinoyatchilar olamining turli zulmlari bilan tanishtirishgina emas”, balki shular tuzog‘iga bilib-bilmay ilinib qolayotgan odamlar, asosan, yoshlarni xushyorlikka chorlash, “Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi” deb ogohlantirishdan iboratdir.

O‘zining ko‘plab hikoya va qissalari bilan kitobxonlar hamda adabiy jamoatchilik e’tiborini qozongan yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshev “Bankir” romanida bozor iqtisodiyotining muhim sohasi bo‘lmish bank va sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘ziga xos islohotlar, bu boradagi murakkabliklar, o‘zaro raqobat va jinoyatchilik ildizlarini qalamga oladi. Besh qismdan tashkil topgan roman voqealari retrospektiv bayon asosiga qurilgan. Roman bankir Tolibjon Bakirovning 55 yoshga kirishi munosabati bilan o‘rinbosari Abdujabbor Mannonov hamda bo‘lim boshliqlari tashabbusi bilan uyushtirilgan tantanali ziyofatda zaharlanib, shahar shifoxonasiga olib kelinishi bilan boshlanadi.

Abduqayum Yo‘ldoshev roman voqealarini hikoya qilishda kinostsenariy janri usuliga ko‘proq murojaat qilganligi seziladi. Epizodlarning tez-tez o‘rin almashib turishi, qahramonlarning voqelik doirasidagi ishtirokini romanga xos batafsilroq tasvirlash, ruhiy kechinmalarini chuqurroq ochish o‘rniga ularning qisqa dialoglari va xatti-harakatlarini ko‘rsatishga e’tibor qaratish shundan dalolat beradi.

Professor Q.Yo‘ldoshev qayd etganidek, “badiiy asar haqida bizda shakllangan odatiy tushuncha va tasavvurlarga unchalik mos kelmaydi”gan “Rang va mehvar” romani o‘zini mutaxassis deb bilgan yuksak saviyali kitobxonni ham tishini tishiga bosib, sabr-toqat bilan o‘qishga majbur qiladi. Asardagi uzundan-uzoq jumlalar, bir-birini rad etuvchi xotiralar sinig‘idan tarkib topgan manzaralar ayqash-uyqashligi bilan uning sabr kosasini to‘ldiradi. Shu azobga chidasa va mutolaadan so‘ng uzoq o‘ylasa, xayolida quyidagicha manzara jonlansa ajabmas: asar voqealari markazida “har neki ko‘rgan-kechirganini moybo‘yoq bilan matoda zarblash va juvonmarg ketgan qavmdoshlari arvohini shod etishga bel bog‘la”gan musavvir Komron Vali turadi va barcha hodisalar uning xayolida kechadi. Roman chindan ham murakkab qurilmaga, stilis­tik nomukammallikka ega o‘ziga xos asardir.

Nazarimda, Asad Dilmurod asar strukturasini loyihalashda bundan 15 yil oldin aytgan quyidagi fikrlariga amal qilgan: “Adabiyot tili – ramziy til, timsoliy til. Majoziy yo‘sin bilan so‘zlaganda, badiiy ijod tanlangan mavzu mohiyatini, aniqrog‘i, ruh dramasini chukurroq ochadi. Adabiyot majoz tili bilan so‘zlay boshlasa, ruhiyat dramasini, inson qalbini teranroq ochish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘ladi”. Odatda, bu usulda hikoya qilingan asarlarda o‘tmish bilan bugun, fano bilan baqo, xayolot va reallik, zamon va makon bir nuqtada – personaj ongida birlashadi va bir paytning o‘zida harakatlanaveradi. “Rang va mehvar” romanida shunday struktural markazni Komron Vali obrazi bajaradi. O‘quvchi uning qalb dramasi orqali ijtimoiy hayotda, ayniqsa, tasviriy san’at sohasida ro‘y berayotgan tartibsizliklar, korchalonlik kabi illatlardan xabardor bo‘ladi.

Menimcha, “Rang va mehvar”ni iste’dodli yozuvchi Asad Dilmurodning jahon adabiyotiga xos ong oqimi an’analarini ijodiy davom ettirish yo‘lida olib borayotgan navbatdagi eksperimenti deb qabul qilish o‘rinlidir.

“Go‘ro‘g‘li” – talay hikoya va qissalari bilan tanilgan Nazar Eshonqulning birinchi romani hisoblanadi. Muallifning izohlashicha, asar o‘tgan asrning 90-yillarida yozib tugallangan. Roman “insonning tirikligi va mavjudligini tan olmagan, insoniylik sha’ni va g‘ururini xo‘rlash va haqoratlash evaziga yashagan o‘sha mustabid tuzum” suratini akslantiradi. “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonidan epigraf qilib olingan “Aytsam yetgaymikan, enajon, zorim, Yurakda g‘amim ko‘p, ichda zanglarim” satr­lari yozuvchining g‘oyaviy niyatini tushunish uchun kalit vazifasini bajaradi. Arz qiluvchining “enajoni” – mustabid sho‘ro jamiyati allaqachon qarib, kar va ko‘r holiga kelganligi tufayli “bola”sining zorini eshitishga, g‘amiga davo topib, ichidagi zang­larini artishga qurbi yetmay qolganligi uchun arzini hech kim tinglamaydi, tinglashni istamaydi ham. Natijada, yuragida to‘plangan g‘amlar zanglab, N.ni ham ma’nan, ham jismonan o‘lim sari yetaklaydi.

N. boshidan kechirgan voqealar “hukmni so‘zsiz bajarish kerak. Topshiriqni bajarish biz uchun qonun” bo‘lgan sho‘ro davri siyosatining badiiy ko‘zgusidir. Shu qonun hukm surgan jamiyatda N.ning eng katta xatosi – o‘zi uchun “shart bo‘lmagan narsani (ya’ni o‘zining tirik ekanligini – Y.S.) isbotlashga” uringanligidir. Ha, chindan ham “Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun” degan soxta shior bilan xalqini aldagan Sho‘ro hukumati uchun tiriklar emas, “O‘lik jonlar” kerak edi. N. bilan qabriston go‘rkovi o‘rtasidagi dialogda romanning yana bir yashirin g‘oyasi yuz ochadi: “Sizning eng katta xatongiz shart bo‘lmagan narsani isbotlamoqchi bo‘lganingizda! – dedi go‘rkov bamaylixotir. – Siz kurashni noto‘g‘ri tanladingiz! Muhimi, siz men tirikman deb da’vo qilgansiz, barcha dalillar sizga qarshi edi, natijada, sizning da’vongiz isbot etilmadi. Siz tirikman deb nimaga erishdingiz?”

Roman tom ma’noda absurd g‘oyasiga – yashashda ma’ni yo‘q degan fikr asosiga qurilgan. Xuddi yumaloq toshni tepalikka olib chiqib, o‘zining haqligini isbotlashga urinayotgan Sizif singari N. ham mahkamalarga tinimsiz qatnab tirikligini isbotlamoqchi bo‘ladi. Bundan umidvor, biroq u mansub bo‘lgan jamiyat odamning haqligini tan olgisi kelmaydi. Asarni o‘qir ekanmiz, xayolimizga beixtiyor F.Kafkaning “Jarayon” romani keladi. Qahramonlar ismining bosh harf bilan belgilanishidan tortib, ularning yoshigacha, o‘z gunohsizligini isbotlash uchun yugurib-elishlarigacha, ammo haq ekanligini amalda isbotlay olmay, ruhan azoblanib, o‘lib ketishlarigacha bir-biriga o‘xshaydi.

O‘tgan yili ikkita biografik roman yaratildi. Bular N.Karimovning “Mirtemir” va O.Hayitning “Arosatlar oroli” deb atalgan asarlari bo‘lib, ular o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. Ma’rifiy-biografik roman yaratishda katta tajribaga ega bo‘lgan professor Naim Karimov (olimning Cho‘lpon, H.Olimjon, M.Shayxzoda haqidagi romanlarini eslang) o‘zbek adabiyotining eng sadoqatli, eng xokisor vakili Mirtemirning monumental qiyofasini ham adabiyotshunos, ham tarixchi, ham etnograf, ham psixolog sifatida mukammal chizib bera oladi. Biroq O.Hayitning asari to‘g‘risida iliq fikr bildirishdan ojizmiz. Gap shundaki, yozuvchi yoshligidan ko‘p qiyinchilik, yaxshi va yomon odamlarni ko‘rgan, harbiy xizmatni o‘tab kelgan 24-25 yoshdagi jurnalist Qodirjonning hayot yo‘lini aks ettirishni niyat qilgan.

Aslida, u boshidan kechirgan voqealar shu qadar o‘tkinchi, shu qadar nomuhimki, ular oldida dovdirab qolgan Qodirjonning ahvoliga achinib ketasiz. Bu asar shunchaki voqealar bayonidan iborat bo‘lib qolgan.

Ma’lumki, mustaqillikka erishganimizdan keyin tariximizga munosabat tubdan o‘zgardi. Shu paytgacha qora bo‘yoq bilan chaplangan tarix sahifalaridan nur va haqiqatni izlashga e’tibor kuchaydi. Dostonlar, dramalar, qissa va hikoyalardan tashqari har yili tarixiy mavzuda yozilgan talay romanlar dunyoga kelayotganligi ana shu sa’y-harakatning samarasidir. Shunga qaramay, hali xalqimiz tarixida “ochilmagan qo‘riq”lar juda ko‘p va ular o‘zlashtirilishini intizorlik bilan kutib turibdi.

Ana shunday ochilmagan qo‘riqlardan biri – Turkiston o‘lkasining Shayx ul-mashoyixi bo‘lgan ulug‘ zot Xoja Ahmad Yassaviy hazratlarining faoliyati edi.

Adib Sa’dulla Siyoev o‘tgan yili chorak asr davomida izlanib, nihoyasiga yetkazgan “Ahmad Yassaviy” nomli roman-dilogiyasini o‘quvchilar hukmiga havola qildi.

Aslida, ushbu romanning birinchi kitobi yangi asr boshlarida “Yassaviyning so‘nggi safari” nomi bilan e’lon qilingandi. Shundan so‘ng ikkinchi kitob ustida adib o‘n yildan ortiq ishladi. “Ona yurt shamollari” deb nomlangan ikkinchi kitob haj safariga ketayotgan hazratning yo‘l-yo‘lakay sadoqatli muridi Sulton Sanjar hukmronlik qilayotgan Marv mamlakati aholisini o‘lat balosidan qutqargach, haj savobini olgani haqidagi ilohiy ishora tufayli Turkistonga qaytishidan boshlanadi.

Umuman, ikkinchi kitobda Xoja Ahmad Yassaviyning ma’naviy-ruhiy, ma’rifiy-ijodiy faoliyati doirasini birmuncha kengaytirish imkoniyatlari mavjudligi sezilib turibdi. Biroq muallif ulardan foydalanishni istamagandek taassurot qoladi.

Taniqli yozuvchi Nurali Qobul so‘nggi yillarda ko‘proq tarixga murojaat qilib, uning shonli sahifalarini badiiy obrazlar vositasida shavq bilan hikoya qilishga kirishdi. Bu borada adib qisqa muddatda ikkita roman yaratdi. Yozuvchining “Taxt tagidagi zindon” romani bundan atigi ikki yil avval e’lon qilingan “Buyuk Turon amiri yoxud aql va qilich” romanining mantiqiy davomi bo‘lib, ular bir-birini to‘ldiradi. “Taxt tagidagi zindon”da ulug‘ Amirning xiyonatkor va ikkiyuzlamachi To‘xtamishxon bilan olib borgan muhorabasi ifodalangan. Romanning jurnal sahifalarida e’lon qilingan atigi 4 bobi (2, 3, 4, 5) ga tayanib, muallifning g‘oyaviy niyati haqida tugal xulosa chiqarish qiyin. Bu haqda roman to‘la bosilib chiqqandan so‘ng fikr yuritish o‘rinlidir.

Taniqli adib Komil Avaz “Sozanda” romanida asosiy e’tiborini Xorazm qo‘shiqchiligi tarixi, uning bardavom bo‘lishiga munosib hissa qo‘shgan xalq hofizlarining faoliyatini aks ettirishga qaratadi. Roman ma’nan poklanish vositasi va ruhiyat ozuqasi bo‘lgan soz va ilohiy kasb egasi sozanda haqidadir. Bu niyatini ifodalash uchun adib Xorazm tarixining XX asr boshidan 50-yillargacha bo‘lgan eng murakkab davrini qalamga olgan. Voqealar markazida polvon, sozanda va xonanda, pokiza niyatli Qutlug‘murod, shaxsiy manfaatiga erishish yo‘lida har qanday razillikdan qaytmaydigan Matmurod hofiz (Matti mutrik), qat’iyatli ustoz Abdirim bangi, go‘zal va ishonuvchan qiz Qamarsulton hamda uning ota-onalari obrazlari turadi.

 Xuddi shunday tarixnavislikka berilib ketish qusuri H.Sattoriyning “Sog‘inch” romanida ham uchraydi. Roman bayonida axborot haddan ziyod ko‘payib, o‘quvchini zeriktirish darajasiga yetadi. Ayrim o‘rinlarda badiiy tasvirdan ko‘ra ilmiy tafakkur ustun kelganligi sezilib qolgan. Eng muhimi, romanda voqealar rivojiga turtki beruvchi, qahramonlarni harakatga keltiruvchi jiddiy konflikt, ko‘zga yarq etib tashlanadigan xarakter uchramaydi.

B.Xudoyberganovning “Ayol armoni” romani oliy o‘quv yurtini tamomlab, oilasiga qaytgan uch qizning uch xil taqdiri orqali qizlik sha’ni, nomusini asrash baxt va milliy qadriyat degan fikr asosiga qurilgan. Tursunoy bilan Shahlo o‘ylamay bosgan qaltis qadamlari tufayli bir umr armonda yashaydilar. Farangiz esa sabr-toqat bilan “tosh kelsa – kemirib, suv kelsa – simirib”, yomonlarning ham tahsiniga sazovor bo‘ladi. Har uchovining qismatida oiladagi muhit, ayniqsa, ona asosiy rol o‘ynaganligiga alohida urg‘u beriladi.

 Xullas, 2012 yilda yaratilgan romanlar voqelikni bayon qilish va obrazlar talqiniga ko‘ra an’anaviy hamda noan’anaviy usullarda bitilgani ularning shak­lan va mazmunan yangilanib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, muhim ijtimoiy-ma’naviy muammolarni ko‘tarish, ularni yirik xarakterlar vositasida o‘quvchilar shuuriga singdirish san’atkorlar oldidagi muhim vazifa bo‘lib qolayotganligini unutmasligimiz lozim.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.