OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Luzonda ko‘ngil ozishlar va isiriq solishlar (1923)

Hangama

Radio xabarlaridan

Liflid-20. Ozchiliqtashkil etgan erkatoylar masalasini qarayturg‘an shallaqilar kamisiyasi kecha shunday takliflar kirgizdi:

  1. Hazrat Isoning tug‘ulish bayramida (rojdestvoda) Turkiya hukumati xristianlarg‘a hadyalar tarqatsun.
  2. Turkiya qo‘l ostida bo‘lg‘an xristian xotin-qizlari dunyog‘a «Yangi itbachcha» tashlasalar (haromzodalari ham shu hisobda) Turkiya hukumati to‘xtovsiz suyunchilarini bersun.
  3. «Yangi tug‘ilg‘an haromzodalar»ning nog‘orachisig‘a, yupqa-cho‘zmasiga, bo‘ynig‘a osaturg‘an oltun butiga va beshik to‘yisiga ham kafil bo‘lsun.
  4. Turkiya xazinasi xristian butxonalariga har yili yangi qo‘ng‘iroq ishlatub bersun.
  5. Xristianlarg‘a mutobi’atan har bir turk o‘z uyiga «Ona xudo bilan bola xudo»ning suratlarini ossun.
  6. Har bir bo‘ynig‘a besh vaqt namoz farz bo‘lg‘an turk, o‘qug‘an namozidan keyin xristianlar haqiga duo qilmoqqa vijdonan majbur bo‘lsin.

Agar turklar ushbu takliflarni bosh to‘lg‘amay qabul qilsalar, inshoolloh, o‘t balosidan, suv bolosidan va boshqa anvoyi turluk ziyon-zahmatlardan emin bo‘lg‘aylar.

Taklifchilar o‘z talablarini turklar tarafidan lom-mim deyilmay, qabul qilinishig‘a ishong‘an edilar. Lekin Turkiya vakili Rizo Nuribek bu takliflarga qarshi shunday javob berdi:

— Taassufki, biz bunday erkaliklarga quloq bera olmaymiz.

Bu javobdan so‘ng butun ittifoqchi vakillariga bezgak kasali arz bo‘lib ikki parashokdan xinin[1] iste’mol qilishdilar. Kerzo‘nning ko‘ngli ozib qolib va nazilus-kinnachiga[2] yugurdi. Ikkinchi tomonda Ismat posha bilan bizning Chicherin to‘ra Rizo Nuribekka isiriq soldilar. Bu kun Luzonda qiziq tomoshalar bo‘ldi[3].

Tarjimon: Julqunboy

«Turkiston» — 1923 yil, 5 yanvar, 44-son

 

[1]Xinin — bezgak kasalining dorisi.

[2]Nazilus-kinnachi — kinnani tushiruvchi.

[3]Luzon (Lozanna) konferensiyasi — Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solish maqsadida Shveytsariyaning Lozanna shahrida 1922 yilning 20 noyabridan 1923 yilning 4 fevraligacha xalqaro konferentsiya bo‘lib o‘tadi. Unda Angliya, Frantsiya, Italiya, Gretsiya, Ruminiya, Yugoslaviya, Yaponiya, AQSh, RSFSR, Turkiya qatnashadi. Ko‘rilgan masala: Turkiyaning mustaqilligini tan olish yoki olmaslik. Qora dengiz bo‘g‘ozlarining ish tartibini belgilash. RSFSR ning bo‘g‘ozlar xususidagi masala Lenin tomonidan ishlab chiqilib, ular tinch va harbiy holatlarda harbiy kemalar uchun yopilib, faqat savdo kemalari uchun butunlay ochiq ekanligi nazarda tutilgan edi. Angliya vakillari esa, Turkiya betaraflik yo‘lini tanlashi, bo‘g‘ozlarni qurollardan xoli qilish va uning ustidan Antanta davlatlarining nazorati o‘rnatilishini talab qildi. Turkiya o‘ziga iqtisodiy, hududiy va boshqa masalalarda yordam berishini nazarda tutib Angliya vakillarining bu taklifiga rozi bo‘ldi. Lekin Angliya vakili Kerzon: «Turkiya mustaqillikka erishish uchun ushbu talablarni bajarishi lozim» deb, quyidagi mudhish shartlarni qo‘ydi:

  1. Xalifalikni butunlay bekor qilish;
  2. Xalifani Turkiya hududlaridan tashqariga chiqarib yuborish;
  3. Uning mol-mulkini musodara qilish;
  4. Davlatning dindan ajratilganini e’lon qilish;

Turkiya bu shartlarga rozi bo‘lmaydi. Zotan, Yevropaning bosh maqsad-g‘oyasi, azal orzusi mana shu so‘nggi shartlar edi. U bunga keyinroq, 1924 yil 24 aprel kuni erishdi. Maqola muallifi Antanta davlatlarining Turkiyaga qilgan takliflarini ana shunday kinoyali tarzda tanqid qilib o‘tgan edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.