OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Nafsi shayton (1922)

Hangama

Hangama talab bo‘lsang,

Shayxantahurga yo‘rta ber,

Bir noz egasi qanjuq —

Ming dumsizni o‘ynatur.

O‘qug‘uchi o‘rtog‘im! Agar siz maning bu maqolamdag‘i mavzu masalamga tegishligi yo‘q bir eski musulmon bo‘lsangiz o‘zingizda iqrori sarihi sahihi mo‘‘tabari shar’iy qilursiz!

Nimaga deysizmi?

Har kun kechasi Shayxantahur bozori shabida uchrayturganingiz marjalar’ orqasidan ergashib yuriturg‘an o‘zimizning zanjirsiz iskovichlarimizga!

Yana nimaga deysizmi?

Volidasi bilan hamshirasining upa-eligi va o‘sma-surmasini o‘g‘urlag‘an navnusxa yoshlarimizg‘a va o‘zlarining sun’iy diydori sharifiga maftun akalarning og‘zidan oqqan so‘lakaylariga!

Ol-ha, hayitingiz muborak!

Bu so‘ngg‘i sinf vofurushlar haqida marhum parikmaxer Hojining qachondir manga: «O‘zlari mato’larini bozorg‘a solsalar na qilay?» degan uzuromuz so‘zining to‘g‘rilig‘ig‘a imon kelturub, hammamiz ham faylasuf Hakim Hojining ruhiga duo qilayliq.

Domlalarcha etkanda olam hodis-de...

Ho-ho-ho-ho... Olam hodisning uyi kuysunki, har kun kechasi shu hangama yuz ko‘rsatsa, har bozori shab bir martabagina emas, yuz martalab yuz bersa!.. Agar esingiz bo‘lsa, buning o‘zi oxir zamon alomati...

Yoki bo‘lmasa nafsi shayton!..

Nafsi shayton? Agar nafsi shayton endigi kunlarda shunday kishi tanimasliq bo‘lub o‘zgargan bo‘lmasa... astag‘furulloh... Bizning ilgarigi zamonlarda nafsi shayton degan narsa Mirza Bekyontisning chiroylik pivoxonasida bo‘lar edi. Nainki Shayxantahur boboning gumbazi ustida!.. Siz ham har kun kechasi ko‘rarsiz: militsaning go‘ristonliqdan ushlab chiqaturg‘an tuppa-tuzuk odamshavanda sochi taralg‘an, dumi yuluq, qib-qizil barkashdakkina yuzlik sun’iy afandixon hazratlari bilan o‘zini fir’avn qizi bilgan dilbarxon...larni!..

Bali, bali, yuzingdan nur tomadir-a afandim?..

Bu holni ko‘rganlardan qaysidir bir yangi musulmon eski musulmonlarg‘a xitoban:

Nomiga musulmonlar,

Haqliqda quruq jonlar!

Bulgatdi bobong ustin,

Na bo‘ldi musulmonliq! — deydir.

Yana birovi Shayxantahur bobog‘a qarab:

Ustingda o‘tar har tun

Bir ming jo‘ra hayvonliq!

Erding-ku valiylardan

Na bo‘ldi buzurvonliq?! — deydir.

Lekin bu xitoblar ortiq bir taassub, ammo haqiqatka kelganda: «Nafsi shayton!»

Julqunboy

«Qizil bayroq» 1922 yil, 20 may, 176-son, 3-bet

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.