OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Otam va bolshevik (1922)

Kulgulik

Otam 1242 hijriy — 1823 melodiy yillari Toshkandda tug‘ulub, alhol, 99-100 yoshlaridadir. Ruslar istilosi vaqtida 42 yoshida bo‘lub Toshkandni ruslardan mudofaa qilg‘an qahramonlarning biridir.

Turkiston xonlaridan Sheralixonni, undan so‘ng Xudoyorxon, Mallaxon ham bu orada yillab va oylab xonliq qilub o‘tkan Murodxon, Said Sulton va boshqa xonlarni, Toshkand beklaridan (hokimlaridan) Muhammad Sharif otaliq, Salimsoqbek (bu zot Buxoro amiri tomonidan Toshkand bekligiga qo‘yilg‘an edi. Musulmonqul tomonidan o‘ldirildi), Azizbek, Normuhammad qutabegi, Shodmon o‘roq, Qanoat shoh, Mirza Ahmad qushbegi, Mallaxon (Mallaxon og‘asi Xudoyorxonning xonlig‘i vaqtida Toshkandda uch yillab bek bo‘lub turg‘andir). Eng oxirdan Qo‘shdodholarning bekligini ko‘rub, o‘tkuzgan. Xonliqning bosh noziri va qo‘mondoni o‘rnida bo‘lg‘anlardan Musulmonqul va mulla Alimqullarni ko‘rgan va urushlarida bo‘lg‘an. Piskatlik Qashg‘ar amiri mashhur Yoqubbekni Qashg‘arg‘a kuzatkan.

Shundoq qilub, qirq yillab musulmon xonlari zamonini, elli yillab Rusiya chor istibdodini va endi besh yillabdirki mehnatkashlar hokimiyatini ko‘radir.

Tabiiy, otam, Rusiya chor hukumatini sira ham tilamaydir. Chunki uning elli yillik istibdodini o‘zi istiqbol etkan, Chorning achchig‘-chuchugini ko‘b tatig‘an. Bu kungi mehnatkashlar hokimiyatiga ham uncha do‘st emas. Buning ham sababi ma’lum. Ammo xon zamonlarini o‘ylagan choqlarda: «Ey, xo‘b zamonlar bor edi, tilla jobduqliq otlaru va basavlat beklaru o‘rdalarda har kun qarsa bazimu... O‘tub ketdi endi bir zamonlar», deb afsus yeb qo‘yadir.

Chorlar zamoni to‘g‘risig‘a kelganda: — Xoh, xoh, xoh, xoh! Xo‘b oq podshoh ekan-ku... Oq podshohni hech kim yengolmas emish. Oq podshohga hech bir qiron bas kelmas emish!.. Kushandasi duch kelganda shunday ham dumini xoda qilar ekanki... Xoh, xoh, xoh, xoh, xo..! Hoy Abdi... hali oq podshohni bolshevoy otub yubordi dedingmi?.. Barakalla bolshevoyingga, balli bolshevoyingta, xo‘b qilubti-da! Oq podshohligini burnidan chiqaripti... Xoh, xoh, xoh, xo-o-o...

Sho‘rolar hukumati to‘g‘risida ul hech bir tushuna olmaydir. Sho‘rolar hukumati haqida yuz qat istifsor qilub unutadi. Uningcha, oq podshohni yengib o‘rniga o‘lturguchi — bolshevik otliq bir qahramon yigitdir:

—     Bolshevoying necha yoshda borikin?

—     Bolshevik bir kishi emas, dada... bolshevikning ma’nosi ko‘bchilik, kambag‘al degan so‘zdir. Misol siz kambag‘alsiz, siz ham bolshevikdan sanalasiz, hozirgi bolshevik hukumatidan murod — kambag‘allar hukumati deyishdir... Ilgarigi oq podshoh hukumati boylardan iborat edi. Ammo bu hukumatning oq podshosi ham yo‘q va bunda boylarg‘a ham o‘run berilmaydi. Yolg‘uz siz va bizga o‘xshag‘an kambag‘allar hukumati...

—     Ha, ha, shundoq degin-chi...

Oradan yo uch kun o‘tadi va yoo‘tmaydir. Eski turmush bilan zaharlanib qolg‘an cholingiz boyag‘i bir mirilikdak qilub ro‘molg‘a tugub berilgan tushundirishni unutadir-da, bolshevikni bir shaxs, kambag‘aldan chiqg‘an ulug‘ bir oq podshoh deb bila boshlaydir:

—     Bolshevoying juda ham boturboy yigit ekan-da, askari ham bir-ikki lak bordir?

— Ha,besh-olti lakbor!..

—     O‘bba bachchataloq... o‘zi ham hirs qo‘pg‘an ekan. O‘zimning bir oz darmonim yo‘qroq-da, o‘g‘lim. Bo‘lmasa, bolshevoyingga yigit bo‘lub kirar edim. Agar bolshevoying oldig‘a chiqsang mendan salom degin. Sani degin, boboy duo qildi degin... Bachchatalog‘ingni bechoraparvar deb eshitaman: ko‘ynak-ishtonga besh-o‘n olchin mata so‘rasang berarmikin?.. Xayr, bermasa ham go‘rga. Ishqilub soliqlardan darhon qilsa bo‘ldi. Hammadan ham boqqa ko‘z olaytira ko‘rmasun.

Ba’zan cholingiz istiqbol qo‘msay boshlaydir:

—     Xudoning xohlagani-da, kofirning qo‘lida qolub ketdik... O‘zimizda g‘ayrat yo‘q. Agar yurt bir og‘izg‘a tupurub, yarog‘ topolmag‘anda ham qora kaltak bo‘lub chiqsa, isni-biska qo‘ymas edi. Qadimgi zamonning yigitlaridan shu kunda ham bo‘lg‘anda-chi, ey-ha, o‘rusingga yo‘l bo‘lsun.

—     Qora kaltak bo‘lishning nima keragi bor, dada? Bolshevoyning kattasi o‘zimizning musulmondan. Qushbegilar, otaliqlari o‘zimizdan, o‘rtada ulardan bitta-yarimta dodxohlar bo‘lsa bor!..

Bu so‘zni eshitish bilan chol taajjub va tahayyurda qoladir:

—     Nima deding?..

—     Bolshevoyning ulug‘i o‘zimizning yigitlardan.

Chol hozir boshi berk ko‘cha ichida... shu holda bir-ikki tamshanib olg‘ach, yana uzundan-uzoq bolshevikning asli-nasli haqida istifsor talab qiladi...

—     Tuzuk, tuzuk, ko‘b yaxshi. Bolshevoying odamoxun ekan, sarbozdan kel, sarbozdan. O‘zimizdan sarbozlar bormi?

—     Bor, lekin bo‘lsa ham yo‘q hisobida.

—     Attang, shunisi chakki ekan.

—     Nima zarari bor, dada.

—     Ey, o‘g‘lim, odam bo‘lgandan keyin har narsaning ham boshida bo‘lish kerak, «Non qo‘ynimda, it keyinimda!..»

Shundoq qilub, otam bolshevoyga yigit bo‘lmoqchi-ya. Biroq bir oz darmoni yo‘qroq-da... Eqtimolki, bahorg‘a chiqub darmoni yaxshilanur, sochlari qorayub, boshqa o‘g‘lon tishlari chiqub bo‘lsa ham, lekin hozirga endigina milk yorub kelmakda bo‘lg‘an ikkita jag‘ tishlari ham chiqub bo‘lur-da, cholni bolshevoy ham yigiglikka qabul qilur va ul bolshevoyga chin «sarboz» bo‘lur.

O‘g‘li Julqunboy

«Inqilob»[1] - 1922 yil, 7-8-son

[1] «Inqilob» jurnali 1922 yil 1 fevralidan 1924 yilning oktabr oyigacha oyda bir marta chiqqan, Bosh muharriri Nazir To‘raqulov, noshiri Turkisgon kommunistlar firqasi. Jurnalda siyosiy, iqtisodiy, adabiy, ta’limiy, milliy masalalar yoritilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.