OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Sho‘x baytal (1923)

Sho‘x baytal har bir millatda ham bor. Farang sho‘x baytallari[1] haqida ajib rivoyatlar eshitamiz.

Angliz siyosiyunlari Lo‘ndo‘n sho‘x baytallarini Sharq amir va shohlarini yovvoshlandirish uchun Arabiston, Eron va Hindistonlarga yo‘llar ekanlar.

Lo‘rd Kerzo‘n o‘z siyosatini Sharqda amalga oshirish uchun qizchasini Eron hukmdori Ahmad shohg‘a nazir tortqan, deb ham so‘zlaydirlar.

Kobulda yotqan sobiq Buxoro amirining butun qayg‘u kulfatlarini unutdirib turgan ermaklarning birinchisi angliz sho‘x baytallari bo‘lsa, ikkinchisi o‘zimizdan chiqg‘an sho‘x ayg‘irlar[2], deydirlar.

Chet ellarda bo‘lg‘an sho‘x baytal masalasi mana shu yo‘sinda. Ammo bizning maqsadimiz bunda emas.

— Ichki Rusiyadan oliq-sotiq uchun bu yerga kelguchi o‘rus qarqunoqlari[3] bor-gap bular ustida ham emas.

— Sharif afandi Boychura degancha nasha solingan palov oshab, esirib[4] yurgan tatar olato‘g‘anoqlari ham yo‘q emas — bularning ham bizga ahamiyati yo‘q!

Bo‘lmasa gap soyda-yu, qaysi qirda?

Berdi Xudo Toshkand uchun bir pari

Esankirab ketdi go‘dak ham qari!

—     Tiss!

Durust, O‘ktamxonning Toshkand kelganiga endi ancha yillar bo‘ldi, uning bazmini, husnini ko‘rmagan Toshkand mehmonxonasi endi ehtimol sira qolmag‘andir. To‘y-to‘kunlarda uning bir piyola choyini ichib, chakkasiga yuztalik qistirmag‘an ehtimol siz bilan bizdirmiz. Ammo shunchalik davru davronlar o‘tquzilg‘an va o‘tquzilmoqda bo‘lg‘an bo‘lsa ham bunchalik ochub... tiss!

Yopig‘liq qozon-yopig‘liq... Tuya ko‘rdingmi-yo‘q...

Tuzuq, Hofizko‘yki mahallasidagi keyingi janjallar bilan ishning usti bir oz ochilub ketkandek ham bo‘ldi, sho‘x baytal masalasi hatto mehrob janjallarig‘a ham aylanib ketdi. Lekin biz shunda ham ishni yopilub qolmog‘ini tilaymiz. Chunki bu ne’mat osmonining ustida ko‘b maxluqlarimizning nasibalari bordir. Qurt-qurimsqa, ola qo‘ng‘uz-qora qo‘ng‘uz, bakovilu yasovullarimizning xissalari bordir.

Bittayu bitta bo‘lub yetishkan sho‘x mashrabimizning subhi shom, balki aladdavom duoyi jonini qilub yurgan:

—     oq sallalik varasatulanbiyolar va aziz avliyolar haq-hurmati,

—     sho‘x baytalni deb molidan, jonidan kechkan, eng oxirda uyidagi xotunini qo‘yg‘an boylar va boybachchalar hurmati,

—     to‘ylarda, bazmlarda sho‘x baytalning bir piyola choyiga o‘lib-o‘lib yetishaturgan yigit yalanglar hurmati.

—     Tiss! deymiz, tuya ko‘rdingmi yo‘q! deymiz.

Mushtum

«Mushtum»—1923 yil, 5-son, 2-bet

 

[1]Baytal — urg‘ochi ot.

[2]Ayg‘ir — erkak ot.

[3]Qarqunoq — bu yerda: o‘g‘ri; xufiya ma’nosida.

[4]Esirmoq — (tatarcha) mast bo‘lmoq.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.