OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Yomon ko‘z (1923)

Yomon ko‘zdan saqlanish kerak

Ba’zi-ba’zida «Turkiston» bilan «Yosh sharq» gazetalariga ko‘zim tushub qoladir. Nimalarga yo‘liqasan deng! Xudo ko‘zdan saqlasun.

Gazetalarda qiziq-qiziq baytlar bosiladir. «Mamadanalar»ninggina og‘zidan chiqaturg‘an «to‘ti qush» gaplarini o‘shal baytlarda ko‘rasiz. Gapka muncha chechan bu haromilar?!

«Falon maktabning falon sinf talabasi» deb qo‘l qo‘yilg‘andan keyin, albatta, uni yozg‘uchilar «ahli soqol» xudo bandalari emas, yosh go‘daklar, turkiy qilib aytsang, kichkina tirranchalar!

Yosh bolag‘a kim qo‘yibdir kattalar turg‘anda og‘iz ochib, gap gapirishni? Zamonaning bolalari bu hikmatning ma’nisini bilarmi edi? Ular gapiraberadirlar.

Bolaning ko‘b gapirganini «mamadana» deymiz. Mamadana bolalar ko‘pincha jinni bo‘ladirlar. Buning sababi-da shudirkim, bola «Ha» deb jovrab sayrab gapirabersa bir ochko‘z mo‘‘min boradi-da: «O‘sdirganingga balli, xo‘b sayrayturg‘an bo‘libdirmi?» deb, ko‘zini moylantirib bir qarab qo‘yadir. Bolaga ko‘z tegish shu bo‘ladir.

Ana shu mo‘‘minning qarashi yomon ko‘z, ya’ni «badnazar» bo‘ladir. Yomon ko‘zdan saqlanish har bir mo‘‘minning vazifasi.

Gazetalarni o‘qusangiz, kichkina-kichkina tirranchalarning gapka ustalig‘ig‘a hayron qolasiz. O‘shalar ham musulmon bolasi, mo‘‘min bandalarning o‘g‘li.

Bittasini yaxshi taniyman: xuddi Pirmuhammad a’lam domlamizning maxdumlari. O‘shanday musulmon farzandlarini yomon ko‘zdan saqlash kerak.

G‘araz: yelkalariga bitta-bitta tumor taqib qo‘yish qiyin ish emas. Yomon ko‘zdan saqlayturg‘an duolar, tumorlar, ko‘zminchoqlar to‘lub yotadir.

Zomonaning oxiri,

Kattalar jim-jit,

Bolalar sayraydir.

Shuning uchun aytkan-da, ota-bobolarimiz:

«Kichkina mitti—Xonxo‘jani yiqitdi» deb...

Mushtum

«Mushtum» — 1923 yil, 6-son, 1-bet

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.