OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov. Hayratning ko‘zlari katta bo‘ladi... (1992)

She’riyatga yulduzdek chaqnab kirib kelgan va milliy tafakkurga isloh kiritgan shoirlardan biriAbdulla Oripov. Uning solih asarlari yorug‘lik ko‘rgan kun she’riyat shaydolari dilida unutilmas iz qoldirgan. Surur yo mahzunlik, shoirona kayfiyat ruhimizni chulg‘ab olsa, aksar hollarda Abdulla Oripov satrlari turnadek tizilib, beixtiyor xayolimizdan kecha boshlaydi:

Qaydadir shoira kuylaydi behol:

— Ko‘nglim ham bu kecha oyday yarimta...

Umumta’lim maktablarida adabiyotdan saboq dasturi (loyiha)da Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” (V sinf), “Men nechun sevaman O‘zbekistonni”, “Ona tilimga”, “Dorboz” (VI sinf), “Ona sayyora” (VIII sinf) she’rlari hamda “Jannatga yo‘l ” (XI sinf) dramatik dostoni tahliliga alohida vaqt ajratilgan. “O‘zim haqimda” degan kamtarona so‘zini quyida e’lon qilayotirmiz. Bundan murodtil va adabiyot o‘qituvchilariga ko‘mak berish, Abdulla Oripov hayoti va ijodiy faoliyati haqida birmuncha yorqin tasavvur uyg‘otishdir.

O‘ZIM HAQIMDA

Men 1941 yil 21 mart kuni Qashqadaryo viloyatining hozirgi Koson tumaniga qarashli Neko‘z qishlog‘vda tug‘ilganman. Bolalik yillarim ko‘hna Qo‘ng‘irtov etaklarida kechdi. Biroq, u joyda dov-daraxt o‘smas, chuchuk buloqlar yo‘q, quduq suvi ham nihoyatda sho‘r va nordondir. Faqat bahorning qisqa faslida ko‘klam yomg‘iridan bahra olgan baxmalday maysalar, anvoyi giyohlar o‘sadi. Lekin ularning umri ham bahorning o‘zi yanglig‘ o‘tkinchidir. Ichimlik suvini olti-etti chaqirim naridan ko‘zalarda tashib keltirar edik. Saratonning olov ufurib turgan kunlarida hayotimiz go‘yo bir maromda kechar edi. Suv tashirdik, g‘alla o‘rardik. Urushdan keyingi yillarni yaxshi eslayman. Qishloq ko‘chalarida qo‘ltiqtayoqda sobiq jangchilar o‘qtin-o‘qtin ko‘zga tashlanar, odamlarning kun kechirishi g‘oyatda nochor edi. Biroq, biror oila qishlog‘imizni tashlab boshqa joylarga ketib qolishmagan. Endi o‘ylasam, hamma yerda ham qiyinchilik bir xil bo‘lgan. Lekin bolalik yillarim faqatgina mungli xotiralardangina iborat emas. Hayratning ko‘zlari katta bo‘ladi, deyishadi. Ayniqsa, yoshlik chog‘laringda olam ko‘zingga boshqacharoq ko‘rinadi, sirli tuyuladi. Bahor yomg‘iridan keyingi sel toshqinlari, bepoyon adirlar ortidagi ufq, tog‘ etaklarida hazin xonish qilib kezgan mehmon turnalar, shuvoqzorlarda yayrab yurgan ohu uyurlari, va nihoyat, janubning tim qora osmonida qandildek osilib turgan ulkan-ulkan yulduzlar...

Balki bu manzaralar hanuzgacha qaylardadir bordir. Lekin mening bolalik yillarim esa sira qaytmas bo‘lib ortda qolib ketdi. Ana o‘sha chog‘larda men qo‘limga qalam olib, birinchi she’rimni yoza boshlagan edim. Oilamiz haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsam: otam Orif bobo Ubaydullo o‘g‘li to‘qsonni qoralab qolganlar. U kishining butun hayoti qishloq hududida mehnat bilan o‘tgan. Rahmatli onamni Turdi Karvon qizi derdilar. Onam 1966 yili hayotdan ko‘z yumdilar. Onamning xotirasiga bag‘ishlab ko‘plab she’rlar bitganman. U zotning unutilmas mehri qoshida o‘zimni hanuzgacha qarzdor hisoblayman.

Onam tabiatan g‘oyat ta’sirchan ayol edilar. O‘choq boshidami, tandir yonidami ish bilan mashg‘ul chog‘larida qadimiy mahzun baytlarni takrorlashlari hanuzgacha esimdan chiqmaydi:

Gulira’noning tagida yuvma sochingni,
yuvma sochingni,
Shahlo ko‘zginangdan to‘kma yoshingni,
to‘kma yoshingni.
Shahlo ko‘zingdan to‘ksang yoshingni,
to‘ksang yoshingni,
Olarman-da ketarman yolg‘iz boshimni,
yolg‘iz boshimni.

Oilamiz katta, ro‘zg‘orda to‘rt o‘g‘il, to‘rt qiz o‘sganmiz. Men o‘g‘illar orasida kenjasiman. Akalarim turli oliygohlarda tahsil ko‘rishgan. Ularning yiqqan kitoblarini obdan o‘qib chiqqanman. Ko‘pgina adiblarni o‘sha paytdan g‘oyibona taniganman, ilk she’rimni o‘shalarga ergashib yozganman.

1958 yil o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlab, Toshkent Davlat dorilfununining (hozir O‘zMU) jurnalistika kulliyotiga o‘qishga kirdim. Ana o‘sha yillardan buyon Toshkent va uning muhiti men uchun qadrdon maskanga aylanib qoldi. Men bir narsaga aminmanki, tabiat kishiga qanchalik iste’dod bermasin, agar uni muttasil o‘qish-o‘rganish bilan, qisqasi, ilm va mehnat bilan mustahkamlab bormasa, biror natijaga erishishi mushkuldir. Shu ma’noda maktabdayu dorilfununda ta’lim bergan ustozlarimni chuqur minnatdorchilik bilan eslayman.

Lekin, u mahallarda jamiyatning haqiqiy fe’l-atvori biz tengilarga unchalik ma’lum emas edi. Ko‘pgina adiblarning fojeaviy tarixlari ochiq aytilmas, kitoblari nashr qilinmas, din qatag‘on etilgan, ona tilimizning maqomi past, adabiyotimiz tarixi ham maxsus ko‘rsatmalar asosida o‘qitilar edi. Shunday sharoitda “qaltis” mavzularda she’rlar yozib, baloga ham qolganmiz. Ijodim jarayonida ko‘pgina she’riy to‘plamlarim nashr etildi. “Mitti yulduz”, “Onajon”, “Ruhim”, “Hayrat”, “Yuzma-yuz”, “Yillar armoni”, “Ishonch ko‘priklari” va hokazolar shular jumlasidandir. “Jannatga yo‘l”, “Hakim va ajal”, “Ranjkom” kabi dostonlarim bor. Keyingi paytlarda tariximizning boy ma’naviy qadriyatlaridan ta’sirlanib, “Hikmat sadolari” kitobimni yozdim. Asarlarim ko‘pgina tillarga tarjima qilingan. Shuningdek, o‘zim ham tarjima ishlari bilan shug‘ullanaman. Buyuk italyan shoiri Dantening “Ilohiy komediya” (“Do‘zax”) asarining tarjimasini bu sohadagi mehnatimning eng muhim mahsuli deb hisoblayman. Xullas, o‘tgan davrning baland-pastidan men ham bebahra qolmaganman.

Biroq men uchun eng katta siylov kamtarin ijodimga xalqimning muhabbatidir. Yana shuni ham aytib o‘tishim joizki. 1981 yilda “Hakim va ajal” dostonim uchun O‘zbekiston Davlat mukofotiga hamda 1990 yili “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor bo‘ldim. Oilam, olti nafar farzandim bor.

Rejalarim, albatta, ko‘p. Qadrli o‘quvchilarim bilan nainki kitob sahifalari orqali, balki yana uzoq yillar yuzma-yuz ko‘rishib turishni orzu qilaman.

“Men nechun sevaman O‘zbekistonni” (1964 yil)

— Yigirma sakkiz yil burun yozilgan.

Qochgan ham, quvgan ham xudo deydi. Hozir qahramonlar ko‘paygan. O‘sha davrlarning yuksak mukofotlarini biz ham olganmiz. Biroq O‘zbekistonning ona-Vatan, demakki, aziz va mo‘‘tabar, muqaddas ekanligini kamtarona aqlimiz bilan fahmlashga uringan ekanmiz-da...

“Ona tilimga” (1965 yil)

— Bu she’rning tarixi juda uzun. Sakkiz qatorlik shu she’r boshimga sakkizta bomba bo‘lib tushishini tush ko‘ribmanmi?

Hozirgi yoshlar ona tilimizga Davlat tili maqomi berish haqidagi Qonunni “hatgo” uddalab bajara olishmayapti. U mahallarda-chi?..

She’r chiqqach, “Hali sening ona tiling bormi? Hali sen jahon sotsializmi g‘oyasiga qarshimisan? Ota-onang kim? Qaysi millatchining bolasisan?” — degan bir dunyo tazyiq ostida qolganman.

Har qanday millatda ham xolis va ulug‘ siymolar, albatta, uchraydi. Shundaylardan biri rus xalqining buyuk shoiri Aleksandr Tvardovskiy edi. Ushbu inson o‘sha mahallarda mening uch-to‘rtta she’rim atrofidagi mojaroni eshitgan, dunyoga dong‘i ketgan ustozlar aralashgach, shu she’rlarimning ruscha tarjimasini “Novыy mir” jurnalida e’lon qilgan...

Katta minnatdorchilik bilan bir gapni aytib o‘tishim kerak: balki qamashga, balki meni yo‘q qilib yuborishga asos bo‘ladigan o‘sha uch-to‘rtta she’rim, ya’ni “Ona tilimga”, “Minorai kalon tepasidagi laylak”, “O‘zbekiston” kabi tizmalar Aleksandr Tvardovskiy hamda Qaysin Quliev yordami bilan markaziy nashrlarda bosilib chiqmaganida edi, o‘sha taqdir charxpalagi qayoqqa qarab aylanib ketishi mumkinligini men hozir hatto tasavvur ham qila olmayman.

Ba’zan menga savol berishadi:

— Iste’dodingiz bor. She’ringizni qadrlaydigan badavlat turkiy nashriyotlar yer yuzida mavjud. Modomiki, shuncha qiyinchilik bo‘lgan ekan, nega siz o‘z qadringizni bilib, vaqtida chet elga chiqib ketmadingiz?

Javobim doimo bitta:

— Yurtdan mosuvo bo‘lganlarga taqdir o‘zi jazo bersin. Biroq... shunga imonim komilki, biron-bir o‘zbek chegaraga yetib turganida “ket!” deb orqasiga yopishgan taqdirda ham yo chalqancha va yoki yuztuban Vatan tuprog‘iga yiqiladi. Menimcha, buning izohiga hojat bo‘lmasa kerak...

Xullaski, har bir she’rning yozilish tarixi ko‘pdan-ko‘p hodisalar bilan bog‘liqdir. Shu kunlarda kamina ona tilimizning mavqeini ta’minlash hukumat qo‘mitasining mas’ul a’zosiman. Xo‘sh, o‘sha malomatlar o‘rinli bo‘lganmikan?

Menimcha, bu illatlarning barchasiga aslida muhit aybdordir.

“Dorboz” (1965 yil)

— Bu — timsol she’r.

A. Pushkin nomli bir bog‘ (hozir A. Qodiriy nomida) bo‘lar edi. Biz shuning yonidagi hovlida — ijarada turar edik. Har kuni bog‘da Ma’murjon Uzoqov, Faxriddin Umarov kabi taniqli hofizlar kontsert berishar edi. Jumladan, dorbozlar ham g‘aroyib hunarlarini ko‘rsatishardi.

Men yashaydigan ijara hovli rohatbog‘cha deb atalardi. Bu yerdan haligi hofizlar aytgan ashulalar shundoq eshitilar, dorbozlarning o‘yini esa biz — talabalar uchun tekin tomosha edi.

Yanglishmasam, dor ustida o‘yin ko‘rsatadiganlar — Toshkanboevlar sulolasi edi. Hayotda o‘z yo‘limizni topa olmay yuribmiz-u, qarang, ular qil ko‘prik ustida qanday san’at ko‘rsatayotir! Bunga qoyil qolmaslik mumkin emas edi-da. “Dorboz” degan kichkintoy bu she’r aslida shu o‘ylar bois yozilgan:

Bulutlarga yondosh, osmon ostida:
Kiprikdagi yoshday turibdi dorboz.
Qilichning damiday arqon ustida
Ko‘zlarini yumib yuribdi dorboz.
Odamlar, odamlar, uni olqishlang,
Qarang, u naqadar epchil va o‘ktam.
Biz-chi, eh... ba’zi bir ko‘zi ochiqlar
Eplab yurolmaymiz katta yo‘lda ham.

Ba’zi bir ulug‘ adiblarimiz shu baytlarda o‘zining omadsizligini aks ettirmoqchi bo‘ldi, ya’ni rivojlangan sotsializm davrida ayrim odamning faryodini yozdi bu, deya bong urishdi. Afsuski, bu gaplarga adabiyotshunoslik sohasida non yeb yurgan ulamolar ham, arboblar ham qo‘shilishdi. Buni qarang, vaqti-soati bilan davr barcha hodisalarni o‘zicha tahrir qildi. Vaqtida meni so‘fizmda ayblaganlarning o‘zi bugun so‘filik qilib yurishibdi...

Yana bir misolga diqqatingizni tortayin: she’rxonlar balki bilishar, mening “Olomonga” degan she’rim bor. O‘sha she’r e’lon qilingach, davlatning martabali rahbarlaridan biri, xalqni olomon deyishga nima haqqing bor, deb qat’iy qarshi chiqdi. O‘sha she’r quyidagi satrlar bilan boshlanar edi:

Mashrab osilganda qayoqda eding?
Cho‘lpon otilganda qayoqda eding?..

Adabiyotga daxldor rahbarlar dedilarki, Mashrabga chidash mumkin, lekin bu o‘rinda Cho‘lponga balo bormi?

Har qancha urinmay, gapim o‘tmadi. Cho‘lponning o‘ringa, mayli, o‘sha davr siyosiy qahramonlaridan birining nomini qo‘ya qoling, deb ko‘rsatma berishdi. Men esa, o‘rniga Cho‘lponga qismatdosh, bamisoli u kabi razolat qurboni bo‘lgan isyonkor ispan shoiri Gorsia Lorka nomini qo‘ydim. Aslida mohiyat o‘zgarmagan bo‘lsa-da, baynalmilalchilik tushunchasi tufaylimi yoxud jaholat belgisi sifatidami, har qalay, qismati fojeiy bu shoir nomini qo‘yishga rozilik berishdi.

Eh-h, gapiraversang, gap ko‘p. Qani edi, erinmagan bir odam bo‘lsa-yu, har bir she’rim, har bir satrimning elga yetishuvida qanchalik mashaqqat chekkanimni so‘rab-surishtirsa, men aytib tursam, doston bo‘lar edi...

“O‘zbekiston” (1969 yil) va “Ona sayyora” (1969 yil)

— Ko‘pchilikka ma’lum.

She’rxonni zeriktiruvchi uzundan-uzoq misralar orasida zamonasozlik tarzida yozilgan baytlar ham yo‘q emas.

“O‘zbekiston” qasidasini e’lon qilish men uchun qiyin bo‘ldi. Muharrirlar quyidagicha talab qo‘ydilar: tariximiz, bugunimiz yaxshi aytilibdi. Buning uchun rahmat. Lekin Rossiya haqida bir bayt bitishingiz shart.

Men ularga quyidagicha javob qaytardim:

— Ushbu qasida ona O‘zbekiston haqida. Rus xalqi haqida baholi qudrat asar yozarman...

O‘sha qasidada bugungi kun bolalarining dunyoqarashiga singmaydigan ayrim satrlar mavjud, albatta. Ular zamon taqozosiga ko‘ra tug‘ilib qolgan. Yupanch shulkim, hali barhayot ijodkor o‘z yozganlarini tahrir qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi...

“Jannatga yo‘l” (dramatik doston, 1978 yil)

— Nega bu asar haqida savol berdingiz, ukam? Yarani tirnadingiz. Afsuski, ushbu yarani ochganlar hanuzgacha tirikdirlar.

“Jannatga yo‘l” “Mushtum” jurnalida e’lon qilina boshlandi. O‘shanda, hatto shunday bo‘ldiki, maxsus odamlar Do‘rmonda — ijod uyida qo‘lyozmani yo‘qotib yuborishdi ham.

Yoshlik ekan, xotiram kuchli edi, o‘n minglab baytni yod bilar edim. Jumladan, yo‘qolgan dostonning har bir so‘zini jurnal uchun qayta boshdan tiklab berdim. Shu o‘rinda uni e’lon qilishda mardonavorlik ko‘rsatgan Sa’dulla Siyoevga rahmat aytishga burchliman.

Qarangki, doston bosilib bo‘lgach, yo‘qolgan qo‘lyozmani maxsus idora xodimlari iltifotsizlik bilan bo‘lsa-da, o‘zimga qaytarib berishdi. Tomosha keyin boshlandi: yigirmaga yaqin mashhur-nomashhur shoirlar Sharof Rashidov nomiga bir quloch xat yozib, “Nega “Jannatga yo‘l” singari zararkunanda asar bosib chiqarildi? Bu dramada narigi dunyo bahonasi bilan bugungi kunimizga tuhmat toshlari otilgan. Uni yozganni-ku darhol hibsga olish kerak, lekin bosib chiqarganni ham tartibga chaqirib qo‘yish shart”, deyishgan.

Menga ma’lum bo‘lishicha, Sharof Rashidov bu masala bilan shug‘ullangan va asarni taqrizga berishni tavsiya etgan. Taqrizchilar quyidagilar bo‘lib chiqdi: Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Mahkam Mahmudov, Mixli Safarov. Ularning fikri ijobiy holda edi...

Bir marta og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, deganlaridek, ushbu asarni sahnalashtirish niyatida qo‘lga olgan Hamza nomli akademik drama teatridagi o‘rtoqlar ham o‘yga tolib qolishdi, nihoyat uni sahnaga qo‘yishdan bosh tortishdi. Shu o‘rinda kishiga alam qiladigan bitta nuqtani aytib o‘tay: marhuma onamiz Sora Eshonto‘raeva shu asardagi Ona rolini qiyomiga yetkazib tayyorlagan edilar...

Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinar deganlaridek, asar atrofidagi gap-so‘zlar bois barcha ishlar taqa-taq to‘xtadi. Shu sharoitda ham, aytish kerakki, atoqli noshir Islom Shog‘ulomov mardlik qildi — “Jannatga yo‘l”ni “Mushtum” kutubxonasi muhri bilan alohida kitobcha holida nashr etdi.

Keyinchalik iste’dodli rejissyor Hamid Qahramonov “Jannatga yo‘l”ni O‘sh davlat teatrida sahnalashtirdi. So‘ng asar Qashqadaryo viloyat teatri sahnasida qo‘yildi. O‘sha kezlar viloyat rahbari bo‘lgan Prezidentimiz Islom Karimov men bilan yonma-yon o‘tirib, asarni tomosha qilganlar.

Uka, bular ham axir tarix-ku! Ko‘zim ochiqligida bu gaplarni aytamasam, kim sizga guvohlik beradi?

“Jannatga yo‘l” rus tiliga ham o‘girilgan va nashr etilgan.

Dramaturgiya sohasida mening hech qanday da’voim yo‘q, biroq menda shunday bir taassurot paydo bo‘lganki, ayrim mualliflar guruhi teatrlarni o‘zlarining xususiy mulklariga aylantirib yuborishgan. Tashqaridan kelgan odamlarni ular bamisoli och bo‘riday “qabul qilishadi”. Nazarimda, sahnaviy madaniyatimizning oqsash sabablari aslida mana shu “maxfiy xizmat” bilan izohlanadi...

«Yoshlik» jurnali, 1992 yil, iyul-avgust soni.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.