OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov. Qoraqalpoq dostoni (1999)

Har bir xalqning o‘ziga munosib shoir-yozuvchilari bor. Azaldan so‘z san’atiga ishtiyoqi baland turkiy xalqlarda esa, kim ko‘p — yozuvchi ko‘p, shoir undan ko‘p! Lekin har bir xalqning shunday adiblari borki, ularni o‘zi mansub xalqning peshonasiga bitgan tong yulduzi desa arziydi. Abdulla Qodiriy o‘zbek xalqining, Muxtor Avezov — qozoq xalqining, Chingiz Aytmatov — qirg‘iz xalqining peshonasiga Xudo yorlaqagan shunday yozuvchilarki, bugungi kunda bu qutlug‘ nomlarsiz o‘zbek, qozoq va qirg‘iz xalqlarini tasavvur etish amrimaholdir.

O‘zining uzoq tarixiga ega qadimiy qoraqalpoq xalqining keng peshonasiga butungi kunda tong yulduzidek yarashib turgan yozuvchi To‘lepbergen Qaipbergenovdir.

U o‘zining allaqachon kitobxon ko‘ngliga yo‘l topgan asarlarini “Qoraqalpoq qizi”, “Qoraqalpoq dostoni”, “Qoraqalpoqnoma” deb nomlagan va romanlarining sarlavhasidayoq millat nomini uch bora takrorlaydi. Millat nomini uch bora takrorlashdan maqsadingiz nima, deb so‘ragan kishilarga adib “Qoraqalpoqnoma” roman-essesida rivoyat bilan javob kaytaradi:

Yer yuzida odamlar ko‘payishib, har xil qabila va urug‘larga bo‘linib yashay boshlaganlarida, Olloh taolo ularni bir-birlaridan ajratib idora etish uchun bir qator nomlarning ruyxatini olib, yo‘lga ravona bo‘libdi. Qaysi qabilaga borsa, ro‘yxatiga bir ko‘z tashlab olarkan-da, nom qo‘yib ketaverarkan. Har bir qabilaga nom qo‘yishda Parvardigorga xos o‘ktam tovush bilan uch marta “Sening noming Ingliz! Ingliz! Ingliz!” yoki “Sening noming O‘zbek! O‘zbek! Uzbek! deb olamga eshittirib, uch marta jar solarkan. Nomini Olloh taoloning o‘z og‘zidan eshitganlarning sevinchi ichiga sig‘may, chug‘urchuqday chug‘urlashib, o‘ynab-kulib qolaverisharkan. Shunday qilib, Olloh taolo ro‘yxatdagi hamma nomlarni tugatib qaytayotgan ekan, Amu degan daryoning dengizga quyilaverishdagi ikki sohilini makon tutgan bir guruh odamlarga ro‘para kelib, “Bosh kiyimlaringga qarab aytsam, hozircha Qoraqalpoq bo‘la turinglar!” debdi-da, boshqalarday nomlarni uch marta takrorlamay, Arshi a’loga qaytib ketibdi.

Olloh taolo bu xalqning nomini uch marta takrorlamagani uchun bo‘lsa kerak, tarixiy manbalarda ular “Qoraqalpoq”, “Qorapapoq”, “Qalpoq”, “Ko‘lohi siyoh”, “Qora bo‘rklilar”, “Pechenelilar” (“Pecheneglar”) kabi turli nomlar bilan atalib kelingan.

To‘lepbergen Qaipbergenov qoraqalpoq xalqining keng peshonasiga “g‘oyib bergan”, buning ustiga, Xudo o‘z qarzlari evaziga “to‘lapbergan” yozuvchidir. Uning “Qoraqalpoq dostoni” trilogiyasi sobiq sho‘ro tuzumi davrida yaratilib, jonajon O‘zbekistonimizning davlat mustaqilligi sharoitida qayta nashr etilayotgan (“Qoraqalpoqnoma” roman-essesidan keyingi) ikkinchi yirik epik asaridir. Bu asar, darhaqiqat, xalq va o‘z muallifi nomini jahonga tanitgan olamshumul asar bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. “Doston”ni Muxtor Avezovning “Abay yo‘li” epopeyasi, Abdujamil Nurpeisovning “Qon va ter”, Said Ahmadning “Ufq” trilogiyalari kabi ham muallifning va ham mintaqamiz adabiyotining bosh asarlari sirasiga kiritish mumkin.

Tarixdan yaxshi ma’lumki, ko‘pincha qoraqalpoqlar qaysi mamlakatning qo‘l ostida, qaysi xalqlar bilan qo‘shni bo‘lib yashash ixtiyoriga ham ega bo‘lmaganlar. Bu xalq asrimizning birinchi yarmida sobiq sho‘ro davlati tarkibida, avvalo, 1924 yilda avtonom viloyat sifatida Qozog‘istonga, so‘ng 1930 yilda Rossiyaga, nihoyat, 1936 yilga kelib eng yaqin jigarbandi azaliy va abadiy qon-qarindoshi bo‘lmish o‘zbek xalqiga — O‘zbekiston Respublikasiga Avtonom Respublika sifatida qo‘shilgani ko‘pchilikka ma’lum.

“Qoraqalpoq dostoni”ning uch kitobida — “Mamanbiy afsonasi”, “Baxtsizlar”, “Gumrohlar” tasvirlangan davrlarda (XVIII asr bilan XIX asrning birinchi yarmi) qoraqalpoqlarning uzoq ham yaqin o‘tmishini ko‘z oldimizga keltirsak, jamiki turkiy xalqlar boshidan kechirgan ruhiy voqealar yaqqol namoyon bo‘ladi. Barchamizga ma’lum haqiqat shundan iboratki, turkiy xalqlarning tarixi oynadek tekis emas.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam o‘zlarining Hadisi shariflarida: “Turkiylar sizga tegmaguncha, siz ham ularga tegmang” (Usmon Turon. “Turkiy xalqlar mafkurasi” kitobidan), degan ekanlar. Ko‘p hollarda turkiylarga hech kim tegmasa-da, ularning ichki urug‘lari va qavmlari bir-biridan ustunlik qilish uchun tinimsiz kurash olib borganlar (ba’zan otalarga qarshi bolalar, ba’zan ko‘kaldoshlar bir-biriga qarshi tig‘ ko‘targanlar). Natijada turkiy xalqlarning yagona millat sifatida shakllanishi cho‘zilib ketadi. Bugungi kunda dunyoda 300 mln. ga yaqin nafar turkiy millat farzandlari bor. Ular aslida bitga xalq bo‘lsalar-da, ammo yigirmadan ortiq mustaqil mamlakat bo‘lib yashaydilar, o‘zaro aloqalari ham havas qiladigan darajada emas (shu ma’noda hurmatli Prezidentimiz Islom Abdug‘anievichning tashabbusi bilan bir qator turkiy davlatlar o‘rtasida “Abadiy do‘stlik” to‘g‘risida shartnomalar imzolanganini hamda “Turkiston — umumiy uyimiz!” g‘oyasi ostida ezgu ishlar amalga oshirilayotgani tahsinga loyiq ishlar ekanini e’tirof etmoq lozim). Tarixdan yorqin bir misol keltiradigan bo‘lsak, XIV asrda el-yurt qayg‘usida yonib yashagan buyuk sarkarda Amir Temur tuzib ketgan turkiy saltanat taqdiri oqibatda ne bo‘ldi? Bir asrdan so‘ng tarqoq xonliklarga bo‘linib ketdi. Xuddi shuningdek, muallif qoraqalpoq xalqining takdirini badiiy vositalarda ko‘rsatib beradi. Mana, “Qoraqalpoq dostoni”da o‘z millatining tarix sahnasidagi o‘rni uchun ulug‘ sarkarda Amir Temur tuzuklari asosida ish yuritgan qoraqalpoq yo‘lboshchilari — Mamanbiy, Oydo‘s bobo, Ernazar Olako‘zlarning faoliyati bilan tanishar ekanmiz, ularning har biri el-yurtining bugungi hamda kelajaqdagi mustaqilligi uchun jonlarini fido qilishga tayyor turgan qahramonlar ekanligiga amin bo‘lamiz. Afsuski, birinchi navbatda, ichki ixtiloflar, urug‘lar o‘rtasidagi xunrezlikka chek qo‘yish uchun o‘z ixtiyori bilan o‘limga ham rozi bo‘lgan O‘razan botirning hamda o‘zining teran bilimi, dono nasihatlari, hayotbaxsh ta’limotlarini nisor etsa-da, urug‘lar o‘rtasidagi parokandalikni to‘xtata olmagan, oxir-oqibat, bunday nodonliklarni qayta ko‘rishni istamasdan ko‘zlarini o‘zi o‘yib olgan Murod shayxning umr yo‘llari avlodlar uchun ibrat bo‘la oladi. Bulardan tashqari, trilogiyadagi har bir obraz o‘ziga xos betakror, jonli aks ettirilgan. Ular bilan tanishgan o‘quvchi befarq qolmaydi: goh qahramonlarga tarafdor bo‘ladi, goh o‘kinadi. Shuning bilan birga, har bir qahramon o‘z davrining nafasini ifodalaydi tashqi va ichki xavf-xatarlar yorqin bo‘yoqlarda tasvirlanadi.

“Qoraqalpoq dostoni”ning yana bir o‘ziga xos tomoni shundaki, uning uch kitobi bitta uyning uch eshigini eslatadi. Qaysi eshikdan kirsangiz ham, bir-birini to‘ldiradigan xonalarga va uy egalariga duch kelasiz. Qoraqalpoq xalqining urug‘lari o‘rtasidagi o‘zaro nizolaru qonli to‘qnashuvlarga guvoh bo‘lamiz. Jonli insonlarning taqdiri yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘quvchi esa o‘ziga tegishli xulosalarni chiqarib oladi.

Uch kitobda dono yo‘lboshchilar tomonidan ko‘tarilgan asosiy g‘oya qoraqalpoqlarning mustaqil bir xalq bo‘lib qaror topishi masalasidir. Bu g‘oyaning ro‘yobga chiqishi oson emas, misli ko‘rilmagan xunrezlik ro‘y beradi, boshboshdoqlik boshlanadi. Ko‘z o‘ngimizda kechgan voqealarga teran nazar tashlasak, ezgu ishlarga ziyon yetkazadigan tashqi dushmanlar deyarli yo‘q hisobi. Millatning aqlli boshliqlari allomalar, ulamolar maslahatlashib, o‘zlariga qanday bo‘lmasin tashqaridan kuchli suyanchiq, sersoya gujumlar qidiradilar. Buning asosiy sabablaridan biri — XVIII asrning boshlarida jung‘orlar Turkistonga bostirib kirib, shafqatsizlik bilan qirg‘in uyushtirdilar. Unda hisobsiz odamlar qurbon bo‘ldi. Oqibatda ko‘p xalqlar ota makonidan ayrildi. Ya’ni, “Oqtobon ko‘chuvchi” deb atalgan ommaviy ko‘chmanchilik natijasida duch kelgan tomonga bosh olib ketadilar... Qoraqalpoqlar Dashti Qipchoqdan ham panoh topolmaydilar. Mana shunday qaltis sharoitda sharoitda elparvar Mamanbiy atrofiga esli-hushli insonlarni to‘plab, O‘risiya podshosidan madad so‘rash uchun otlanadi. O‘risiya podshosi Mamanbiy boshchiligidagi xalq vakillarini qabul qiladi, iltimoslarini bajo keltirishga va’dalar beradi, hatto qo‘llariga yorliq tutqazib qaytaradi. Lekin shundan keyin ham qoraqalpoqlarning taqdirida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Aksincha har taraflama tajovuzkorlik avj olib ketadi. O‘sha paytlari ichki inqirozni boshidan kechirayotgan O‘risiya podshosi va’daga vafo qilmaydi, qoraqalpoqlarga yordam bermaydi. Yana O‘risiya podshosi huzuriga bosh egib borishni o‘ziga or deb bilgan Mamanbiy xalqini boshlab, ota-bobolarining azaliy makoni bo‘lgan Xorazm tomonlarga yo‘l oladi. Xalq ochlik, qahatchilik azob-uqubatlarini boshidan kechirsa-da, Amudaryoning Orol dengiziga quyilish joylarida azaldan yashayotgan elatdoshlarga qo‘shiladi.

Dostonning keyingi ikki kitobi qoraqalpoqlar yangi makonda qo‘nim topgach, ularning umr yo‘llarini atroflicha tasvirlashga bag‘ishlangan.

Yangi makonda Mamanbiyning yosh shogirdi Oydusbiy (keyinchalik “Oydus bobo” nomini oladi) rahnamo bo‘ladi. Oydusbiyning kurashdan ko‘zlagan maqsadi ham Xorazm diyorida qoraqalpoqlarning mustaqil xonligini barpo etishdan iborat edi. Bunda ham asosiy ixtiloflar, to‘qnashuvlar urug‘ boshliqlari o‘rtasida kechadi, ichki nizolar kuchayib ketadi. Ayni choqda, yana O‘risiyadan yordam so‘rash kerakmi yoki Xiva xonligining madadiga suyangan holda milliy xonlikni barpo etish kerakmi, degan masala ustvida keskin kurash boshlanadi. Bu masalada Oydus bobo madadni O‘risiyadan emas, tili bir, dini bir, suv ichadigan daryosi hamda ota-bobolari bir bo‘lgan Xiva xonligining yordamidan umidvor bo‘lib, xon saroyiga bot-bot qatnaydi. O‘z g‘oyasini amalga oshirish uchun sa’y-harakatlar qiladi. O‘ziga qarshi urug‘ boshliqlari bilan to‘qnashadi. Hatto, g‘animlarning qutqusi natijasida Xiva xonligiga qarshi turgan Begis, Mirjiq ismli tug‘ishgan ukalarini o‘z qo‘llari bilan o‘ldirish darajasiga boradi... Ming afsuski, urug‘lar o‘rtasida kuchayib ketgan ixtiloflar tufayli Oydus bobo niyatiga yetolmaydi. Oqibatda o‘zi ham elining, qolaversa, Xiva xonligining sotqin bir faqir kimsasi sifatida o‘ldiriladi. Uni jilovdori o‘ldiradi.

Qoraqalpoqlar tarixida ikki Ernazar bor. Biri qo‘ldovli urug‘idan, laqabi Ernazar olako‘z. Ikkinchisi kenagas urug‘idan, laqabi Ernazar kenagas. Uchinchi kitobda (“Gumrohlar”) Janubiy Orol diyorvda mustaqil qoraqalpoq xonligini barpo etish borasida kurash ketsa-da, asosiy voqealar ikki Ernazar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni atroflicha ko‘rsatishga bag‘ishlangan. Ya’ni, ikkinchi kitobdagi kurash voqealari davom etadi. Xo‘sh, O‘risiyadan yordam so‘rash kerakmi yoki Xiva xonligidan yordam ta’ma etmoq kerakmi? Oqibatda Ernazar olako‘z tarafdorlari tashabbusni qo‘lga olib, o‘zlari qoraqalpoq xonligini e’lon qilib yuboradilar. Bunda ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan narsa shundan iboratki, Ernazar olako‘zning o‘zi taxtga o‘tirmay, Chingizxon zamonasidan udum bo‘lib qolgan odatga ko‘ra, uning avlodidan xon saylaydi. Ya’ni, Chingiz urug‘idan bino bo‘lgan Zarlik ismli yigitni qoraqalpoq xonligining taxtiga o‘tqazib qo‘yadi. Shu sababli, hatto Ernazar olako‘zning tarafdorlari ham kuchli norozilik bildiradilar. Shunday qilib yana “adolat va adolatsizlik”, “poklik va nopoklik”, “nur va zulmat” o‘rtasida kurash boshlanib ketadi. Oxir-oqibat Ernazar olako‘z o‘z tarafdorlari tomonidan o‘ldiriladi. Xonlik qudratiga ega bo‘lmagan Zarlik esa masxara qilinadi, ko‘chaga quviladi, keyin o‘ldiriladi.

Dostondagi voqealar qaysi davrlarda ro‘y berishidan qat’iy nazar, o‘quvchi diqqatini o‘ziga tortib, elparvarlik va nodonlik manzaralarini ko‘z o‘ngimizda yaqqol gavdalantiradi.

Xullasi kalom, odamzod umrida uchraydigan quvonch va qayg‘ular, yuksak odamiylik va tubanlik, fidokorlik va sotqinlik kabi xususiyatlar millat taqdiri bilan chambarchas bog‘langan holda aks ettirilgani uchun muallifga ofarin aytsak arziydi. Bundan tashqari, kitobda tasvirlangan qahramonlar taqdiri har bir inson uchun, millat uchun, ayniqsa, hozir xalqlarimiz davlat mustaqilligi sharoitida har birimizga ulkan tarixiy saboq bo‘la oladi. Mana shunday saboqlardan eng muhimi — birinchi navbatda, tashqi dushmanlar emas, millat ichidagi parokandalik, har bir inson o‘zini o‘zi anglamasligi tufayli ijtimoiy inqiroz ro‘y berishi tasviridir. “Doston”da batafsil surati chizilgan xalqning, yo‘lboshchilarning taqdirlari bizni mustaqil O‘zbekiston davlatini, bu davlatning jami xalqlari hamjamiyatida egallab turgan o‘ziga xos va o‘ziga munosib o‘rnini, xalqimizning mustaqillik yo‘li va bu yo‘lda bizni sobit qadamlar bilan boshlab borayotgan dono va mard yo‘lboshchimizni asrab-avaylash, munosib qadrlashga da’vat etadi, bular yetuk xalq bo‘lishga da’vat etuvchi tariximizning achchiq tajribasi sifatida alohida qimmatga egadir.

“Xalq so‘zi”, 1999 yil 9 iyun.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.