OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Go’zallik to’kis bo’lishi kerak (2000)

– “Ekologiya”ni bobolarimiz nima deyishgan?
–Dardingni olay, ona zaminim!
– Nima oson?
– Maslahat berish.
– Nima qiyin?
– Berilgan maslahatga amal qilish.


Hayot haqiqati, insoniyat boshidan kechirayotgan voqea-hodisalar silsilasidan xulosa chiqarib, bir to‘xtamga kelish mumkin: har qanday jamiyat, uyushma yoki qurilmalar o‘zgarib ketadi, hatto ostin-ustin bo‘ladi, ammo atrof-muhit muammosi har qachon, hamma joyda mudom dolzarbligicha turaveradi. Ha, ekologiya muammosi yer yuzi uchun doimo bir butundir... Darvoqe, “ekologiya” degan so‘zni borgan sayin ko‘proq ishlatyapmiz-u, uning o‘zi qaerdan kelib chiqqan, ma’nosi nima ekan, bu tomonlariga unchalik e’tibor bermaymiz. Lug‘atlarga qarasak, “ekologiya” yunoncha so‘z bo‘lib, atrof-muhitni o‘rgatadigan fan, degani ekan. Buning ma’nosini to‘laligicha aks ettiradigan aniq so‘z yoki ibora o‘z ona tilimizda yo‘qmikan? Nahotki, bu muammo bilan endi shug‘ullana boshladik? Bunday savollar qarshisida bir zum tek turib qolamiz. Xayolan o‘tmishimizga, bu sohada qilinayotgan ishlar, yoritilayotgan asarlar salmog‘iga nazar tashlaymiz-da, ekologiya deganlari insoniyat bilan mudom yonma-yon yashab kelganligiga iqror bo‘lamiz. Uzoqqa bormasdan, o‘z xalqimiz hayotini olib ko‘raylik. Bizda “pokizalik” degan so‘z bor. Xo‘sh, pokizalikni qadrlamaydigan biron inson zoti o‘zbek xalqi orasidan topilarmikan? Yoki badiiyatda, go‘zallik, iffat, saranjom-sarishtalik va pokizalik tarannum etilmagan biron-bir asarni uchrata olamizmi? Har kim ham ma’lum ma’noda bu sohaga e’tibor bergan, o‘z nuqtai nazarini badiiy yo‘sinda ifodalashga baholi qudrat urinib ko‘rgan. Chunki pokizalik hayotiy ehtiyojdir. Undan ko‘z yumish aslo mumkin emas. Faqat muvozanat keskin buzilib ketmaganligi uchun bu sohadagi kurashlar bizga unchalik ta’sir ko‘rsatmay keldi. Endi bo‘lsa, atrof-muhit shu qadar shiddat bilan o‘zgara boshladiki, hammamiz baravariga tashvishga tushib qoldik.
Bora-bora atrof-muhitga nisbatan inson tajovuzkorligi taboro kuchayaverdi. Bu bilan birgalikda tabiat jonkuyarlari ovozi ham tez-tez va balandroq eshitila boshladi. Ayniqsa, bu holat saksoninchi yillarda kuchaydi. Yozuvchilar uyushmasi yig‘inlarida “Ona-zamin, atrof-muhit muhofazasi” masalalari doimiy muhokama etiladigan bo‘ldi. Bunday anjumanlarda asosan yozuvchilarning chiqishlari kuchli his-hayajon bilan kutib olinar, qizg‘in qo‘llab-quvvatlanardi. Ko‘p o‘tmay, muhokamalarga olimlar, o‘rmonchilar, iqtisodchilar, melioratorlar va ko‘plab boshqa soha vakillari ham jalb etildi.
Orol qurishining salbiy ta’siri nafaqat O’rta Osiyo, balki butun dunyoga tatiyapti-ku! Yer yuzini – go‘zallik, pokizalik, umuman olganda, atrof-muhit muvozanatini yaxlitligicha himoya qilish kerakligini hayotda bir qadam oldinda yuruvchi ziyolilar, xususan, adiblar ancha kech bo‘lsa ham tushunib yetdilar. Shundan bo‘lsa kerak, turli millat va elatlarning ziyoli hamda yozuvchilari atrof-muhit muhofazasi xususida ancha yakdil ishlamoqdalar. Turli janrlarda ushbu mavzu yuzasidan keskin chiqishlar qilgan Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliev, Valentin Rasputin, Odil Yoqubov, Ozod Sharafutdinov, Ibrohim G’afurov kabi ko‘plab adiblarni ezgu niyatli hamnafaslar, deyish mumkin. Ular betinim yozadilar, katta-kichik yig‘inlarda so‘zlaydilar, xalqning ko‘zini ochish, kuchayib borayotgan ekologik fojialarning oldini olish uchun qo‘llaridan kelgan hamma imkoniyatlarni ishga soladilar. Adiblar turli uslubda, har xil janrlarda ijod qilsalar ham maqsadlari bitta – ona tabiat dardiga malham topish.
Badiiy yo‘sin orqali inson ongiga ta’sir o‘tkazish borasida hozirgi katta avlod adiblari o‘zlariga xos yo‘ldan bormoqdalar. Yoshi ulg‘ayib borayotgan bu insonlar kelajak avlod oldida yuzi qora bo‘lishdan qo‘rqadilar, nevara-chevaralari sog‘lom, hur hayot kechirishlarini istaydilar, shunga erishish uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qiladilar. Ya’ni, ular yer yuzida pokizalik, musaffolik, pirovard natijada hayotning tugashi emas, aksincha, gullab-yashnashi uchun tolmasdan kurashish kerakligini yaxshi tushunishadi. O’zlarini tabiatning, hayotning haqiqiy jonkuyarlari deb bilgan barcha insonlar ham bu mas’uliyatni chuqur anglagan holda umummanfaat ishiga baravariga o‘z ulushlarini qo‘shmoqlari darkor.
Respublikamizdagi eng so‘lim go‘shalardan biri bo‘lmish Bo‘stonliq tabiatini saqlab qolish uchun bo‘lgan harakatlarda bunday hamkorlikning haqiqiy namunalarini ko‘rganmiz. Bunday insonlar nima uchun kurashayotganlarini juda yaxshi bilishadi. Ularning qarichi kalta emas, ular yashab turgan sayyoramiz kichkina va ahvoli tobora tang bo‘layotganini teran his qiladilar. To‘g‘ri-da, yer yuzida go‘zallik yo bir butun bo‘lishi, yoki undan butunlay ayrilishimizga to‘g‘ri keladi. Qarang, Chorvoq suv ombori yaratilishi oqibatida Bo‘stonliqning azaldan-azal yashab kelgan Shungak, Baqacho‘l qishloqlari butunlay, Burchmulla, Bog‘iston, Sijjak va Nanay qishloqlarining esa ko‘plab madaniy-ma’muriy binolari, katta-katta unumdor ekin yerlari, barq urib yashnab turgan jannatmakon bog‘lari suv ostida qolib ketdi. Xalq tili bilan aytganda: «bo‘lar ish bo‘ldi, bo‘yog‘i sindi». Loaqal bundan buyog‘iga Buyuk Alloh yaratib qo‘ygan tabiatning nozik olamiga bilib-bilmay aralashuvdan o‘zimizni tiymog‘imiz, shu paytgacha yo‘l qo‘yib kelgan xatolarimiz oqibatlarini tugatishga astoydil bel bog‘lamog‘imiz lozim. 
Chorvoq suv omborining bag‘rida butun yoz davomida necha yillardan beri davom etayotgan noxush manzaralarni aytmaysizmi! Suv ombori tegrasida “salqinlayotgan” ming-minglab odamlarning chiqitlari, irkit qoldiqlari to‘ppa-to‘g‘ri Chirchiq daryosiga tushmoqda va undan quyida yashayotgan barcha insonlarning, shu jumladan, toshkentliklarning ham ichayotgan suvlarini bulg‘amoqda. Axir, suv yuqoriga emas, quyiga oqadi, uni ters yo‘naltirib yuborishning iloji yo‘q! Bu xunuk holni ko‘rganimizda xalqimizning: «Osmonga tuflasang, qaytib yuzingga tushadi», degan achchiq naqli yodimizda jonlanadi...
Beo‘xshov bu holatni, kechroq bo‘lsa-da, tushunib qolgan mutasaddilar xalqimizning asosiy ichimlik suvi tarmoqlaridan bo‘lmish Chirchiq daryosi atrofidagi bulg‘anch oqavalarni katta quvurlar orqali olib ketib zararsizlantirish ishiga ancha yil avval yeng shimarib kirishgan edilar. Chimyon – Baqacho‘l yo‘nalishi bo‘ylab to Qibray hududigacha olib borishga mo‘ljallangan katta kanalizatsiya qurilishi ikki-uch yil davomida tuzukkina olib borildi. Shu ishning bir qismi bo‘lmish Chirchiq – Qibray oralig‘idagi qurilishlar bitkazib ham qo‘yildi. Ammo tog‘lar boshidan Chirchiq shahriga qadar kavlangan zovurlar, chala-yarim yotqizilgan ulkan quvurlar 1988 yildan beri yoddan ham chiqarib yuborildi. Chirchiq daryosi esa yil sayin ko‘payib borayotgan sassiq oqavalar, irkit chiqindilar hisobiga tobora ko‘proq ifloslanmoqda. Daryoning yuqori qismida yashovchilar ahvolning g‘oyat mushkul ekanligini unchalik tushunmas. Toshkentdagi bu ish mutasaddilari-chi?! Nafaqat bu ishga aloqador kishilar, Chirchiq daryosidan ta’minlanayotganlar u yoqda tursin, voqeadan boxabar bo‘lgan Vatanimizning har bir farzandi ushbu muhit muvozanatini tiklash, shu yo‘ldagi ezgu ishlarni amalga oshirish uchun qo‘lidan kelgan hamma choralarni ko‘rmog‘i lozim...
Bu ezgu yo‘lda Prezidentimiz faoliyatidan har qancha ibrat olsak arziydi. Maqsad shuki, Yurtboshimiz qayta-qayta ta’kidlaganiday, birov boshqa birovga yuk bo‘lmasin, har kim boshlagan ishini, Chirchiq daryosi bo‘ylaridagidek chala tashlab ketmay, chiroyli holda oxiriga yetkazsin.
Bir dono kishidan, “Nima oson?” deb s o‘raganlarida, “Maslahat berish”, deya javob qaytaribdi. “Nima qiyin?”, degan savolga esa, “Berilgan maslahatga amal qilish”, degan ekan.
Ayniqsa, go‘zallikka ixlos, pokizalik xususida gap ketganda hamqishlog‘im Sirojiddin Mirzohid o‘g‘li – Sidqiy Xondayliqiyning yorqin xotirasini astoydil hurmat bilan yodga olmay iloj yo‘q. Badiiyatning ko‘p janrlarida yuksak iste’dod bilan qalam tebrata olgan zabardast adib shaxsiy hayotda ham nozikta’b, birinchi navbatda o‘z-o‘ziga qattiq talabchan ekan. Adibning hovlisi rango-rang gul va lolalarga to‘la bo‘lgan. Gulzor chekkalariga o‘rnatilgan uyalardagi asalarilar g‘uv-g‘uv uchib, gulzordan, ko‘rkam bog‘lardan sharbat to‘plagan. Hovlidagi ko‘rkam hovuzga suv eltuvchi ariq yoqasidagi o‘stirilgan kattakon tol daraxti ustida har yili laylaklar bola ochar ekan. Sidqiy Xondayliqiy mehnatsevarlarni astoydil qadrlar, ishbilarmon va pokiza insonlarni do‘st tutar, mustaqil fikri yo‘q, yalqov kimsalardan nafratlanardi. “Odam uch xil bo‘lur, – deb yozgan edi bu xususda adib. – Butun odam, yarim odam, odam hisobinda bo‘lmagan odam. Butun odam shuki, o‘z aqliga ish buyurib, kasbu korga mashg‘ul bo‘lur. Yarim odam shulki, o‘zi bir ishning uhdasidan chiqa olmas, lekin birovning dalolati birlan ishga kirishur va tirishur. Odam hisobinda bo‘lmagan odam shuldirki, o‘zicha kasb qila olmas va birovning irshodicha ham bir hunarning uhdasidan chiqa olmas...”
Xullasi kalom, elu yurtimizning chinakamiga gullab-yashnashi uchun hamma ishda, ayniqsa, tabiatni muhofaza qilish va sog‘lomlashtirish sohasida haqiqiy butun odam bo‘lib, barkamol, to‘kis go‘zallik uchun astoydil kurashaylik.

“Xalq so‘zi” gazetasi,
2000 yil 25 fevral soni.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.