OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqahhor Ibrohimov. Til — el ruhi (1990)

http://ziyouz.uz/images/arxiv.jpg

Mazkur satrlar avgust oyining boshlarida qog‘ozga tushmoqda. Ular to jurnalxonlarga yetib borguncha orada ikki-uch oy o‘tsa kerak. Davrimiz tezkor. Vaqt shu qadar tez kechib, voqealar shu qadar tez rivojlanmoqdaki, bugun muhim bo‘lib hisoblangan fikr ertaga jo‘n bo‘lib qolishi hech gap emas. Kecha juda qaltis bo‘lib tuyulgan o‘ta jiddiy fikr bugun aslida oddiy gap ekanligi ayon bo‘lib qolayotir. Demak, fikr salmog‘iga baho berishda o‘ziga munosib tosh qo‘ymoq lozim ekan. Yetmish yildan ortiq davr tariximizdagi voqea-hodisalarga, pala-partish chiqarilgan millionlarcha katta-kichik qarorlar, buyruqlar, qonunlar va ko‘rsatmalarga baho berishda hovliqibmiz.

«Korxonalar egalaridan tortib olinsin!» Tortib olindi va... egasizlik yuz berdi.

«Kolxozlar tuzilsin!» Kolxozlar tuzildi va... dasturxonimiz qup-quruq bo‘lib qoldi.

«Saksoninchi yilda kommunizmda yashaymiz!» deya ayyuhannos soldik va... turg‘unlik botqog‘iga bota boshladik.

«Sinfsiz jamiyat quramiz», dedik va ziyolilarimiz gulidan ayrilib-ayrilib kelayapmiz.

«Qo‘riq va bo‘z yerlarni yoppasiga o‘zlashtiramiz», dedik va million-million gektar yerni toptadik, million-million kishilarni sun’iy ravishda o‘z tarixiy vatanlaridan judo qilib qo‘ydik. Ularning muayyan qismi o‘zining ona tilini unutib, «russkoyazыchnoe naselenie» — rus tilida gaplashuvchi aholi to‘dasiga qo‘shildi. BAM, KamAZ singari haybatli qurilishlar o‘z tilini unutganlar sonini ko‘paytirdi va hamon ko‘paytirmoqda.

«Bora-bora milliy tillar yo‘qolib, umumiy bir til vujudga keladi!» degan shior o‘rtaga tashlandi va qancha vaqt shu shior ruhi ostida xizmat qildik va yashadik. Bu hol ham ona tiliga bo‘lgan munosabatga salbiy ta’sir etdi va rus tilida gaplashuvchi aholi sonini tobora oshira bordi. O‘n beshta ittifoqdosh jumhuriyatning o‘n to‘rttasida milliy maktablar yil sayin kamaya boshladi. Taqdirning taqozosini qarangki, ana shu o‘n to‘rt jumhuriyatda o‘z tiliga davlat tili maqomi berish haqida qonun qabul qilindi. O‘ta zarurat tufayli shu hol yuz berdi.

Rossiyada esa o‘z tili daxlsiz, raqobatsiz, to‘la huquqli til bo‘lgani uchun unga davlat tili maqomini berish uchun qonun qabul qilish shart emas edi, albatta. Shu sababli Rossiyada til haqida qonun qabul qilinmadi. Agar o‘zbek tili O‘zbekistonda, ukrain tili Ukrainada xuddi rus tili Rossiyada egallagan mavqega ega bo‘lsa, o‘ylaymanki, til haqida maxsus qonun qabul qilib o‘tirmasdik. Zarurati bo‘lmagan ishga qo‘l urib o‘tirilmaydi-da. Binobarin, o‘n to‘rtta ittifoqdosh jumhuriyatda davlat tili haqida qonun qabul qilinishi o‘z tillarini himoya etish va qonuniy mavqeini tiklash uchun amalga oshirildi. Bu osonlikcha bo‘lgani yo‘q, albatta. Til — elning ruhi. Til bo‘lmasa el ham yo‘q. El bo‘lmasa, turgan gapki, til ham yo‘q.

Mana, salkam ikki yildirki, davlat tili iborasi tez-tez og‘izga olinadi, bu ibora, ayniqsa, o‘tgan yili bir qator jumhuriyatlar tillariga, jumladan, O‘zbekistonda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan yilda muttasil og‘izdan tushmadi. Til uchun kurashda har bir xalq o‘zligini ko‘rsatishga intildi. Til haqida qabul qilgan qonunining darajasi va saviyasiga qarab xalqning siyosiy ongi, milliy kamolot darajasini belgilash mumkin. Shu sababli ham o‘n to‘rtta ittifoqdosh jumhuriyatda qabul qilingan qonunlar o‘n to‘rt xildir — men bu qonunlarni o‘rganib chiqib, shunday xulosaga keldim. O‘zbekiston SSRning til haqidagi qonuni agar bu yil qabul qilingandami, o‘ylaymanki, yanada mukammalroq bo‘lardi. Lekin bu qonun o‘tgan yil uchun inqilobiy bir hodisa edi. Umuman olganda, bu qonun yetmish yildan ortiq sovet davri tariximizda ulkan siyosiy ahamiyatga molik tarixiy hujjatdir. Menimcha, til haqidagi qonunimiz bu yil qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyamizga bilvosita tamal toshi va turtki bo‘ldi. Aslida, avvalo Mustaqillik deklaratsiyasi, keyin Asosiy qonun — Konstitutsiya, undan keyin esa Til haqida qonun qabul etilishi tabiiy va izchil bo‘lur edi. Zamona zayli, davr taqozosi, vujudga kelgan vaziyat, ya’ni tarix hukmi voqealar silsilasini o‘zi belgilab berdi—birinchi bo‘lib Til haqidagi qonunimiz vujudga keldi. Kezi kelganda shuni shohid va ishtirokchi sifatida, to‘la mas’uliyat his etgan holda ta’kidlashim kerakki, til uchun bo‘lgan kurashda oldingi safda, asosan, qalam ahli, qisman ilm ahli bordi.

O‘zbek tiliga O‘zbekiston SSRda davlat tili maqomi berilishiga g‘ashlik bilan qaraganlarning oldingi safida (har kimsani va har bir narsani o‘z oti bilan atashga haqlimiz endi, umuman shunday qilishga o‘rganishimiz shart) yuqorida tilga olganim — jumhuriyatimizga kelib qolgan va yashab turgan rus tilida gaplashuvchi aholining vakillari bo‘ldilar. Rus tilida gaplashuvchi aholi kimlardan iborat ekanligi haqida bundan ilgari e’lon qilingan maqolalarim va «Til — taqdir demak» degan risolamda ham so‘z yuritgan edim. Til muammolari bilan izchil shug‘ullanishda davom etar ekanman, bu borada yangi-yangi faktlarga duch kelmoqdaman, ular asosida yangi fikr-mulohazalar tug‘ilmoqda. Endi shular xususida so‘z yuritaman.

Ma’lumki, «russkoyazыchnoe naselenie»ni, asosan, uch qismga bo‘lish mumkin.

  1. Milliy tillar yo‘qolib ketadi, degan soxta nazariyaga uchib, o‘z ona tiliga mensimay qarab, unutib qo‘ygan «sobiq» o‘zbeklar, ularning bolalari va nevaralarining ma’lum qismi, bular juda oz sonli bo‘lsa-da, ancha xavflidir;
  2. Ittifoqdosh jumhuriyatga kelib qolgan rus aholisi;
  3. Boshqa ittifoqdosh va muxtor jumhuriyatlardan, turli mintaqalardan zo‘ravonlik bilan keltirilgan yoki bo‘lmasa to‘q turmush ilinjida va o‘zga sababu bahonalar bilan o‘z tarixiy vatanini tark eta olgan turli-tuman el va elatlardan iborat aholidir. «Russkoyazыchnoe naselenie»ning rus bo‘lmagan qismini to‘la baxtli deb bilmayman, balki ular orasida o‘zini baxtli deb sanovchilar topilar. Umuman olganda esa o‘z tarixiy vatanidan judo bo‘lish, tilini unutish, meningcha, baxtlilik nishonalari emas. Bir adib sifatida men ularni tushunaman. Zamindan — o‘z tarixiy vatani — ota-bobolarining xoki turobi yotgan tabarruk tuproqdan ayrilganlar, agar ular vatan sog‘inchi va tuyg‘usidan judo bo‘lgan bo‘lsalar, ko‘p narsani chuqur tushuna olmaydigan, buyruqni so‘zsiz ijro etaveradigan qiyofasizlarga aylanib qolishlari hech gap emas ekan. Bu mening o‘z fikrim, boshqalar shu fikrimga qo‘shilishlari shart degan talabdan mutlaqo uzoqman. Lekin misollar keltirib, fikrimni isbotlash huquqimdan, albatta, foydalanaman.

Xo‘sh, 1868 yili Samarqandning buyuk osori-atiqalarini to‘pga tutqazdirgan kim edi?! General Kaufman edi! To‘g‘ri, uning orqasida mustamlakachi va shovinist chor hukumati qutqulab turardi. Rossiyaning, rus xalqining boshiga badbaxt kunlarni solgan o‘sha o‘zi rus emas-u, lekin rus tilida gaplashuvchi aholining tipik va yirik vakili Stalin emasmi? Qotillar, yomon odamlar hamma millatlar orasida bo‘ladi, o‘z eldoshlari orasida va o‘z yurtida yashab turib ham yomon ishga qo‘l uruvchilar son mingtadir. Lekin Vatanidan ayrilgan, ona tilini unutgan kimsalar yomonlikni oshiribroq, yovuzlikka yetkazib ado etar ekanlar, do‘ppisini olib kel desa, boshini olib borar ekanlar. Balki xalqning umumiy beshigi — vatan, ajdodlar ruhi va avlodlar oldidagi mas’uliyat odamni odamiyroq qilib, insofga chorlab, yomon ishlardan tiyib turarmikan-a! Yaxshi odam qanoatli bo‘ladi, uncha-munchaga tug‘ilgan yerini tashlab ketavermaydi, yaxshi kunlar kelishiga umid bilan, boriga qanoat hosil qilib yashayveradi. Lekin siyosiy sabablarga ko‘ra Vatanni tark etishga majbur bo‘lish – bu boshqa masala. Bunday shaxs hamisha vatan sog‘inchi bilan yashaydi, birinchi imkon tug‘ilishi bilanoq vatanga qaytish choralarini ko‘radi. Zahiriddin Muhammad Bobur garchi Hindiston podshohi bo‘lsa-da, hamisha ona yurti sog‘inchi bilan yashaganini eslaylik. Yoki bo‘lmasa, Stalin zulmi bilan, Beriya buyrug‘i bilan o‘z yurtlaridan badarg‘a qilingan qrim tatarlari hamisha vatanga qaytish armoni bilan yashab keldilar va birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilan o‘z tarixiy vatanlari — Qrimga ko‘chib keta boshladilar. Ularning bu intilishi diqqatga sazovor va ibrat olishga loyiqdir.

O‘zbekistonda qatag‘onni amalga oshirgan, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosirlarni so‘roq qilganlarning nomlarini va kimligini eslaylik. Ular, asosan, tarixiy vatanidan ayrilgan, o‘z ona tilini boy berib qo‘ygan kimsalar edi. Boringki, «O‘zbek ishi» degan tuhmatni o‘ylab topganlar ham o‘shandaylarning bugungi davomchilari emasmi! Xullas, vatan va til egizak tushunchalardir. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ittifoqdosh jumhuriyatlarda, jumladan, O‘zbekistonda shunday adolatli til siyosati olib boraylikki, barcha el va elatlar o‘z ona tillarida gaplasha olish darajasiga erishsinlar, o‘zlari boshqa millat vakili bo‘la turib, o‘zga millat tilida gaplashishga majbur bo‘lib qolmasinlar. O‘zbek millatining soni va tilimizda so‘zlashuvchilarning miqdori o‘zgalarning ona tillarini unutib yuborishlari hisobiga ko‘payishini sira ham istamaymiz va bunga hech zaruriyat ham yo‘q. Til haqidagi qonunimizda ham ana shu narsa o‘z ifodasini topgan: jumhuriyatimizda barcha xalqlarning tillari erkin rivojlanaveradi. Qonunning 26-moddasida aytilganidek, «O‘zbekiston SSRda yashovchi barcha millatlar milliy-madaniy jamiyatlar va markazlar tuzish huquqiga egadirlar». Shu moddaga suyangan holda jumhuriyatimizda o‘nga yaqin ana shunday milliy-madaniy jamiyat va markazlar tuzildi va qizg‘in ish olib bormoqda. Vatanidan judo bo‘lgan el va elatlarni tarixiy ona yurtga muhabbat va sog‘inish ruhida tarbiyalashda ana shu madaniy jamiyat va markazlar katta ishlar qilishi mumkin. Bunda ilg‘or vatanparvar ziyolilar, jumladan, yozuvchilar yo‘lchi yulduzlik qilishlari turgan gap. 1944 yili Stalin zulmi bilan o‘z ona yurtlaridan nohaq O‘zbekistonga haydab keltirilgan qrim tatarlarning hamisha tarixiy ona Vatanga qaytish niyati bilan yashab kelishlarida shu xalq ziyolilari, birinchi navbatda qrim tatar adiblari ijodining ahamiyati va da’vatkorligi nihoyatda kattadir. Bular doim adolat tiklanishiga ishonch bilan yashadi, o‘z ona tilini unutmadi. Bizning xalqimiz esa o‘z qardoshlariga hamisha muruvvat ko‘rsatib keldi. Umuman, ona tiliga va ona Vatanga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashda badiiy ijodning, ayniqsa, ona tili mahsuli bo‘lmish so‘z san’atining ahamiyati nihoyatda kuchlidir. Mamlakat bo‘yicha u yoqdan-bu yoqqa ko‘chib yuruvchi millionlab kishilarning vujudga kelishiga sabab mafkuraviy ishlarning bo‘shashib ketganligi, urushdan keyin vujudga kelgan avlodni ona zaminga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash ishiga yetarlicha e’tibor berilmaganligida deb bilaman. Noqoratuproq mintaqadagi 140 ming qishloqdan 100 mingdan ortig‘i bugungi kunda huvillab qolganiga ham bosh sabab ona zaminga mehrning susayishidir, demak, mafkurachilar, birinchi navbatda adiblar bu borada kamchiliklarga yo‘l qo‘yibdilar, deb hisoblayman.

Jarohatlarning turi va xili ko‘p. Ma’naviy jarohatning birinchi malhami so‘z san’atidir. Ona tili esa so‘z san’atining asosi va mangu bulog‘idir. O‘n to‘rtta jumhuriyatda qabul qilingan til haqidagi qonunlar xalqlarni milliy zaminga chambarchas bog‘lashi bilan so‘z san’ati — milliy adabiyotlar rivojlanishiga ham barakali ta’sir etajak.

O‘zbekiston SSRning «O‘zbekiston SSR davlat tili haqidagi qonuni» katta ahamiyatga ega bo‘lganiga qaramay, uni mukammal deb bo‘lmaydi, bu haqda yuqorida ham to‘xtalib o‘tdim. Uni mukammallashtirish parlamentimizda amalga oshirilishiga ishonaman — hayotning o‘zi buni kun tartibiga qo‘yishi turgan gap, chunki qonunlar ham vaqt va tarix oldida imtihondan o‘tajaklar. Lekin hozirgi vazifamiz amaldagi qonunni bajarishdir. Ushbu qonunning 28-moddasida bunday deyiladi: «O‘zbekiston SSR davlat hokimiyati va davlat boshqaruv muassasalarining, shuningdek, korxonalar, tashkilotlar va idoralarning rahbarlari o‘zlariga tobe soha doirasida ushbu qonun talablariga rioya qilinishiga shaxsan javobgardir». Xo‘sh, qonun talablariga rioya qilinishiga shaxsan javobgar rahbarlar kim va ular o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarmoqdalarmi?

Afsuski, turli idoralardagi katta-kichik rahbarlar va ma’muriy xodimlarning juda ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydi va ochig‘i, ayrimlari bilishni xohlamaydi ham. Shu kecha-kunduzda qaerga bormang, kim bilan suhbatlashmang, davlat tili qonunining bajarilishi juda sust ketyapti, hatto qonun qabul qilingani sezilmaydi ham, degan haqli e’tirozlarni eshitasiz. Demak, jumhuriyat hukumati bu borada rahbarlarning mas’uliyatini oshiradigan biror tadbir belgilashiga zarurat paydo bo‘lib qolibdi. O‘zbekiston SSRning davlat tili to‘g‘risidagi qonunini amalga oshirish komissiyasi tarkibiga jiddiy nazar solsangiz, taajjubki, til haqidagi qonun loyihalari muhokama qilinganda betaraf turganlar ham, ikki tillikni talab qilganlar ham, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga mutlaqo qarshi bo‘lganlar ham bor. Ahvol shunday bo‘lgach, qanday qilib til haqidagi qonunni amalga oshirib bo‘lsin?! Demak, komissiya tarkibini qayta tuzish, tilimiz fidoyilarini komissiyaga kiritish, mutasaddilarning mas’uliyatini kuchaytirish kerak.

Endi federatsiya sharoitida tilga munosabat masalalariga to‘xtalaman. Ma’lumki, federatsiyaning birinchi belgisi shuki, federatsiyani tashkil etgan milliy sub’ektlar — ittifoqdosh jumhuriyatlarning davlat tillarining qo‘llanilishidir. Federatsiyada nechta ittifoqdosh jumhuriyat bo‘lsa, shuncha davlat tili bo‘lishi qonuniy hisoblanadi, yagona bir til davlat tili bo‘lsa, federatsiyaning bosh printsip va shartlaridan biri inkor etilgan bo‘ladi. SSSR hozir 15 ittifoqdosh jumhuriyatdan iborat ekan, uning davlat tillari ham o‘n beshtadir.

Rus tili — millatlararo aloqa vositasi bo‘lishi mumkin. Lekin, agar federatsiyaning bir qismi bo‘lmish Rossiyaning tili ittifoq tili deb hisoblansa, u holda SSSRni Rossiya deb atashga to‘g‘ri kelardi. Bu qonunan federatsiya printsipiga ziddir. Til siyosati va qo‘llanilishi xususida quyidagi takliflarni bildiraman.

  1. Sovet Ittifoqi federatsiya bo‘lgani sababli shu federatsiyani tashkil etuvchi sub’ektlar — ittifoqdosh jumquriyatlarning davlat tillari Markaziy davlat va jamoat organlarida teng huquqli ravishda qo‘llanilsin. Federatsiyada uni tashkil etgan har sub’ektning tili har borada, markaziy idoralarda ham tengdir, aks holda federatsiya bo‘lmay qoladi.
  2. Jumhuriyat gazeta va jurnallarining barchasi qaysi tilda chiqishidan qat’i nazar davlat tilida yozilgan materiallarni ko‘rib chiqishi va yoritish uchun qabul qilishi qonun bilan mustahkamlanishi kerak. Til haqidagi jumhuriyat qonuniga kelgusi sessiyada shu haqda maxsus modda kiritish lozim. Toki davlat tili o‘z territoriyasida to‘la huquqqa ega bo‘lsin. Hozir esa o‘zbek tilida gazeta-jurnallar chiqaradigan redaktsiyalar ruscha materiallarni ko‘rib chiqish va yoritish uchun qabul qilgani holda, O‘zbekistondagi ruscha gazeta va jurnal redaktsiyalari o‘zbek tilidagi materiallarni qabul qilmaydi. Holbuki, ularda tarjimonlar shtatlari ham bor.
  3. Sovet Ittifoqi davlat va jamoat tashkilotlarining organlari bo‘lmish «Pravda», «Izvestiya», «Komsomolskaya pravda», «Literaturnaya gazeta», «Sovetskaya kultura» gazetalari, «Kommunist», «Partiynaya jizn» va boshqa jurnallar ittifoqdosh jumhuriyatlar davlat tillarida yozilgan materiallarni ko‘rib chiqish va yoritish uchun qabul qilishi lozim. Ana shunda federatsiya printsipiga rioya qilingan bo‘ladi. Markaziy radio va televidenie faqat rus tilida eshittirish va ko‘rsatuvlar olib borishi federatsiya printsipiga zid. Aslida, ittifoqdosh respublikalarning barcha tillari qo‘llanilishi kerak. Sovet Federatsiyasini yangilash lozim bo‘lsa, ishni ittifoqdosh respublikalarning tillarini teng huquq asosida qo‘llashdan boshlash kerak. O‘zbekiston SSR ittifoq oldiga shu masalani qo‘yishi ittifoqdoshlarimiz talabi va ehtiyojiga ham mos tushadi, deb o‘ylaymiz. Men hisoblab ko‘rdim: «Izvestiya», «Pravda», «Trud» va boshqa gazetalarning sahifalari, asosan, Rossiyaga taalluqli masalalarni yoritishga sarflanadi. O‘zbekiston uchun har yili ajratiladigan o‘rin 0,0001 foizni ham tashkil etmaydi. Vaholanki, O‘zbekiston yirik jumhuriyatlardan biri bo‘lib, aholisining soni mamlakat aholisining 7 foizdan ortig‘ini tashkil etadi, muammolarimiz, dardlarimiz, rejalarimiz esa ko‘p.

Ittifoqdosh jumhuriyatlar, shu jumladan, O‘zbekiston SSRning davlat tili Ittifoq miqyosidagi qonuniy o‘rinni egallashi uchun avvalo o‘zimizda to‘la qadrlanishi zarur. Masalan, men hech tasavvur qilolmayman. Biror mamlakatda, ayniqsa, o‘zining boy tarixiga ega, madaniy va elparvar deb bilgan mamlakatda, masalan, Eron, Frantsiya, Rossiya, Polshada davlat tilini bilmaydigan shaxsning hukumat a’zosi bo‘lishi mumkinmikin? Men bu savolga mumkin degan javobni berolmayman va boshqalar ham mumkin emas deyishlariga ishonaman. Ministrlikka nomzod davlat tilini bilmasa, shu davlatning hukumat a’zosi bo‘lishga ma’naviy haqqi yo‘q deb hisoblayman. Xullas, davlat tili avvalo o‘z xonadonida qo‘llanilsa va qadrlansa, keyin federatsiyada ham qadr topg‘usidir.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 10-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.