OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Jo‘raboyev. Markes bilan uchrashuv (1988)

...Biz Gorbachev bilan bir soatdan ko‘p suhbatlashdik. Unda gumanizm va yumor nihoyatda kuchli ekan. Mixail Gorbachev odamlarni o‘z e’tiqodiga ishontira olishdek ulkan qobiliyat egasi. Shuningdek u qat’iy irodali shaxs, boshlagan ishini oxirigacha yetkazadi...

Men mamlakatingizda birinchi marta 1957 yilda — Xalqaro yoshlar festivalida bo‘lgandim. O‘sha vaqtiyoq yuz bergan o‘zgarishlarni sovet do‘stlarim bilan birgalikda his etganman. Odamlar o‘zgarishlar boshlanganini bayram qilishardi. Ularga ana shu o‘zgarishlar tez yuz beradigandek tuyulardi.

Hozir esa, oradan o‘ttiz yil o‘tganidan keyin odamlarning o‘zgarishlarga munosabatidagi katta farqni ko‘rib turibman. Ular bu o‘zgarishlarni qizg‘in kutib olmoqdalar. Ammo bu — shunchaki bayram emas, balki aql-zakovatning tinimsiz ishidir... Bu — shunchaki mulohaza emas, balki teran idroklashdir. 1957 yildagi kabi ko‘r-ko‘rona optimizm yo‘q hozir. Hozir dadil va nihoyatda zo‘r shiddatli optimizmni sezdim. Odamlar harakat qilish kerakligini, qayta qurishga o‘z hissalarini qo‘shish lozimligini tushunishmoqda.

G. G. Markes

Onam Mehriniso xotirasiga

Sarbalandligi boisi nadir? Nedadir muqtadirligi uning?

«...Jununvor xurujlarimiz hech qolmadi-qolmadida... Meksika diktatori Antonio Lopes de Santa-Ana o‘ng oyog‘idan ayrilgach, dabdabali marosim uyushtirib shu oyog‘ini dafn ettirdi. Ekvadorga o‘n olti yil hokimlik qilgan general Gabriel Moreno olamdan o‘tgach, vidolashish marosimida jasadga shohona liboslar kiydirib, prezident kursisiga o‘tqazishdi va yoniga barcha yarog‘-aslahalariyu kiyim-boshlarini qatorlashtirib qo‘yishdi...

Ispanlar zulmidan ozod bo‘lsak-da, jununvor xurujlarimiz hech qolmadi-qolmadi...»

Shimoliy kenglikning o‘ttiz ikkinchi, janubiy kenglikning ellik oltinchi graduslari oralig‘idagi sakkizta jug‘rofiy mintaqada yastanib yotgan va o‘ttizdan ziyod kattayu kichik mamlakatdan iborat Lotin Amerikasida oltmish yil muqaddam Gabo tavallud topdi, kolumbiyalik ana shu bola payti kelib Gabriel Garsia Markesga aylandi.

Dunyoi qo‘tirning borki achchiq-chuchugini tatigan bu zotning yuragi bahri mavjvar to‘lqinlari kabi qirg‘oqlarini beayov savalagani savalagan. Yo‘qsa, Nobel mukofoti topshirilish tantanasida so‘zlagan nutqida adabiy qarashlari va ijod sirlari haqida gapirish o‘rniga akobiru a’yonlar qiyofasini shu qadar alayno-oshkor fosh qilardimi u?

Mana, o‘sha olti yil avval so‘zlangan nutqning davomi: «Lotin amerikalik yigirma million bola ikki yoshga to‘lmasdan o‘lib ketishdi. Repressiya tufayli badar ketganlarning soni bir yuzu yigirma mingdan oshdi. Bir million chililik yoki aholining o‘n foizi mamlakatini tashlab ketishga majbur bo‘lishdi. Jami ikki yarim million aholiga ega mo‘‘jazgina Urugvayning har beshinchi nafar kishisi quvg‘inda yashaydi. Lotin Amerikasidan ketib qolgan qochog‘u muhojirlarni agar bir joyga to‘plab, davlat tuzishsa bormi, aholisi miqdori Norvegiyanikidan ancha ko‘p bo‘lar edi.

...Yevropalik taraqqiyparvarlar mamlakatlarida o‘rnatishmoqchi bo‘lgan sotsial adolat nega endi Lotin Amerikasiga to‘g‘ri kelmas ekan?

...Yo‘q, Lotin Amerikasi beiroda shaxmat piyodasi bo‘lishni aslo istamaydi va bunday bo‘lmaydi ham».

Ezgulik, darddoshlik, mardonavorlik. Markes sarbalandligining, muqtadirligining ibtidosi ana shulardir. Uning jismi-jonini bular qanchalik chuqur band etganligini anglash uchun hech bo‘lmasa «Mustabidning paymonasi» va yoki «Polkovnikka hech kim xat yozmayotir»ni o‘qib chiqish kifoyadir. Yoinki «Yuz yil tanholikda»ni.

Markes ijodi bilan tanishganimdan va, ayniqsa, «Yuz yil tanholikda» romanini Nurali Qobul bilan birga o‘zbekchaga o‘girganimdan so‘ng bu ulkan so‘z san’atkoriga, adabiyotshunoslar ta’biri bilan aytganda, zamonamiz adabiyoti marshali bo‘lmish alloma adibga nisbatan yuragimda cheksiz ehtirom tug‘ildi. Adibning yangi asarlariyu ijodi tadqiq etilgan risolalar undagi yangi-yangi xislatlarni namoyon etgani sari bu tuyg‘u tag‘in zo‘raydi. Axiyri, u bilan uchrashish, suhbatlashish orzusi ko‘nglimni band etdi.

Lekin qanday uchrashish mumkin u bilan? Axir, Kolumbiya qayoqdayu Toshkent qaerda! Umuman, u 1979 yildan buyon mamlakatimizga kelmagan. Kunlarning birida Markes haqidagi maqolani ko‘zdan kechiraturib, uning gapidan olingan ko‘chirmaga ko‘zim tushdi: «O‘n yillar davomida revizionizmda, antisovetizmda ayblab kelishdi meni. Go‘yoki mayda burjuaziya va reaktsion g‘oyalarni targ‘ib qilar emishman. Asli men aytgan gaplar shu kecha-kunduzda SSSRda sodir bo‘layotgan yasharish xususida edi. O‘shandayoq Sovet Ittifoqida ham, jahondagi sotsializm harakatida ham tub islohlar bo‘lishi zarur deb o‘ylagan edim». Shunda, demak, Markes mamlakatimizga keladi, axir sodir bo‘layotgan burilishni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istamasligi mumkin emas, degan xayolga bordim.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, uning Moskva kinofestivaliga tashrif buyurishi haqidagi xabar qulog‘imga chalindi. Zudlik bilan poytaxtga uchishga ahd qildim. Festival ochilishiga bir necha kun qolgan. O‘zingiz bilasiz: iyulning boshlarida samolyot bileti anqoning urug‘i. Ustiga ustak, festivalda ishtirok etuvchi jurnalistlar allaqachonoq akkreditatsiya qilingan. Odatda, ulug‘lar suhbatini magnitofonda yozib olaman, lekin keyingi paytlar u pand berar, ustaxonadagilar esa eplab tuzata olishmasdi. Tag‘in, yapon kassetalaridan topish amri mahol deng...

Xullas, ming tashvish g‘ov kabi yo‘limni to‘sib turardi. Ammo... niyat xolis bo‘lsa, doim ishing o‘ngidan keladi. Ikki kun ichida samolyotga bilet topildi, akkreditatsiya muammosiyam yechildi. Do‘stim, tojikistonlik shoir Shodmon Jo‘raev esa Dushanbedan samolyot orqali ancha kasseta berib yubordi. Moskvada magnitofonni tuzatish ikki soatlik ish.

«Domodedovo» aeroportidan to‘g‘ri «Moskva» mehmonxonasiga yo‘l oldim, joylashgach, festival shtabi — «Rossiya» mehmonxonasiga kirdim, oraliq masofa yaqin — ko‘chaning narigi yuzidan Qizil maydon bo‘ylab Vasiliy Blajenniy soborining shundoq chap tomoniga o‘tilsa — bas.

Matbuot markazidagilar ro‘yxatga olishdi, akkreditatsiya kartochkasini berishdi.

«Ha, Markes kelgan,— deyishdi ular mening savolimga javoban,— lekin qaysi mehmonxonada, shuni aniq aytolmaymiz. Festivalning boshqa xizmat gruppasidagilar balki yordam berishar sizga». Bu behisob gruppalar ulkan mehmonxonaning talay xonalarini band etgan edi. O‘sha kuni kirmagan xonam qolmadi, lekin urinishlarim zoe ketdi.

«Festival ochilishidan bir necha kun ilgari keluvdi u. Ochilish marosimida qatnashdi. Endi... yuradi deysizmi yopilish marosimini kutib. Qaytib ketgandir...» — bir jurnalist shunday dedi. «Nahotki? Shuncha yo‘ldan kelib...» Xunobim oshib kechasi uxlolmay chiqdim. Ertalab yana shtabga kirdim, yarim kunim Markesning shu yerdami yoki yo‘qligini aniqlashga ketdi. Urinishlarim natija bermadi hisob. Ammo kunning ikkinchi yarmida omad kulib boqdi menga.

Tushdan keyin «Rossiya» mehmonxonasiga baqamti kino-kontsert zali yonidan o‘tayotib, ko‘rdimki, bu yerda Markesning «Oshkora qotillik qissasi» asosida suratga olingan film namoyish etilar ekan. Oldiniga ishongim kelmadi. Axir, Markes asarlarining ekranlashtirilishiga qarshi-ku. «Yuz yil tanholikda» asosida film yarataylik, deb kinochilar murojaat qilaverib, uni jon-holiga qo‘yishmagan, shunda u: «Mayli-yu, lekin buning evaziga million dollar to‘lashlaring kerak bo‘ladi», degan. Oradan bir yil o‘tgach, kinochilar rozi bo‘lishgan. Ammo Markes ko‘nmagan. Ikki, hatto uch million dollar to‘laymiz deyishsa-da, u ijozat bermagan. Keyinchalik balki bu sohaga yozuvchining munosabati o‘zgargandir?!

Kino-kontsert zalida festival jyuri a’zolari, xorijiy mehmonlar hamda avval boshda bilet olgan kishilar uchungina filmlar ko‘rsatilar (jurnalistlarga alohida kinoteatr xizmat qilar) edi. Shu sabab bu yerga kirish rosa qiyin, ayniqsa, yaxshi filmlar namoyish etiladigan kun. Bugun ham odam ko‘p edi! Ehtimol, ortiqcha bilet topilib qolar?!

Qayoqda deysiz. Ko‘nglim cho‘kib, chetga chiqib turganimda kimdir bilagimdan tortdi. Qarasam, o‘rta yashar bir ayol.

— Uzr, mabodo O‘zbekistondan emasmisiz?

— Ha, nima edi?

— O‘zim ham shundaydir deb o‘ylagan edim. Bilasizmi, o‘zbeklarni juda hurmat qilaman. Uzoq yili uyimiz yonayotganida kenja o‘g‘lim to‘rdagi xonada qolib ketibdi. Shunda bir o‘zbek askar yigit uni olovning ichidan olib chiqdi. Na qaysi qismdan ekanligini bilaman, na ismi-sharifini. Shu yigit bo‘lmaganida... Umri uzoq bo‘lsin, ishqilib. Shundan beri... qarzimni uzay deyman-u... Boya bilet so‘rab yuruvdingiz, oling menikini. Olavering,— u biletini qo‘limga tutqazdi.

Niyat xolis bo‘lsa amalga oshar ekan-da, deb zalga kirdim, bo‘sh joylardan biriga o‘tirdim.

Sochlari silliq taralgan qiz sahnaga chiqdi-da, mikrofonga yaqin keldi: «Aziz mehmonlar! Hozir biz Franchesko Rozining «Oshkora qotillik qissasi» filmini namoyish etamiz. U konkursdan tashqari ko‘rsatilyapti. Italiya va Frantsiya kinematografchilari yaratishgan. Kartina Kann festivalida yaqinda maxsus sovrin bilan taqdirlangan... Yonimdagi mehmon film stsenariysi muallifi Tonino Guerro! (Qarsak yangraydi, Guerro ta’zim qiladi). Ushbu film buyuk yozuvchi, Nobel mukofoti laureati Gabriel Garsia Markesning qissasi asosida Kolumbiyada suratga olingan.

Aziz tomoshabinlar! Zalda senor Markes ham o‘tiribdi!..»

Zal olqishga to‘lib ketdi. Oldingi qatordagilar o‘girilib ko‘z uchida Markesni qidira boshlashdi.

— Ana, huv ana u! — dedi yonimda o‘tirgan yigit hayajonlanib (u bolgar ekan, buni keyinroq aniqladim). Men ham yuragim hapriqib:

— Ha, ha, ko‘ryapman! — dedim.

Markes atigi yetti-sakkiz qator narida, zalni ikkiga ayirgan yo‘lak chetidagi kursida o‘tirar edi. U odmigina ko‘ylak kiygan, bo‘yniga esa sharf bog‘lab olgan edi. Odamlar tanib qolmasin debmi u ham boshini ortga burib, boshqalarga qo‘shilib qarsak chalardi. Lekin uni tezda o‘zgalardan ajratib olishdi. «Markes! Markes!»—deya xitoblar yangradi zalda. Fotoapparat ushlagan besh-olti kishi yugurib uning yoniga borishdi, goh cho‘kkalab, goh tik turib ulug‘ adibni suratga tushira ketishdi... Keyin ularning safi dastxat ishqibozlari bilan «boyidi», Markesga ular kitobu daftar... tutishar, imzo chekishini so‘rashar, u esa miyig‘ida jilmaygancha bu iltimosni bajarardi.

Yonimdagi yigit ham bloknotini oldiyu adib tomon otildi...

Uning oldidagi odamlar kamayish o‘rniga tobora ko‘payardi.

— Janoblar, senorlar, o‘rtoqlar! Markesni xoli qo‘yinglar endi! — deya murojaat qildi kimdir, axiyri mikrofon orqali. — Iltimos qilaman, joy-joylaringga o‘tiringlar. Film boshlanishi kerak bo‘lgan vaqtdan yarim soat o‘tib ketdi-ku, axir!

Odamlar istar-istamas Markesdan ajralishdi. Chiroqlar o‘chdi va film boshlandi: daryo bo‘ylab suzib kelayotgan kema qishloqqa yaqinlashgani sari palubada turgan oqsoch, bo‘ydor kishi yuragini hayajon qoplaydi... Nihoyat u sohilga tushadi, qishloq oralab keta boshlaydi. Ko‘pdan bu yerga kelmaganligi shundoq sezilib turadi. To‘ppa-to‘g‘ri qabristonga kirib boradi va bir qabrga gul qo‘yadi. Kamera kulgisi o‘ziga rosayam yarashib turgan xushbichim yigitning suvratini va suvrat ostidagi «Santyago Nosir» yozuvlarini butun ekranga olib chiqadi... So‘ngra o‘n gulidan bir guli ham ochilmay umri xazon bo‘lgan shu yigitning fojiali o‘limi tarixi jonlana boshlaydi.

Sohibjamol Anxela, chiroyiga barcha qishloq qizlarining havasi keladigan Santyago Nosir, Anxelaga ko‘ngil qo‘ygan, ma’shuqasi uchun har narsaga tayyor shaydoyi Roman, qizning toshyurak akalari — Nosirning bo‘lg‘usi qotillari tomoshabin bilan baqamti kelishadi. Voqealar, garchand juda sekin kechsa-da, shu osoyishtalik tubida bid’at va xurofotga nisbatan shiddatli bir isyon qalqib turibdi.

Film Anxela va Romanning taqdir taqozosiga ko‘ra mahv bo‘lgan muhabbatlari, menimcha, sentimental tuyg‘ulardan tobora uzoqlashayotgan g‘arblik tomoshabinlarning ham yuragini junbushga keltirardi...

Yosh bo‘lishiga qaramay, kino olamida ancha tanilib qolgan italiyalik aktrisa Ornela Muti Anxela rolini ehtiros bilan ijro etgan. Frantsiyalik mashhur aktyor Alon Delonning o‘g‘li Entoni Delon, Lyuchiya Boze kabi qator iste’dodli aktyorlar filmda ishtirok etishgan, yetakchi obrazlardan birini Jan Mariya Volonte yaratgan. Italiyalik bu nomdor san’atkor bundan sal ilgari Moskvada bo‘lib o‘tgan «Yadrosiz dunyo uchun, insoniyatninp omon qolishi uchun!» xalqaro anjumanida ishtirok etgan edi. Festival kunlari u bilan suhbatlashishga imkon tug‘ildi. «Markesdek buyuk yozuvchi asari asosida suratga olingan kartinada rol ijro etish ham sharafli, ham mas’uliyatli. Film muvaffaqiyatini ta’minlashga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shgan bo‘lsam, behad baxtiyorman», deydi u.

Film davom etyapti-yu, odamlar hamon o‘girilib, Markesga nigoh tashlashadi. Men ham qissasi asosida suratga olingan filmni u bilan birgalikda ko‘rish imkoniga ega bo‘lganimdan ich-ichimda sevinaman. So‘ng reja tuzaman: kartina tugagach, Markesga uchrab, suhbat uchun vaqt ajratishini so‘rayman.

Film ohanrabodek hammani o‘ziga tortgan, nigohlar ekranga qadalgan edi. Nihoyat, u tugadi. Chiroqlar yongach, yana qarsaklar yangradi, yana hammamiz orqaga o‘girildik, ammo Markes joyida yo‘q edi...

Zaldan birin-ketin chiqa boshlaymiz. Daf’atan hayhotday vestibyulning narigi chetida g‘uj bo‘lib turgan odamlarga ko‘zim tushdi. «Markes!» — ana shu fikr miyamga yashindek urildi. Borsam, Markes emas, Tonino Guerro ekan.

Guerro adabiyot va san’at olamida nom qozongan ijodkor. U Federiko Fellinining bolalik do‘sti, stsenariynavis, shoir va rassomdir. Guerroning stsenariylari asosida Fellini, Antonioni, Andrey Tarkovskiylar anchagina film yaratishgan. Franchesko Rozi ham uncha-muncha stsenariynavislar bilan hamkorlik qilavermaydi.

Kinofilmlar yaxshiyu yomon chiqishida stsenariynavislar ulushi katta ekanligini ko‘pchilik bilmaydi, sababi, kartinalar haqida gap ketganida asosan rejissyoru aktyorlar tilga olinadi. Qolaversa, ayrim stsenariynavislar postanovkachi-rejissyor soyasida qolib ketaveradi, film yaratilish jarayonida ularga izn berishmaydi hisob. Tonino Guero esa, rejissyor ming nomdor bo‘lmasin, tengma-teng ish olib boradi.

Guerro goh dastxat yozar, goho rasm chizib, ostiga imzo chekardi. Dastxat so‘rovchilar esa shu qadar ko‘p ediki... «Bo‘ldi, bo‘ldi... Boshqa vaqt»,— dedi u ruschani buza-buza. «Rus tilini bilar ekan-da», men quvonaman va Guerro bilan suhbatlashish payiga tushaman, «Markes bilan uchrashishimga balki u ko‘maklashar» deb o‘ylayman ichimda.

Guerro odamlardan zo‘rg‘a ajralib eshikka tomon yuradi. Unga yetib olib: «Yangi filmingiz bilan qutlayman. Rosti, anchadan buyon bunday ajoyib kartina ko‘rmagan edim», deyman va o‘zimni tanishtiraman. So‘ng maqsadga o‘taman. Intervyu berishga rozi bo‘ladi. «Ruschani yaxshi bilmayman, xotinim tilmochlik qiladi. U meni tashqarida kutayotgan edi, ketib qolmagan bo‘lsin-da», deydi.

Eshikdan chiqqan zahotimiz sochi jingalak ayol bizga ro‘baro‘ keladi. Guerro rafiqasi bilan meni tanishtirgach, «Do‘stimiz Toshkentdan ekan, so‘hbat uchun besh minutcha vaqt ajrata olamiz-a?», deydi. «Albatta-da», shirin jilmayadi rafiqasi.

Suhbatimiz anchaga cho‘ziladi.

— Markes qissayu romanlari ekranga chiqishiga doimo qarshi edi. Shu bois «Oshkora qotillik qissasi» asosida film yaratilganini ko‘rib, hangu mang bo‘lib qoldim. Nima, uning kinematografiyaga munosabati o‘zgardimi?

— Yo‘q.

— Unda qanday qilib rozilik oldingizlar qissasini ekranlashtirishga?

— Aniqrog‘i, buni Franchesko Rozi biladi.

— Gabriel Garsia Markesdek yozuvchining panjasiga panja urish, ya’ni uning qissasi asosida stsenariy yozish asnosida nimalarni his qildingiz?

— Faqat bir narsa — mas’uliyatni, yuksak mas’uliyatni.

— Stsenariy yozilishida, filmning suratga olinishida Markes bilan o‘zaro hamkorlik qanday kechdi?

— Hech qanday.

— Tushunmadim?

— Biz hamkorlik qilganimiz yo‘q. Stsenariyni o‘qishdan bosh tortdi u.

— Nega?

— Mabodo omadingiz chopib, Markes bilan uchrashib qolsangiz, sababini o‘zidan so‘rarsiz.

— Bugun filmni Markes birinchi marta ko‘rdimi?

— Yo‘q. Kartinani u dastlab Parijda ko‘rgan.

— Taassurotlari qanday?

— Kartina unda yaxshi taassurot qoldirgan...

Suhbatga berilib, Markesning koordinatlarini so‘rash mutlaqo yodimdan ko‘tarilibdi. Kim biladi deysiz, balki u ham yashirarmidi? Har qalay, filmga tushmasimdan oldin Markes shu yerdami, yo‘qmi, deb tashvish chekayotgan edim, endi bu ikkilanishga chek qo‘yildi. Ammo men axtarib yurganimda u Vataniga ketib qolsa-chi? Yana ziqlanaman, «ketmas hali», deb o‘ylayman o‘zimcha, shunda ichki bir tuyg‘u orqali u bilan bari bir uchrashishimizni sezaman. Bu sezgi, garchand mustahkam bir poydevorga ega bo‘lmasa-da, intervyuga nisbatan so‘na boshlagan umidni qayta alanga oldiradi. Shu sabab mehmonxonaga kelamanu uchrashuvga hozirlik ko‘raman.

Avvalo, Markesga berilajak savollarni bir-bir nazardan o‘tkazaman. Sovg‘alarni taxtlab yukto‘rvaga joylayman. Ertasi kun esa... dastlab nufuzli ustaxonaga magnitofonni olib bordim, «tuzatishga kamida o‘n kun ketadi. Ustiga ustak, ko‘pgina kerakli qismlar ham yo‘q,— deyishdi ular,— bilasizmi, yaxshisi, «Soni» firmasi vakillariga uchrashing».

«Janob Aray eshitadi. Ha, ha, «Soni» firmasi,— dedi sof rus tilida, o‘zini janob Aray deb tanishtirgan yapon. Unga ahvolni tushuntirdim,— keling,— dedi u shunda,— qo‘limizdan kelganicha yordamlashamiz!»

...Firma vakolatxonasi Xalqaro savdo markazida joylashgan ekan. Janob Aray — hali yoshi o‘ttizga yetmagan, miqtigina yigit sharqona iltifot bilan kutib oldi: «Toshkentdanman deng? Festivalga kelibsiz-da. Qaysi kinolarni ko‘rdingiz?..»

Markesning qissasi asosidagi filmdan boshqa hech vaqo ko‘rmaganligimni aytdim. «Markes ulug‘ yozuvchi!» dedi u hayajon bilan. Shu payt xonaga janob Araydan ham yoshroq yigit kirib keldi-da, tabassum ila so‘rashdi. «Bizning ustamiz,— deya tanishtirdi uni janob Aray,— qani, bering-chi magnitofoningizni». Ular magnitofonning uyoq-buyog‘ini ko‘rib, o‘zaro bir narsalarni gaplashishdi. Keyin: — Agar malol kelmasa, narigi xonaga kirib o‘tiratursak. Usta bir ilojini topar,— dedi janob Aray menga qarata.

Qo‘shni xona kenggina ekan, o‘rtada turgan dumaloq stol atrofida esa chiroyli stullar terib qo‘yilgandi. Devor tomonda ekrani katta antiqa televizor, uning yonida esa...

— Firmamizning eng so‘nggi yangiliklaridan biri — kompakt kassetali videomagnitofon,— deya izoh berdi janob Aray,— bunisi esa... videoplastinkali pristavka,— tortmadan plastinka olib (o‘zimizning odatdagi plastinkadan o‘ta yaltiroqligi bilan farq qiladi), uni joylashtirdi, shu zahoti ekranda rangli tasvir paydo bo‘ldi.— Estrada kontserti yozilgan. Siz bemalol ko‘ravering, men hozir,— deya chiqib ketdi va besh minutlardan keyin kofe keltirdi.

O‘zbekiston, Markes, olamda dong taratgan «Soni» firmasi, bu yerdagi mehnat va turmush sharoitlariyu texnika yangiliklari haqida gaplashamiz. Bir payt usta kirib keladi va janob Arayga bir nima deydi. Janob Aray menga yuzlanadi:

— Bizni kechirasiz, magnitofoningizning ishi ko‘p ekan. Munday qilsak: uni bizga tashlab ketasiz, sizga esa,— o‘rnidan turib, u pastki tortmadan yap-yangi magnitofon olib menga uzatadi,— to festival tugagunicha ishlatib turasiz, ungacha siznikini ham tuzatib qo‘yamiz, kelib almashtirib ketasiz.

«SM—17» markali bu magnitofon foydalanishga judayam qulay, uni cho‘ntakda ham bemalol olib yurish mumkin edi.

— Markes bilan uchrashishingizga tilakdoshman. Ishlaringiz o‘ngidan kelsin. Umid qilamanki, magnitofonimiz ham og‘iringizni yengil qiladi,— deydi xayrlasha turib janob Aray. Men esa: «Markesning koordinatlarini qanday topish mumkin?— deb o‘yga tolaman,— kim menga ko‘mak beradi?» Va shunda bilasizmi kim, o‘zimizning Odil Yoqubov (aniqrog‘i, bu sevimli yozuvchimizning «Ulug‘bek xazinasi» romani) menga yordam qo‘lini cho‘zdi. Podmoskoveda yashovchi o‘rtog‘im — Leonid besh-olti oycha burun gaplashib qolganimizda, «mabodo yana Moskvaga yo‘ling tushsa, Odil Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi»dan o‘zing bilan bir dona ola kel», deya iltimos qilgan edi. Toshkentga kelgach, asarning ruscha nashrini so‘rab-surishtirib zo‘rg‘a topdim.

Leonidning uyida telefoni yo‘q, shu bois Moskvaga kelganimni unga bildirolmadim, lekin ishim bir yoqli bo‘lsa to‘g‘ri unikiga boraman, degan niyatda hamisha kitobni o‘zim bilan olib yurgandim. Shtabga kelsam tushlik boshlangan ekan. Tamaddi qilgani borib navbatga turdim, zerika boshlagach, «Ulug‘bek xazinasipni qo‘limga olib, alloma shoh fojiasi tasvirlangan sahifani ochib, nechanchi marta o‘qiy boshladim.

— Sizmi oxiri?

Diqqatim chalg‘ib boshimni ko‘tardim, bir to‘da qizlarning oldida turgani qayta so‘radi:— Oxiri?..

Navbat sekin-asta siljiydi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Qizlarning esa og‘zi gapdan bo‘shamaydi. Keyin ular birdan jimib qolishdi, shivir-shivir qila boshlashdi. Banogoh «Yoqubov!» degan so‘z qulog‘imga chalindi, qolgan gaplari uncha eshitilmadi. «Odil akani bilishar ekan-da», ich-ichimdan quvonaman. Shu chog‘ boya navbatning oxirini surishtirgan qiz:

— Kechirasiz, siz O‘rta Osiyodan emasmisiz mabodo? — deya so‘radi.

— Ha, O‘zbekistondanman,— dedim unga yuzlanib.

— Hamyurt ekansiz-da Odil Yoqubovga. Zo‘r yozuvchi-da u. Sizga aytsam, anchadan buyon «Ulug‘bek xazinasi»ni axtarib yuruvdim. Agar... malol kelmasa, soting shu kitobingizni menga!— deb qoldi u hech kutilmaganda.

— Rosti, bir o‘rtog‘im so‘ragani uchun... Shunga atab olib keluvdim,— dedim xijolat chekib.

— Toshkentda... Tanishlaringizdan topilar, unga yuborarsiz, men... Yo‘q demang! — Qiz ko‘zlari mo‘ltillab iltijo bilan tikildi.

— Sotishga-ku sotmayman-a, lekin... sovg‘a qilishim mumkin. Ha mayli, mang, oling!— deyman tantiligim tutib, «Toshkentga borgach, o‘zimdagi nusxani pochta orqali Leonidga jo‘natarman», deb o‘ylayman ichimda. Qiz shu qadar sevinib ketadiki, «Rahmat sizga, deydi, mingdan ming rahmat!» So‘ng o‘zini tanishtiradi:

— Festivalchilardanmiz, ismim Yelena, agar, biror masalada yordamimiz asqotsa... xursand bo‘lar edik!

— E, shundaymi! Mabodo Markesning koordinatlarini topishda yordam so‘rasam-chi?

— Harakat qilamiz,— deydi Yelena,— tamaddi qilib bo‘lgach, biz bilan yuring.

Ikkinchi qavatga ko‘tarilib, o‘ngga qarab yuramiz... Qizlarning aksariyati yo‘l-yo‘lakay festivalning turli idoralari, ya’ni xizmatlarini o‘tayotgan xonalarga kirib ketishadi. Yelena: «Siz shu yerda tura turing,— deydi menga va o‘zi tarjimonlar xonasiga buriladi. Bir ozdan so‘ng quvona-quvona chiqadi.— Mana, Markesning tarjimoni — Marina Sergeevna Akopovaning telefon nomeri. Akopova orqali Markes bilan bog‘lanishingiz osonlashar, — deydi bir parcha qog‘ozni menga uzata turib!

Ha, niyat xolis bo‘lsa!..

Shartta mehmonxonamizga borib, Akopovaga telefon qila boshlayman. Ammo javob bo‘lmaydi. Pichadan keyin yana sim qoqaman, yana... Yana, yana...

...Allamahalda nihoyat javob beradi — erkak kishining ovozi, bu Marina Sergeevnaning turmush o‘rtog‘i Aleksandr Ivanovich Sedoy ekan. «Marina hali-veri kelmaydi,— deydi u.— Toshkentdan bo‘lsangiz, Shuhrat Abbosovni tanirsiz?» «Men ishlaydigan jurnalda redkollegiya a’zosi u kishi. Biz deyarli kunora uchrashib turamiz». Aleksandr Ivanovich Shuhrat aka bilan institutda birga o‘qigan ekan. U Shuhrat Solihovichning sog‘lig‘i, bugungi ishlari bilan qiziqa ketadi... Biz birpasda apoq-chapoq bo‘lib olamiz. Nihoyat, maqsadga ko‘chiladi.

— Markes bilan uchrashish... Haqiqatdan ham... Ammo do‘stimning og‘aynisiga yordam berish mening burchim. Marina kelsa biror yo‘lini qidirib toparmiz. Siz ertaga kechqurun shu vaqtda telefon qiling,— deydi Aleksandr Ivanovich.

Ko‘nglimdagi niyatni yuzaga chiqarishda boya Odil Yoqubov muxlisining muhabbati qancha yordam bergan bo‘lsa, endi Shuhrat Abbosov sha’ni shunday ko‘mak berayotgan edi. Rosti, shunday zabardast hamyurtlarim borligidan shu qadar faxrlandimki, uyoq-buyog‘i yo‘q!

Ertasi kun aytilgan vaqtda Aleksandr Ivanovichga telefon qildim.

— Marina aytibdi,— dedi u,— Markes rozi. Faqat «o‘n beshinchi iyuldan keyin» debdi. Hozir ishi rosa ko‘p ekan.

Demak, Markes festivalning oxirigacha bo‘lar ekanda. Anjuman so‘ngida Moskvada u yana bir-ikki kun qolishi ham mumkin. Shuni aniq bilamanki, hali biror muxbir undan intervyu olganicha yo‘q. O‘n beshinchidan so‘ng... menga navbat tegarmidi?! Nima bo‘lsayam, o‘shangacha gaplashib olish shart. Aleksandr Ivanovichga shunday deyman.

— Gapingizda jon bor. Lekin...

— Yumushimizni osonlashtiradigan narsa yo‘qmas,— deyman unga,— bir do‘stim bilan Markesning «Yuz yil tanholikda» romanini o‘zbekchaga o‘girganmiz. Tarjima bultur jurnalda chiqqan. Yaqin orada kitob holida chop etiladi. Tarjimoniga sal muruvvat ko‘rsatar? Marina Ivanovna bilan bir urinib ko‘rmaysizmi, a?

— Yaxshi, ertaga bir telefon qiling.

Ertasiga esa...

Ertasiga avvalo Markaziy Kino uyi qoshidagi Yosh kinematografchilar klubida SSSR va AQSh kinochilariyu olimlari ishtirokida shu kunning eng dolzarb muammolari xususida o‘tkazilgan bahsni tinglayman. Tushdan keyin “Rossiya”ning quyi tarafida joylashgan «Zaryade» kinoteatrida festivalning hujjatli filmlarini tomosha qilaman.

Yoz paytlari, xususan, shom sepini yoyayotgan mahal Moskvada tez-tez yomg‘ir yog‘ib turadi. Odatda u bir shovdirab o‘tadi-ketadi. Anjuman o‘tayotgan kunlar esa mutlaqo o‘zgacha edi: havo bir kun issiq, bir kun sovuq, osmonni hadeb simobrang bulutlar qoplagani-qoplagan, goho esa kuni bilan maydalab yomg‘ir yog‘adi.

Bugun kechqurun... kinoteatrdan chiqishimiz bilan ruhafzo havo bizni og‘ushiga oldi. Osmon tiniq, niliy rangda. Botayotgan quyoshning zarrin nurlari shafaqni qirmizi tusga kiritgan. «Rossiya» mehmonxonasi peshtoqida turli davlatlarning bayroqlari sezilar-sezilmas hilpiraydi.

Anjuman oqshom tarovatiga bayramona tus bag‘ishlagan. Mehmonxona oldidagi yo‘laklarda turli-tuman rusumda kiyingan odamlar. Ularning aksariyati diqqinafas nomerlarini xoli qoldirib, sayr qilgani atay pastga tushishgan.

Shular orasida banogoh Markesni ko‘rib qolaman! U qoramag‘izdan kelgan bir yigit bilan allanarsalar haqida gaplashgancha aylanib yurar edi.

Ularning xiyol ortida ikki ayol. Biri ko‘zimga issiq ko‘rindi. Qaerdadir suratini ko‘rganman. Mersedes! Markesning xotini. Ikkinchisi novcha, to‘ladan kelgani, hoynahoy, yozuvchining tarjimoni!

Bor jur’atimni to‘plab uning yoniga boraman, «Salom, Marina Sergeevna!» deyman, u esa hayron bo‘lib menga tikiladi. Darhol o‘zimni tanishtiraman.

— Ha, ha, erim siz haqingizda gapiruvdi. «Yuz yil tanholikda»ni o‘zbekchalashtirganmiz deng?

— Ha. Jurnalda chiqdi, naq uchta sonida, ular Markesga eng yaxshi sovg‘a bo‘ladi, deb opkelganman.

— Roman uchun qancha qalam haqi yubordilaring Markesga? — hech kutilmaganda savol beradi Marina Sergeevna.

— Rosti, rosti... aniq bilmayman. Bu ish bilan mutasaddi tashkilotlar shug‘ullanadi-da. Ishqilib, ancha yuborishgan chiqar.

— Oldin anig‘ini bilish kerak. Adabiy agentining aytishicha, bizda so‘nggi yillar davomida yozuvchining ko‘plab asarlari chiqqan-u, ammo qalam haqiga kelganda... ba’zi nashriyotlar g‘irromlik qilishgan. Kuni kecha Markes shu xususda yonib-kuyub gapirgan edi. Agar, siz ham o‘sha tarjima haqida aytsangiz... Bu yerda qiyin bir muammo bor shekilli. Uni kattaroq idoralarda hal qilish kerak... Erim iltimosingizni yetkazuvdi. To‘g‘ri, o‘n beshinchidan keyin haqiqatda ham uchrasholmay qolishingiz mumkin. Nima qildik, a?

— Ishqilib, bir ilojini toping!— deyman.

— Bo‘lmasa bunday qilsak,— deydi u xiyol o‘yga tolib,— ertaga soat uchlarda Markesning nomeri oldida uchrashaylik... Ha, ha. «Rossiya»da, o‘n yettinchi qavat. Besh yuzu uchinchi xona. Balki ishingiz yurishib ketar. Lekin yana bir bor ogohlantirib qo‘yay, tarjima xususida og‘iz ochmaysiz. Kelishdikmi?

— Rahmat, Marina Sergeevna! Aytmoqchi, Aleksandr Ivanovichni bezovta qilib yurmay endi, hal bo‘lyapti-ku masala. U kishiga ham minnatdorchiligimni yetkazib qo‘ysangiz.

Ertasi kun — o‘n birinchi iyulda suratchi ikkalamiz aytilgan vaqtda «Rossiya» mehmonxonasining o‘n yettinchi qavatiga ko‘tarilamiz. Nomer tomon o‘tayotganimizda: «Qayoqqa? Qayoqqa?» deya so‘raydi navbatchi ayol yo‘limizni to‘sgudek bo‘lib.

— Besh yuzu uchinchiga, — deymiz biz.

— Oldin telefon qilish kerak, agar ruxsat berishsa, marhamat.

Telefonni hech kim ko‘tarmaydi.

— Iy-e, mana-ku kalitlari! Hali qaytishmabdi. Narigi xonada o‘tira turinglar, «soat to‘rtdan keyin» deyishgan bo‘lsa, kelib qolishar. Odatda rosa kech qaytishadi ular. Mashhur odamlar-da! Uyoqqa taklif qilishadi, buyoqqa taklif qilishadi... O‘zi yuqori qavatlarimizda faqat mashhur kishilar qo‘noq bo‘lishadi, Rasul Hamzatov, Chingiz Aytmatov...— deydi g‘urur bilan navbatchi ayol.

Kutish xonasi shinamgina ekan. Derazadan ajib bir manzara ko‘zga tashlanadi. Ammo... «Bordiyu navbatchi aytganiday, horib-charchab kech qaytishsa-chi? Unda, tabiiyki, intervyu haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas. Markes Marina Sergeevnaning iltimosini rad etgan bo‘lsa-chi?»

Bir mahal yo‘lakda oyoq tovushlari eshitiladi. «Kelishdi shekilli,— deydi suratchi, — xabar ol-chi?»

Ha, o‘shalar! Markes bilan Mersedes shundoq yonimdan o‘tib, nomerlariga kirib ketishadi. Marina Sergeevna esa navbatchi ayolning yonida turibdi. Balki navbatchi unga biz haqimizda gapirayotgandir... U meni ko‘radi-da, kela boshlaydi.

— Bilasizmi,— deydi u salom-alikdan so‘ng,— aniq bir narsa va’da qilolmayman. Hech qo‘limiz bo‘shamayapti tashriflardan. Mana, hozir ham akademik Velixovning huzuridan keldik. Yarim soatdan keyin esa ministrning qabulida bo‘lishimiz kerak. Balki keyinroqqa ko‘chirarmiz uchrashuvni... Kechirasiz, kutib qolishdi. Erta-indin telefon qiling, bir yo‘lini toparmiz. U yashin tezligida nomerga kirib ketadi. «Marina Sergeevna! Marina Sergeevna!» degancha qolaveraman.

— Nima deyishdi? — so‘raydi shu payt xonadan chiqqan suratchi.

— Picha sabr qilinglar deydi, qandaydir ministr bilan so‘zlasharkan hozir,— yolg‘on gapiraman men, o‘zimni zohiran xotirjam ko‘rsatib.

— Telefondami? Bilmadingmi qaysi ministrligini? Madaniyat ministri bo‘lsa kerak-da, hoynahoy... To‘rt-besh minutda gapi ado bo‘ladi deysanmi ularning, cho‘zilsa kerak anchaga. Yur, o‘tira turamiz. Yulduzlar bilan uchrashishning o‘zi bo‘ladimi. Yaqinda Moskvaga Chelentano kelganida undan intervyu olaman deb qancha muxbirlarning ona suti og‘ziga keldi-ku. Bu esa Markes! Markes!!

«Nahot shuncha ovoragarchilikdan so‘ng ikki qo‘lni burunga tiqib qaytib ketaversak? Erta ham, indin ham Marina Sergeevna yordam berolmasa-chi? Unda nima bo‘ladi?..» Shunda miyamga bir fikr keladi: yotib qolguncha otib qol! Agar, ministrlikka borishadigan bo‘lishsa, hozir albatta qaytib chiqishadi va o‘shanda birdan «hujum»ga o‘tish kerak. Marina Sergeevna bu qilig‘imdan ranjib, tarjima qilishdan bosh tortsa-chi? Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkin emas, o‘ylashimcha, u mening tarafimni oladi. Markesning o‘zi xafa bo‘lsa-chi? Nima bo‘lsa bo‘lar...

Markes turgan xonadan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz eshitildi, sumkamni yelkamga osib, koridorga chiqaman. Zum o‘tmay eshik ochiladi-da, Markes bilan Marina Sergeevna chiqishadi. Shunda Markesning oldiga o‘tib: «Buenos dias, senor Markes!» deyman va qo‘l uzataman (ispan tilida «salom» degani bu), u qo‘limni mahkam siqadi, nimadir deya gapira ketadi. Men esa gungu karday jim turaveraman. Markes hayron. Bir menga, bir tarjimoniga boqadi. Marina Sergeevna oldin xo‘mrayib menga qaraydi, so‘ng xiyol tabassum bilan Markesga nimanidir tushuntira boshlaydi. «O‘zbek» deganidan anglaymanki, u men haqimda gapirayotir.

Markes birdan xaxolab kulib yuboradi. «O, o‘zbek» va yana allanarsalar deydi u kiftimga qoqib, Marina Sergeevna ham o‘zini zo‘rg‘a kulgidan tiyib, uning so‘zlarini o‘gira boshlaydi, ispanchalab salom berganimda, Markes meni o‘zining hamyurti deb o‘ylagan ekan...

Kula-kula lift tomon yuramiz. Markes yurtimiz haqida savollar beradi. Men ularga atroflicha javob qaytarishga urinaman. Adibning O‘zbekistonga bo‘lgan bunday qiziqishidan boshim osmonga yetadi.

Guv etib kelgan lift ko‘zimga baloday bo‘lib ko‘rinadi, suhbatimizning beliga tepadi-da u. Ular liftga chiqishadi. «Qani, sizlar ham», deya taklif qiladi Markes suratchi ikkalamizni.

Tabloga qarasam — o‘n uchinchi qavatning tugmachasi bosilgan. Demak, ministr deganda ular Kamshalovni — SSSR Kinematografiya Davlat komitetining raisini nazarda tutishgan ekan-da (Kinofestival davomida Komitet vaqtincha «Rossiya» mehmonxonasining o‘n uchinchi qavatiga ko‘chib kelgan va u bu yerda asosan festival Bosh direktsiyasi funktsiyasini bajarayotgan edi).

Biz ko‘z ochib yumguncha o‘n uchinchi qavatga tushamiz. Bosh direktsiya anovi yerda, eshigi ko‘rinib turibdi. Markes qabulga kirishidan oldin niyatimni aytib ulgurishim kerak. Oldiniga picha ikkilanaman, so‘ng o‘zimni tutib, ko‘nglimdagini to‘kib solaman.

— Kutib turinglar-chi shu yerda, — deydi xiyol norozi ohangda Markes.

...Nihoyat, ular chiqishadi.

— Ketdik,— deydi Markes bizni lift tomon boshlar ekan. Uning avzoi durust, demak, suhbatlari ancha yaxshi o‘tgan.

— Sumkangiz muncha katta? Nimalar solib olgansiz-a?— so‘radi u.

— O‘zbekistondan sovg‘alar opkeluvdim sizga!

— Opkelgan bo‘lsangiz, nega shu paytgacha topshirmay yuribsiz, o‘zingizni qiynab? Axir, yukingiz yengillashardi-da allaqachonoq,— hazillashadi, uning hazili ruhimizga ancha yengillik bag‘ishlaydi.

Markeslarning qavatiga yetib kelganimizdan so‘ng, u to‘rdagi oynavand xollga boshlaydi va «Bu gal sizlarni uzoq kuttirmaymiz», deb Marina Sergeevna bilan nomerga kiradi.

— Nima deb o‘ylaysan, intervyu beradimikan?— deb so‘rayman suratchidan.

— Albatta-da,— deydi u ishonch bilan,— yo‘qsa, «meni kechiringlar, vaqtim ziq», deb qaytarib yuborardi...

Men ichimda savollarni takrorlagancha xonaning u burchagidan bu burchagiga borib-kelaman. Suratchi esa apparatini tekshirishga tushadi.

Chindan ham bu gal bizni ko‘p kuttirishmaydi.

— Men endi sizning ixtiyoringizdaman,— deydi Markes.

— Suhbatdan ilgari, ijozat bersangiz, sizning ta’biringiz bilan aytganda, yukimni yengillashtirib olsam.

Sumkadan beqasam to‘n, do‘ppi, qiyiq... olaman. Choponni Markesning egniga kiydirib, beliga belbog‘ bog‘lab, boshiga do‘ppi kiydiraman.

— Menga o‘lchaganday tikilgan ekan-a, rahmat,— deydi u va meni quchib oladi.

Shu payt allaqaerdan paydo bo‘lgan Mersedes «o‘zbekka aylanib qolgan» erini ko‘rib, xandon otib kuladi, hech o‘zini bosolmaydi.

Markes unga meni tanishtiradi.

— Mersedes,— tabassum bilan qo‘lini uzatadi xonim.

— Bu sizga, senor Markesga bizning milliy ovqatlardan ham tayyorlab berishingiz uchun.

— Eh-he, zo‘r-ku!— qiziqib qoladi Markes ham va ular men Mersedesga hadya qilgan «O‘zbek taomlari» kitobini (uning teksti o‘zbek, rus, ingliz tillarida edi) bir-bir varaqlab, rangli suratlarni ko‘zdan kechirishadi.

Paxtagulli chinni tovoqdagi palovning oltinrang gurunchlari yal-yal tovlanadi. Chiroyli qilib tugilgan mantilar, chuchvarayu varaqi somsalar...

— Ajoyib taomlaringiz bor ekan! — deydi Mersedes. — Ularni qanday tayyorlashni albatta o‘rganib olaman. Ayting-chi, o‘zingiz qaysi taomni xush ko‘rasiz?

— Palovni. Mana u, — deya rasmni ko‘rsataman.

— Pa-lav, — deya jilmayib takrorlaydi Mersedes.

— Boshlaymizmi, — deydi Markes do‘ppi bilan qiyiqni xotiniga uzataturib.

Biz to‘rdagi divanga o‘tamiz. Markes bilan Marina Sergeevna meni o‘rtaga olishadi. Shu payt Mersedesning: «Hey, menga qaranglar! Yarashdimi?» — degani eshitiladi. Biz o‘girilib qaraymiz-da, kulib yuboramiz: u boshiga do‘ppini qo‘ndirib olgan, belida — belbog‘. «Men ham o‘xshadimmi o‘zbekka?» deb so‘raydi sho‘xlik qilib.

Uning bu hazili, sezib turibman, Markesga cheksiz zavqu shavq bag‘ishlaydi.

— Sharqqa muhabbati cheksiz buning! — deydi u. Mersedes esa: «Mayli, sizlarga xalaqit bermay», deb narigi xonaga kirib ketadi. — Sharqning, ayniqsa, Buxoroning gilamlarini Mersedes judayam yoqtiradi, — deydi Markes gapida davom etib, — shunday gilamlardan kollektsiya qilgan, boqib to‘ymaysan ularga. Har biri qoyilmaqom san’at asari! Shu qadar nafiski!..

— Didi o‘tkir ekan-da rafiqangizning, — deyman.

Shunda Markes:

— Meniki-chi? — deya hazillashadi. — Axir hammayam topolmaydi-ku shunday nozik didli ayolni.

Markes bilan Mersedesning inoqligi, ular orasidagi o‘ta samimiy do‘stona munosabat haqida ko‘p eshitgan edim. Mana, bunga o‘zim ham guvoh bo‘lib turibman.

Markesga suqsurdek ikki o‘g‘il hadya etgan bu ayol hayotning barcha g‘amu alamini, shodligu quvonchini eri bilan tengma-teng baham ko‘rib kelayotir. Adib asarlarining dunyoga kelishida uning o‘ziga yarasha hissasi bor. Markes «Yuz yil tanholikda» romanini yozishga o‘tirishdan avval, bor bisoti — mashinasini sotib, pulni xotiniga beradi-da: «Olti oyda romanni yozib tugataman. Ungacha shu pul yetar», deydi. Asarning yozilishi bir yarim yilga cho‘ziladi. Pul tugab, yo‘qchilik ziqlantirib tursa-da, Mersedes og‘irlikni zimmasiga olib, roman bitguncha erini bezovta qilmaydi...

— Ochig‘ini aytsam, — deydi Markes, — yozuvchiga xotin bo‘lish hamma ayolning ham qo‘lidan kelavermaydi. Mersedesning men tufayli ko‘rmagan azobi qolmadi. Endi bu yog‘i rohat-farog‘at deysizmi? Qayoqda!..

Shuni ta’kidlash kerakki, Markes oilaparvar. «Aslida mening eng yaxshi asarlarim kitoblarim emas, o‘g‘illarimdir. Ba’zan shunday paytlar bo‘ladiki, uyga ta’bing tirriq holda qaytasan. Lekin men buni na rafiqamga, na bolalarimga bildiraman.

...Mening bosh vazifam — otalik.

...Biznikida yozilmagan bir aqida mavjud: oilamiz a’zolari oldidagi har bir muammoni, albatta, to‘rttalamiz birgalashib hal qilamiz».

Magnitofonning lentasi bir maromda aylanadi. Suratchi apparatini tinimsiz chiqillatib, goh u, goh buyoqqa o‘tadi.

Markes gapira turib suhbatdoshiga tik boqadi. Uning tiyrak, kattakon ko‘zlarida goho qalbni siqib yuboradigan ayyorlik alomati, goh mehr uchqunlari jilva qiladi.

«Ispan istilochilari barcha boyliklarimizni talab ketishdi, ammo ular bizga — o‘zlari sezmagan holda — eng katta xazina — ispan tilini qoldirishdi», deb yozgan edi Pablo Neruda.

Aytishlaricha, qadimiy ispan tili Ispaniyada emas, hanuz Lotin Amerikasida saqlanib qolgan. Ispan tili o‘ta musiqaviy. Bu tilning haqiqiy jozibasini his etish, kamalakdek jilva qilishini tuyush uchun loaqal bir marotaba Markesning suhbatida bo‘lish kifoya. Uning ovozi o‘ta mayin, xushohang.

Suhbatimiz og‘ir bir savoldan boshlandi, rejamga ko‘ra bu oxirgi savol edi aslida, xayolimda ko‘p aylanganidanmi, boshqa sabablardanmi, ishqilib, dabdurustdan shunday debman:

— Senor Markes, Siz haqingizda gap ochilsa, ba’zilar u hozir shu qadar yuksaklikka chiqib olganki, endi ijodu adabiyotdan ko‘ra ko‘proq pul va shuhrat qiziqtiradi, deyishadi...

— Bunday deb faqat ig‘vogarlargina aytishi mumkin. Balandga chiqqan odam, qaytib tushishi haqidayam o‘ylab ko‘rishi kerak. Inson qancha tepaga chiqsa, tushishda shuncha ko‘p lat yeydi. Shuning uchun men yerda yurishni afzal ko‘raman. Pul masalasiga kelsak, kam emas pulim. Lekin u ijodimning ravnaqiga xizmat qiladi, xolos. Pul hech qachon mening yuragimni zabt etolmaydi. Men o‘zimni pulga ega bo‘lgan kambag‘al hisoblayman hamisha. Tan olish kerakki, adabiyotga ilk qadam tashlayotganimda faqat shuhrat uchun, meni ko‘proq yaxshi ko‘rishlari, tobora ko‘proq hurmat qilishlari uchun yozar edim. Yozuvchilik mashhurlikning ketidan quvish emas, balki qalb da’vati ekanligini keyinchalik angladim.

— Ilk hikoyalaringizni qachon yoza boshlagansiz?

— O‘qishu yozishni bilmasligimdan ancha ilgari.

— ?!

— Men yozishu o‘qishni bilmasimdan avval rasm chizishni o‘rganib oluvdim, dastlabki hikoyalarni rasmlar yordamida «yozganman».

— Yozuvchilarni asosan iste’dodlar va iste’dodsizlar toifasiga ajratish mumkin. Ammo Siz ularni kandaydir boshqa toifalarga ajratar zkansiz?

— To‘g‘ri, yozmaydiganlar va yozadiganlar toifasiga ham bo‘linamiz biz. Ajablanarlisi shundaki, davralarning to‘ri yozmaydigan yozuvchilarniki bo‘ladi, hamisha. Hozir aksar joylarda bu rusumga kiryapti — biror kishining yozuvchi degan nomi bo‘lsa — bas, qanday ijodkorligidan, hatto anchadan buyon ko‘liga qalam olmay qo‘yganidan qat’i nazar, sajda kilgudek bo‘lishadi. Yozadigan va yozgandayam zo‘r yozadigan yozuvchi esa elga kam ko‘rinadi. Chunki u mudom ijod bilan mashg‘ul bo‘ladi-da.

— Yozuvchilar borki, bir bet narsa yozish uchun juda ko‘p kog‘oz sarflashadi. Biz — o‘zbeklarning Abdulla Qahhor degan talantli adibimiz ana shunday ijodkorlardan edi...

— Bilasizmi, bir marta o‘n ikki bet hikoyani yozish uchun yarim mingta qog‘oz sarflagan edim... Odatda, elektromashinkada yozaman. Ish jarayonida jumla ko‘ngildagidek chiqmasa yoki biror so‘z o‘rniga tushmasa, ustidan o‘chirmayman, toza qog‘oz olib, bir boshidan boshlayman.

— Agar mumkin bo‘lsa, ijodiy jarayoningiz bilan tanishtirsangiz.

— Yoshim o‘tgan sari yozish tobora og‘irlashayotganligini sezyapman. Yoshligimda, gazetada ishlab yurganimda, ishdan keyin qolib, yarim kechagacha ijod qilar edim. Hatto bir o‘tirishda hikoya yozib tashlagan paytlarim bo‘lgan. Endi esa... agar kuni bilan yarim bet, nari borsa bir bet yozsam (ertasiga qayta ishlanmaydigan pishiq-puxta qilib, albatta), quvonib ketaman.

Ish tartibim kuyidagicha: ertalab soat oltida o‘rindan turaman. Ikki soat mutolaa qilaman. Soat to‘qqizlarda mashinkaga o‘tirib, to ikkigacha ishlayman. Dam olish kuni mutlaqo yo‘q menda.

Ishga kirishishdan oldin soqol olaman, o‘zimni tartibga keltiraman. Odatim shunaqa. Bunga sabab, men o‘qigan kollejda tartib qattiq edi: ertalab beshda turardik-da, hovliga chiqib, muzday suvga yuvinardik. Darsga esa pidjak kiyib, galstuk taqib borardik.

— Har bir asaringizni qiyomiga yetkazish uchun qancha vaqt sarflaysiz?

— Yozuvchining biror asarini yozish uchun qat’iy bir muddat belgilashi kulgili, albatta. Asarning mukammallashuvi oson kechmaydi, shunga yarasha vaqt ketadi. Masalan, «Mustabidning paymonasi»ni yetti yilda yozdim. Uning ikki variantidan voz kechishga to‘g‘ri kelgan...

— Sizning «bo‘sh poeziya adabiyotga juda kerak» degan fikringizni qanday tushunmoq lozim?

— Adabiyot ishqibozlarining ko‘pi murakkab she’rlarni daf’atan tushunishmaydi. Shu bois ular mundayroq she’rlarni o‘qishadi. Va ko‘pchiligi, ana shu she’rlar yordamida poeziya olamiga kiradi, ya’ni ma’lum tajriba orttirishadi. Xuddi shu tajriba esa ularga chinakam poeziya eshiklarini bir-bir ochishda, uning mohiyatiga tobora chuqurroq kirib borishda asqotadi.

— Yozayotganlaringizni boshqalarga ko‘rsatasizmi?

— Yo‘q. Adabiy mehnat bu o‘ta shaxsiy ish. Yozuvchi ijod jarayonidagi barcha muammolarni faqat yolg‘iz o‘zi hal qilishi kerak, bu borada hech kim unga chetdan turib yordam bera olmaydi.

— Har bir ijodkor kimningdir ta’sirida bo‘ladi...

— Ha, bo‘ladi. Lekin yozuvchi hech kimga o‘xshamasligi lozim. Men o‘zimga yoqadigan yozuvchilar, ayniqsa, Folkner ta’siridan qochishga doimo harakat qilaman.

— Sizningcha, yozuvchining siyosiy vazifasi nimadan iborat?

— ...Yaxshi yozishdan. Yozuvchidan ijodini quruq siyosiy qurolga aylantirishni talab qilish noto‘g‘ri. G‘oyaviy tayyorgarlikni o‘tagan ijodkorning qat’iy siyosiy pozitsiyasi bor ekan, istasa-istamasa, bularning bari uning asarlarida o‘z aksini topadi.

— Ma’lumki, Lotin Amerikasida romanchilik anchadan buyon taraqqiy etib kelayotgan bo‘lsa-da, ko‘pchilikning qiziqishi sust edi. So‘nggi yillarda unga e’tibor shunchalik oshdiki, hozir na Sizning, na boshqa hamyurtlaringizning kitoblarini do‘kondan topib bo‘ladi... Lotin Amerikasi nasri, xususan, romanlarining olamshumul dovrug‘i Sizning nazaringizda, nima bilan izohlanadi?

— Haqiqatda ham romanchiligimiz katta tarixga ega. Oltmishinchi yillarda Lotin Amerikasi adabiyotida kuchli portlash yuz berdi (uning tub mohiyatini tanqidchilar hozirgacha bilisholmay garang). Bu portlashning aks-sadosi dunyodagi barcha adabiyotlarda o‘z aksini topdi va topmoqda. Garchand nokamtarlik bo‘lsa-da, shuni ta’kidlamoqchimanki, ushbu portlash mening «Yuz yil tanholikda» romanimdan boshlandi. Bundan baxtiyorman, albatta. Bungacha Rulfoning, Alexo Karpenterning ko‘plab romanlari bosilib chiqqan, o‘zim ham birmuncha asarlar yozgan edim. Lekin... «Yuz yil tanholikda» e’lon qilingachgina odamlarning diqqati birdan bizga jalb bo‘ldi, ular Lotin Amerikasi romanining mohiyatini ilg‘ay boshlashdi. Boshqacha qilib aytganda, biz kerakli nishonga urib, o‘quvchilarni o‘zimiz tomonga og‘dirib oldik.

Ilgarilari asarlarimiz kam tarjima qilinsa, tarjimonlar endi bizni tinch qo‘yishmas edi. Oldinlari «Kitoblarimizni chop etinglar» deb noshirlarga biz yalinsak (masalan, mening «Bargi xazon» deb atalgan qissam yozib bo‘lingach, uch yildan so‘ng bosilib chiqqan) endilikda noshirlarning «hujumi»dan goh shkafning ortiga, goho karavotning ostiga yashirinadigan bo‘ldik.

Lotinamerikalik kitobxonlar aqldan ozishgan shekilli, yo‘qsa ular o‘z hamyurtlarining kitoblariga shunday katta muhabbat qo‘yib o‘qisharmidi, deya hech narsaga tushunmay, hayratdan yoqa ushlashardi noshirlar. Lekin, tabiiyki, ular bundan xursand, chunki bosib chikarishayotgan kitoblari peshma-pesh sotilardida. Shundan ruhlanib, bor asarlarni (yaxshimi, yomonmi, bari bir) ko‘r-ko‘rona bosishdi ham. Okibatda ko‘pining bozori kasodga uchradi. Endi ular qaysi yozuvchining asarini va qancha nusxada chop etishni yaxshi bilishadi...

Markes «Yuz yil tanholikda» romanini 1967 yilda yozib bitiradi. Oilalari qarzga botgan, hamma umid ana shu asardan keladigan mablag‘da edi. Ammo nimalar kutyapti uni oldinda? Mersedes romanning qo‘lyozmasini pochta orqali «Sur amerikana» nashriyotiga jo‘natar ekan, asosan shu haqda o‘ylardi.

...Nashriyot romanni atigi... sakkiz ming nusxada bosib chiqardi. Nashriyot mutasaddilarining nazdida, bu kitobga shu tiraj ham ko‘pdek tuyulgan, sotilmay qolib ketishidan cho‘chishgan. Roman bir haftadayoq tarqalib ketdi! Shosha-pisha ikkinchi tiraj chiqarildi. Bu ham yashin tezligida tarqaldi. Endi romanning dunyo bo‘ylab salb yurishi boshlandi. Xorijiy mamlakatlarda unga bag‘ishlab tog‘-tog‘ monografiyalar, maqolalar e’lon qilindi.

...Nikolas yoshligida odam o‘ldirishga majbur bo‘ladi... Garchi qishloq ahli uning yonini olgan bo‘lsa-da, u ich-ichidan eziladi, qo‘lida jon taslim qilgan odam ko‘z oldiga kelaveradi, oxiri, bu azoblarga chiday olmay, oilasi bilan qishlog‘idan chiqib ketadi, borib yangi qishloqqa asos soladi...

Kolumbiyadagi grajdanlar urushining faol ishtirokchisi, iste’fodagi polkovnik Nikolas Markes nevarasi Gabo bilan Arakataka qishlog‘ining ko‘chalari bo‘ylab tez-tez sayrga chiqadi. Ular Shimoliy Amerikaning «Yunayted Frut» kompaniyasiga qarashli banan plantatsiyalariga ham borishadi.

Bobo va nabira kompaniyaning Makonda deb ataladigan posyolkachasi yonidan ham o‘tishadi, albatta. Makondada kompaniyaning idora xizmatchilari o‘z oilalari bilan istiqomat qilishadi. Shinam va ozoda uylar, gullarga burkangan yo‘lkalar, suvlari lojuvard basseynlar... Atrofi temir panjaralar bilan o‘ralgan bu so‘lim go‘shada odamlar totli hayot kechirishardi.

Arakatakada bo‘lsa... Qishloqqa — kompaniyaning cheksiz-poyonsiz bananzorlarida ishlash, beqiyos boylik to‘plash umidida turli joylardan turli-tuman odamlar kelishgandi. Juda ko‘p edi ular. Kelgindilar orasida qalloblar ham, qartabozlar ham, fohishayu afsungarlar ham topilardi. Kompaniya ishchilari yakshanba kunlari, to‘yib ichib olishgach, qog‘oz pullarni yoqib Kumbiamba raqsiga tushishar edi.

Polkovnik Nikolas Markes qishlog‘ining tinch hayotiga rahna solayotgan qo‘li uzun kompaniyaga nafratini nevarasidan yashirmas, ishchilarga qilinayotgan zug‘um, shuningdek, grajdanlar urushi xotiralarini gapirib berardi.

Irimchiyu folbinlar makoni Guaxiro yarim orolida dunyoga kelgan buvisi donya Trankliana esa Gaboni bolaligining sehrli olamiga chorlaydi.

Gabriel Garsia Markes Arakataka qishlog‘ida tug‘ilib, sakkiz yoshga kirgunicha shu yerda yashagan, keyin ularning oilasi ko‘chib ketishgan edi.

Gabo bobosiyu buvisining hikoyalari, qishlog‘i haqidagi taassurotlarini yuragining qatida saqlab yurardi doim. Va bir kuni — boboning ko‘hna imoratini sotish uchun Arakataga borgan onasi uni ham o‘zi bilan ergashtiradi.

Banan kompaniyasi Arakatakadan foyda unmay qolgach tashlab ketgan, bir vaqtlar gullab-yashnagan qishloq fayzdan ketgan edi.

Onasi sobiq qo‘shnilari — keksa ayollardan birini ko‘rgani dorixonaga ham kiradi (u o‘sha yerda ishlardida). Ikki ayol ko‘ziga yosh olib, Arakatakaning achchiq qismati to‘g‘risida suhbatlashib, yuraklarini bo‘shatishadi.

Ana o‘shanda Gaboni bolalik xotiralari — bobosining hikoyalari birdan to‘lqinlantirib yuboradi. Unda bularni hikoya qilib berish istagi tug‘iladi: «Qatlga mahkum etilgan polkovnik Aureliano Buendia devor ostida turib, o‘ziga o‘q uzishlarini kutarkan, otasi muz parchasini ko‘rsatishga olib borgan o‘sha olis oqshomni eslaydi». «Yuz yil tanholikda» romanining bu ilk jumlalari xuddi o‘sha kezlari yozilgan edi. O‘shanda o‘n yetti yoshli Gabriel Markes bu jumlalardan nariga o‘tmadi — romanning zalvorli yukini ko‘tara olmasligini, buning uchun tajribasiyu bilimi yetmasligini his qildi. Oradan yigirma bir yil o‘tgach, bir necha kitoblari nashr etilgan, dunyoning qariyb yarmini aylanib chiqqan yozuvchi asarini qolgan joyidan davom ettirdi va butun jahonga ovoza bo‘lib ketgan kitob — «Yuz yil tanholikda»ni yozib tugatdi.

Romandagi bosh qahramonlardan biri — polkovnik Aureliano Buendia. Uning prototipi — Markesning bobosi, albatta. Yo‘qsa, uning o‘limi yozuvchini shu qadar larzaga solarmidi? Bu haqda u shunday xotirlaydi:

— Polkovnik Aureliano Buendianing o‘limini, aniqrog‘i, uni o‘ldirishim lozimligini bilardim. Nihoyat, o‘sha soat keldi ham... Men ikkinchi qavatga — xotinimning yoniga ko‘tarila boshladim. A’zoi-badanim dir-dir titraydi. Mersedes menga bir qarashdayoq hammasiga tushundi. «Nima, polkovnik o‘ldimi?» deb so‘radi u. Men esa indamay o‘zimni o‘rindiqqa tashladim-da, o‘pkam to‘lib yig‘lab yubordim...

— Senor Markes, romaningiz bizning kitobxonlar tomonidan ham katta quvonch bilan kutib olindi. U ko‘nglimizga yaqin bo‘lib qoldi. Asarning aksar qahramonlari qaysidir jihatlari bilan o‘zbeklarga o‘xshab ketadi. Kitobda tasvirlangan ayrim voqea-hodisalar esa bizning qishloqlarda bo‘lib o‘tgandek tuyuladi. Uning ruhi ham bizga yaqin...

— Mamnunman. Ayting-chi, shaxsan sizga kitobimdagi qaysi obraz ko‘proq yoqadi? — gapimni bo‘lib so‘raydi Markes.

— Ursula!

— Nega?

— Nimasi bilandir u mening onamga o‘xshaydi. Kim bo‘lgan uning prototipi?

— Ma’lum bir prototipi yo‘q. Lotin Amerikasi ayollari, onalarining yig‘ma obrazi u.

— Deyarli hamma asarlaringizda diktatorlar...

— Bor. Gap shundaki, Lotin Amerikasida benihoya ko‘p diktator o‘tgan. Hozir ham kam emas ular. Aksariyat regionlar insoniyatga ko‘pgina talantli rassom, yozuvchi, haykaltarosh, muzikachiyu olimlarni yetkazib berayotir. Biz esa o‘z diktatorlarimiz bilan «mashhurmiz». Eh-he, ular ne kuylarga solishmayapti xalqni... Shuning uchun ham men doimo diktatorlarga qarshi kurashganim-kurashgan.

— Esingiz dami, Pinochet Chilida to‘ntarish qilganida Siz...

— «Pinochet davlat boshida turar ekan, hech narsa yozmayman», deb aytuvdim. Lekin keyinchalik shuni angladimki, agar, yozmay yuraversam, bora-bora yozishni esimdan chiqarib qo‘yaman ekan. Shu sabab, qaytanga yaxshi-yaxshi asarlar yozsam, Pinochetga ko‘proq zarar keltirishim mumkin, degan xulosaga keldim. Ha, men Pinochet bilan bo‘lgan bu kurashda mag‘lubiyatga uchradim. Yozuvchining hayoti ko‘proq mag‘lubiyatlardan iborat o‘zi. Ammo men uchun muhimi — eng so‘nggi, hal qiluvchi kurashda g‘alabaga erishishdir.

— Deylik, Sizni Kolumbiyaga prezident etib tayinlashganlarida, avvalo nima qilgan bo‘lardingiz?

— Eng yaqin siyosiy konsulxonaga juftagimni rostlab qolardim.

— Nega?

— Chunki hokimiyatni yomon ko‘raman. «Hokimiyat odamni yo‘ldan ozdiradi, mutlak hokimiyat esa yo‘ldan mutlako toydiradi» deb judayam topib aytishgan. Ikkinchidan (bu jiddiyroq sabab), menda rahbarlik layoqati yo‘q.

— Lotin Amerika kinosi Fondiga prezident qilib saylashganlarida rozi bo‘lgansiz-ku?

— Jon joyimdan ushladingiz-da... Mening bu ishga ko‘nishimning muhim sababi bor. Ochig‘ini aytsam, maxsus adabiy ma’lumotga ham ega emasman va hatto islan tili grammatikasini ham durust bilmayman men. Ammo kino... Men uni professional darajada o‘rganganman — Rimdagi kinomarkazda rejissura va stsenariynavislikka o‘qiganman. Bir so‘z bilan aytganda, kinoni mukammal tushunaman, shuning uchun ham uning rivojiga amaliy yordam berish qo‘limdan keladi.

— Fondning bugungi ishlari haqida gapirib bersangiz?

— Hozir Lotin Amerikasi kinosi tang bir ahvolni boshidan kechiryapti. Filmlar ishlab chiqarilyapti-yu, afsusni, Lotin Amerikasi davlatlarida o‘z filmlarimizning tomoshabinlari yo‘q hisobi. Keyin, kartinalarni ko‘ngildagidek namoyish etadigan joylar ham yetishmaydi. Asli kinematografiyaning, kinoprokatning ham Lotin Amerikasiga hech qandan daxli yo‘q, nomilliy monopoliyalarning qo‘lida ular. Bizning san’atimiz taqdiri ularni zarrachayam tashvishlantirmaydi. Milliy kinomiz mavqeini tiklash payti allaqachonoq kelgan. Biz shu rejani amalga oshirish maqsadida bundan bir yil burun Lotin Amerikasi kinematografchilari komitetini tashkil etdik. Komitet esa, o‘z navbatida, yangi Lotin Amerikasi Fondini tuzdi. Uning shtab-kvartirasi Gavanada joylashgan. Regionimizning o‘n to‘rtta shahrida Fondning filiallari ochilgan.

Biz yiliga sakkiztadan o‘ntagacha kartina suratga olamiz. Ammo meni bir narsa — filmlarimizning taqdiri tashvishga soladi. Bizda filmofond, ya’ni kartinalar arxivi yo‘qligi uchun ham ularni uzog‘i bilan, aytaylik, 15—20 yil saqlash mumkin, xolos. Keyin esa... Har bir film katta mablag‘, og‘ir mehnat evaziga vujudga keladi-ku, axir. Bundan tashqari, u xotira, etnografik xotira ham hisoblanadi. Filmlar izsiz yo‘qolib ketaversa, unda nima keragi bor ularni yaratishning, unda nima zarurati bor turli-tuman festivallar o‘tkazishning? Shuning uchun ham filmofond bizga suv bilan havodek zarur.

— Sizlar qandaydir maktab ham ochibsizlar?

— Qandaydir emas, Lotin Amerikasi kino va televidenie maktabi. Shunday maktabni tashkil etish mening azaliy orzuyim edi. Bu orzuning amalga oshishi uchun ko‘p joylarga yugurdim, ko‘pgina idoralarning eshigini qoqdim (bo‘sh vaqtlarimda esa romanlar yozish bilan shug‘ullandim). Oxiri, Kuba rahbarlari qo‘llab-quvvatlab, mablag‘ ajratishgach, ishimiz yurishib ketdi.

Maktabimizda asosan rejissyoru stsenariynavislar tayyorlanadi. Men maktabda «Hikoya qanday quriladi?» mavzuida seminar olib boraman. Uning tinglovchilari bilan ishlash birmuncha murakkab muammolar tug‘dirmoqda. Boisi shundaki, ular ma’lum tajriba to‘plashgan; bu yerga kelmasidan oldin ikki-uchtadan stsenariy yozishgan, ikki-uchta film yaratishgan, bir so‘z bilan aytganda, ular allaqachonoq shakllanishgan, ko‘plari bir qolipga tushib qolgan. Endi bu qolipni buzishning ilojini topish oson emas.

— Bu masalani hal qilishning nahotki yo‘li topilmasa?

— Bor, albatta. Endigi yil yanvardan boshlab men seminarimga eng chekka qishloqlardan, umrida na televizor, na kino ko‘rishgan to‘qqiz yoshli o‘n nafar bolani qabul kilaman. Tabiiyki, oldin ularning layoqatini sinab ko‘ramiz. Bunday tinglovchilarning qanday shakllanishi esa faqat bizga bog‘liq bo‘ladi.

— Kinematograf bilan adabiyotning o‘zaro hamkorligi borasida fikringiz kanday?

— Hozir kino qay bir darajada adabiyotga tobe. Chunki rejissyorlar doimo pishiq-puxta stsenariyga, demakki, yozuvchining ko‘magiga muhtoj. Aslida esa kino tamomila mustaqil bo‘lmog‘i, ya’ni rejissyor o‘zgalar to‘qigan voqealarga hadeb murojaat qilavermasligi, balki yuragidagi dardni ifodalay bilishi kerak. Aksariyat hollarda kino bilan adabiyot hamkorligi nikohlari omadsiz bo‘lsa-da, bu holni begonalarga bilintirmay, ustalik bilan yashab kelayotgan ba’zi eru xotinlar ishiga o‘xshaydi.

— «Oshkora qotillik qissasi»ni tomosha qilishga muyassar bo‘ldim. Film zo‘r ishlangan. Lekin, bilasizmi, to o‘z ko‘zim bilan ko‘rmagunimcha, u Sizning qissangiz asosida ekaniga hech ishongim kelmadi.

— Sabab?

— Chunki Siz kino uchun faqat hikoyalaringizni berardingiz, xolos. Povestu romanlaringizga kelganda esa... Demak, endi rejissyorlarni rosa xursand qilarkansiz-da? Balki «Yuz yil tanholikda»niyam ekranda ko‘rarmiz hali?

— Hech qachon ko‘rmaysiz, chunki ming urinishsa-da, uni ekranlashtirishga yo‘l qo‘ymayman. Romanni o‘qiganlar uning qahramonlarini tasavvurida turlicha talqin qilishadi. Masalan, boya o‘zingiz «Ursula onamga o‘xshab ketadi», dedingiz. Ayrimlar bo‘lsa uni o‘z ammasiga, boshqalar opasiga o‘xshatishlarini ko‘p eshitganman. Agar, bordiyu roman filmga aylantirilsa bormi, kahramonlar ekranda qanday talqin qilingan bo‘lsa, tomoshabin shuurida shundayligicha qolib ketadi. Shuning uchun ham uni ekranlashtirishlariga ruxsat bermayman.

— Unda nega «Oshkora qotillik qissasi»ga...

— Rosti, bunga do‘stim Franchesko Rozining ulkan iste’dodi, odamiylik xislatlari sabab bo‘ldi. Lekin ont ichamanki, na u va na boshqa rejissyorlar «Yuz yil tanholikda»ga ruxsat olisholmaydi.

— O‘tgan kuni Tonino Guerro bilan filmlaringiz xususida suhbatlashganimizda, u «Markes bizning ishimizga mutlaqo aralashmadi» deb qoldi. Asaringiz asosida tayyorlangan kartinaning yaratilishiga bu qadar loqayd qarashingizning boisi nima?

— Kitobning filmga aylanishi qiyin jarayon. Rejissyor yoki stsenariynavis unga, albatta, o‘z tazyig‘ini o‘tkazadi. Buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgan yozuvchi chiday oladi deysizmi! Natijada: «Uyog‘i unday bo‘pti, buyog‘i bunday bo‘pti» qabilidagi e’tirozlar, ziddiyatlar kelib chiqadi. Avvalo shunday hol sodir bo‘lmasin deb ularning ishiga aralashmadim. «Agar qo‘shiladigan bo‘lsam,— dedim Franchesko Roziga,— tortishuvlar boshlanib, ular muttasil davom etishi, oxiroqibatda ish to‘xtab qolishi hech gap emas». Ikkinchidan, asaringni kinochining qo‘liga topshirdingmi, unga to‘liq ishonish kerak, ayniqsa, Franchesko Rozidek katta san’atkorga. Qissa men kutgan darajadagi film bo‘lganligidan shodman.

— Kinematograf bilan hamkorlikni davom ettirasizmi?

— Hamkorligimiz kuchayadi hali. Endi atay kino uchun asarlar yozish niyatim bor.

— Senor Markes, Toshkentda Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinofestivali o‘tib turishidan xabaringiz bo‘lsa kerak?

— Ha, bilaman. Toshkentda o‘tayotgan har bir festival taraqqiyparvar mamlakatlar kinematografiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shayotir.

— Yettinchi Toshkent kinoanjumanida Sizning «Tul Montel» hikoyangiz asosida tayyorlangan film namoyish etildi. Chililik kinorejissyor Migel Littin suratga olgan bu kartina — hali-hali esimda — tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otgandi. Kelasi yil bahorda galdagi festival bo‘ladi. Toshkent festivaliga tashrif buyurmaysizmi? Shu bahonada, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridayam mehmon bo‘lardingiz.

— Toshkentda bir marta bo‘lgandim, shahringizga yana tashrif buyurish niyatim yo‘q emas. Chunki o‘shanda uni to‘yib tomosha qilolmaganman.

— Qachon bo‘luvdingiz Toshkentda?!

— Bundan ancha ilgari. Do‘stim Fidel Kastro bilan birga bir yoqqa boraturib Toshkentda to‘xtab o‘tganmiz. Tug‘ilganimdan buyon qadamim yetgan eng olis nuqta — sizning yurtingiz bo‘ladi. Toshkent menga sirli va jozib tuyulgan. U hozirgina qurilgan, ayni paytda o‘ta qadimiy shaharga o‘xshab ketadi. Qani, yana qanday savolingiz bor?

— Agar, sovet yozuvchilari va shoirlaridan kimlargadir Nobel mukofoti berish masalasini hal qilish bevosita Sizga topshirilsa, kimlarga ravo ko‘rardingiz uni?

— Shu savolingizni bejavob qoldirsam, Sovet Ittifoqidagi yozuvchiyu shoirlar ichida do‘stlarim ko‘p. Agar birini aytmay, ikkinchisini aytsam, mendan xafa bo‘lishlari mumkin.

— «Markesning qahramonlari asosan qariyalar» deya tez-tez ta’kidlashadi tanqidchilar. Lekin, nazarimda, Sizning aksariyat qahramonlringiz yoshlar. Masalan, «Oshkora qotillik qissasi» personajlarining yoshi yigirmadan ham oshmaydi. Umuman, Siz hozirgi yoshlar haqida qanday fikrdasiz?

— Yoshlarda hayotga, mehnatga bo‘lgan qizikish tobora ortyapti. Ulardagi shijoat va tashabbuskorlik, mardlik va jasurlik kabi xislatlar meni cheksiz sevintiradi. Sakson beshinchi yildagi Meksika zilzilasida ko‘pchilik yoshlar o‘z tashabbuslari bilan qutqaruv brigadalari tuzishib, yuzlab odamlarning hayotini saqlab qolishdi, minglab odamlarga yordam berishdi. Bunday olovqalb yoshlar hamma mamlakatlarda bor!

— Boya Sizning oldingizga kelayotib eshitib qoldim, bugun, ya’ni o‘n birinchi iyul kuni yer yuzida besh milliardinchi odam tug‘ilar ekan. Unga nima istaklar bildirasiz?

— Ha, xabarim bor. «Besh milliardinchi odam» nomini oladigan chaqaloq qaysi mamlakatda tug‘ilmasin (balki tug‘ilgandir ham), sog‘-omon o‘ssin, baxtli bo‘lsin va yigirma ikkinchi asrgacha umr kechirsin!

— Mana, suhbatimiz ham nihoyasiga yetdi.

— Endi bizning nomerga bir kirib o‘tsalaring,— taklif qiladi Markes...

Kattakon stol atrofida Mersedes bizni tabassum bilan kutib oladi.

Bu yerdagi suhbat boyagi suhbatga ulanib ketadi. Ammo endi eru xotin ko‘proq meni savolga tutishadi. Savollar esa, asosan, O‘zbekiston xususida. Ular bizning madaniyatimiz va san’atimiz, urf-odatlarimiz bilan qiziqishadi. Gap tag‘in xalqaro Toshkent kinofestivali ustida borganida, ularni yana bir bor shahrimizga taklif qilaman. «Moskvadan Toshkentgacha necha soat uchiladi?» — so‘rashadi ular. «Uch yarim, to‘rt soatlar». «Bizlar esa Kolumbiyadan kelguncha rosa o‘n soat uchdik... May oyida sovuq bo‘lmaydimi, ishqilib? Sovuqdan sal qo‘rqamiz-da», deydi Mersedes. «Mutlaqo sovuq bo‘lmaydi. Bahor ayni qulf uradigan palla bu, Toshkentimiz shu qadar go‘zallashadiki! Turfa gullar, chechaklar! Buni o‘z ko‘zlaringiz bilan ko‘rishga nima yetsin!» «Nasib qilsa, shu bahor O‘zbekistonda bo‘lamiz», deydi Mersedes. «Kutamiz sizlarni...» — deyman xayrlashaturib.

Ularning nomeridan qushday yengil tortib chiqaman.

Oradan to‘rt kun o‘tgach, festival shtabi — «Rossiya» mehmonxonasining birinchi qavatida turganimda, birdan liftning eshiklari ochiladiyu... Markes chiqib keladi! Bir o‘zi. U meni ko‘rib: «O, uzbek! Anfar!» deydi chiroyli tabassum bilan va qo‘lini uzatadi... Eh, til bilmaslik... Markes yengil ta’zim qilib xayrlashadi-da, eshik tomon tez-tez yurib ketadi, nihoyatda rasmiy libosda edi u. Meni bir narsa — uning galstuk taqib olgani taajjublantiradi. Gap shundaki, oltmishinchi yillarning boshida bo‘ynidagi galstugini yechib, u bilan o‘zining «Muruvvatsiz davr» qissasi qo‘lyozmasining belidan bog‘lab qo‘ygan Markes, endi qaytib hech qachon galstuk taqmayman, deb ahd qilgan, bugun...

Keyin bilsam, o‘shanda Markes Kremlga — KPSS Markaziy Komitetining Bosh sekretari Mixail Sergeevich Gorbachevning qabuliga borayotgan ekan.

Qabulning ertasi kuni, ya’ni o‘n oltinchi iyulda Markes festivalning majlislar zalida matbuot konferentsiyasi o‘tkazdi. Konferentsiyada u bilan birga Lotin Amerikasi kino Fondining bir guruh a’zolari ham ishtirok etishdi.

Savollar, savollar... Ular adabiyot va kino, Moskva festivali xususida. Markes jurnalistlarga shoshilmay, so‘zlarni chertib-chertib javob berardi.

— Biz Gorbachev bilan bir soatdan ko‘p suhbatlashdik,— dedi u,— unda gumanizm va yumor nihoyatda kuchli ekan. Mixail Gorbachev odamlarni o‘z e’tiqodiga inontira olishdek ulnan qobiliyat egasi. Shuningdek, u qat’iy irodali shaxs, boshlagan ishini oxirigacha yetkazadi.

Men kitobxonlarim orasida Gorbachev ham borligidan xursandman...

* * *

O‘n to‘qqizinchi iyul kuni Markes bilan Mersedes Moskvadan uchib ketishdi. Matbuot konferentsiyasi o‘tkazgan kundan to jo‘nab ketishgunlarigacha Markesning vaqti asosan jurnalistlarga intervyu berish bilan o‘tdi. U bilan yana bir bor xayrlashish niyatida o‘n yettinchi qavatga necha marta ko‘tarilmayin, ichkariga kirishning hech iloji bo‘lmadi. Endi shu bahor Toshkentda ko‘risharmiz, degan umiddaman...

“Yoshlik” jurnali, 1988 yil, 1-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.