OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Enver Xurshut. «Amir Umarxonning kanizi» (1989)

http://ziyouz.uz/images/mehrobdan_chayon.jpg

yoki «Mehrobdan chayon» romanidagi tarixiy voqea haqida mulohazalar

O‘zbek sovet adabiyotining asoschilaridan biri, o‘zbek romanchiligining otasi Abdulla Qodiriy tarixga, tarixiy shaxslarga chukur qiziqish bilan munosabatda bo‘lar, e’tiborga molik voqea va hodisalarning eng muhimlarini ajrata olishga mohir edi. «O‘tgan kunlar» va «Mehrobdan chayon» singari tarixiy asarlarda muallifning «...mavzuni moziydan, yaqin o‘tgan kunlardan, tariximizning eng kir, qora kunlari bo‘lgan keyingi «xon zamonlari»dan belgilashi...» fikrimizning dalilidir.

Abdulla Qodiriy o‘z romanlariga material to‘plash mobaynida Qo‘qon xonligi tarixiga oid eski o‘zbek va fors tilida bitilgan turli manbalarni o‘qib-o‘rgangan, roman voqealari bo‘lib o‘tadigan o‘rinlarni, tarixiy joylarni borib ko‘zdan kechirib kelgan. «Men bir asar yozishdan avval shu yozmoqchi bo‘lgan narsam haqidagi materiallarni puxta o‘rganib chiqaman, — degan edi adib.— Biror joy to‘g‘risida asar yozmoqchi bo‘lsam, joyni avval necha martaba ko‘rgan esam-da, yana borib, tekshirib, yaxshiroq o‘rganib kelaman».

Ana shu maqsadda u bir necha marotaba Qo‘qonga, Farg‘onaga, Namanganga aa O‘zbekistonning boshqa shaharlariga safar qilgan. Yozuvchi bu shaharlarda keksa odamlar bilan uchrashib suhbatlar qurgan, o‘tmishda tarixiy voqealarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib guvoh bo‘lgan oqsoqollarni izlab topib, ulardan ko‘plab nodir ma’lumotlarni yozib olgan. Ulug‘ adib har bir voqea-hodisaning ishonarli yoritilishiga juda katta ahamiyat bergan. Shunga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘sha davrda yashagan aholi og‘zidan moziydagi tarixiy voqealarni yozib olish ishini Abdulla Qodiriy birinchi bo‘lib boshlab berdi, deyish mumkin. Xon davri voqealarini ko‘rib, o‘z og‘zi bilan izohlab bergan kishilarning xotiralariga suyanmay, bu qimmatli ma’lumotlarni hisobga olmay asar yozishni yozuvchi o‘ziga munosib bilmagan. Demakki, xalq yodida saqlanib qolgan, shuningdek, hikoyatlar, afsonalar va naqllar orqali yetib kelgan moziy voqealariga ham yozuvchi katta e’tibor bergan.

«Mehrobdan chayon» romanida muallif asar qahramonlaridan birining kelib chiqishini hikoya qila turib, kichkina bir tarixiy ekskurs keltiradi. Bu tarixiy ekskurs — romanda «Amir Umarxonning kanizi» deb nomlangan ikkinchi bob — kitobxonlarning yodida bo‘lsa kerak. Mana o‘sha bob (biz uni qariyb to‘laligicha keltiramiz):

«...Turkiston xonligi tarixidan xabardor kishilarga ma’lumdirkim, Amir Umarxon oxir umrida o‘z saroyidagi yosh kanizaklardan biriga muhabbat qo‘yadi. Kaniz yosh bo‘lganligi va balog‘atga yetmaganligi uchun uni nikohiga ololmay, vaqt kutadi. Shu kutib yurish yillarida Umarxon murodiga yetolmay, vafot qiladi, taxtga o‘g‘li Ma’dalixon minadi. Oradan bir necha yillar o‘tib, boyagi kaniz balog‘atga erishadi va bir husniga o‘n husn qo‘shilib, otasining bolasi bo‘lgan Ma’dalixonni ham o‘ziga oshiq qiladi. O‘z saroyida o‘sgan bu qizni yosh xon hamisha ko‘z o‘ngida yuritsa ham, biroq... Tarixning bizga xabar berishiga qaraganda, Ma’dalixon bu qizning dardida necha yillar yonadi, chunki ulamolar bu yosh go‘zalni Ma’daliga ona maqomida hisoblab, nima uchundir yosh xonning orzusiga ko‘ndalang keladilar.

— «Otangiz, agarchandi kanizni o‘z nikohlariga olmagan bo‘lsalar ham va lekin «balog‘atga erishgach olaman» deb niyat qilganlar. Binobarin, bu kaniz sizga ona maqomida, shariat ruxsat bermaydi!» — deydilar.

Ma’dalixon bu fatvodan keyin dardini ichiga yutishga majbur bo‘lib, ammo ikkinchi tarafdan o‘zining orzusiga qarshi borgan ulamoni sekin-sekin «ilmiy» ishlardan olib, ular o‘rniga yangilarini qo‘ya boshlaydi. O‘z orzusiga zamin hozirlagach, bir necha yilni o‘tkazib, yana ulamoga shu to‘g‘rida fatvo so‘rab murojaat qiladi. Tabiiy, yaqindagina og‘zi oshga yetgan yangi ulamolar o‘z valine’matlari bo‘lgan Ma’dalixonga xiyonat qilmaydilar-da:

— «Banazdi mujtahiddini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir. Otangiz marhum: «nikohlanaman» deb aytgan bo‘lsalar ham «nikohlandim» deb aytmaganlar. Bas, amiralmo‘‘minin mazkurani o‘z nafslariga aqdi shar’iy qilsalar joiz va durustdir. «Vallohi a’lam bissavob» deb fatvonomani «binni mufti marhum», «binni mudarris marhum», «binni Ho‘qandiy marhum» muhri bohaybatlari bilan qalashtirib beradilar va Ma’dalixon to‘y va tomoshalar bilan murod-maqsadiga yetadi...

Kimlarning vositasi bilandir mazkura go‘zal kanizning ta’rifi Buxoro amiri — amir Nasrullo (Botir) xonga yetib, u ham ilgaridan haligi kanizga g‘oyibona oshiq bo‘lgan edi, ammo qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham shu kanizni qo‘lga kirgizish fikrida bosh og‘ritib, nos chekib yurgan Botirxonning qulog‘iga bu xabari jonso‘z yetib, dimog‘idan dud chiqadi va darhol Buxoroning zabardast ulamo, mufti, hokazo va a’lo hozalqiyos peshvolarini o‘z huzuriga chorlab, darg‘azab, voqeani so‘zlaydi va ulardan darhol bir «fatvo» talab qiladi. Ulamoi kirom ham dar on botahorat-betahorat, masalani eshitar-eshitmas, fatvo yozadilarki:

«Bir jamoa mo‘‘minlariga amir bo‘lgan zotning vazifai shar’iysi shuldirkim, islomda ustivor turgay, ahkomi islomni kamokon ijro qilg‘ay. Har bir amirikim arkoni islomdan zarracha yuz o‘girsa, u kimarsa jamoai islom ustiga amir emas, sharirdir. Nauzan billohkim, Farg‘ona va Turkiston mamlakatining alhol amiri bo‘lgan Muhammad Alixon volidining mankuhasi, ya’ni volidai ayni va rizoisini o‘z aqdig‘a olibdir (emizgan onasiga uylanibdir), nauzan billoh, nauzan billoh. Oyat va ahodisi sharifa va ba chahori mazhab va ba nazdi mujdahidini kirom va ulamoi zulehtirom muttafaqun alayh kofirdir. Kazolika o‘shandog‘ murtadning qatli avvalo digar islom amirlariga va ba’daz barcha mo‘‘minlarga farzi ayndir!»

Darvoqe «xolisona» bu fatvoga amir Nasrullo «betarafona» qiymat berib, «din yo‘lida xolis bir jihodi akbar» deb jam’iy qo‘shinlari bilan Farg‘ona ustiga yurish qiladi.

Amir Nasrulloning bu «xolisona» jihodi Turkiston xonligi tomonidan qanday muqovamatlarga uchradi va ikki tarafdan qancha boshlar kesildi, albatta, bu to‘g‘rida biz gapirib o‘tirmaymiz. Faqat bu mojarodan bizga kerakli nuqta shundakim, natijada Ma’dalixon shikast topdi, ham Amir Nasrullo tomonidan qatl qilindi. Ma’dalixonga fatvo yozib bergan Qo‘qon ulamolaridan bir nechalari had urildilar va bir nechalari qochib qutildilar. Amir Nasrullo bo‘lsa, Farg‘ona hukumatiga o‘z kishisini qo‘ydi, fathu nusrat bilan kanizini olib Buxoroga qaytdi.»

Ushbu voqealar asosini muallif xalq og‘zidan yozib olib, bayon etgan, qisman o‘zgarishlarga uchragan, lekin aslida bo‘lib o‘tgan tarixiy faktlar tashkil qiladi. Ma’lumki, badiiy to‘qima komponenti ijodiy jarayonda, asar syujetida muhim o‘rin egallaydi, bunda albatta badiiy to‘qima va tarixiy haqiqat bir-birlarini to‘ldirib keladi. Shu o‘rinda, badiiy asar syujetini o‘rganish masalasi tadqiqotlar ichida eng qiyin va eng muhim qirralarning biri ekanligini ham aytib o‘tishimiz kerak.

Adibning o‘zi ushbu bobga asos bo‘lgan materialni qaysi manbadan olganligini o‘quvchi uchun ochiq qoldirgan, uning arxivida ham roman ustida olib borilgan ish jarayonini kuzatishga imkon beruvchi qog‘ozlar, yozuvlar yoki variantlar saqlanib qolmagan. Shunga ko‘ra, biz faqat taxmin va ilmiy farazlar orqaligina ish ko‘rishimiz mumkin, ammo bu yo‘l ham hamisha aniq natijalar beravermaydi.

Yuqorida keltirilgan bobni muallif qanday maqsadda romanga kiritganligini hozir aniq aytish qiyin. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Abdulla Qodiriyning bu voqeani asarga olib kirishi tasodif emas. 1929—30 yillarda ulug‘ adib xuddi shunday sarlavha ostida tarixiy roman yozishni niyat qilganligi ham yaxshi ma’lum. Aftidan, u ana shu mavzuni yanada chuqurroq yoritmoqchi bo‘lgan, ming afsuski, asar uchun yetarli ma’lumot jamg‘arilganligiga qaramay, bu niyat amalga oshmay qolgan.

Yozuvchining aynan shu ayol — Amir Umarxon kanizining taqdiriga qiziqish ham tasodif emas. Asli ismi Xonposhsha bo‘lgan bu kaniz juda iste’dodli, benihoya darajada go‘zal va latofatli, zamonasining bilimdon ayollaridan bo‘lgan. U shayx Inoyatulla Kanbu (XVIII asr o‘rtalari)ning «Bahori donish», Ziyouddin Naxshabiy (XIII—XIV asrlar)ning «To‘tinoma», Barxurdor turkman (XVIII asr)ning «Mahfilora», Xisrav Dehlaviy nomiga nisbat beriluvchi «Chor darvish» va hokazo shunga o‘xshash ko‘plab kitoblar, qo‘lyozmalardan xabardor bo‘lgan.

Shunday qilib, Abdulla Qodiriy niyat qilgan yangi romanga aynan shu bob — Qo‘qon xonligi tarixidagi eng fojeiy davrlarni hikoya qiluvchi vrqealar asos bo‘lmog‘i kerak edi. Ehtimol, bu bob, O‘rta Osiyo tarixining birmuncha avvalroq davrini, o‘sha davr urf-odatlari va siyosiy voqealarini qamrab oladigan o‘sha yangi roman oldidan o‘ziga xos bir tayyorgarlik bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.

Biz qalamga olayotgan masala Abdulla Qodiriyning tarixiy romanlariga bag‘ishlangan tadqiqotlarda (bu tadqiqotlarning o‘zi juda ozchilikni tashkil qiladi) hozirga qadar o‘rganilmay, dahyasiz qolib kelayotgan edi. Har holda qo‘limizdagi tarixiy material mazkur syujetning manbaini aniq va to‘g‘ri ko‘rsatishimizga, badiiy to‘qima va tarixiy haqiqatni bir-biridan ajratishimizga, shu orqali tarixiy voqealarning haqqoniy suratini kuzatishimizga imkon beradi.

O‘sha davrda yashab, mazkur voqealarga o‘zi guvoh bo‘lgan Muhammad Hakimxon (XIX asr boshlarida Qo‘qonda tug‘ilgan) o‘zining qomusiy qo‘lyozma asari — «Muntahab ut-tavorix»da biz tahlil qilayotgan voqealarga bir qadar ravshanlik kirituvchi noyob va qiziqarli ma’lumotlarni keltiradi. Hakimxon o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan-tarixchisi, adabiyotshunos, sayohatchi, ma’rifatparvar odami bo‘lgan. Iste’dodli olim Rossiya shaharlariga ham borgan, rus tilini, madaniyatini, rus xalqi hayotini mukammal o‘rgangan, bu haqda o‘z asarlarida ilhom bilan yozgan.

Hakimxon xonlarning tajovuzkorona siyosatini qoralagan, zulm va zo‘ravonlikka qarshi chiqqan, fuqaroga hamdardu hamdam bo‘lib, odamlarni aql-idrok va marifat egalari bo‘lishga, ezgulikka, olijanoblikka, halollikka chaqirgan. Uning butun umri surgunda, darbadarlikda o‘tdi. Hakimxon «Amir Umarxonning kanizi»—Xonposhsha bilan yaqin tanish bo‘lgan.

Qo‘qon hukmdori Umarxon (1810—1822) o‘z tasarrufidagi viloyatlar bo‘ylab qilgan safarlarining birida Shahrixonda to‘xtaydi. O‘sha davrda shahar hokimi bo‘lgan Jilovdor inoqning xotini Umarxon huzuriga kiradi va avval O‘ratepada yashab, qandaydir qilmishlari uchun oilasi bilan Shahrixonga haydalgan, endilikda shu shaharda kun kechirayotgan Saidg‘ozixo‘ja degan kimsa haqida xabar beradi. «Xo‘ja hozir yangi vatanda juda katta qiyinchiliklar ila faqirona kun kechirmoqda. Xo‘janing Xonposhsha ismli benihoya go‘zal bir qizi bor. Qiz shunchalar go‘zalki, agar uchrashib qolsalar nur taratib turgan quyosh qizning porloq chehrasidan uyalib, yuziga bulutlardan parda tortib oladi, sarv uning xiromon qaddi-qomatidan, xushbo‘y binafsha gullar esa uning kokillari taratgan mushk-anbardan xijolat chekib qoladilar»,—deydi.

Ayol qizning ta’rif-maqtovini shu qadar keltirib tasvirlaydiki, Umarxon shu kechasiyoq buyruq berib, sovchilik ishlarida tajribasi katta ikki kayvoni kampirni Saidg‘ozixo‘janing uyiga yuboradi.

Lekin, xon hazratlariga quda bo‘lmoq qanchalik sharaf va obro‘ keltirmasin, ota bu xushxabardan quvonmaydi va qizining allaqachonlar unashtirib qo‘yilganligini, shu yaqin kunlarda jiyani va qizining to‘yi bo‘lishini aytib, sovchilardan uzr so‘raydi.

Sovchilar shu zahoti xon huzuriga qaytib, eshitganlarini oqizmay-tomizmay unga yetkazishadi. Xon kampirlarni yana iziga qaytarib, ularga Bahodirxo‘ja dasturxonchini ham birga qo‘shib yuboradi. Bu safar sovchilar iltimos va pand-nasihatlar bilangina cheklanib qolmaydilar. Oraga do‘q-po‘pisa va tahdidlar aralashgach, Saidg‘ozixo‘ja yig‘lab, boshiga kulfatlar yog‘dirgan, o‘zini va jigarporalarini darbadarlikka, surgunga giriftor qilgan zolim falakdan, shum qismatdan shikoyatlar qiladi. Uning qizi boshqa birovga unashtirib qo‘yilgan, shuning uchun ham xon hazratlari na urf-odatga, na shariatga binoan uni jufti halollikka qabul qilolmaydi. Nahotki xon hazratlari kuch ishlatib, qizni zo‘ravonlik bilan tortib olib ketsa?! Biz ojiz va himoyasiz faqirlarmiz. Shu gaplarni aytib xo‘janing ko‘z yoshlari sel bo‘lib oqadi.

Sovchilar xon oldiga qaytib, bo‘lib o‘tgan barcha gap-so‘zlarni batafsil bayon qiladilar. Umarxon jahldan o‘zini yo‘qotib, darg‘azab holda shaxsan Hakimxonning o‘ziga qizni olib kelish uchun farmon beradi. Hakimxon Bahodirxo‘ja bilan birga haligi ikki kampirni yoniga olib, Saidg‘ozixo‘janing uyiga jo‘nab ketadi. Bu vaqtga kelib tong otib qolgan edi. Hakimxonning yozishi bo‘yicha, u baxtiqora otaning uyiga kirishga jur’at qilmay, qamroqlarini ichkari kiritadi-da, voqea qanday natijalar bilan tugashini kuta boshlaydi.

Saidg‘ozixo‘ja kulbasiga uchinchi bor tashrif buyurgan sovchilar endi har qanaqa so‘kishu do‘q-po‘pisaga sira xasislik qilmaydilar. Ish shu bilan tugaydiki, holdan toyib, hushdan ketar darajaga yetgan ota, shuncha bahona-yu, dod-faryodlari bekor ketganini ko‘rib, oxiri beixtiyor rozilik beradi. Hakimxon qizni o‘zining onasi huzuriga eltadi. Hakimxonning onasi asira qiz bilan juda yaqin bo‘lib ketadi va uni qizim deb chaqira boshlaydi.

Xonning sabrsizligi shu darajaga yetgan ediki, shu kunning o‘zidayoq to‘y tantanalariga tadorikni boshlab yuborishdi. Qiz bechoraning kiyimlari yamoq bosib ketganlikdan, unga hatto xizmatkor xodimalar ham achinib qarashdi. Ular Xonposhshani yuvib-tarab, ipak ko‘ylaklarga o‘rab ko‘rikdan o‘tkazdilar, qizning husnini ko‘rib lol-hayron bo‘lib qoldilar va shariat qonunlariga muvofiq Umarxonga uzatdilar. Xon hazratlari nihoyat «halovat xazinasiga egalik qilib, qancha iztirobu armonlardan so‘ng ko‘ngil murodiga yetishdi». Baxtiyorlik nashidalarini surgan Umarxon juda ko‘p odamlariga, jumladan, Saidg‘ozixo‘jaga ham sovg‘a-salomlar ulashdi.

Qo‘qonning bo‘lajak hukmdori Alixon yoki Ma’dalixon (1822—1842) hali otasi tirik chog‘idayoq Xonposhshaning ishq sehriga berilgan ediki, bora-bora bu ishq nafaqat Ma’dalixonning, balki butun Qo‘qon davlati tarixida mash’um va fojiaviy rol o‘ynadi.

Hakimxonning xotirlashicha, u kunlarning birida Xonposhshaning xonasiga kiradi. Hakimxon va Xonposhshalarning o‘rtasida do‘stona munosabatlar bor, sababki, Hakimxonning onasi «ul zamona Shirinini o‘z qizi deb atagan, mehribonliklar ko‘rsatgan va shu tufaylidan ul pariliqo» Hakimxonga o‘zini haramdagi boshqa ayollardan ko‘ra ko‘proq yaqin tutardi. Xonposhsha barcha ishlarda Xakimxonni o‘ziga rahnamo va ustoz deb atar edi.

Xonaga shu payt Ma’dalixon kirib keladi. Mehmonlarga choy beriladi. Suhbat boshlanadi. Hakimxon shu suhbat orasi Ma’dalixonning Xonposhshaga oshiqona nigoh bilan qarayotganini sezadi. Qonunga ko‘ra, Xonposhsha xonning xotini (movata) bo‘lganligi uchun, Ma’dalixonga ona hisoblanardi. Hakimxon, Ma’dalixonning Xonposhshaga qiziqishini ancha oldinroq — Toshkentga qarab yo‘lga chiqqanlaridayoq sezganligini shu o‘rinda eslab o‘tadi. Xonposhshaning o‘zi bu savdolardan hali bexabar, chunki Ma’dalixon ko‘ngil g‘alayonlari haqda unga og‘iz ochmagan edi.

G‘azablangan Hakimxon ularni tark etib uyiga keladi. Yashirin havaslari Hakimxonga ma’lum bo‘lganligini tushungan Ma’dalixon ham tezda uning izidan yetib keladi. Ikkovi o‘rtasida keskin gaplar bo‘lib o‘tadi. Ma’dalixon: «Bu ish haqda o‘ylash mening na ko‘nglimdan, na xayolimdan kechgan, sening menga nisbatan o‘ylagan yomon niyatlaring bari xato. Bunday pastkashlikni men o‘laqolsam ham qilmasman» — kabi gaplar bilan o‘zini oqlay boshlaydi.

Otasining vafotidan so‘ng taxtga chiqqan o‘n to‘rt yashar Ma’dalixon bu ayol bilan yashirin aloqaga kirishadi, lekin bu ishqibozlik yosh xonni qoniqtirmaganligi, qolaversa, ko‘pchilik bundan voqif bo‘la boshlaganligi tufayli, xon o‘z aloqalariga qonuniy tus bermoq uchun bu ayolni o‘ziga nikohlab olishga qaror qiladi. Biroq uning harakatlari ko‘p vaqtlargacha natijasiz qoladi, negaki ruhoniylar bunday nikohning eng og‘ir jinoyat ekanligini, dahshatli oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini yaxshi bilishar, taqvodor va diyonatparvar muslimlar bunday qabih va jirkanch ifloslikni xayollariga keltirolmas edi. Shuning uchun ham, bu sharmandali niyatga shariatda biron-bir yo‘l-yo‘riq topolmagan ruhoniylar muqaddas kitoblardan ming xil dalilu isbot keltirib, xonni o‘z niyatidan qaytarishga urindilar. Agar shu ayolni nikohiga olsa dindan ozgan hisoblanajagini, bu ishi uchun ahli ulamo to oxirzamonagacha la’nat o‘qiyajagini aytib ishontirmoqchi bo‘ldilar. Lekin barcha vaj-karsonlaru dalil-isbotlar, ishontirishlar teskari natija berdi, yosh xon: «Men sizlarni shu ishning amalga oshishi uchun biror tadbir topib berasizlarmi deb chaqirtirgan edim, niyatimga monelik qiladigan dalillar uchun emas», — deb ularni haydab chiqardi.

Ruhoniylar bu muammoni hal qila olmagach, Ma’dalixon ayyorlik yo‘lini tutdi. U huzuriga ikki mullani chaqirdi, ularga keragidan qam ortiq marhamat-muruvvat ko‘rsatib, har xil sovg‘a-salomlar berdi, buning evaziga mullalar talab qilingan rivoyat (shariat qonun-qoidalari asosida qar xil huquqiy masalalar yuzasidan mufti chiqarib beradigan hukm, xulosa — E. X.)ni yozib taqdim qilgach, xon bu hukmni o‘z muhri bilan tasdiqladi. Shunday qilib, qonunni o‘z istaklariga bo‘ysundirgan xon hiyla-nayrang, ustamonlik ko‘rsatib o‘z maqsadiga erishdi va Xonposhshaga uylandi. Hakimxon o‘z esdaliklarining bir joyida bu nikohdan uch nafar farzand dunyoga kelganligini aytadi, keyinchalik esa ularning faqat ikkitasini — to‘rt yashar Muzaffarxonni va chaqaloq Mansurxonnigina tilga oladi.

Bu voqea butun mamlakatga va hatto undan ham narilarga tarqalib ketdi, hamma ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan nikohdan yoqa ushlab qoldi. Xon, ham ona, ham xotin bo‘lgan Xonposhsha va ularning nikohidan tug‘ilgan farzandlar tavqi la’natga sazovor qilindi.

Diniy an’analarga sadoqat ruhida tarbiya topgan oddiy fuqaro ham bu noma’qulchiliklarga eng sharmandali benomuslik va axloqsizlik deb qaradi, chunki Xonposhsha Ma’dalixon uchun otasidan qolgan xotin sifatida — o‘gay bo‘lsa ham ona maqomida edi. Ruhoniylar tomonidan fatvo berib ilhomlantirilgan xalq qo‘zg‘olon ko‘tardi va Xonposhshani Qo‘qondan haydab yuborishni ochiq talab qilib chiqdi. Natijada Xonposhsha bolalari bilan birga Marg‘ilonga surgun qilindi. Ma’dalixon bunday vaziyatda xalq bilan hisoblashishga majbur bo‘ldi.

Bu voqealar sodir bo‘layotgan yillarda, akasi tomonidan Qo‘qondan chiqarib yuborilgan Sulton Mahmudxon Shahrisabzda istiqomat qilmoqda edi. O‘sha paytdagi eng e’tiborli ruhoniylardan birining maslahatiga ko‘ra, Sulton Mahmudxon Buxoro hukmdori amir Nasrulloga quyidagi mazmunda maktub yo‘llaydi: «Eshitishimcha, akam Muhammad Alixon o‘zboshimchalik bilan otamning xotinlaridan birini nikohiga olgan. Shahri Buxoroi sharif ahli ulamo makonidir. Ruhoniylar bu muammoni qandoq baholarkanlar? Butun Movarounnahrni o‘ziga bo‘ysundirgan Sizday ulug‘ amir bu iflos ishga qanday qaraydilar?»

Bundan allaqachonlar xabar topgan amir Nasrullo, Buxorodagi qanchadan-qancha ahli ulamo muqaddas kitoblarini sinchiklab o‘rganmasinlar, bunday nikohning qonuniyligiga biron-bir asos topolmaganliklarini, bu hodisa nimaga asoslanib amalga oshirilganligini bilmoq uchun Ma’dalixon huzuriga chopar yubordi. Chopar so‘zini tugatar-tugatmas, «Muhammad Alixon G‘ozi choparning o‘ziga nisbatan qilgan hurmatsizligidan quturib ketib, taxtdan sakrab tushdi, beadab choparni yerga ag‘darib, tishlari bilan uning boshini tishlay boshladi. Nodimlar uni Muhammad Alixon qo‘lidan bo‘shatib olganlarida, xon nodimlarining hammasini ushlab, zindonga tashlashni buyurdi».

Shu voqealardan so‘ng amir Nasrullo Qo‘qonga qarab qo‘shin tortdi. Ma’dalixon uning oldiga o‘z elchilarini chiqardi. Elchilar amir Nasrullo bilan sulh tuzishga erishdilar va buxoroliklar izlariga qaytishdi. Lekin Ma’dalixon shundan keyin ham o‘z hayot tarzini o‘zgartirmadi, o‘zgartirmadigina emas, ustiga-ustak Marg‘ilondan yana Xonposhshani oldirib, avvalgiday yashay boshladiki, «bunday sharmandali ishga chek qo‘yish uchun biron-bir vosita izlagan barcha odamlar birlashib, ommaviy qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Bir necha ming odam to‘planib, Muhammad Alixon darvozasi oldiga keldi».

Qo‘rqib ketgan Ma’dalixon o‘zining sodiq mulozimlariga xalq qo‘ygan barcha talablarni bajo keltirishni buyurib, o‘zi poytaxtni tashlab qochib qoldi. G‘alayonga kelgan olomon Xonposhshani yana Marg‘ilonga haydashni talab qildi: «Xon yo xalqdan, yo o‘sha xotindan voz kechsin». Xalq talabi qondirilib, Ma’dalixon vakillari «baxti qaro ayolni ikki o‘g‘li bilan qo‘zg‘olonchilar oldiga olib chiqdi va Marg‘ilon viloyatiga haydab yubordi».

Amir Nasrullo 1842 yilda yana Qo‘qonga qo‘shin tortdi. Qo‘qon lashkari unga Xo‘jand shahrida qarshi chiqdi. Qonli jangda buxoroliklar g‘alaba qilib, Qo‘qonni egalladilar, qochishga uringan Ma’dalixonni, uning boshqa xotinidan bo‘lgan o‘g‘li Muhammad Aminxon va ukasi Sulton Mahmudxonni ushlab oldilar. Amir Nasrulloning farmoniga binoan ular o‘limga hukm qilindilar. Shundan so‘ng amir Nasrullo Marg‘ilonga ishonchli odamini yuborib, Xonposhsha va uning o‘g‘illarini Buxoroga oldirdi. Ma’dalixonning nikohiga fatvo yozib bergan mullalar ham Buxoroga keltirildi. Amir Nasrullo Buxoroga qaytib kelgach, Xonposhshaga uylanadi, lekin ikki oy o‘tar-o‘tmas, noma’lum sabablarga ko‘ra Xonposhshani va uning ikki farzandini qatl qildiradi. Ba’zi mish-mish gaplarga qaraganda, deydi Hakimxon, Xonposhshaning bolalari tirik qolgan emishlar.

Bu oldi-qochdi sarguzashtlarga boy voqea turli xil mayda-chuyda tafsilotlarga to‘lib-toshgan holda oddiy xalq orasida ham keng tarqalgan. Keyinroq paydo bo‘lgan ba’zi bir ta’birlarda bu voqealar Xonposhsha emas, umuman boshqa ayol nomi bilan bog‘lanadi. Shunga o‘xshagan, lekin boshqa ayol nomi bilan bog‘liq voqealar birmuncha keyingi davrlarda yashagan mualliflarning qo‘lyozma asarlarida uchrashi ham ehtimoldan xoli emas. Inqilobgacha yashab o‘tgan olim A. P. Xoroshkin o‘zining «Turkiston o‘lkasiga taalluqli bo‘lgan maqolalar to‘plami» nomli kitobida shunday bir qiziqarli voqeani keltiradi. Uning yozishiga qaraganda, Amir Nasrullo «Sharsabiz (Shahrisabz — E. X.) beklaridan birining, to‘g‘rirog‘i Yoqubbekning xotinini (o‘z zamonasida butun Turkistonga nomi ketgan go‘zal, o‘sha yillarda Shahrisabzda hokim bo‘lgan Iskandarbekning singlisi) tortib oladi. Hikoya qilishlariga qaraganda, bu ayol o‘z erini juda sevgan, shuning uchun ham ilk qulay fursat kelgan paytidayoq, uxlab yotgan amirning qulog‘iga simob quyadi. Xon chekkan azoblar dahshatli bo‘lgan deyishadi... Qiynoqlar ostida qolgan bechora ayol o‘z aybini bo‘yniga oladi va ikkinchi eri bo‘lmish amirning o‘lim to‘shagi yonida ikki farzandi bilan birga bo‘g‘izlanadi. Ayolning ismi Kenagas oyim edi».

Yozuvchining o‘g‘li Habibulla Qodiriy «Otam haqida» nomli kitobida ham mana shunday voqea haqda aytiladi: «Ahmad otaning so‘nggi so‘zidan Xonposhsha oyim Buxoroga olib ketilgan va u Nasrulloni zaharlagan ekan, deb mulohaza yuritish mumkin. Biroq, bu xabar og‘zaki tarqalgan «mish-mish». Tarixiy manbalar, Nasrulloni Xonposhsha emas, boshqa ayol (Kenagas begim) zaharlab o‘ldirgan deydi».

Hakimxonning xabar berishicha, Xonposhsha Umarxonning qonuniy nikohida ikki yil-u to‘rt oy, Muhammad Alixon bilan o‘n besh yil va amir Nasrullo bilan ikki oy yashab, o‘ttiz sakkiz yoshida dunyodan o‘tgan.

Shunday qilib, mazkur voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ishtirokchi bo‘lgan tarixchining guvohlik berishiga ko‘ra, birinchidan, Xonposhsha Umarxonning qonuniy nikohidagi xotinlaridan biri edi, ikkinchidan, Xonposhsha va Ma’dalixonning nikohlariga fatvo bergan mullalar Buxoroga olib ketilgan.

Abdulla Qodiriyning yozishi bo‘yicha, Xonposhsha Umarxonning balog‘atga yetmagan kanizlaridan biri edi va xon bu kanizni o‘z nikohiga olish uchun uning balog‘at yoshiga to‘lishini kutib yurgan, biroq bevaqt o‘lim bu nikohga halal bergan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Abdulla Qodiriy nima uchun tarixiy haqiqatdan uzoqlashgan? Albatta, romanchi sifatida, yozuvchi o‘z asarida badiiy to‘qimaga erk berishga haqli, lekin shu bilan birga, ulug‘ adibning tarixiy voqealarga nisbatan tutgan qat’iy pozitsiyasi ham yaxshi ma’lum, chunki uning o‘zi shunday deb yozgan edi. «... Xulosa shundakim, tarixiy asar yozganda biror shaxsning xoh og‘zakidir, xoh yozmadir bergan shohidligiga darhol ishonaverish bo‘lmaydi, uni obdan tekshirib, mantiq andozasiga solib, so‘ng asarda foydalanish kerakkim, kitobxonda e’tiroz, shubha tug‘ilmasin...»

Adibning tarixga bo‘lgan ehtiromli munosabatidan, shuningdek, «...Turkiston xonligi tarixidan ma’lumdirkim...», «...tarixning bizga xabar berishiga qaraganda...» singari so‘zlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, bu o‘rinda biz hujjatlarga asoslangan ma’lumotlarga nisbatan avtor erkin yondoshgan, o‘zicha izoh bergan — ya’ni badiiy to‘qima ishlatgan deb aytolmaymiz.

Chamasi, Abdulla Qodiriy bu bobni mazkur voqealardan ancha keyinroq yozilgan qurama (kompilyativ) materiallardan o‘zlashtirgan bo‘lsa kerakki, ehtimol, bu qo‘lyozmalar mualliflari Ma’dalixonni omma oldida xudodan qaytgan murtad sifatida ko‘rsatuvchi mash’um jinoyatni yumshatib, buzib talqin qilganlar yoki janjalli o‘rinlarni umuman tashlab ketganlar. Hatto «Muntahab ut-tavorix»ning ko‘pgina nusxalarida shunday o‘rinlar noma’lum o‘quvchilar tomonidan hafsala bilan o‘chirilgan, natijada asarga kuchli shikast yetgan. Shu tariqa, g‘ayritabiiy ravishda «Muntahab ut-tavorih» aniq maqsad bilan ko‘rikdan o‘tkazilgan, ya’ni kitobga g‘oyaviy tuzatish kiritilgan.

Nima bo‘lganidan qat’iy nazar, «uylanmoqni maqsad qilganligi haqidagi» ta’bir Buxoro hukmdorining Qo‘qonga qilgan yurishiga sabab bo‘lgan haqiqiy faktning ta’sir kuchini yo‘qqa chiqaradi. Holbuki, amir Nasrullo o‘zining bu qonli yurishiga Qo‘qonda axloq normalari buzilganligini, buzilibgina qolmay, shariat qoidalari oyoq osti qilinganligini, Ma’dalixonning o‘gay onasi bilan nikohi noqonuniy, binobarin, albatta jazolanishi lozim ekanligini sabab qilib ko‘rsatgan edi. To‘g‘ri, urush ochilishining boshqa sabablari ham bo‘lgan (hozir ularga to‘xtalib o‘tirishga ehtiyoj yo‘q deb bilamiz), lekin qonunga xilof nikoh mazkur yurishda asosiy bahona edi.

Ma’lumki, musulmon qonunchiligi qon-qarindoshlikka ko‘ra, o‘zaro quda-qarindoshlikka ko‘ra, g‘ayridinlikka ko‘ra va hokazo nikohlarning qat’iyan man qilingan turlarini eslatib o‘tadi. Shular ichida — otaning xotinlaridan biriga uylanish eng qat’iy taqiqlangan nikoh bo‘lib, bu haqda hatto Qur’oni karimda ham so‘z yuritilgan: «Basharti avval otangiz bu xotinga uylangan bo‘lsa, unga uylanmang... Haqiqatda, bu — qabih va manfur, nojo‘ya yo‘ldir. Onalaringiz bilan nikohlanish taqiqlanadi; qizlaringiz bilan nikohlanish taqiqlanadi; opalaringiz va singillaringiz bilan nikohlanish taqiqlanadi; ota va ona tomondan bo‘lgan xolalaringiz va ammalaringiz bilan nikohlanish taqiqlanadi; aka-ukalaringizning qizlari bilan nikohlanish taqiqlaiadi; opa-singillaringizning qizlari bilan nikohlanish taqiqlanadi; parvarish qilgan onalaringiz bilan nikohlanish taqiqlanadi; birga parvarish topgan opalaringiz va singillaringiz bilan nikohlanish taqiqlanadi; xotinlaringizning onalari bilan nikohlanish taqiqlanadi; homiyligingizdagi xotinlaringizdan tug‘ilib, sizdan tarbiya topgan qizlar bilan nikohlanish taqiqlanadi; agar homiyligingizga olmasdan avval qizi bilan nikohda bo‘lgan bo‘lsangiz, gunoh sizda emas; pushtikamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlari bilan nikohlanish taqiqlanadi; bir vaqtning o‘zida opa-singillar bilan nikohlanish taqiqlanadi» («Qur’on», 4-sura, 26—28-oyatlar).

Xuddi shu taqiqlar haqida musulmon qonunchiligida ham yozilgan: «Erkak o‘z onasiga, ota yoki ona tomonidan bo‘lgan zaifalarga uylana olmaydi, negaki xudo Qur’onda shunday degan: «Sizlarning umm (ya’ni, ona)laringiz va qizlaringiz sizlarga taqiqlanadi», «umm» (ona)so‘zining eng ibtidoiy ma’nosi — «boshlanish» yoki «ildiz» demakdir, shundan ko‘rinadiki, zaifalarni shu tufayli taqiqqa qo‘shganlar. Yana buning ustiga, bizning barcha olimlarimiz bunday nikohiy ittifoqning noqonuniyligini bir og‘izdan tasdiqlaydilar» (Hidoya. Musulmon qonunchiligi sharhlari, t.1, Toshkent, 1893, 136-bet).

Lekin qat’iy taqiqlarga va oldindan belgilangan jazolarga qaramasdan, bu qonun baribir buzilgan, ustiga ustak, aynan din vakillarining o‘zlari Qur’on, Sunna, Ijmo’ va Qiyos (musulmon qonunchiligidagi to‘rtta eng asosiy manba)dagi ayrim jihatlardan uddaburonlarcha foydalanib, qonun buzilishlarining boshida turgan. Ular shunday yo‘llar bilan go‘yo qonunga rioya qilayotganday bo‘lib ko‘ringanlar, davlat ham orttirganlar. Hakimxon xuddi mana shunday favqulodda kam uchrovchi, noyob voqea haqida hikoya qiladi.

«Muhammad Alixon, — deb yozadi muallif, — otamning xotinlaridan biriga uylanishim mumkinmi yoki yo‘qmi deb (savol bilan mullalarga) bir necha marta murojaat qildi. Zamon ulamolari qanchalik tirishqoqlik va say-harakatlar ko‘rsatmasinlar, lekin (biror narsa) o‘ylab topolmadilar. Nihoyat, (bu savolni) islom yo‘l-yo‘riqlariga binoan yechib bo‘lmasligini ko‘rgach, boshqa xil nayrang o‘yladilar. Bu nayrang shundan iborat ediki, bir kuni u ikki mullani o‘z oldiga chaqirtirdi va mol-dunyo uchun e’tiqodidan kechgan mullalarga rivoyat yozib berishni buyurdi. Qo‘rqib qolgan mullalar, o‘z jonlarining g‘amida bir necha ma’nosiz (so‘zlar) yozib berishdi. U la’nati esa o‘sha rivoyatni muhr bilan tasdiqlab, xotiniga ko‘rsatdi. Xotini ham bu ishning (ijrosini) talab qila boshladi...

Xullas, u o‘z onasi bilan fahsh nikoh tuzdi. Bu xabar faqat Farg‘ona viloyatigagina emas, balki butun dunyoning to‘rt tarafiga yoyildi. Hamma odam hayrat barmog‘ini tishlab qoldi va ularni la’natladilar».

Muallif o‘z esdaliklarining boshqa bir joyida Qo‘qon xonining ahllaridan biri bilan qilgan suhbatini eslaydi: «Biz: «Nimaga asosan u o‘sha ayolga uylandi va hatto, ayol unga o‘g‘il ham tug‘ib berdi?» — deb so‘radik. U dedi: «Ilohiyatchi olimlardan kimlardir shundan kelib chiqqan holda fatvo yozib berdiki, Malikiya mazhabiga muvofiq, agar otaning xotini (movata)ni qirq odamdan keyin nikohga olinsa, mumkin ekan. Hanbaliya mazhabida ham buning turli xil yo‘l-yo‘riqlari bor ekan. Xullas, shu xilda ma’nisiz so‘zlarni keltirishib, ular o‘sha atoqli olimlarga hamfikr bo‘ldilar». Hakimxon mazhablarni tilga olganda musulmon qonunchiligidagi to‘rtta eng nufuzli oqimga asos solgan faqihlar: Abu Hanifa (699—767), Molik ibn Anas (721—795), Shofi’iy (767—819) va ibn Hanbal (780—855)larni ko‘zda tutadi. Ma’lumki, bir hodisaning o‘zi bu to‘rt mazhabda turli xil talqin qilinardi.

Ma’dalixonning bu ayolga ishqibozligi hali otasi Umarxon tirik chog‘laridayoq boshlanganini, bu ishq qanday oqibatlarga sabab bo‘lishini bilgan shahzoda o‘z tuyg‘ularini qulay payt yetib kelguncha, mutlaqo pinhon asrab kelganini yuqorida aytib o‘tgan edik. Lekin «Muhammad Alixonning oshiqona harakatlari va maftun nigohlari» Hakimxonning nazaridan qochib qutulolmagan edi. Shu tufayli ikkovlari o‘rtasida bo‘lgan to‘qnashuvda Hakimxon o‘z suhbatdoshini qattiq so‘zlar bilan koyiydi, bor haqiqatni to‘kib soladi: «Men Muhammad Alixon tomon yuzimni burib keskin gapirdim: «Sening xazinai aqling qayoqqa yo‘qoldi? Qanday qilib uning o‘rnini buzuq shahvoniy xayollar egallab oldi? Nahotki imoning yo‘q bo‘lsa! Nahotki xudodan ham, uning vakilidan ham umid uzgan bo‘lsang? Sen qilgan ishlar qanchalar jirkanch! Bu ne ko‘rgulikki, shahvoniy hislarga qul bo‘libsan va bu dunyodagi rohat-farog‘atni, zijdoningni o‘yinchoq qilib, iblis ko‘rsatgan yo‘lga kiribsan! Dunyoni halokat bosgan kundan to hozirgacha na musulmon, na kofir bunday ishni qilmagan edi! Shu yo‘lga kirgan Sheruya ham qilmishi uchun yarasha jazo topgan edi! Endi, otang Umarxon kelganda unga aytib bersam, ming joning bor bo‘lsa, bittasini ham qutqarolmaysan!»

Modomiki, Hakimxon, o‘z davrining ilg‘or fikrli kishilaridan biri bo‘lganligiga qaramay, hali juda yosh yigitning oshiqona nigohlarini payqab shunchalik darg‘azab bo‘lgan ekan, oxir-oqibatda Ma’dalixon o‘z hayotini qurbon bergan bu nikoh xalq o‘rtasida, shuningdek, qo‘shni Buxoro xonligida qanday aks-sado va qarshiliklar uyg‘otganligi tushunarlidir.

Xulosa qilib shuni aytish kerakki, romanlar ichida tarixiy janr eng murakkabi hisoblanadi, sababi, shu janrda bitilgan asar, barcha badiiy mezonlar bilan bir qatorda, tarixiy haqiqatga ham javob bera olishi lozim. Tarixiy roman muallifidan, badiiy mahorat bilan birga, chuqur tarixiy bilim, voqea va faktlarni tarixiy aloqadorlikda idrok qila olish qobiliyati, tasvirlanayotgan davr tili koloritini arxaiklashtirib va chuchmallashtirib yubormagan holda bera bilish mahorati ham talab qilinadi. Qisqasi, tarixiy asar yozadigan odam turli sohalarning bilimdoni bo‘lmog‘i lozim. L. N. Tolstoy ijodining tadqiqotchilaridan biri N. N. Apostolovning yozishiga ko‘ra, romanchi «... o‘z asarida barcha asl va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy hodisalarni o‘zining jozibabaxsh tasavvuriga moslashtirib ochib berishi uchun ijodiy jarayon mobaynida juda ko‘p narsalarga nihoyatda badiiy ziyraklik bilan yondashmog‘i va ko‘p narsalarni esa oqilona chetlab o‘tmog‘i kerak, shu bilan birga yana, tarix fanining tushunilishini qiyinlashtiruvchi turli xil yolg‘on-yashiq va uydirmalardan tarixni tozalamog‘i ham lozim».

Abdulla Qodiriy — ana shunday yuksak talablarga ham javob bera oladigan zabardast yozuvchi ekanligini xalqning ulug‘ adib asarlariga bo‘lgan ulkan muhabbati to‘la-to‘kis isbot qiladi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1989 yil, 9-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.