OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hamid Ziyoyev. Chorizm va paxta yakkahokimligi (1991)

Inson hayoti va jamiyat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan o‘simliklardan biri paxtadir. U dehqonning mashaqqatli, tinimsiz mehnati maxsuli. Paxta bahordan to kuzgacha quyosh nurida yetiladi va toblanadi. Shuning uchun ham o‘tmishda uni «Quyosh farzandi» deb bejiz aytishmagan.

Hozirgi zamonda paxta ahamiyati jihatidan metall, neft, g‘alla, gaz, oltin qatorida turadi. U tom ma’nosi bilan «oq oltin»dir.

O‘tmishda ota-bobolarimiz tabiiy ofatlar, qirg‘in urushlar va qahatchilik davrlarida ham paxtani ko‘z qorachig‘iday saqlab, uni avloddan-avlodga o‘tkazib kelgan. Xullas, paxta qadim-qadim zamonlardanoq o‘zbek xalqi iqtisodiy va siyosiy turmushining ajralmas bir qismi hisoblangan.

O‘zbekistonda paxtachilikning rivojlanish jarayonini shartli ravishda uch bosqichga bo‘lish mumkin: Birinchi bosqichda — qadimiy davrlardan to XIX asrning 60—70-yillarigacha, ya’ni Rossiya O‘rta Osiyoni bosib olguncha, bu o‘lkadan chet mamlakatlarga, asosan, paxtadan ishlangan tayyor mahsulotlar chiqarilgan. Keyingi ikki bosqichda, ya’ni chor hukumati hukmronligi va Sovet davrida paxtaning deyarli hammasi xom ashyo sifatida olib ketiladigan bo‘ldi. Bu yerda nozik holatlar bor.

Arxeologiya qazuvlariga ko‘ra, bundan ikki ming yillar ilgari ham Farg‘ona vodiysida aholi paxtachilik bilan shug‘ullangan ekan. VII—VIII asrlarda yaratilgan manbalarda hozirgi O‘zbekiston tasarrufida, xususan Farg‘ona, Samarqand, Toshkent va Xorazmda paxta yetishtirilgani, undan turli gazlamalar ishlab chiqarilgani haqida aniq ma’lumotlar uchraydi.

X asrga kelib ajdodlarimiz paxtachilik, to‘qimachilikni yuksak darajaga ko‘tarishgan, Samarqanddan 24 chaqirim narida joylashgan Zandana shahrida gazlama to‘qish keng rivojlangan edi. «Bu shaharda, — deb yozadi Muhammad Narshaxiy o‘zining mashhur «Buxoro tarixi» kitobida, — to‘qib chiqariladigan narsa — bo‘zni «zandaniychi», ya’ni, Zandana qishlog‘idan chiqadigan, deb ataydilar. Bu yerda u ham yaxshi, ham ko‘p bo‘ladi. Shu xil bo‘zdan Buxoroning ko‘p qishloqlarida to‘qiydilar va buni ham «zandaniychi» deb ataydilar. Chunki u avvalo shu qishloqda to‘qib chiqarilgan. Shu xil bo‘zdan Iroq, Fors, Kermon, Hindiston va boshqalar kabi hamma viloyatlarga olib boradilar. Barcha ulug‘lar va podshohlar undan kiyim qiladilar va ipakli kiyimlik bahosida sotib oladilar».

Buxoroda sifatli va bejirim gazlamalar ishlab chiqarishda Iskajkat qishlog‘i ham shuhrat qozongan. Umuman olganda, bu davrda gazlama to‘qish hunarmandchiligi keng rivoj topganki, Buxoro va Samarqand oralig‘ida joylashgan qishloqlarning deyarli hammasi bozorga o‘z gazlamalarini olib chiqqanlar. Toshkent, Farg‘ona, Isfijob (hozirgi Chimkent viloyati), Marv singari joylarda ham gazlama tayyorlash taraqqiy topgan.

Temur va temuriylar davrida mustaqil hamda markazlashgan davlatning yuzaga kelishi munosabati bilan paxtachilik, jumladan gazlama to‘qish o‘lkamizda ancha o‘sdi. Bu vaqtlarda ispan sayyohi Klavixoning so‘ziga qaraganda, paxta Kesh (Shahrisabz), Balx, Murg‘ob va ayniqsa, Samarqandda ko‘plab yetishtirilgan. «Marvdagidek ko‘p g‘alla va paxta, — deb yozadi tarixchi Istahriy, — hech qaysi tasarrufda yetishtirilmaydi. Hirotga keltiriladigan g‘alla va gazlamaning ko‘p qismi u yerdagi g‘alla va paxta mahsulini tashkil qiladi».

Xullas, paxtachilik asrlar davomida ishlab chiqarish kuchlari, hunarmandchilik hamda savdoning o‘sishida muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘lkada paxtachilik va gazlama to‘qishning rivojlanishida Volgabo‘yi, O‘rolbo‘yi hamda bepoyon Sibir shaharlari bilan aloqa muhim o‘rin egalladi. Shu boisdan, o‘sha zamon davlat arboblari va savdo ahli Volgabo‘yi davlatlarida o‘z mavqelarini mustahkamlash uchun qizg‘in kurash olib borganlar. Ayniqsa, Xorazmning Volgabo‘yi xalqlari bilan aloqasi juda samarali kechgan. Ajdodlarimiz tayyorlagan mollar doimo xaridorgir bo‘lgan. O‘zaro mol ayirboshlashdan Volgabo‘yi xalqlari va Movarounnahr ahli manfaatdorlik tuygan. Har ikki tomonning manfaatdorligi o‘zaro aloqalarni kuchaytirish barobarida, ayrim vaqtlarda siyosiy jihatdan birlashishga ham olib kelgan. Chunonchi, xorazmliklar VI asr oxirida Volganing quyi oqimida vujudga kelgan Hazar podsholigida o‘z ta’sirini o‘rnatishga muvaffaq bo‘lganlar. VIII asrning o‘rtalariga kelib, xorazmliklar mavqei shu darajada kuchaydiki, oqibatda Hazar podsholigi bilan Xorazm siyosiy jihatdan birlashib, Qrim va Azov bo‘yidan to Xorazmgacha bo‘lgan joylarni o‘z ichiga olga! Hazar — Xorazm saltanati tashkil topdi. Bu holat X asrda ham yuz beradi.

Shuningdek, Volga bo‘yidagi ikkinchi yirik davlat — Bulg‘or podshohligi bilan O‘rta Osiyo o‘rtasidagi savdo aloqalari qizg‘in tus olgan edi. O‘zbeklar rus knyazliklari, Turkiya, Eron va Kavkaz mamlakatlari bilan savdo olib borganlar.

XIII asrda Volgabo‘yida mo‘g‘ullarning Oltin O‘rda davlati vujudga kelib, Botusaroy (Astraxan yaqinida) va Berka Saroy (Volgograd yaqinida) shaharlari uning poytaxti hisoblanardi. U vaqtda ham movarounnahrliklar Volgabo‘yidagi o‘z mavqelarini yo‘qotmagan edi, hozirgi O‘zbekiston tasarrufidan u yoqqa juda ko‘p miqdorda turli gazlamalar, qisman paxta olib ketilgan.

XV asr o‘rtalariga kelib, Oltin O‘rda davlati parchalanib, uning o‘rnida Qozon, Astraxan Qrim, Sibir va No‘g‘ay xonliklari vujudga keladi.

XVI                asrning ikkinchi yarmida rus davlati yuqorida sanab o‘tilgan xonliklarni bosib oladi Rus davlati shu tariqa O‘rta Osiyo bilan chegaradosh va qo‘shni bo‘lib qolgan. Shundan keyin har ikkk tomonning bevosita aloqa qilishiga imkoniyat tug‘ilgan.

Bepoyon Rus davlatida Sharq mamlakatlari, xususan O‘rta Osiyo mollariga — gazlamalarga ehtiyoj tobora oshib borardi. Ayniqsa, chekka o‘lkalarda yashovchi aholining bunday mollarga talabi ancha yuksak edi. Natijada, Volga va Sibir bilan asrlar davomida an’anaga aylangan aloqalar tobora rivojlanib bordi. Ko‘hna manbalarning shahodat berishicha, Volga bo‘yida joylashgan Astraxan shahri Rossiyaning O‘rta Osiyo, Eron, Kaspiyorti va boshqa Sharq mamlakatlari bilan iqtisodiy-siyosiy aloqasini o‘rnatuvchi, rivojlantiruvchi markaz sifatida muhim o‘rin egallagan. U yerga o‘zbek savdogarlari 10 turdan ortiq gazlama olib borib turganlar. Masalan alacha, bo‘z, xom surp, bosma, oq surp, zandaniychi, qizil mato, mitkal, qalami, pardalar, belbog‘lar, ro‘molchalar, chodirlar shular jumlasidandir. Bulardan tashqari kiyim-boshlar, ip-kalava va oz miqdorda paxta keltirilardi. O‘sha davrda o‘zbek gazlamalarini boshqa joylarda ham uchratish mumkin edi. Masalan, 1615 yili ikki o‘zbek savdogari Qozonga 7190 gaz gazlama olib borgan ekan. 1622 yili bir o‘zbek savogari 1650 gaz ip-gazlama, 230 gaz ipak gazlama, 20 ta pards va 150 ta belbog‘ni Nijniy Novgorodda, 1633 yili Otaquli hoji ismli savdogar esa 66530 gaz turli gazlamalarni Astraxanda sotgan. Xullas, XVII—XVII asrlar davomida va XIX asr boshlarida ham Movarounnahrda ishlab chiqarilgan turli gazlama va kalava iplar ko‘p miqdorda chet o‘lkalarga chiqarilgan. O‘zbek savdogarlari Astraxan, Orenburg, Troitsk orqali Nijniy Novgorod yarmarkasida turli gazlamalar, kiyim-kechaklar, ip-kalava, ipak, qimmatli toshlar, qorako‘l teri va boshqa mollar olib borgani ko‘pgina tarixiy manbalarda qayd etilgan.

Sibir shaharlariga ikki qavatli zandaniychi, uch qavatli zandaniychi, enli va ensiz guldor gazlama, yaltiroq xom surp, ensiz bo‘z, enli qalami, rangdor qalami, oq doka, zarhal ipak gazlama, satin, belbog‘, ipak ro‘mollar, shuningdek to‘n, nimcha, kamzul, buxoro pardasi, dasturxon ham chiqarilgan. 1640 yili bir savdo karvonida 195690 gaz ensiz gulli chit, 4790 gaz enli chit, 539970 gaz ensiz xom surp, 7790 gaz enli xos surp, 2460 qalami, 260 gaz enli gulli mato, 2320 gaz doka, 37590 gaz buklama ip gazlama, 14750 gaz uchlama ip gazlama, 1722 ta chakmon, 1512 ta belbog‘ singari mollar Tobolsk bozorlariga olib kelinib sotilgan. Masalan, 1703 yilda Tyumenga 50000 gaz, 1714 yilda esa 16550 gaz, 1712 yili Taraga bir o‘zbek savdogari tomonidan 4460 gaz, 1705 yilda Yamishev ko‘liga 44400 gaz ajdodlarimiz to‘qigan ip-gazlama keltirilgan. 1745 va 1747—1750 yillarda Semipalatinskka 312600 gaz turli xil ip-gazlamalar olib borilgan.

O‘zbekiston va Sibir o‘rtasidagi savdo aloqasida Irbit yarmarkasi (hozir Sverdlovsk viloyatida) muhim o‘rin tutgan. Irbit yarmarkasida o‘zbek mollari bilan savdo tobora o‘sib borgan. 1838 yildagi yarmarka anjumanida Rusiya savdogarlaridan 850 kishi, o‘zbek savdogarlaridan 270 kishi va chet el savdogarlaridan 24 kishi qatnashgan.

Paxtadan to‘qilgan turli ip-gazlamalar va boshqa tayyor kiyimlar Orenburg shahri orqali o‘rolbo‘ylariga, xususan hozirgi Boshqirdiston va Tatariston muxtor jumhuriyatlariga olib ketilardi. Shuningdek, qozoqlar, turkmanlar, qirg‘izlar, qoraqalpoqlar yashaydigan tasarruflarda ham asosan paxtalik gazlamalardan kiyim kiyish keng urfga kirgan edi. Tarixiy manbalarda Ozarboyjon, Armaniston va Gurjistonga ham ipak gazlamalar olib borilgani haqida ma’lumotlar mavjud. O‘zbek gazlamalarining xorijiy mamlakatlarga olib ketilishi o‘lkada paxtachilik ancha o‘sganidan darak beradi, albatta.

O‘zbek paxtasi Rusiyada katta qiziqish uyg‘ota borgan. Hatto rus hukumati paxta, qovun-tarvuz va uzum yetishtirishni o‘z o‘lkasida iqlimlashtirishga qaratilgan ba’zi choralarni ko‘rgan. Chunonchi, XVII asrning o‘rtalarida rus podshosi maxsus farmon chiqarib, Astraxandan chigit, uzum, qovun-tarvuz urug‘larini topib, ularni ekish uchun Moskvaga yuborish to‘g‘risida mahalliy hokimiyatga ko‘rsatma beradi. Farmonda, yuqorida ko‘rsatilgan narsalar Astraxandan topilmasa, ularni O‘rta Osiyodan keltirishga erishish va o‘zbeklarni bu ishga jalb qilish zarurligi ham ta’kidlangan. Podsho farmoniga binoan g‘o‘za chigiti, qovun va tarvuz urug‘lari Moskva yaqinidagi Izmaylov qishlog‘ida tajriba uchun ekib ko‘riladi. Lekin bu ekinlar harorat hamda tuproq tarkibining noqulayligi sababli yaxshi o‘smaydi.

Rus hukumati noiloj qolgach, janubda joylashgan Orenburgda paxta o‘stirishga alohida ahamiyat berdi. 1753 yilda Orenburg general-gubernatorining Sankt-Peterburgga yuborgan xabarida guberniyada Xorazmdan keltirilgan chigit ekilgani va g‘o‘zaning yaxshi rivojlanayotgani aytilgan edi. O‘sha yili ko‘karib turgan bir tup g‘o‘za namuna tarzida poytaxtga ham yuborilgan. Biroq, keyinchalik guberniyaga sovuq tushib, yam-yashil g‘o‘zalarni qiyratib ketadi. Pirovardida general-gubernator hukumatning yirik vakillaridan biriga quyidagilarni xabar qilgan edi: «Siz janobi oliylariga bir tup g‘o‘zani yuborgan vaqtimda, ekkan paxtamiz batamom pishib yetilar, degan umidda edik. G‘o‘zalarimiz bir necha ko‘sak tukkanda banogoh sovuq tushib, ularni juvonmarg qildi. Shu boisdan, kalomi ehtirom bilan siz muhtaram zotga besh donagina ko‘sak yuborayotirman».

XVIII asr oxirlarida rus hukumati bir sibirlik o‘zbekni Sibirda paxta yetishtirish maqsadida Buxoroga yuborib, sifatli chigit keltirish va paxta ustalarini bu ishga jalb qilish haqida maxsus qaror chiqaradi. Biroq bu urinish ham Sibirdagi iqlim sharoitining noqulayligi tufayli amalga oshmaydi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, Rusiyada noqulay iqlim tufayli paxta yetishtirishning iloji yo‘q edi. Shuning uchun Chor hukumati o‘zbek xonliklarini bosib olish orqali paxtani qo‘lga kiritishni ham eng muhim vazifalardan biri, deb hisoblagan.

Rus to‘qimachilik sanoatining o‘zbek paxtasiga muhtojligi, ayniqsa Amerikada fuqarolar urushi vaqtida yaqqol ko‘zga tashlandi. Urush oqibatida Amerikadan Rusiyaga paxta keltirish ancha qisqardi. Natijada, Rusiya bozorlarida bir pud paxtaning narxi 4—5 baravar oshib ketdi. Paxta inqirozi tufayli o‘nlab rus to‘qimachilik korxonalari yopildi. O‘zbek paxtasiga talab kuchaya bordi. Chunonchi, 1862 yilda 1802 ming so‘mlik, 1863 yilda 2903 ming so‘mlik va 1864 yilda 6514 ming so‘mlik o‘zbek paxtasi Rusiyaga keltirilganligi bir qator tarixiy manbalarda uchraydi. Bu o‘sha zamon uchun katta mablag‘ni tashkil etardi. Garchand keyingi yillarda Amerikada vaziyat yaxshilanib, u yerdan Rusiyaga paxta keltirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, sarflangan xarajat miqdori rus sanoat egalariga 90 million so‘mga tushar edi. Bu, shubhasiz, gazlama tannarxini qimmatlashtirib yuborgan. Buning ustiga rus to‘qimachilik korxonalari gazlamalariga Yevropada talab kuchli emas edi. Shu boisdan Rusiyaga arzon baholi paxtaga ega bo‘lish va undan ishlangan tayyor mahsulotlarni sotadigan, talabchan bozor zarur bo‘lib qoldi. Bunga erishmak uchun chor Rusiyasi XIX asrning 60—70-yillaridan boshlab qonli va dahshatli urushlar evaziga o‘zbek xonliklarini bosib olaverdi. Ana shu paytda o‘zbek paxtachiligining birinchi davri tashqi kuch zo‘ravonligida nihoyasiga yetdi.

Xo‘sh, birinchi davr afzalliklari nimalardan iborat edi?

Avvalo, paxtadan olinadigan daromadning hammasi vatanimizda qolardi. Bu holat o‘lkada ishlab chiqarish kuchlari hamda moddiy va ma’naviy hayotning o‘sishida muhim o‘rin egallagan. Dehqon, hunarmand va savdo ahli mashaqqatli mehnatlari evaziga kelgan boylikning haqiqiy egalari hisoblangan. Paxtadan tayyorlangan mollarni ochiq va tashqi bozorga chiqarish qadim davrlardanoq o‘lkada ixtisoslashtirilgan hunarmandchilik tarmoqlarini yuzaga keltirgan edi. Buxoro, Samarqand, Toshkent, Urganch, Xiva, Qo‘qon, Andijon, Namangan, Marg‘ilon va boshqa shaharlarda minglab kishilar ishlaydigan to‘qimachilik, tikuvchilik, bichuvchilik, bo‘yoqchilik va boshqa hunarmandchilik korxonalari mavjud edi. Biroq xonliklar davrida paxta me’yorida yetishtirilgan. Shuning uchun ham u vaqtlarda, «Birjivыe vedomosti» ro‘znomasining 1874 yilgi sonlaridan birida yozilishicha, o‘lkada, xususan Toshkentda oziq-ovqat shunchalik ko‘p va arzon bo‘lganki, bug‘doy va guruch bozorda haftalab qarovsiz yotgan Ular ruslar kelganidan keyingina qimmatlashgan. O‘sha ro‘znomada ta’kidlanishicha, bu paytda paxta narxi baland bo‘lgan. XVIII asr 90-yillarida Toshkentga kelgan rus elchilari shaharda pilla, paxta, shuningdek, bug‘doy, arpa, tariq, mevalardan: uzum, o‘rik, yong‘oq, olma, nok, qovun va tarvuzlar juda bisyorligini yozib qoldirishgan. 1813—1814 yillari Qo‘qon xonligida bo‘lgan Filipp Nazarov Farg‘ona vodiysida, asosan paxta ekilishini ta’kidlash barobarida turli mevalar ham serobligini uqtirib o‘tadi. Shubhasiz, ayrim joylarda chigit ko‘proq maydonlarga ekilgan bo‘lishi mumkin, lekin, umuman olganda, har uchala xonlikda paxta yakkahokimligiga yo‘l qo‘yilmagan. Paxta yakkahokimligi chor hukumati o‘zbek xonliklarini bosib olgandan so‘nggina yuzaga chiqdi. Ana shu paytdan e’tiboran paxtachilikning ikkinchi davri boshlanib, u to Oktyabr inqilobi g‘alabasigacha davom etdi.

O‘zbek xonliklarining birin-ketin chor hukumati tomonidan zabt etilishi birinchi navbatda mo‘may daromadni poylab yotgan rus savdo-sanoat vakillarini to‘lqinlantirib yubordi. Rus matbuoti, jumladan, «Russkiy vestnik» (1868 y.) ro‘znomasi O‘rta Osiyo boyligi faqat oltin va qimmatli toshlardan iborat emas, balki paxta, ipak va meva-cheva koni ham ekani haqida jar solib, avvalo paxtachilikni rivojlantirishga e’tibor qaratadilar. Shuningdek, ro‘znoma hozirdanoq Buxoro paxtasi Amerika paxtasiga nisbatan arzon tushayotganini bildiradi. Ammo Rusiyadagi manfaatdor doiralar o‘z xohishlarini tezlik bilan amalga oshira olmaydi. Chunki XIX asrning 60—70-yillarida chor hukumati asosan xonliklarni bosib olish v o‘lkada o‘z mavqeini mustahkamlash bilan band bo‘ldi. Ustiga-ustak mahalliy paxta ko‘p jihatdan rus to‘qimachilik sanoatiga mos tushmas edi.

Ma’lumki, O‘rta Osiyoda uzoq asrlar mobaynida paxtaning mahalliy «malla g‘o‘za» va «qizil po‘choq» navi yetishtirilib kelingan. «Qizil po‘choq»ning chigiti ancha yirik, tolasi esa oppoq bo‘lgan. G‘o‘za tanasi qizg‘ish tusda bo‘lganidan unga «Qizil po‘choq» deb nom berilgan. Tolasining uzunligi 22—23 millimetrga yetgan. «Malla g‘o‘za» tolasining uzunligi 14—16 millimetr chiqib, rangi qizg‘ishroq, chigiti esa juda mayda bo‘lgan ekan. Bu nav faqat serhosilligi bilan ajralib turgan. Mahalliy g‘o‘za navlari orasida Xiva xonligi tasarrufida yetishtirilgan paxta sifati, mayinligi, tolasining uzunligi o‘rtacha 20 millimetrga yetishi bilan o‘zgacha qiymatlangan. O‘sha davr mutaxassislarining fikricha, Xiva paxtasi Amerika paxtasidan qolishmagan.

Buxoro xonligi tasarrufida yetishtirilgan paxta tolasining sifati va uzunligi jihatidan Toshkent va Farg‘ona vodiysi paxtasidan biroz ustunlik qilgan. Umuman olganda, mahalliy paxta hunarmandchilik to‘qimachiligiga moslangan bo‘lib, asrlar davomida ichki hamda tashqi bozor talabini qondirib kelardi. Dehqonlar paxtaning mahalliy iqlim, tuproqqa mos tushadigan navlarini yaratib ekishgan. Bundan tashqari paxta yetishtirishga hozirgidan ko‘ra kam suv sarflangan, bu dehqonlarning suvi kamroq joylarga ham chigit ekish imkonini tug‘dirardi.

«Malla g‘o‘za» navi o‘zining kam hosilligi va tolasining kaltaligi, umuman sifat jihatidan to‘qimachilik sanoati talablariga javob berolmay, Amerika paxtasiga raqobat qilolmasligi bilan asta-sekin o‘z mavqeini yo‘qota bordi.

«Malla g‘o‘za» navining xaridorlar talabini qondira olmayotgani O‘rta Osiyo chor Rusiyasi tomonidan zabt etilmasdan oldinoq ayrim savdo-hunarmandchilik vakillariga, xususan Rusiya bilan savdo-sotiq olib borayotgan kishilarga ayon edi. Ular daromadlari ko‘payishini ko‘zlab Amerika paxtasini o‘lkamizda iqlimlashtirishga uringanlar. Masalan, XIX asr o‘rtalarida yirik savdogarlardan biri X. Saidumarov Rusiya orqali Amerika paxtasi urug‘i va tolani chigitdan ajratadigan yevropacha qo‘l mashina (Jin)ni Buxoroga olib kelgan. Amerikaliklar navi kam hosil bersada, tolasi sifatli bo‘lgani uchun faqat Nijniy Novgorod yarmarkasiga sotish uchun olib borilgan. Lekin Buxoroda paxtaning bu yangi navini iqlimlashtirishga hali shart-sharoit yaratilmagan edi.

Amerika paxtasini iqlimlashtirishda N. N. Raevskiy tashabbusiga alohida to‘xtab o‘tish lozim, deb o‘ylayman. U bundan oldin paxtani Qrimda iqlimlashtirish ustida ish olib borgan edi.

1866 yili u Orenburgda paxtachilikni yo‘lga qo‘yish taklifi bilan chiqib, general-gubernator nomiga Amerika paxtasi urug‘i va «Paxta yetishtirish usullari» degan qo‘llanmasini yuborgan. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, o‘sha yili Amerika paxtasi urug‘i ekish uchun Toshkentga ham yuborilgan ekan. O‘lkada paxtachilikni rivojlantirishga qaratilgan bu sa’y-harakatlar chippakka chiqadi.

1868—1869 yillari Toshkentda, Xo‘jandda va Samarqandda Xo‘ja Yunusov degan kishi Spridonov bilan hamkorlikda Amerika hamda Misr paxta navlarini iqlimlashtirishda muvaffaqiyatga erishadi.

1869 yili «Rus sanoati va savdosi o‘sishiga yordam berish jamiyati» kengashida I. N. Raevskiy «Rusiya va unga qo‘shni Sharq mamlakatlarida paxtachilikni rivojlantirish» mavzuida ma’ruza qiladi. O‘sha kengashda to‘qimachilik sanoati va savdo-sotiq doiralari vakillari faol qatnashadilar. Ma’ruzachi Rusiyaga O‘rta Osiyo va boshqa paxtakor joylardan xom ashyo keltirilishi har jihatdan foydali va qulayligini isbotlab beradi. Uning ta’kidlashicha, Rusiyaga jami 3 088 285 pud (42 710 136 so‘mlik) paxta keltirilgan bo‘lib, shundan 639192 pud (5 972 491 so‘mlik) paxta sharq o‘lkalaridan olib kelingan ekan. Bu Rusiyaga keltirilgan paxtaning 21 foizini tashkil etgan. Albatta, ko‘p miqdordagi paxtani xarid qilish uchun millionlab so‘m mablag‘ sarflangan. Rusiyada savdo floti bo‘lmaganidan paxta Yevropa mamlakatlari floti va temir yo‘llarida olib kelingan, natijada ulovidan tushovi qimmatga tushgan.

Urush yillarida Rusiyaga paxta keltirishda keskin uzilish yoki kamayish hollari yuz berganidan ko‘plab to‘qimachilik sanoati korxonalari yopilgan, hukumat katta ziyon ko‘rgan. I. N. Raevskiy shuni nazarda tutgan holda Urta Osiyoda paxtachilikni rivojlantirish Rusiya uchun katta foyda ekanini alohida uqtirib o‘tadi. U mahalliy g‘o‘za navlarining nuqsonlarini gapirib, uni Amerika navlari bilan almashtirishni tavsiya qiladi; o‘z mulohaza va takliflarini bayon etadi. Chunonchi, u Amerika Misr va boshqa mamlakatlardan mutaxassislarni chaqirish, paxta yetishtirish usullariga oid qo‘llanmalarni rus hamda mahalliy tillarda chop etish, tajriba o‘tkazish uchun maxsus maydonlar ajratishni tavsiya etgan. Uning fikricha, tajriba stantsiyalarida yetishtirilgan Americha va mahalliy paxta navlari urug‘ini olib, yetuk mutaxassislar tayyorlash zarur edi. Shuningdek, ma’ruzachi o‘lkaga paxtani tozalaydigan, chigitini ajratib oladigan takomillashgan mashinalar, toylovchi uskunalar olib kelish zarurligini uqtirib o‘tadi.

1871 yili I. N. Raevskiyning shaxsan o‘zi Toshkentga kelib Amerika paxtasini iqlimlashtirish borasida katta ishlarni amalga oshiradi. Samarqandda Amerika paxtasi navini ekadi. Turkiston general-gubernatori Kaufman uning yuqoridagi taklifiga binoan ikki kishini paxta yetishtirishdagi bilimini boyitish uchun Amerikaga yo‘llaydi.

I. N. Raevskiy Toshkentda yetishtirilgan Amerika paxtasi sifatini bilish uchun Moskva to‘qimachilik sanoati sohiblariga yuborgan. Korchalonlar paxta sifatini yaxshi baholaydilar.

Toshkentda Amerika paxtasini 1875 yili birinchi bo‘lib ekkan kishi Mulla Yo‘lchi To‘ychiboevdir. Xorijiy paxta navi urug‘i Buxoro xonligida, shuningdek, 1878 yilda Andijon, Namangan, Qo‘qon va Marg‘ilonda ham qadalgan. O‘z-o‘zidan ayonki, aynan o‘sha davrda Amerika paxtasini o‘lkamizda iqlimlashtirishga qaratilgan harakatlar jadal tus olgan.

Amerika paxtasini iqlimlashtirish tajribalari tufayli undan mahalliy «malla g‘o‘zapga nisbatan sifatliroq, tolasi uzunroq paxta navi yaratishga erishiladi. Biroq bu nav kam hosilli edi. O‘shanda Amerikaning «Seansland» va «Petit» navlari ekilib tajriba qilingan. Baribir ular mahalliy sharoitga mos tushmagan. Shuning baravarida Amerika paxtasining boshqa navlari ham sinab boriladi. 1877 yili Toshkentda paxta tajriba firmasi ochiladi. Bu yerda Amerika paxtasining bir necha turlari ekiladi va ularning urug‘lari mahalliy aholiga ulashiladi. G‘o‘za maydonlarida birinchi marotaba plug va paxta tozalash qo‘l mashinasidan foydalaniladi. Natijada, agrotexnika ishlari bir muncha yengillashib, paxta tannarxi arzonlashadi. Shuningdek, paxtani toylash ham joriy etiladi. Tajriba maydonlarida yetishtirilgan paxta tolasi Moskva to‘qimachilik sanoati korxonalariga yuboriladi. Sanoatchilar paxta tolasi uzunligi va sifatini e’tirof etishadi. Ammo yangi navlardan hamon kam hosil olinardi. Nihoyat, XIX asrning 80-yillariga kelib, Amerika paxtasi urug‘lari orasida «Upland» navi mahalliy sharoitda sifatli va ko‘p hosilli bo‘lib chiqdi. To‘qimachilik sanoati talablariga har jihatdan mos tushdi.

Amerika paxtasi tolasi uzunligi va sifati jihatidan «malla g‘o‘za» navi tolasiga nisbatan ustun va hosildor bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan dehqonlar Amerika paxtasi navi ekilgan maydonlarni oshira berganlar. 1884 yili xorijiy navlar 300 desyatinaga ekilgan bo‘lsa, 1890 yilga kelib 58859 desyatinani tashkil etgan.

Amerika va «malla g‘o‘za» navidan olingan tola 1890 yilda 2 million pudga, 1896 yilda 2 665 337 pudga yetadi. Tolaning asosiy qismi Amerika paxtasidan olingan. Paxta, asosan Farg‘ona vodiysida yetishtirilgan. Sirdaryo, Samarqand va Kavkazorti viloyatlarida ham bu qimmatbaho xom ashyo navlari ekilgan. 1900 yilga kelib paxta ekilgan maydon 257 501 gektarni tashkil qilgan.

Amerika paxtasini iqlimlashtirish Xiva va Buxoro xonliklarida sekinlik bilan amalga oshirildi. 1887 yili Xivada Amerika urug‘ini iqlimlashtirishga urinish bo‘lgan edi. Bu urinish tez orada to‘xtab, xonlikda mahalliy «malla g‘o‘za» paxtasi yetishtirish davom ettiriladi. Chunki xonlik tasarrufida mahalliy paxta sifati yaxshi, tolasi uzunligi tufayli to‘qimachilik sanoati talablariga birmuncha javob berar edi. Biroq jaydari paxta Amerika paxtasiga nisbatan pastroq qadrlangan. Xonlikda 1890 yilda paxta maydoni 15000 desyatinani, 1900 yilda 20000 desyatinani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Buxoro amirligida 1880 yili 35 ming desyatina bo‘lsa, 1900 yilga kelib atigi 50 ming desyatina yerga chigit qadalgan.

Turkiston o‘lkasida Amerika paxtasining muvaffaqiyatli iqlimlashtirib borilishi va sanoat talablariga mos tushishi rus sanoati korxonalari egalarini, savdo ahlini, harbiy xizmatchilarni, qo‘yingki, puli bor barcha korchalonlarni hayajonlantirib va shoshirib yubordi. Ular o‘lkaga kelib, bevosita paxtachilik bilan shug‘ullanishga va paxta zavodlari ochishga kirishdilar.

Ular shu tariqa mo‘may daromad ketidan quvib, boyligiga boylik qo‘shishga mukkasidan tushadilar. Puldor odamlardan Turkiston ma’muriyati nomiga paxta maydonlarini kengaytirish, paxta zavodlarini ochishga ruxsat so‘rab yozilgan arizalar birin-ketin tusha boshlaydi. Rossiyada «Paxta vasvasasi» avjga minadi. Natijada, o‘lkada rus paxta maydonlari va paxtachilikka bog‘liq zavodlar miqdori ortib boradi. Savdo-sanoat doiralarining asosiy dardi-fikri paxtaga egalik bo‘lib qolish edi. O‘sha vaqt iborasi bilan aytganda, ularning butun vujudini paxtaning «oltin yomg‘iripda cho‘milish fikri chulg‘ab olgan edi.

XIX asr oxirlarida, Toshkent shaqri atrofida ruslarga qarashli paxtazorlar 4000 desyatina yerni egallab, bu umumiy paxta maydonining 20 foizini tashkil etardi. Masalan, savdogar Belyakov 620, Yaroslavldagi katta to‘qimachilik korxonasi 400, tijoratchi Tarsin 200 desyatina yerda dehqonchilik qilgan. Farg‘ona vodiysida rus paxta maydonlari 500 desyatina yerni tashkil etgan. 1890 yilda Samarqand viloyatining Xo‘jand uezdida Kudrin firmasi va boshqa kishilarga tegishli 300 desyatina yerda Amerika paxtasi yetishtirilgan. Hatto o‘lkani bosib olishda jonbozlik ko‘rsatgan general-mayor Abramovning Samarqandda shaxsiy paxta maydoni bor edi.

Paxta maydonlarida mardikor va chorakorlar ishlatilgan. Yer va g‘o‘zaga ishlov berish asosan qo‘l kuchida bajarilgan. Natijada paxta tannarxi qimmatlashib, ko‘plab maydon egalari katta ziyon ko‘rardilar. Bu hol, ayniqsa ob-havo noqulay kelgan vaqtlarda qattiq sezilardi. Oqibatda, ayrim yer egalari paxtachilikdan butunlay voz kechdilar yoki o‘z maydonlarini maqalliy deqqonlarga majburlikdan ijaraga berardilar. XIX asrning so‘nggi yillariga kelib, rus paxtachilarining aksariyati o‘z faoliyatiga chek qo‘yishga majbur bo‘ldi.

Paxtachilikning o‘sa borishi o‘lkamiz ijtimoiy-iqtisodiy xayotiga ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda XIX asr oxirlarida yurtimizga kelgan deqqonchilik idorasi vakili V. I. Masalskiy ko‘rgan-kechirganlarini quyidagicha bayon etgan: «O‘tgan qisqa vaqt ichida, Turkistonda paxtachilik sohasida tub o‘zgarishlar yuz berdi: paxtachilik bilan maxsus shug‘ullanuvchi korxonalar egalari paydo bo‘ldi, Amerika paxta navlari o‘lka sharoitiga iqlimlashtirildi, jinlar keltirildi va paxta tozalash zavodlari qurildi, deqqonchilik qurollari takomillashtirildi, paxta savdosi tartibga solindi, paxta bilan ish yurituvchi yirik firmalar paydo bo‘ldi, paxtani toylash va yuklash usullari yaxshilandi. Xullas, paxta tayyorlash o‘sa borib, yuz minglab kishilar ish va oziq-ovqat bilan ta’minlandi, o‘n millionlab so‘m muomalaga kiritildi». 

Biroq paxtaning asosiy qismi Rusiyaga olib ketilaverdi. Paxtachilik rivoji faqat chor hokimiyati xazinasini boyita bordi. Hatto bu adolatsizlik haqida o‘lkada rus tilida chiqadigan «Okraina» ro‘znomasining 1896 yilgi sonlaridan birida shunday yozilgan edi: «Rus sanoati ehtiyojini qondirish maqsadida paxtachilik rivojlanishidan sanoat egalaridan o‘zga xech kim foyda ko‘rmadi. Paxta arzon bahoda olinib, Rusiyaga yuboriladi. Shu paxtadan ishlangan tayyor mahsulotlarni u yoqdan o‘lkaga keltirib sotishadi va katta foyda ko‘rishadi. Mavjud paxta maydonlarini qisqartirib me’yorida ekish haqida jo‘shib gapiriladi-yu, lekin uni ekishaveradi».

XIX                asr oxirida boshlangan paxta yakkahokimligi keyingi yillarda tobora mustahkamlana bordi. Paxtachilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘riladi. Chunonchi, Andijon, Mirzacho‘l, Samarqand va boshqa joylarda namunali paxta maydonlari bo‘lib, u yerlarda paxta hosili va sifatini yanada yaxshilash borasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan.

Paxtachilik mutaxassislari qurultoylarini chaqirib turish aynan ana shunday tadbirlardan biri edi. Birinchi qurultoy 1884 yili Toshkent shahrida bo‘lib o‘tib, unda yer maydonlarini ekishga taxtlash usullari, urug‘ sifati va qadash qoidalari, g‘o‘zani parvarishlash jarayoni va uning hosildorligini ta’minlash choralari, terimni uyushtirish va yil bo‘yi qilingan ishlar yakunlari haqida mutaxassis va maydon sohiblarining fikrlari o‘rtaga tashlangan. Qurultoy qatnashchilari Turkiston va umuman jahon paxtachiligi tajribalari asosida o‘zaro fikr almashadilar. Ularning diqqat markazida, birinchi galda Turkistonda yangi paxta navlarini iqlimlashtirish, hosildorlikni oshirish va agrotexnika qoidalarini yuksaltirish turardi. Shuningdek, qurultoyda kelgusi yilda mo‘l hosil yetishtirish va ishchi kuchlaridan to‘g‘ri foydalanish haqida ham so‘z yuritiladi. Xullas, qurultoy qatnashchilari paxtachilik taraqqiysiga bog‘liq bir qator masalalarni ko‘rib chiqib, o‘z takliflarini tavsiya etadilar. Bular orasida sug‘orish tarmoqlarini kengaytirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, paxta savdosini yaxshilash kabi bir qator muhim masalalar bor edi. Chor hukumati va burjuylar paxtachilikka o‘z manfaatlari nuqtai nazaridan yondashib, oz mablag‘ sarflab, ko‘proq daromad olish siyosatini qo‘llaydi. Ammo ularning kanal-ariqlar qazish va yangi yerlar o‘zlashtirishga mablag‘ ajratishga ko‘zi qiymadi. To‘g‘ri, ular paxtachilik rivojida g‘oyat asqotadigan sug‘orish tarmoqlarining rejalarini tuzib, ma’lum choralar ko‘rishgan. Lekin bu harakatlar oxiriga yetkazilmagan. Chor hukumati ariqlar va boshqa sug‘orish shoxobchalarini kengaytirish, tartibga solish bilan kifoyalanadi. O‘sha vaqtda Mirzacho‘lda, 14 yil davomida yangi kanal qaziladi. Bu atigi 6000 desyatina yerni sug‘orish imkonini berardi, xolos.

«Paxta vasvasasi» XX asr boshlarida ham tinmadi. Rossiyaning paxta mustaqilligini ta’minlash harakati tobora avj olib bordi. Bu holat o‘sha zamon matbuotida ham o‘z ifodasini topgan edi. Jumladan, «Turkestanskie vedomosti» ro‘znomasi sonlaridan birida o‘lkada Amerika paxtasidan qolishmaydigan sifatli paxta yetishtirilayotgani, qishloq xo‘jalik ekinlari orasida paxtachilik yetakchi o‘rin tutishini uqtirib o‘tilgan.

«Turkestanskiy xlopok» kitobining muallifi I. Slutskiy paxtachilikning umumrusiya hayotidagi ahamiyatini quyidagicha izohlagan edi: «Paxta butun Turkiston o‘lkasi hayotining asosiy tarmog‘idir. Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand va Kaspiyorti viloyatlari, Buxoro va Xiva xonliklarida yashovchi tub aholi va ruslar turmushi ko‘p jihatdan xiyla foydali ekin — paxtaga bog‘liqdir. Markaziy Rusiyada istiqomat qiladigan yuz minglab kishilar, fabrika-zavod egalari, temir yo‘l ishchilarining hayoti Turkiston paxtasiga chambarchas aloqadordir. Turkiston o‘lkasi va Rusiyaning markaziy qismida savdo-sanoat rivojlanib, bundan chor hukumati ancha manfaat ko‘rmoqda. Agar chor harbiylari Turkiston o‘lkasini bosib olib, chinakam javohirotni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, haqli ravishda aytish mumkinki, bu javohirning biri — paxta edi va u Turkiston o‘lkasini Rusiyaga butkul bog‘lab qo‘ydi. Shuningdek, O‘rta Osiyo temir yo‘lining Andijonga yetkazilishi, Toshkent—Orenburg temir yo‘li qurilishiga x,am shu bebaho boylik sabab bo‘lgan».

Paxtachilikni rivojlantirish masalasida ikki xil fikr mavjud edi. Bulardan biri — paxtachilikni yangi sug‘orish tarmoqlari ochish, yangi yerlar o‘zlashtirish hisobiga o‘stirish edi. Masalan, o‘lka shart-sharoitini chuqur o‘rgangan senator Palen buningsiz uni rivojlantirish salbiy oqibatlarga olib kelishini yozib qoldirgan.

Chor hukumati yerning izdan chiqishiga qaramay, paxtachilikni kuchaytirishni o‘z vakillaridan talab qilaveradi. Bu xususda Rusiya dehqonchilik noziri Krivoshein shunday degan edi: «Turkiston g‘allasi Rusiya g‘allasiga, paxtasi esa Amerika paxtasiga kushandadir». Bundan chiqadigan ma’no shuki, agar Turkiston diyorida g‘alla ko‘p ekilsa, Rusiyadan keltirilayotgan g‘allaga nisbatan talab kamayib, ziyon ko‘riladi. Demak, qancha ko‘p paxta ekilsa, Rusiya g‘allasiga ehtiyoj shuncha oshib boraveradi. Uz navbatida bu Rusiyaning ulovidan tushovi qimmatga tushayotgan Amerika paxtasiga bog‘liq muammolarini ham bartaraf etardi. Nozirning fikricha, paxtachilik rivojlantirilaversa, ikki tarafga foydadir. Turkiston aholisining ahvoli nima kechsa-kechsin-u, lekin Rusiya manfaatlari to‘la saqlansin! — bu chor ma’murlari yuritgan yakkayu yagona siyosatdir.

Chunonchi paxta maydoni 1901 yilda 268013 desyatinani tashkil etgan bo‘lsa, 1916 yilga kelib 533671 desyatinaga yetgan. Ammo Turkiston javohiri Rusiyaga tobora ko‘proq olib ketilavergan. 1901 yili Rusiyaga 6,9 million pud paxta tolasi jo‘natilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1916 yilga kelib 18,5 million pudga yetadi.

1915 yili Buxoro xonligida 2718 ming pud, Xiva xonligida 1740 ming pud paxta yetishtirilgan. Umuman olganda 1880—1917 yillar mobaynida o‘lkadan Rusiyaga jami 225,8 million pud paxta tolasi olib ketilgan. Bu pulga chaqilsa 2 milliard so‘mdan oshardi. (Biz, asosan paxta xom ashyosi ustida so‘z yuritayotirmiz.) Agar Rusiyada o‘zbek paxtasidan tayyorlangan gazlama va kiyim-kechaklardan olinadigan tushumlarni hisobga olsak, u milliard-milliard so‘mlarni tashkil etadi. Bundan tashqari o‘lkamizdan Rusiyaga ko‘p miqdorda paxta yog‘i va boshqa mahsulotlar olib ketilgan. Chor hukumati va sarmoyadorlarning o‘lkani surbetlarcha talashini «Okraina» oynomasi o‘sha vaqtlardayoq qoralagan edi. Ro‘znoma ta’kidlashicha, 1907 yilda 135 million so‘mlik paxta xarid qilingan. Shundan 101 million so‘m dehqonlar qo‘liga tekkan. Uning ham 75 millioni o‘lkaga keltirilgan rus mollarini sotish orqali Rusiyaga olib ketilgan. Shubhasiz, bu katta mablag‘ni undirish uchun mollar narxi atay qimmatlashtirilgan. Shu ravishda 135 million so‘mning bor-yo‘g‘i 26 million so‘migina paxtakorlar qo‘liga tekkan. Bechora dehqonlar uning ancha qismini qarzlarini to‘lashga sarflaganlar.

«Okraina» ro‘znomasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha vaqtlarda millatidan qat’i nazar o‘lkada yashayotgan har bir kishining fikri-zikri paxtada bo‘lgan. Hatto Rusiyadan kelgan odamlar ham dastlab o‘z e’tiborini paxta hosili va narxiga qaratganlar.

O‘zbek paxtasi Rusiyada ham, Turkistonda ham minglab kishilarni shu tariqa o‘ziga «asir» qilib olgan edi. U ayniqsa, chor hukumati va savdo-sotiq vakillari diqqatini qattiq jalb etgan. Paxta terimi boshlanishi hamono Rusiya markazidagi bevosita manfaatdor doiralar mo‘may boylikka erishish uchun jon-jahdi bilan o‘lkaga yopirilib kelganlar. Bu ishda ular qishloq oqsoqollaridan, paxtani chigit va chanog‘idan tozalovchilardan, aravakashlardan ustalik bilan foydalanganlar.

Dehqonlar, asosan qarz olib ishlashga majbur bo‘lgan. Firmalardan paxtakorlarga qarz pullar olib berish va boshqa hujjatlar rasmiylashtirishda paxta tozalovchilar o‘rtada turganlar, dallollik qilganlar. Shu kasblaridan boyliklarini orttirib borganlar. Ular tayyor hosilni firma va sanoat egalariga sotganlar. Ular vaqt o‘tishi barobarida boyib borgan, pirovardida firmalar ixtiyoridan chiqib, mustaqil ravishda sudxo‘rlik qilib paxta savdosi bilan shug‘ullanganlar. Paxta tozalovchilar paxtakorlarning manfaatlariga xiyonat qilib, o‘z hamqishloqlari va mijozlarini hisobdan adashtirishni yaxshi bilganlar.

O‘sha «Okraina» ro‘znomasining yozishicha, paxta tayyorlovchilar, paxta savdosida vositachilik qiluvchi odamlar shu darajada firibgar va nayrangboz bo‘lganlarki, ularni xaloyiq haqli ravishda «jalablar» deb atagan.

Shuni ham aytish lozimki, paxtakorlarga qarz pul hamisha berilmagan. Ayniqsa, XX asr boshlarida ularga pul o‘rniga un, g‘alla, choy, gazlama va boshqa narsalar berilgan. Bu paxtakorlar ro‘zg‘orini yanada xonavayron etardi. Chunki erta bahorda yuqorida nomlari sanalgan mollarning narxi 3—4 baravar oshib ketar, qarz beruvchilar esa oziq-ovqat hamda sanoat mollarini qishloq ahliga bozor narxida pullardi. Biroq paxtakorlar yer haydagani ish hayvoni va boshqa dehqonchilik qurollari sotib olish uchun pulga ehtiyoj sezishardi. Shu boisdan ular qarz olgan mollarini bozorda arzon bahoda sotishga majbur bo‘lishardi. Chunki mollar kambag‘allarga tarqatilgach, ularning bozordagi narxi ancha pasayib ketardi. Shu ravishda dehqon ozgina pulga ega bo‘lgan holda bahorda ish hayvonini qimmatga olgan. Uni qishda boqolmasligiga ko‘zi yetgach, kuzda arzon-garovga sotib yuborishardi.

Kambag‘al dehqonlar ot-aravasi bo‘lmaganligi tufayli hosilni qabul qilish punktlariga olib bora olmas edilar. Bu hol esa o‘z navbatida aravakashlarga juda qo‘l kelgan. Ular yo‘li yomon yoxud uzoq qishloqlarga borib, dehqonlardan paxtani arzonga olib, firmachilarga qimmatga sotganlar.

Odatda, banklar firmalarga 8—9 foiz foydasi bilan pul bergan bo‘lsa, firmalar u pulni 12—16 foiz foyda olish uchun paxta tozalovchilarga o‘tkazgan. Paxta tozalovchilar esa pullarning ma’lum qismini bevosita paxtakorlarga 40—60 foiz foydasi bilan, qolgan qismini 25—40 foiz foydasi bilan aravakashlarga bergan. Shunday qilib, bankdan qarzga beriladigan pullar dehqonlarga qo‘lma-qo‘l yetib borguncha bir necha hissa oshib boravergan. Paxta tozalovchi, aravakash va paxta sotib oluvchilar dehqonlar savodsizligi va soddaligidan foydalanib, hisobdan adashtirish, tarozidan urish va paxta sifatini pasaytirish orqasidan ham daromad qilardilar. Firmalar va sanoat egalari pulni qarzga berish barobarida paxtani Rusiya bozorlariga olib borib sotganlar yoki undan ishlab chiqarilgan gazlamalarni o‘lkaga keltirib sotib juda katta foyda orttirardilar. Mushfiq paxtakorlar tobora qarz botqog‘iga botib borardilar. Chunki ularning qarzga oladigan pullari paxta xarid qiymatiga teng bo‘lmagan. Masalan, Toshkentda bir pud paxtaning qiymati 1,82 tiyin turgan qolda, qarz pulining hajmi o‘sha bir pudga 2,76 tiyinga to‘g‘ri kelgan. Farg‘ona viloyatida bir pud paxtaning qiymati 1 so‘m 85 tiyin turgan xolda, qarz pulining hajmi 2 so‘m 77 tiyinga borgan. Bunday ahvolni boshqa viloyatlar misolida ham ko‘rish mumkin edi. Firma, paxta tozalovchi va aravakashlar qarz berish yo‘li bilan paxtakorlarni o‘z girdobida qattiq ushlab turib, ularni paxta bozorlarida bevosita erkin sotish imkonidan mahrum etganlar. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Turkistonda yetishtirilgan paxtaning deyarli foizi qarzni undirish orqali firma va sanoat egalari qo‘liga kelib tushgan. Masalan, 1913— 1914 yillarda yetishtirilgan paxtaning qiymati 132 282 677 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning 47 282 677 ming so‘mi paxta tozalovchilarga, qolgani firmachilarga tegishli edi.

Firma va paxta tozalovchilar va aravakashlar paxtakorlarni o‘z qo‘llarida tutib turish uchun pulning ma’lum qismini jo‘rttaga keyingi mavsumga qoldirganlar. Bu bilan ular dehqonlarni keyingi mavsumda ham paxta ekishga majbur etish hamda doimiy mijoz sifatida saqlab turishni maqsad qilib qo‘yganlar. Biroq paxta tozalovchilar va aravakashlar barcha xo‘jaliklarga birday munosabatda bo‘lmaganlar. Agar dehqon nochor ahvolga tushib, olgan qarzini to‘lashga imkoni yetmay qolsa, darhol uning xo‘jaligidagi mol-mulkini musodara etishgan. Paxta tozalovchilar va aravakashlar ikki yil davomida qarzini uzmagan dehqonlarning yer-suv, hovlisini mosuvo etgan va ularning o‘zini batrakka, ya’ni proletarlarga aylantirgan. Bu hol o‘lkada maxsus batraklar sinfining paydo bo‘lishiga olib kelgan omildir.

Ba’zi qishloq va mavzelarning 80—90 foiz yeriga paxta ekilar, natijada u yerlarda oziqovqat mahsulotlari va yem-xashak tanqisligi vujudga kelardi. Paxtakorlar kundalik turmushlariga zarur mahsulotlarni bozordan sotib olishga majbur bo‘lardi.

Qarzdorlik va sudxo‘rlik avj olishi bilan dehqon ommasining yersizlanishi nihoyatda kuchayib, firma va mahalliy hukmron sinf vakillari qo‘liga tobora ko‘p yer o‘ta bordi. Yersiz xo‘jaliklar o‘lkaning ayrim tumanlarida 40 foizga va uysiz kishilar esa 25 foizgacha yetardi. 1910 yil Farg‘ona viloyatida ulgurji ishlarni bajaruvchilar 200 ming kishiga yetgan. Bu vaqtga kelib Turkistonda yersiz xo‘jaliklar aholining 30 foizini tashkil etardi. Garchand hukumat tomonidan yerlar firmalar qo‘liga to‘planishi ta’kidlangan bo‘lsa-da, sudxo‘rlar bundan mustasno edi. Natijada, yer ular qo‘liga yanada ko‘proq to‘planaverdi. Paxta tozalovchilar orasidan yirik yer egalari yetishib chiqdi. Masalan, Andijon uezdida yashaydigan paxta tozalovchi Mirkomil Mo‘minboyning ko‘p yerga egalik qilishi barobarida 14 million so‘m puli bo‘lgan. O‘lkada Mirkomilboyga o‘xshash bir necha yirik yer egalari faoliyat yuritardi.

Umuman olganda, o‘zbeklardan yetishgan yirik boylarning, ya’ni milliy burjuaziyaning soni oz bo‘lib, ular rus savdo va sanoat firmalariga qaram edilar. Ular har jihatdan zaif bo‘lganliklari uchun xorijliklar tomonidan milliy boyliklar talanishiga qarshi kurashishga qodir emas edilar.

Turkiston o‘lkasi bo‘yicha 44 foiz dehqon xo‘jaligi 1 desyatinagacha, 32 foiz dehqon xo‘jaligi 1—2 desyatina, 4,2 foiz xo‘jalik 10—20 gektar unumdor yerlarga egalik qilardi. Qishloqda yashovchi bir talay odamlarning chorva moli bo‘lmagan. Farg‘ona viloyatida 41,3, Sirdaryo viloyatida 20,3, Samarqand viloyatida 27,6 foiz, butun Turkiston o‘lkasida 30 foizga yaqin dehqon xo‘jaligi chorva mollariga mutlaqo ega emas edilar.

Paxtakorlar va umuman dehqon ommasi turli-tuman soliq va majburiyatlarni o‘z vaqtida to‘lashi shart edi. Ma’muriyat vakillari soliqlarni undirishda adolatsizlik va zo‘ravonlik qilib, belgilanganidan ortiqcha haq olardilar. Ana shu yo‘l bilan ular o‘z boyliklarini tobora oshira borganlar. Natijada ko‘p dehqon xo‘jaliklari xonavayron bo‘lib, mol-mulki va yeridan mahrum etilgan. Paxtakorlar orasida ro‘zg‘orini bemalol tebratgan hamda qarzdor bo‘lmagan o‘rta hol xo‘jaliklar soni ozchilikni tashkil qilgan.

Chor hukumati soliq va boshqa to‘lovlardan katta daromad olardi. Masalan, soliqlardan kelgan daromad miqdori 1913 yilda 23 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 1916 yilda 33,3 million so‘mga yetadi. Bu o‘sha vaqt uchun katta mablag‘ hisoblanardi.

XX  asr boshlarida paxtakorlar bo‘ynidagi qarz pullar miqdori ancha ko‘payib ketgan. Hujjatlarda qayd etilishicha, 1912 yili paxtakorlar davlat va xususiy banklardan hammasi bo‘lib 156 712 ming so‘m qarzdor edilar. Shundan 80979 ming so‘mi Farg‘ona viloyati paxtakorlari zimmasiga tushgan edi.

«Qarzning nihoyatda og‘ir ustama to‘lovlaridan toliqqan, bir necha marotaba aldangan va hisobdan adashtirilgan dehqon, — deb yozadi 1926 yilda nashr etilgan «Ekonomicheskie ocherki xlopkovodstva» kitobi muallifi A. Demidov, — juda achinarli hayot kechirardi. Hisob-kitob vaqtida dehqon olgan qarbini uzgani yoki to‘lay olmaganiga qaramay, baribir qattiq qiynoq ostiga olingan. Qarzlarni undirish faqat mol-mulkini musodara etish bilan chegaralanmagan. Ayrim firmalar o‘zboshimchalik bilan dehqonlarning chorva mollarini tortib olib, o‘z odamlari orqali mollarini bozorda sottirib, pulini kassaga o‘tkazgan. Ba’zi olg‘ir savdogarlar quloq eshitmagan zo‘ravonliklar qilib, qarzdorlarni o‘z omborlariga qamab qo‘yganlar va ularni qarindoshlari sotib olmagunicha yoki qarzini to‘lamagunicha ushlab turishgan. Qarzdorlar, odatda kaltaklangan, qattiq jazolarga tortilgan. Olg‘ir savdogarlar, hatto qarzdorlarning xotinini sotish darajasiga yetganlar. Pirovardida umidlari puchga chiqqan qarzdorlar ishi advokatlar qo‘liga o‘tgan. Advokatlarning butun yurish-turishi, xatti-harakatlari firmada saqlanayotgan dehqon hujjati — «Vasiqa»ga yozib borilgan». Mol-mulkidan mahrum etilgan o‘n minglarcha paxtakorlar qishloq boylariga qarashli yerlarda chorikorlik qilishga majbur bo‘lganlar. Chorikor boy yerini ijaraga olib, hosilning yarmini, hatto undan ortiqrog‘ini unga berishni o‘z zimmasiga olardi. Ijaraga berilgan yerlarda, asosan paxta yetishtirilardi. Chorikorlarning 2 desyatina yerda dehqonchilik qilishga qudrati yetmas edi. U paxtani oila a’zolari ishtirokida yetishtirgan. Bordiyu oila a’zolarining birortasi betob bo‘lib qolsa, u vaqtda chorikorning ahvoli g‘oyatda og‘irlashib, mo‘ljallangan hosilni yetishtira olmaganlar.

Chorikorlarning o‘zlari yetishtirgan hosildan oladigan ulushi bir xil bo‘lmagan. Mabodo, ular boydan yer bilan bir qatorda ish hayvoni, urug‘lik, dehqonchilik qurollarini ham qarzga olgan taqdirda hosilning beshdan uch qismi boyga tekkan. Ustiga-ustak, chorikor qarz pulini va dehqonchilik qurollarini boyga qaytarishi shart edi. Chorikorlar ulushi sakkizdan birdan uchdan ikki qismgacha borgan. Biroq chorikorlarning ko‘rsatilgan shartlarni amalda bajarishga kuchi yetmagan. Bir desyatina yerda paxta yetishtirish uchun sarflangan umumiy xarajat 207,3 so‘mni tashkil etib, shundan 194 so‘m 86 tiyini ijara haqi, qarzning ustama to‘lovi va soliqlarga ketgan. Natijada chorikorning bir kunlik daromadi 9 tiyindan oshmagan. Bu daromad ham bir desyatina yerdan 9 tsentner paxta hosili yetishtirilgan taqdirdagina olingan. Vaholanki, 9 tsentnerdan paxta hosili olish o‘ta mashaqqatli edi.

Dehqonlar qarzga tobora chuqurroq botib, xo‘jaliklari nihoyatda qashshoqlashaverdi. Bu xususda e’tiboringizni bir manbadan olingan quyidagi satrlarga tortaman: «Dehqonning uyi va xo‘jaligi shu darajada xarobki, bunaqa turmushni boshqa joyda ko‘rmaganman. Ro‘zg‘orlarida ikkiuchta temir asboblar va ikki-uchta sopol idish bor, xolos. Uylari burchagida yirtiq, yag‘iri chiqqan bir nechta yostiq-ko‘rpalar pala-partish uyulib yotadi. Dehqonlar qoramtir ko‘kragini qishu-yoz ochiq qoldiradigan yag‘ir ko‘ylak ustidan yirtiq to‘n kiyishadi. Ayollar va bolalar ham yirtiq kiyimlarda yurishadi. Ular mashaqqatli mehnatdan keyin kuch-mador to‘plashlari uchun atala yoki jo‘xori, bug‘doy yoki arpani qatiqqa aralashtirib go‘ja tayyorlab ichishadi. Ular ko‘pincha o‘sha ovqatni tanovul qiladi va mudom mashaqqatli mehnat bilan banddir». Paxta yakkahokimligi ota-bobolarimizni ana shunday kun kechirishga majbur etgan edi.

Paxtachilik tarixining ikkinchi davrida hosili va sifati jihatidan ancha afzalliklarga ega bo‘lgan Amerika paxtasining yangi navlari iqlimlashtirilishi va bu sohada olib borilgan dastlabki ilmiy ishlar katta samara berdi. Biroq paxtachilikdagi jamiki o‘zgarishlar chor hukumati va sarmoyadorlar manfaatidan kelib chiqib amalga oshirilgan edi. Bu davrda paxtadan olingan milliardlab so‘m mablag‘lar chor hukumati, sarmoyadorlar va boshqa yuqori tabaqa vakillarining qo‘liga tushdi, dehqon ahli qul kabi ishladi va ayanchli hayot kechirdi. Chor hukumati tomonidan paxtachilikning jadal rivojlantirilishi xunuk oqibatlar keltirishini XIX asr oxirlaridayoq anglagan jamiyatning ilg‘or guruhlari, xususan ruhoniylar oq paxta o‘zbek xalqi boshiga musibatli kunlar keltirishini bashorat qilgan edilar.

Paxtachilik rivoji, yakkahokimligi chor Rusiyasi boyligiga boylik qo‘shgan bo‘lsa, Turkiston xalqlarining moddiy va ma’naviy jihatdan qashshoqlanishiga olib keldi. Ulkada paxta, ipak va boshqa xomashyolardan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari qurilmadi va u chor hukumatining xomashyo manbaiga aylandi. Bu ham yetmagandek, o‘lka rus sanoati mahsulotlarining bozori bo‘lib qoldi. XIX asrning 60-yillaridan to Oktyabr inqilobigacha Rusiyadan turli gazlamalar va boshqa mollarning ko‘p miqdorda keltirib turilishi mehnatkash ommaning yanada qattiqroq “shilinishi”ga sabab bo‘ldi. Ulkada ming yillardan buyon davom etib kelgan ajoyib hunarmandchilik tarmoqlari, birinchi navbatda to‘qimachilik va bo‘yoqchilik tanazzulga uchradi. Bu hol XIX         asrning 80-yillaridayoq ko‘zga tashlangan edi. Masalan, 1885 yilda faqat Toshkent shahrida to‘qimachilik hunarmandchiligi mahsuloti 182700 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, besh yildan keyin 49875 so‘mga tushib qoldi. Keyingi yillarda ahvol badtar yomonlashdi. Chunki o‘zbek paxtasidan Rusiyaga olib ketilib ishlangan gazlamalar mahalliy hunarmandlar to‘qigan gazlamalarni ichki va tashqi bozordan siqib chiqargan edi.

Chor hukumati va sarmoyadorlar mustamlakachilik siyosatini oqsoqollar, paxta tozalovchilar va boshqa bir guruh kishilarga tayangan holda izchillik bilan amalga oshirdi. Bu toifadagi odamlar, ya’ni dallollar o‘z manfaatlari yo‘lida hech narsadan toymadilar. Shu sababdan ular xalq qahr-g‘azabiga uchragan edilar. Bunday muftxo‘rlar xalq qo‘zg‘olonlari vaqtida o‘ldirildi, mol-mulki esa talandi.

Xulosa shuki, Turkiston o‘lkasida XIX asr oxiri XX asr boshlarida paxta yakkahokimligi o‘rnatilgan edi. Bu holat bizning zamonamizda, ya’ni paxtachilik taraqqiyotining uchinchi davrida, xususan shaxsga sig‘inish va turg‘unlik yillarida shu darajada avj oldiki, uning misli ko‘rilmagan fojia-oqibatlarini ko‘z bilan ko‘rib, yurak bilan sezib turibmiz. Yaxshiyamki, demokratiya va oshkoralik sharofati o‘laroq paxta yakkahokimligi jilovga olindi. Inshoolloh, bu jilov qattiq tortilgan bo‘lsin, saxovatli zaminimiz, paxtamiz ustimizni but, qornimizni to‘q qilsin. Qaddimizni alp ko‘tarib yurishimizga suyanchiq bo‘lsin.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1991 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.