OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. Poeziya — yuksak san’atdir (1941)

She’r — fikr akstrakti bo‘lishi jihatidan hikmat, ko‘ngilga yo‘l topishi, undan o‘ziga hamohang sado chiqarishi jihatidan musiqa.

She’r — oshiqning ohi, musibatdiydaning ko‘z yoshi, saodat va surur ifodasi bo‘lgan qahqaha tovushi.

She’r — ko‘ngilning oynasi, ko‘ngilda nima bo‘lsa shu aks etadi.

She’r — ma’sum go‘dak, riyoni bilmaydi. Riyo bo‘lgan yerda she’r yo‘q.

She’r — bir mo‘‘jiza. Uning mo‘‘jizalik sirlaridan xabardor bo‘lish, bu sirlarni jilovlash har kimga ham muyassar bo‘lavermaydi. Bunga erishish uchun zehn, sabr va mehnatdan boshqa yana nimadir kerak.

Poeziya yuksak san’at.

Shunday bo‘lgani holda balog‘at ostonasiga qadam qo‘ygan yigitcha o‘z tuyg‘ularini dabdurustdan she’r bilan ifoda qilishga urinadi, ona o‘z farzandini she’r o‘qib allalaydi yoki uning tobuti ustida aytib yig‘laydi, oshiqlar bir-biriga muhabbat arz qilganda iloji bo‘lsa ikki misragina she’r qistirgisi keladi. Xalq adabiyotining asosiy qismini poeziya tashkil qiladi. Buning sababi shuki, kishi o‘zida bo‘lgan va o‘ziga favqulodda tuyulgan tuyg‘ularni jo‘n ifoda qilib ko‘nikolmaydi, qandaydir favqulodda ifoda izlaydi. Bu ifoda qisqa va shu bilan birga «yurakni bo‘shatadigan» bo‘lishi kerak. Ana shunday qisqa va yurakni bo‘shatadigan ifoda she’r bo‘lib qoladi. Kishi o‘zidagi favqulodda tuyg‘ularni odatdan tashqari, ya’ni she’r bilan ifoda qilganda nechukdir yengil tortadi, ko‘ngilga tarjimon topganday bo‘ladi. Bu narsa ba’zan haqiqiy talantning adabiyotga tomon tashlagan birinchi qadami bo‘lib chiqadi.

Hozirgi vaqtda butun respublikadagi yosh-qari shoirlarning soni yuzdan kam emas. Shoirlar hozir, bugungi kundagina ko‘payib ketgani yo‘q. Revolyutsiyadan buyon chiqqan gazeta, jurnallar ko‘zdan kechirilsa, bulardagi mustaor va ochiq imzolarning soni bir necha yuzga yetadi. Bu she’rlar mualliflarining boshlab revolyutsiyaga, undan keyin revolyutsiya samarasi bo‘lib, mamlakatda yuz bergan yirik hodisalarga munosabat asosida bo‘lgan favqulodda tuyg‘ularni aks ettiradi. Gap shundaki, bu she’rlar mualliflarining juda oz qismi uchungina adabiyot tomon tashlangan birinchi qadam bo‘ldi. Juda ko‘pchiligi uchun esa birinchi va oxirgi qadam edi.

Respublikamizda boshlangan buyuk xalq harakati uyg‘otgan ilhomlar ham shunday. Shu jihatdan «Qizil O‘zbekiston»ning 1939 yil 24 sentyabr sonida «Havaskor» imzosi bilan bosilgan she’r juda xarakterlidir.

Shonli mehnat daryolarni uyg‘otdi,
Tilsiz dashtu sahrolarni so‘ylatdi,
Hatto meni shoir qilib kuylatdi,
Mehnatingiz ijod koni botirlar.

Hamma gap mana shu «hatto»da. Shu «hatto» bilan «havaskor» o‘zining bugungacha she’r va shoirlikka qanchalik aloqasi bo‘lganligini aytib turibdi. Haqiqatan ham bu odam agar o‘smirlik chog‘larida hafsala qilmagan bo‘lsa, she’r yozishni, shoir bo‘lishni hech qachon xayoliga keltirgan emas. «Shonli mehnat... shoir qilib kuylatgunga» qadar unga birov mabodo «payti kelganda sen ham she’r yozasan» desa, ehtimol nafsi koyir — «menda aslo shoirlik tabiati bo‘lmaganini pisanda qilayotir» deb o‘ylar edi. Tabiiy, bu xildagi kishilarning adabiyotga tomon bosgan qadami birinchi va oxirgi qadam bo‘ladi. Bular revolyutsiyadan beri chiqqan va matbuotda bir yoki bir necha marta ko‘rinib, shu bilan «tab’i nazmi» sob bo‘lgan shoirlar qatoriga kiradi.

Shu bilan birga kanal ilhomi adabiyotga yetaklagan, kanal haqida yozgan she’rlari adabiyotga tomon tashlangan dadil qadamlar hisoblanishi mumkin bo‘lgan kishilar ham bor. Bularning biri — Chustiy.

Chustiy shoirlikni kanaldan boshlagani yo‘q, degan e’tiroz bo‘lishi mumkin. Bu e’tirozni uning o‘zi ham quvvatlashi mumkin, lekin she’r mashq qilish she’r yozish emas. Chustiyning uzoq vaqt mashq qilib yurganligi adabiyotga birinchi qadamni mustahkam qo‘yishga katta yordam bergan bo‘lishi mumkin, lekin buning o‘zi birinchi va mustahkam qadam emas.

Chustiyning nashriyotga topshirgan she’rlar to‘plami shu da’voning isboti uchun dalil bo‘la oladi. Bu to‘plamga shoir bosilishini loyiq ko‘rgan hamma she’rlarini deyarli kirgizgan, 70 dan ortiq she’rning 7—8 tasini mustasno qilganda hammasi 39-yilda yozilgan. Bu 7—8 ta she’rning to‘plamga kiritilgani shuni ko‘rsatadiki, Chustiy 39-yilgacha yozgan hamma she’ri ichida shulargina qay darajada bo‘lmasin, qiymatga ega deb hisoblaydi. Bu she’rlardan biri 1932 yilda yozilgan «Bog‘ aro».

Chustiydan:

1) Bog‘ aro qo‘ysang qadam gul guncha qolmay xandadir(?)

Folklordan:

1) Bog‘ aro qo‘ysang qadam xandon urar gulgunchalar.

2) Lablaringdan ey nari la’li adan sharmandadir,
Tishlaringga begumon daryoda gavhar bandadir.

Muqimiydan:

2) Lablaringdan «a’li Adan sharmanda,
Tishlaringga gavhar daryoda banda.

Chustiydan:

3) Ey nigoro men o‘zim har joyda, ko‘nglim sendadir
Purxumoro men o‘zim har joyda, ko‘nglim sendadir,
Guluzor men o‘zim har joyda, ko‘nglim sendadir,
Ushbu yoro(?) men o‘zim har joyda, ko‘nglim sendadir.

Muqimiydan:

3) O‘zim har joydaman, ko‘nglim sendadur.

Bu 20 yo‘llik she’rning sakkiz misrasi, ko‘rinib turibdiki, har qaerdan terib olingan. Qolgan 12 satrini ham ijod deb bo‘lmaydi. Undagi tashbehlar, ifodalar har kimniki.

Chustiy:

1) Qomatinga sarv ila ar-ar qalingga bandadur(?)

Amiriy:

1) Qomatingga sarv ila shamshod der yuz marhabo.

Chustiy:

2) Bul junun sahrosida kezdim quyundek charx urib.

Gulxaniy:

2) Kezmisham quyun yanlig‘ vodiyu biyobonlar.

Har ikki misrada ham so‘z yor to‘g‘risida boradi. 35-yilda yozilgan «Uyg‘onish» she’rida shunday misralar bor:

Chustiy:

1) Sabo tong otdi yur noz uyqudan dildorim uyg‘onsin,
Visolin torini chertib, tili setorim uyg‘onsin.

«Halima» pesasida:

1) Kel e tongning shamoli uyqudin dildorimi uyg‘ot,
Qo‘ngulning torini chertay, sahar setorimi uyg‘ot.

32-yilda yozgan «Dilbar» she’rida:

1) Makonimni baytul ehzan aylading.

Shavkatdan:

1) Makonimni dashtu sahro aylading.

Chustiydan:
2) Necha yillar dilda erdi tamanno,
Ko‘rib bul kun husning qildim tamosho.

Muqimiydan:

2) Dilda vasling erdi doim tamanno,
Xayolimda kelib vaqti tamosho.

Bular va hozir filarmoniyaning ashulalar fondiga kiritilgan birmuncha she’rlardagi omonat misralar, she’riy ifodalar egalariga qaytarib berilsa, Chustiyning hissasiga juda oz narsa qoladi.

Chustiy adabiyotga bundan ko‘p yillar muqaddam kirgan deb o‘ylaydigan kishilar bo‘lsa, ularni mana shu omonat misralar yanglishtirgan bo‘lib chiqadi.

To‘g‘ri, uning mustaqil yozgan she’rlari ham bor. Ulardan to‘plamga kiritish uchun o‘zi loyiq ko‘rgani (demak eng yaxshilar) «Hur vatan» va «Ishla» degan ikkita she’r. Bularning har ikkisi ham mustaqil yozilgan she’r emas, mustaqil mashq qilingan desa bo‘ladi.

«Hur vatan»dan:

Ayladi bizda taraqqiy ilmu fan,
Maktabimiz gullagan misli chaman.
Ilm ila mehnatda el bir jonu tan,
Chustiyga sen sevgisan ey, hur vatan.

«Ishla»dan:

Kolxozchi, bu g‘ayratingga rahmat,
Keng dalada himmatingga rahmat.
Kuchlik bilakda mehnatingga rahmat,
Chustiy qalamida rahmatingga rahmat (?).

Lekin Chustiyni kanal shoir qildi degan so‘z — kanalda kattakon bir xum bor ediyu, shunga bir sho‘ng‘ib, tap-tayyor shoir bo‘ldi degan so‘z emas. Kanal unga xalqning o‘tmishdagi kulfatini, bugungi rohatini ko‘rsatdi.

O‘tmishda:

Kun chiqar erdi sochib olamga o‘t,
Tosh otar erdi samodan har bulut. («Xat»dan)

Bugun:

Cho‘llarim bo‘ldi bugun xalqim kuchidan lolazor.
Dashtu sahroda ochildi lolalar, bo‘ldi bahor. («Kanal»)

Chustiy kanalda yangi manzaralar ko‘rdi:

Ey adir cho‘llar, chopidi sho‘ru qumlog‘ing bugun,
Qaqshagan ko‘kraklaringdan ketdi yantog‘ing bugun.
Yuzlaringdan oldi xalqim sho‘r niqobingni surib,
Tozalandi bul tiniq kuch birla tuprog‘ing bugun. («Kanal»)

Bu manzarani yaratgan xalqning ijodiy kuchini idrok qildi:

Bu qo‘llar kon olur yer qa’ridan ham,
Bu qo‘llar suv olur ko‘k nahridan ham.

Chustiy kanalda mamlakatimizning qudratini his qildi:

Agarda hamla qilsa sherga tulki,
Bo‘lur dunyo eliga mahzi kulgi.

Kanal unda katta fikriy uyg‘onish, hissiy jo‘shqinlik vujudga keltirdi, undagi «karaxt» qobiliyatni harakatga soldi, ilhom berdi. Uning shunga qadar bugungi va o‘tmish hayot, bugungi va o‘tmishdagi odamlar, bugungi kurash va g‘alabalar to‘g‘risida bilganlari kallasidan qalbiga tushdi. Chustiy ilgari bugungi hayot va kurashni kanalda his qilgancha his qilmagan deyilganda, albatta mafkuraviy biron qusur ko‘zda tutilmasligi kerak, chunki his qilmaganlik bilan his qilolmaslik bir emas. His qilolmaslik ichki, his qilmaganlik tashqi sabablarga bog‘liq. Turmush hodisalarini his qilish uchun turmushga juda ham yaqin, uning ichida bo‘lish kerak. Bundan albatta uchuvchining tuyg‘ularini berish uchun uchuvchi bo‘lish shart degan xulosa chiqarmaslik kerak. Sababki, Annaning tuyg‘ularini berishda bu qadar mahorat ko‘rsatgan Lev Tolstoy bir sekund ham xotin kishi bo‘lib ko‘rgan emas.

Chustiy kanalda bugungi hayot va kurashimizning ichida bo‘ldi. U, kanal ilhomi bilan yaratgan chiroyli satrlari, bu muvaffaqiyatli satrlardan keyin qalami yurishib ketib yozgan birmuncha she’rlari bilan adabiyotga kirdi.

Katta Farg‘ona kanali yer yuzidagi kanallar tarixida mo‘‘jiza, lekin revolyutsiyadan keyingi mamlakatimiz tarixida mo‘‘jiza emas, balki porloq sahifalardan biri. Bu hayotimizning bir parchasi. Undagi pafos hayotimiz pafosi. Shuning uchun Chustiy qaysi temada yozmasin, ana shu pafos, ana shu ilhom barq urib turadi.

«Bayoz»ning asosiy mavzulari — vatan, partiya, baxtli turmush, baxtli kishilar, muhabbat. Baxtli turmush, baxtli kishilar to‘g‘risida yozgan she’rlarning ko‘pchiligi, Chustiyni ko‘zda tutganimizda, yaxshi she’rlar deyish mumkin. Vatan to‘g‘risida yozgan «Bog‘ima» she’ri «Bayoz»ning asosiy motivi desa bo‘ladi.

Keldi bugun toza havo bog‘ima,
Chiqdi quyosh, berdi jilo bog‘ima,
Yog‘di kulib nuri baqo bog‘ima,
Sabza berib rangi xino bog‘ima,
Gullar isi atru upo bog‘ima.
Ko‘k yasanib egniga zarhal kiyib,
Yer bezanib, ustiga baxmal kiyib,
Ko‘chalarim siynasi asfalt kiyib,
Boshdan-oyoq, hammasi mash’al kiyib,
Ravshan etib berdi ziyo bog‘ima.

«Bog‘ima» she’ri Chustiy ijodining motivi bo‘lsa, «Nur koni keldi» degan she’ri shoirning kamolot darajasini belgilaydigan she’r:

Bugun el boshiga nur koni keldi,
Saodat bog‘ining bog‘boni keldi,
Guli yulduz ochar bo‘stoni keldi,
Hidi olam olur rayhoni keldi,
Na rayhon, baxtu shavkat-shoni keldi.

Mana bundan ko‘rinadiki, Chustiy oz muddat ichida burungi mustaqil va g‘ayrimustaqil qilib yurgan mashqlaridan juda uzoqqa ketgan. U mashqlari bilan «Nur koni keldi» singari she’rlarini sira solishtirib bo‘lmaydi. Mana shuning uchun u talantli bir shoir sifatida diqqatimizni o‘ziga jalb qildi. Birdan yalt etgan shoirdan katta alanga chiqishini kutdik. Lekin afsuski, mana shu alangani ko‘rmadik va ko‘rmayotirmiz. Chustiy hamon «yilt» etganicha turibdi. Uning alanga olishiga ko‘p narsalar xalal berayotipti. Bu xalal berib turgan narsalar uni ko‘zga shu qadar mayib qilib ko‘rsatadiki, hatto Navoiy aytgan tipdagi shoirlardan ajratolmay qoladi kishi.

«Yana adno tabaqasida jamoatidurlarki, nazmi bila faqat xushnud va xursand, roziyu bahramanddurlar. Va yuz mashaqqat birla bir bayt bog‘lashturgaylar va da’vo ovozasin yetti falakdin oshirgaylar. So‘zlarida ne haqoyiq va maorif no‘shidin halovat va nazmlarida ne zavq va ishq o‘tidin harorat. Ne shoirona tarkiblari ahsan va ne oshiqona so‘zlari shu’la afgan. Ba’zidin agar biror yaxshi bayt voqe’ bo‘lur, ammo o‘n oncha yomon da’vo ham zohir bo‘lurki, ul ham zoye’ bo‘lur.

Agar bir nozikroq bayt pisandida pech qilur, ammo necha pisandida da’vo bilan ani hech qilur. Go‘yo o‘z-o‘zicha aqidada muvofiqdirlar va so‘zlariga e’tiqodda muttafiq. Turfaroq bukim, har birining so‘zida ma’no ozroq, o‘zida da’vo ko‘proq». («Mahbubul qulub».)

Chustiyning alangalanishiga to‘sqinlik qiladigan narsalarning birinchisi, Navoiy aytganday «da’vo ovozasin yetti falakdin» oshirgani, ikkinchisi savodsizligidir.

Mana shu ikki narsaning to‘sqinlik qilishi orqasida Chustiy ijodda ilgari siljimaganligiga ikkita dalil ko‘rsatsak kifoya qiladi:

1. Chustiy o‘zi yangi she’riy ifodalar yaratmaydigan, o‘tgan shoirlardagi tayyor ifodalardan hatto mexanistik ravishda foydalanadigan bo‘lib qoldi.

2. Chustiy turli vazn, turli qofiyada o‘zini-o‘zi qaytara boshladi.

Chustiy o‘tgan shoirlarning she’riy ifodalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirishni «klassiklardan foydalanish» deb da’vo qiladi. Holbuki, klassiklardan foydalanish ularni klassik qilgan go‘zal asarlarining go‘zallik sirlarini anglashdan iborat bo‘lishi kerak. Ma’lumki, zamon o‘tishi, davr almashuvi bilan kishilarda fikr o‘zgaradi. Hozirgidek burungi shoirlar ham o‘quvchining hissiga ta’sir qilish uchun aksari uning o‘zida bo‘lgan tayyor hisdan foydalanganlar. Masalan, ma’lum davr kishilarida Xudo, Ka’baga nisbatan ma’lum bir his bo‘lgan. Shuning uchun:

Muazzin ka’ba toqi uzra gulbonga samad urdi,
Barahman davr ayvonida ohangi sanam chekdi. (Navoiy)

degan misralar ularga ta’sir qilgan. Hozirgi yoshlar hozirgi shoirlarning kitobida shunday misralarni ko‘rsa qanday ta’sirlanishi mumkin? Shu nuqtai nazardan qaraganda Chustiyning mana bu misralari o‘quvchiga nima beradi:

Obi zamzam, havzi kavsarlik go‘zal jannatdaman,
Men bilan bir huru g‘ilmonlik gulistondan salom. («Salom»)

Yoki:

Buzdi mehriboni zohid qomat egmoqdin xijil,
Ko‘rdi egma-egmalar qayrilma qoshingdin sening. («Quyoshingdin sening»)

So‘nggi ikki misraning ma’nosi shu: zohid sening qayrilma qoshingni ko‘rdi-yu qomat egishdan xijolat bo‘lib, ibodatini buzdi. Bu misralar bundan 20—30 yil burun yozilganda mubolag‘a bo‘lar edi. Hozirgi odamlar na zohidni biladi, na uning ibodat buzishi favqulodda bir hol ekanini. Shuning uchun shoir tasvirlayotgan qosh qanday qosh ekanini ko‘z oldiga keltirilmaydi. Ma’lumki, burungi ko‘p shoirlar Xudoga ham, payg‘ambarga ham na’t yozganlarida ularni tabiatdan tashqari qilib ko‘rsatadigan tasviriy vositalar ishlatganlar. Masalan:

Hamadan ilgari bir nuri a’zam ayladi paydo,
Muhammad nom qo‘ydiki bo‘lur deb boisi ash’yo. (Muxlis)

O‘z zamonida «Islom dinining quvvati» hisoblangan Buxoroni bir shoir shunday tasvirlaydi:

Sha’bi miroj ko‘rdim ko‘kka g‘ubroda chiqar uch nur,
Dedim Jibrilga bu nur qaysi nurdir e, ahi gapur.

Chustiy bugungi hayot, bugungi odamlarni tasvirlashga harakat qilganida mana shunday tasviriy vositalardan foydalanadi.

Chustiy Hamza Hakimzodaning qabrini bunday tasvir qiladi:

Bir baland tog‘ keldi qarshu qoshima,
Barq urib bir nur yovushdi boshima.
Oshiqib boqdim bu dam bu nur sari.
Qaridirkim ustiga yulduz taqib,
Ostida bir soy o‘tar sutdek oqib,
Har tarafga shu’la bermush ushbu nur,
Nur ostida turar bir gavda hur. («Jannatga tirik kirgan kampir»)

«Yulduz» so‘zi olib tashlansa bu misralarni o‘qigan kishining ko‘z oldiga «Ravzai poki Muhammad Mustafo» keladi.

Bir bugina emas, Chustiyning hamma she’rlarida deyarli «nur» so‘zi uchraydi. Chustiy qaerda ifoda topolmasa (bunga ko‘pincha harakat ham qilmaydi) ishni «nur» bilan osongina bitirib qo‘yadi. Odamlar paxta maydonini «nurga» to‘ldiradi («Lochin bilaklar»), nutqdan «nur» yog‘adi («O‘zbekistonga yutuq»), osmon bizga «nur»dan koshona yasaydi, g‘ayrat yulduzidan ko‘ngil oynasiga «nur»dan g‘ayrat beriladi («She’riy doklad»), «Senga nur berdi quyosh, ushbu nurdan yerga suv, insonga qosh» («Armug‘on»), «Bolsheviklik nuridan chiqqan shu’lalar kommunistik gulshanida jilva qiladi» («Ikki hurning yangi turmush to‘yimiz»), «Oftob do‘stlik nurini ko‘radi va bu nurdan savoliga javob oladi», «Nasihat gavhari ko‘ngilga nur beradi» («Nodonlik») hokazo va hokazo...

Chustiyning hamma ishqiy she’rlarida deyarli klassik Eron adabiyoti, Navoiy davrida original bo‘lgan, Umarxon davrida bir qadar siyqalangan va Muqimiy, Furqatlar davrida tamom shablon holga kirib qolgan obrazli so‘zlar, ifodalar qaytariladi: sarv qomat, ohu ko‘z, la’l va shakarlab, jon murg‘i (hech bo‘lmasa «jon qushi» ham emas!), shamshod qad, bulbuli xushilhon, mahliqo, mohi tobon, qosh mehrobi, shaxdu shakar, qandu nabot, bodai vasl...

Gap bularning ko‘pi shablon ekanligidagina emas. Bundan tashqari yana ikki narsani ko‘zda tutish kerak:

1. Shu tashbehlar, shu ifodalar hozirgi kitobxonga yetadimi?

2. Yetgan taqdirda shular vositasi bilan yaratilgan go‘zallik hozirgi bizning kitobxonning estetik zavqiga tamom mos tushadimi?

Tashbehning vazifasi nuqtai nazaridan qaraganda birinchi savolga hech ikkilanmasdan salbiy javob berish mumkin. Kitobxon sarv-shamshodga o‘xshatilgan qad-qomatni tasavvur qilish uchun avval sarv bilan shamshodni yaxshi bilishi kerak.

Ikkinchi savol to‘g‘risida bir oz kengroq muhokama qilish lozim bo‘ladi.

Ma’lumki, zamon o‘tishi, davr almashuvi bilan kishilarning hayot to‘g‘risidagi tasavvuri va shu asosda go‘zallik haqidagi tushunchasi o‘zgaradi. Bu bir tomondan. Ikkinchi tomondan shoir go‘zallikni o‘zining shaxsiy didi, zavqi asosida yaratmaydi. Shunday bo‘lgandan keyin go‘zallik haqidagi tushunchasi o‘zgargan, shoirning shaxsiy zavqini e’tiborga olmaydigan odamlar bugungi tushuncha, umumning zavqiga mos keladigan go‘zallikni go‘zallik deb taniydi xolos. Shuning uchun bugun ishqiy she’r yozadigan shoir burungi shoirlarning ifodalaridan emas, priyomlaridan foydalanish bugungi odamlarning estetik zavqini o‘rganish asosida ish ko‘rishi kerak. Shunday qilganda ilgari mukammal bo‘lgan go‘zallikdan ko‘p narsalarni olib tashlash, unga ko‘p narsalar qo‘shish lozim bo‘ladi. Mana shuning uchun ikkinchi savolga ham, mukammal go‘zallik nuqtai nazaridan qaraganda salbiy javob berishga majburmiz.

Chustiy ijodda ilgari siljimaganligiga ikkinchi dalil qilib turli vazn va qofiyada o‘zini o‘zi qaytarayotganligini ko‘rsatdik. «Bayoz»dan bunga istalganicha misol topish mumkin. Bugun masalani temagina hal qilolmaydi. Hozirgi zamon temasida she’r yozish sovet yozuvchisining vazifasi. Shu temalarda juda yaxshi narsalar yozsagina ko‘rsatgan xizmati bo‘ladi. Shu jihatdan uning temaga mas’uliyatsiz qaraganini qo‘shsak, ijodiy siljish emas, ijodiy orqaga ketish to‘g‘risida so‘zlash lozim bo‘ladi...

Chustiy talantli shoir. U yozgan birmuncha she’rlar, ashulalar hozirgi poeziyamizda ma’lum o‘rinni oladi. Uning vazifasi mana shu muvaffaqiyatli mustahkamlash va olg‘a qarab dadil-dadil qadamlar tashlashdir. Biz yuqorida uning ilgarilashiga xalal berib turgan narsalarni ko‘rsatdik. Oz muddat ichida diqqatni jalb qilarlik faoliyat ko‘rsata olgan shoir uchun bu kamchiliklardan qutulish birinchi navbatda zarur bo‘lgan ishdir. Chustiy bu kamchiliklardan qutulsa, shoirlik maqsad emas, maqsad yo‘lida ishlash uchun o‘z iqtidoriga muvofiq tanlangan bir kasb ekanini anglasa yaqin kelajakda oldingi safda bo‘lgan qalam ahllari qatoriga o‘tishi muqarrardir.

1941 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.