OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ulom Xo‘jayev. «Shayboniynoma» Vamberi tarjimasida (1984)

http://ziyouz.uz/images/vamberi.jpg

Mashhur tarixchi allomalar Juvayniy, Alouddin Otamalik ibn Muhammad, Sharafiddin Ali Yazdiylarning asarlari qatorida Muhammad Solihning «Shayboniynoma» dostoni ham madaniyatimiz tarixidan munosib o‘rin egallaydi. «Shayboniynoma»ning asl nusxasi topilgan emas, ammo shoirning hayotligida, Qosim kotib tomonidan 1510 yilda ko‘chirilgan nodir nusxasi Venada saqlanadi. Asar Shayboniy va temuriylar o‘rtasidagi kurash tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, 1499—1506 yillar orasidagi voqealarni o‘z ichiga oladi. «Shayboniynoma» 76 bobni tashkil etgan 4456 baytdan iborat.

Asar XIX asrdayoq yevropaliklarning e’tiborini o‘ziga tortgan. Bu borada gap ketar ekan, o‘zbek adabiyoti yodgorliklarining birinchi tarjimonlaridan mashhur venger sharqshunos olimi Vamberining (1832—1913) xizmatini alohida qayd qilmoq lozim. U Yusuf xos Hojibning «Qutadg‘u bilik» dostonini «Uyg‘ur tili obidalari va Qutadg‘u bilik» nomi bilan 1870 yili Insburkda va 1885 yili Venada «Xorazmlik shahzoda Muhammad Solihning 76 bobdan iborat o‘zbekcha qahramonlik eposi «Shayboniynoma» degan nomda Muhammad Solih asari asl matnini va nemischa tarjimasini nashr ettiradi. Agar «Qutadg‘u bilik» — umumturkiy xalqlarning mushtarak adabiy obidasi bo‘lsa, «Shayboniynoma» — o‘zbek adabiyotining obidasi. Vamberi o‘zbek xalqi va O‘rta Osiyoning boshqa xalqlari adabiyoti, madaniyati va tarixiga oid ko‘pgina asarlar ham yozgan. Uning asarlari ingliz, nemis, frantsuz va boshqa bir qator Yevropa tillariga tarjima qilingan. Garchi venger olimiga qadar ayrim nemis sharqshunoslari o‘zbek adabiyoti namunalaridan nemis tiliga o‘girish ishi bilan shug‘ullangan bo‘lsalar-da, lekin ularning hech biri bu sohaga Vamberi singari chuqur kirishmagan edi. Ular o‘zbek adabiyoti namunalaridan qilgan tarjimalarini ko‘pincha boshqa til vositasida amalta oshirganlar. Vamberi tarjimalari esa bevosita asl nusxa tilidan o‘girilgan. Bu borada uning yoshligidanoq Osiyoga bo‘lgan muhabbati tufayli bir qator Sharq tillarini o‘rganganligi katta foyda beradi. Bir venger baronining yordamida anchagina mablag‘ bilan ta’minlangan olim 1856 yili Konstantinopolga boradi. Bu yerda to‘rt yil muallimlik qiladi. Turk tilini va Sharqning urf-odatlarini yaxshi o‘rganadi. Vamberi 1858 yili nemischa-turkcha, 1860 yili esa nemischa-chig‘atoycha lug‘atlarni nashr ettiradi. 1861 yilda u Vengriya Fanlar akademiyasining muxbir a’zoligiga saylanadi. 1863 yilda Vengriya Fanlar akademiyasining topshirig‘i bilan Tehronga boradi. Yigirmadan ortiq Yevropa hamda Sharq tillarini bilgan Vamberi Makkadan vataniga qaytayotgan hojilarga qo‘shilib darvish qiyofasida Mozandaronga o‘tadi va turkman cho‘llari orqali Xivaga yetib keladi. Xiva va Qo‘ng‘irotda bir muddat turgandan so‘ng u Qizilqum orqali Buxoro va Samarqandga boradi. Qarshi, Kerki, Maymana kabi shaharlarni borib ko‘rgandan keyin esa Hirot, Mashhad, Tehron va Trapezond (Turkiyadagi shahar — X. G‘.) orqali Konstantinopolga qaytadi. Vamberining sayohat manzillari o‘sha davrda shunchalik hayratomuz ediki, hatto Yevropadagi ko‘pchilik olimlar unga ishonmaganlar. Keyingi sayyohlar O‘rta Osiyoni ko‘rib, tanishganlaridan so‘ng unga qo‘yilgan ayblar asossiz ekani isbotlangan. 1865 yili Pesht universiteti Vamberiga Sharq tillari professori unvonini beradi. Olim O‘rta Osiyo xalqlarining XIX asr 60-yillaridagi geografik muhiti, tarixiy, ijtimoiy munosabatlari, turmush va madaniy hayoti haqida, eski o‘zbek, uyg‘ur tillari, tatar-turk va fin-ugor leksikografiyasiga doir asarlar yozgan.

Xo‘sh, Vamberi «Shayboniynoma»ni nega tarjima qildi? Bizningcha, doston Vamberini tarixiy asar sifatida ko‘proq qiziqtirgan. U XV asr oxiri va XVI asr boshlaridagi O‘rta Osiyo tarixi, geografiyasi, etnografiyasi, madaniyatini o‘rganish borasida «Shayboniynoma»ning ahamiyatini yuqori baholaydi. Shuning uchun ham u asar tarjimasiga bejiz qo‘l urgan emas. Vamberining o‘zi bu haqda shunday deydi: Maqsadim nemis tiliga ag‘daruvchi tarjimon bo‘lish emas, Markaziy Osiyoning turkiy adabiyotidan... biror-bir asarni tarixchilar, etnograflar va turkologlarga yordam berish uchun umumiy mazmunga yaqinroq keltirib tarjima qilish edi.»

Vamberi nashrining tuzilishi quyidagicha: 1. Mundarija — 4-bet; 2. So‘z boshi — 13 bet; 3. Asl nusxa matni nemischa tarjima — 447 bet. 4. Sharhlar — 17 bet. U poetik tarjima emas. So‘z va iboralarning mazmunini aniqroq berish maqsadida Vamberi taglama tarjima qilgan. Bunday aniqlikka intilish asarga tarixiy, xronologik jihatdan yondashishga sabab bo‘ldi, chunki bu yerda ibora va tasvirlarda qo‘llangan poetik vositalar va badiiy obrazlargina emas, balki har bir epizod, voqea, etnonim, joy nomi, kishilar ilmi xususidagi fikrlar ham alohida qimmatga ega. Bu haqda Vamberi shunday yozgandi: «Ushbu tarjima haqida birinchi navbatda shuni aytishim kerakki, o‘zbekchadan nemischaga tarjima qilishda menga ikkala tilning qiyinchiliklariga ham bardosh berishga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, muallifning bir fikri bir-biridan juda kam farq qiladigan ikki sinonimi bilan ifodalashi hatto haqiqiy nemis kishisiga ham qiyinchilik tug‘diradi. Menga, ya’ni nemis bo‘lmagan poliglot — yozuvchiga bu dostonni tarjima qilish shunchalik qiyin bo‘ldiki, agar bu ishda ko‘p hurmatli do‘stim va haqiqiy inson janob Ottokarfon Shlexta-Vserd[1]ning yordami bo‘lmaganda, butun harakatlarim behuda ketar edi.»

Vamberi tarjimasining ilmiy qimmatini ta’kidlagan holda, uning badiiy jihati to‘g‘risida ham gapirish zarur. Yuqorida qayd etganimizdek, mazkur ish garchi, tom ma’noda badiiy tarjima bo‘lmasa-da, u o‘z davridagi adabiy-madaniy aloqalar uchun katta ahamiyat kasb etgan.

Masalan:

Qoysiga husnu malohat berding,
Olam ahlidin ani oyirding.
Qoysig‘a ishq inoyat qilding.
Ani mashhuri viloyat qilding.
Qoyu xushdil, qoyu mahzun bo‘ldi,
Qoyu Layli, qoyu Majnun bo‘ldi (26).

Bu misralar Vamberi tarjimasida shunday jaranglaydi:

Biriga sen husn va chiroyli qomat berding,
Va uni boshqa hammadan ayirding.
Boshqasiga sen «ishq», «muhabbat» berding,
Va bu «sehr» bilan mashhur qilding.
Biri xursand bo‘ldi, biri xafa,
Biri Layli bo‘ldi, biri Majnun (11—13)[2].

Mazkur parcha Vamberi tarjimasi so‘zma-so‘z, taglama ekanini tasdiqlaydi. U baytlardagi obrazlilikka yetarli e’tibor bermasdan, uning kommunikativ mazmunini ifodalashga harakat qilgan.

Turmush va maishiy hayotga doir detallarni iloji boricha aniq berishga harakat qilgan Vamberi nemis tilida ularning munosib variantlarini topmagan paytda, transliteratsiya usulini qo‘llagan:

Ancha o‘lub edi ot birla qo‘y,
Kim to‘lub erdi bori shahru ko‘y.
Ham sochiq bor edi yulduzdin ko‘p,
Ham kiyib Kesh ila Qunduzdin ko‘p.
Base bir oyg‘acha to‘y erdi,
To‘y ushul shohg‘a diljo‘y erdi (257).

Vamberi tarjimasida:

Juda ko‘p ot bila qo‘y bor edi,
Shahar va qishloq ular bilan to‘ldi.
Bu yerda sovg‘alar ham yulduzlardan ko‘p edi,
Kesh va Qunduzdan kelgan edi.
Bir oy davom etdi bayram (to‘y),
Bayram (to‘y) shohga yoqqan edi (343).

Birinchi baytda murakkab tushuncha va nomlar yo‘q. Shuning uchun ham u nemis tiliga yaxshi o‘girilgan. Ikkinchi baytda «sobol» va «qunduz» ma’nolarini anglatuvchi «kesh» va «qunduz» nomlari uchraydi. Bu yerda «sobol» va «qunduz» mo‘ynasidan tikilgan kiyim kiygan kishilar haqida gap ketyapti. Vamberi mazkur zoonimlar-(hayvonlarning nomlari)ni noto‘g‘ri tushunib, ularni toponim-geografik joy nomlari deb qabul qilgan, chunki Kesh va Qunduz deb ataluvchi yirik shaharlar mavjud. Vamberi zoonimlarning mazmunini tushunmasdan, aynan «kelib» o‘rniga «kiyib» so‘zi yozilganini kotiblarning xatosi deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Haqiqatda esa bu yerda hech qanday xato yo‘q. Aksincha Vamberining o‘zi noaniqlikka yo‘l qo‘ygan.

Ba’zan she’riy o‘xshatishlarni Vamberi noto‘g‘ri tushungan, shuning uchun ham ularni transkriptsiya yo‘li bilan ifodalagan:

Ey risolat chamanining samani,
Vay nabuvat sumanining chamani!
Inna amlah chamanining guli sen,
Inna afsah gulining bulbuli sen! (28).

Vamberi tarjimasida:

Ey, sen bashorat maydonidagi gulsan,
Ey, sen bashorat gulining maydonisan!
Sen «Ana Amlah» yaylovidagi gulsan,
Sen «Ana Afsah» gulining bulbulisan (15).

Birinchi bayt asosan to‘g‘ri berilgan. Ikkinchi baytdagi yoqimli, go‘zal, shirin (so‘z) kabi ma’nolarni anglatuvchi «amlah» va «afsah» epitetlarini Vamberi noto‘g‘ri tushunib, ularni toponim deb qabul qilgan.

Dedi Mirzoki: «Budur Shohizamon,
Borchangizdin ulug‘ uldir sulton.
Mening o‘rnumda ani shoh qiling,
Borchangiz aning eshigiga keling...» (302).

Vamberi tarjimasida:

Shunda Mirzo dedi: «Bu yerda Shohizamon
Hammangizdan u kattadir;
Mening o‘rnumda uni shoh qiling
Va hammangiz unga sadoqatli bo‘ling» (409).

Ushbu misoldagi «Shohizamon» atoqli ot, ya’ni kishi ismi emas, balki unvondir. Olim buni to‘g‘ri anglay olgan emas.

Umuman olganda, Vamberi «Shayboniynoma»ni durust tarjima qilgan. Tarjimon hamisha har bir so‘z va har bir iboraning mazmunini sinchiklab o‘rganib uning mohiyatini ochib berishga intilgan. Albatta bu borada Vamberiga eski o‘zbek tili, uning dialektlarn va boshqa sharq tillarini ham yaxshi bilgani qo‘l kelgan.

Asar tarjimasining muvaffaqiyatli chiqishiga yana bir sabab shuki, olim «Shayboniynoma»ga qadar har turkiy xalqlarning mushtarak yodgorligi «Qutadg‘u bilik» tarjimasiga ham qo‘l urib, katta tajriba to‘plagan edi. Ana shu omillarning barchasi Vamberining muvaffaqiyatini ta’minlagan.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1984 yil, 2-son.

__________

[1] Shlexta-Vserd (1825.20.07. — 1894.18.12.) Venada tug‘ilgan. Taniqli shoir Frants Frayherri Shlextaning o‘g‘li. Sharq akademiyasida o‘qigan. 1848 — 1870 yillarda Konstantinopolda elchixonada tarjimon bo‘lib ishlagan. 1861 yilda Sharq akademiyasida vaqtincha direktorlik qilgan. Fors va turk adabiyotini chuqur bilgan

[2] Barcha so‘zma-so‘z tarjimalar bizniki — (X. G‘.)

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.