OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alibek Rustamov (1931-2013)

http://www.ziyouz.uz/images/ziyoli/alibek_rustamov.jpgAtoqli tilshunos va adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, akademik Alibek Rustamov 1931 yili Toshkent viloyatida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1955 yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetini tamomlagan.

Bo‘lg‘usi olim o‘z mehnat faoliyatini 1955 yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim sifatida boshladi, dastlab nomzodlik, keyinchalik esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. O‘zbek tili va adabiyotini har tomonlama o‘rganish va tadqiq etish borasidagi ilmiy faoliyati uchun 1995 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

A.Rustamov o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining ilmiy kotibi, O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining kafedra mudiri va professori kabi vazifalarda samarali mehnat qilib, ilm-fanimizni rivojlantirish, yuksak malakali filolog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.

Taniqli olimning o‘zbek filologiyasi, sharqshunoslik, matnshunoslik va tarjimashunoslikning dolzarb masalalariga oid monografiya va risolalari, ko‘plab ilmiy-publitsistik maqolalari keng jamoatchilikka yaxshi ma’lum. Ayniqsa, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bebaho merosini chuqur o‘rganish, uning ijodidagi yuksak gumanistik g‘oyalarni el-yurtimiz o‘rtasida keng targ‘ib etish borasida A.Rustamovning xizmatlari alohida e’tiborga loyiq. Ustoz olim qalamiga mansub “Navoiy tilining grammatik xususiyatlari”, “Navoiyning badiiy mahorati”, “So‘z haqida so‘z” singari kitoblar, ommaviy axborot vositalaridagi ko‘plab ma’rifiy chiqishlari o‘zining ilmiy teranligi va ta’sirchanligi bilan ajralib turadi.

Yorqin iste’dod va tafakkur egasi bo‘lgan zahmatkash olim o‘z faoliyati mobaynida ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi. Uning bevosita rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlandi.

Akademik A.Rustamovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.