OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bolangiz qorong'ulikdan nega qo‘rqadi?

Ba’zi ota-onalar kichkintoylarini uxlatayotib, ularni qorong‘ulikdan qo‘rqitishga, ajina yoki yalmog‘iz haqida vahimali so‘zlarni aytib ularni tezroq uxlatib qo‘yishga odatlanishgan. Ruhshunoslar esa bu nihoyatda noto‘g‘ri usul ekanligini ta’kidlashadi. Ba’zi ota-onalar kichkintoylarini uxlatayotib, ularni qorong‘ulikdan qo‘rqitishga, ajina yoki yalmog‘iz haqida vahimali so‘zlarni aytib ularni tezroq uxlatib qo‘yishga odatlanishgan. Ruhshunoslar esa bu nihoyatda noto‘g‘ri usul ekanligini ta’kidlashadi.
Qorong‘ulikdan qo‘rqish 3-5 yoshli kichkintoylarga xos xususiyatdir, deya hisoblashadi mutaxassislar. Chunki bola bu yoshga kelib muayyan bilimga ega bo‘ladi. U ertak eshitgan, filmlar ko‘rgan bo‘lib, o‘zi ham fantaziya qila boshlaydi.
Albatta, qo‘rqish tabiiy hol. Biroq, bu kattalarning mazax qilishi yoki “bola katta bo‘lsa qo‘rqishi o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi”, deya beparvo bo‘lishiga asos bo‘lolmaydi. Negaki bolaning qoron­g‘udan qo‘rqishi unga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.  Shuning uchun ota-onalar o‘zlarining «qo‘rqoqvoylari»ga yordam berishlari joiz.
Bolakay qorong‘ulikdan qo‘rqmaydi, balki u yerda qandaydir qo‘rqinchli sharpalar turgandek hissiyot uni vahimaga soladi. Buning uchun ana shu sharpa nima ekanligini aniqlashtirish lozim. Uni vahimaga solayotgan yalmog‘iz kampir, ko‘lanka yoki boshqa narsaning suratini chizishingiz, plastilindan yasashingiz kerak. Uning xayolidagi obraz tayyor bo‘lgach, yasalgan, chizilgan qo‘rqinchli maxluqqa sekin-asta turli kulgili, beo‘xshov yoki maftunkor detallar qo‘shib boring. Masalan, dahshatli chizilgan kuchukning bir qulog‘i tikka, ikkinchisi shalpaytirilsa, junlari jingalak qilinsa, og‘zi kulib tursa, dumi gajak qilinsa uning qo‘rqinchli tomoni yo‘qoladi.
Keyingi bosqichda dahshatli maxluq chizilgan suratni yirtib tashlash yoki g‘ijimlash, plastilindan yasalgan bo‘lsa oyoq bilan tepkilash va baqirib: “Yo‘qol, men sendan qo‘rqmayman” degan so‘zlar aytiladi. Maxluq bilan shunday “jang” bolangiz uxlashdan oldin emas, balki kunduz kuni amalga oshiriladi. Kechasi bola uxlashga yotishidan oldin sekingina unga bugungi qahramonligini eslatib: “anqovni rosa bopladik-a! Endi u boshqa kelmaydi, chunki  uni majaqlab tashladik”, deyish mumkin.
Bola bilan o‘ynayotganda uni qo‘rqmas, botir kishi roliga kiritish lozim. Go‘yo u yosh bolalar, mushuklar yoki o‘yinchoqlarining himoyachisi degan tasavvur uyg‘otish zarur.  Imkon tug‘ilishi bilan tanishlar, qarindoshlarga farzandingizning botirligi, qo‘rmasligi to‘g‘risida gapirib berish kerak.
Bolani qorong‘ulikda uxlashga majbur qilmaslik zarur.  Agar u istasa chiroqni o‘chirib, istamasa yoqib uxlasin. Umuman bolaga o‘zi yashab turgan joyning xo‘jayini bo‘lishga imkon yaratish lozim. Uning karavotiga qo‘l chirog‘i qo‘yib qo‘yish ham eng maqbul ishdir.
Kichkintoyni bir xil tartib-qoidaga o‘rgatish lozim. Har kuni kechqurun bir vaqt­da o‘rniga yotqizing, ertaklar aytib bering. Shunday odatga o‘rgatish bolaning xotirjam va ishonchli bo‘lib o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Doimo quvnoq yashashga harakat qiling. Yaxshi kayfiyat qo‘rquvning oldini olish uchun qilingan sa’yi-harakatlar o‘z nishonasini beradi. Kattalar hayotida ro‘y beradigan barcha jiddiy muammolar xafagarchilik onlaridan darhol oshib o‘tib, hazillashishga, tez-tez kulishga, kichkintoylaringiz bilan iloji boricha birga bo‘lishga harakat qiling. Kichkintoyga turli xil o‘yinlar, quvnoqlik baxsh etadigan onlar suv va havodek zarur ekanligini unutmang. Bolalarimiz go‘dakligidan qo‘rquv hissi bilan voyaga yetmasin. Jasur va mard bo‘lib katta bo‘lsin.
 
Igor KOSTIN,
ruhshunoslik fanlari nomzodi
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.