OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chimildiqsiz o‘tayotgan to‘ylar

Makoniga sodiq o‘rdaklar

Bir paytlar o‘g‘illarimiz qiziqib o‘rdak boqqandi. Yigirmatacha parrandadan o‘lib-netib, so‘yilib ketib, oxiri bir juft ona-bola o‘rdaklar qolishgandi. Shu jonivorlarni uyimizdan ancha naridagi dala hovli xizmatchisiga qopga solib berib yubordik. Xizmatchi ko‘p o‘tmay o‘rdaklar yo‘qolib qolganini aytdi. Ehtimol, bu mahalladagi sho‘x bolalarning ishlarimikin, degan taxminda e'tibor bermadik.

Shu gapdan keyin oradan bir haftalar o‘tib, shom chog‘i darvoza tomondan "g‘o-g‘o"lagan ovozlar eshitildi. Yopiq eshikni ochgani borib, ne ko‘z bilan ko‘raylikki, o‘zimizning ona-bola o‘rdaklarimiz ostonada "eshikni ochinglar, biz keldik!" degandek basma-bas sayrashardi.

Ularning rangi ro‘yi aftodahol, patlari yulingan, ozib-to‘zigan, go‘yo olis yo‘l yurib horigan yo‘lovchiga o‘xshardi. Eshikni ochishimiz bilan to‘g‘ri kataklari tomon uchib-yugurib ketishdi.

Juda hayratda qoldik. Oddiy tilsiz, ongsiz parranda uchun tug‘ilgan (ya'ni tuxumdan chiqqan) yashagan, tuz totgan go‘shasi - hovlidagi ikki metrli to‘r simli katakchasi shunchalar aziz bo‘lsa! Aslida u yoqda ham sharoitini sozlab bergandik. Shunga qaramay, ona-bolalar bir hafta mo‘lroq yo‘l yurib, izlab-qidirib, yo‘llardagi "hujumlarni" yengib, ko‘z ochib ko‘rgan makonlariga yetib kelishibdi.

Boqayotgan it yoki mushuklaridan bezor bo‘lgan egalari hayvonlarni uzoqlarga olib borib tashlab, adashtirib kelganlarini bilamiz. Oradan ko‘p o‘tmay bu vafodor jonivorlarning yana o‘z "uylarini" topib kelganlarini ham ko‘p eshitganmiz. Aytishlariga qaraganda, it-mushuklar o‘z uyalarini kechasi osmondagi yulduzlarga qarab topishar emish. Bu makon tushunchasi hatto hayvonlar, parrandalar uchun ham o‘zgacha qadrli ekaniga dalolatdir. Insonga esa bu borada ta'rif-tavsifga so‘z yetmaydi.

O'z uyim - o‘lan to‘shagim

Boshqani bilmadimu shaxsan men mahallaga chiqsam o‘z uy-joyimni, markazga borsam o‘z mahallamni, Toshkentga yoki boshqa viloyat yo shaharga borib qolsam, ona shahrim Namanganni ustun ko‘raveraman, sog‘inaveraman. Biror ish bahona chetga, boshqa respublikaga chiqqanda-ku "O'zbekiston" degan nomni eshitgandayoq yurak tomilib ketaveradi.

Bu vatanparvarlikmi yo yurtparastlik! Ammo shunisi aniqki, qanchalik kengroq doiraga chiqqan sari "Vatan" degan tushuncha ham shunchalik kengayib, qadri yuksalib boraveradi.

To‘y     oqshomi    uzatilayotgan    qiz    yangalarini    xunob    qilib, tug‘ishganlarining ko‘zini yoshlatib, nechun yum-yum yig‘laydi. Buni qizlik olamidan kelinlik olamiga o‘tishdagi qo‘rquv va xavotir, o‘zga xonadondagi muhit va munosabatlardan tashvish yo ota-onasi bag‘ridan uzilish alami ham deylik. Ammo eng muhimi - bular emas. Eng muhimi - tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan go‘shadan uzoqlashish. Har gardi, har burchagi, har bir tup daraxti, guli, giyohi qadrdon, aziz bo‘lgan ota makonidan, kunda mehr bilan supurib, suv sepadigan hovlisidan judolik qayg‘usidir.

Darvoqe, to‘y haqida. To‘y - inson hayotidagi, joiz bo‘lsa bir marta bo‘ladigan, eng esda qoladigan, yigit-qizning turmushini butunlay o‘zgartirib yuboradigan voqea. Ota-ona farzand tug‘ilganidan so‘ng uzoq yillar mobaynida uning to‘yi uchun tayyorgarlik ko‘radi, orzu-havas qiladi. Bu chog‘da u umr bo‘yi yiqqan-terganini sarflab el oldiga dasturxon soladi.

Dunyoda o‘zbekning to‘yichalik chiroyli, go‘zal to‘y bo‘lmasa kerak, fikrimcha. Sovchilikdan boshlanadigan bu tantana to‘ydan oldingi va keyingi urf-odat va rasm-rusumlar, ba'zan biz tanqid qiladigan ovoragarchilik va dabdabaga boy bo‘lsa-da, yer yuzidagi hech bir xalqda uchramasligi aniq.

Nikoh to‘yining ramzi

To‘g‘ri, o‘nta odamni bir stol atrofiga o‘tqazib, qadah urishtirib ikki soatda o‘tadigan to‘ylar ham ko‘p. Lekin bizniki boshqacha. Nikoh oqshomi deganda hatto ellik yil birga yashab qo‘ygan bobo-yu momolarimizning ham qalbi bir entikib qo‘yadi. Onalarimizning sochiga oq, yuziga ajin tushsa-da, chimildiqda aytilgan dil izhorlari quloqlari ostida shirin tushday xotira bo‘lib shivirlayveradi.

Davlatning o‘z ramzi - gerbi va bayrog‘i bo‘lganidek, chimildiq nikoh to‘ylarining ramziga o‘xshaydi xuddi. Boshqa turkiy xalqlarda qanaqa ahamiyatga egaligini bilmadimu, ammo o‘zbekning nikohida bu odatning nufuzi baland. Ayrimlar haqida "chimildiq ko‘rmagan" deya malomatli, to‘g‘rirog‘i isnodli so‘zlarni yoki "chimildiq ko‘rmay ketdi" degan afsuslarni eshitib qolamiz. Birinchisida o‘z sha'nini bo‘lg‘agan qizlar nazarda tutilgan bo‘lsa, ikkinchisida uylanish nasib etmay bir sabab bilan erta xazon bo‘lgan yigitlar haqida gap boradi. Shu ikki iboradan ham chimildiq millatimiz hayotida or-nomus, g‘urur va sha'n, qadr-qimmat tuyg‘ulariga yo‘g‘rilib ketganini sezish mumkin.

O'zingiz o‘ylang, nikoh to‘yida birgina chimildiq bilan bog‘liq qancha nozik rasm-rusumlar bor. "Oyoq bosish", "pista chaqish", "shirin choy ichish", "oyna ko‘rsatish" singari sirli va sehrli urflar yana qaysi elu elatda bo‘lishi mumkin.

Dunyo go‘zal, rang-barang va qiziqarli bo‘lishi uchun turfa mamlakatlar, millatlar, din va tillarga bo‘linganligi shubhasiz. Bo‘lmasa bir osmon ostidagi butun yer yuzi xalqlarini bir millat va bir e'tiqodga bo‘ysundirib qo‘yish Alloh taolo uchun qiyin emas edi.

Har bir ongli inson ota-bobolari dinu diyonatiga, urf-odat va an'analariga sodiq qoladi. O'z millatining gullab-yashnashi, ravnaq topishi, o‘zga xalqlar ichida eng ilg‘or va peshqadami bo‘lishi uchun harakat qiladi. Oxir oqibatda o‘zidan nasl zurriyot qoldiradiki, umr bo‘yi yiqqan milliy, ruhiy va moddiy-ma'naviy boyliklariga munosib merosxo‘r, shuningdek, bu xazinani ko‘paytiruvchi, rivojlantiruvchi, uni yanada boyituvchi bo‘lsin deb. Chunki, dunyo azaliy raqobat maydoni. Kim kimdan noshud, ojiz, notavon bo‘lsa u o‘shanga tobe bo‘ladi. Tobe odamning shaxsiyati, o‘zligi esa asta-sekin o‘lib boraveradi.

Muhabbat niqobidagi behayolik

Talabalik yillarimizda ayrim o‘ziga bino qo‘ygan qizlarning biri afg‘on, yana biri hatto qora tanli bo‘lgan chet ellik boy yigitlar bilan "do‘stlshganini" ko‘rganmiz. Muhabbat niqobi ostidagi, aslida pul uchun bo‘lgan bu yaqinlikdan biz jirkanardik, o‘sha hamyurt qizlarimizdan nafratlanganmiz. Vaholanki, bu atigi bir-ikki yillik munosabatlar edi xolos.

Qonun buzilmayapti, lekin...

Qaysi qizning qay yigitga ko‘ngil qo‘yishi, qaerga turmushga chiqishi - bu uning ixtiyori. Bu borada hech qanday qonuniy cheklov ham yo‘q. Lekin yozilmagan qonunlar bor... Milliy g‘urur, iftixor degan ulug‘ tuyg‘ularni faqat qalbdan his etish kerak. O'zbek qizlarining Koreyaga turmushga chiqayotganlaridan yaqinda ajablangandik. Endilikda bunday holatni eshitaverib, quloqlarimiz ham o‘rganib qoldi. Chamasi... ko‘nikdik. Faqat oxiri baxayr bo‘lishidan umidvormiz.

Kollejlardan birida rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan tanishim bir voqeani ham kulib, ham afsus bilan aytib berdi.

 - Davlatobod dahasida yashayman, - deydi u. - Ko‘p qavatli uyimizda N ismli xulqi havas qilib bo‘lmaydigan qiz ota-onasi bilan yashardi. G'irt bekorchi bu qiz qachon qaramang bo‘yanib, o‘tgan-ketganga gap otish, bemaza- chuchmal muzikalarni baland qilib qo‘yib, asablarni egovlash bilan ovora edi. Bir kuni ishdan kelayotsam yo‘lakda o‘tirgan qo‘shni ayollar N ning nikoh to‘yi bo‘layotganini, meni ham kafega to‘yga taklif etganini aytishdi. Xursand bo‘ldim, o‘zidan tinib-tinchib ketsin ilohim. Xayriyat qulog‘imiz tinchib qolarkan, dedim. Hayron bo‘lganim - N Koreyaga, koreys yigitga turmushga chiqayotgan emish, qandaydir vositachilar ko‘magida.

Kuyov gangib qoldi

"Ko‘ksu" restoranida ikki soatcha 20-30 chog‘li odam ishtirokida to‘y bo‘ldi. Kuyov haqiqatdan xam koreys, yoshi taxminan 40-45 lar atrofida. O'tirishdan so‘ng kelinni Toshkentga kuzatish chog‘ida N ning onasi faryod solib qoldi:

- Voydod, mening qizim chimildiqqa kirmay ketadimi?

Ayollar kuyov-kelinni kvartiraga olib kelib, xonaning bir burchagiga chimildiq tutishga urinishdi. Kelinni kirgizishdi. Til bilmas kuyovni turtib-surtib chimildiqqa kirishga undashdi. Bechora hayron: ko‘zi alang- jalang, nima deyishni, nima qilishni bilmaydi, hech kimning so‘zini tushunmaydi. Bo‘ldi kulgi, bo‘ldi tomosha. Ammo bu kulgu qanchalar achchiq ekanligini o‘sha yerdagilar anglamayotgani yanada alamli edi.

Dunyodagi fan-texnika taraqqiyoti mamlakatlarni mamlakatlar bilan, sarhadlarni sarhadlar-la, hattoki, dillarni dillarga yaqinlashtirdi. Birgina parabolik antenna orqali butun jahon tasviri, voqea-hodisalar kichkina xonadoningizda namoyon. Kompyuterni puxta o‘zlashtirgan, til bilgan, o‘qimishli o‘zbekoyim qizlari dunyoning narigi burchagidagi hamfikr tengdosh yigitlar bilan internet orqali tanishib, do‘stlashib, sevishib turmushga chiqa boshladilar. Ularning aksariyati   rivojlangan mamlakat -  janubiy Koreya yigitlari edi. Shohidlarning guvohlik berishicha, bularning hayoti birmuncha mustahkam poydevor asosiga qurilgan.

Aqlan, ma'nan va jismonan go‘zal o‘zbek qizlari bora-bora koreys yigitlarining qiziqishini orttirgan. O'zlarida uylanish, qiz tanlashda ko‘plab muammolarga uchrayotgan "Jun Sang"lar O'zbekistonning suluvlariga uylanish harakatiga tushib qoldilar. "Ham arzon, ham sifatli" deganday...

Tez orada bu sohada rasmiy-norasmiy idoralar faoliyati ham boshlandi. Internet orqali suratlar yuborish, tanishuvlar yo‘lga qo‘yiladi. Vositachilar ishga solinadi. Va bu holat uch-to‘rt yil o‘tmay keng yoyildi. Go‘yo u yoqda naqd jannat yo oltin tog‘ kutib turganday ayrim qizlar, yosh juvonlar, hatto ota-onalar ham shoshib qolishdi.

Men qo‘rqqan savol

 - Bu kabi voqealar bizning tumanimizda ham bo‘lib turibdi, -deydi Toshbuloq sanoat kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi, "Shuhrat medali sohibasi Muhayyoxon Eshonqulova. - Odatda bunaqa to‘ylarga bizlarni taklif etishmaydi. Orqavarotdan eshitib qolamiz. Nafaqat iqlimi-yu shart- sharoiti, balki tili, dini, millati butunlay begona yigitga uzatilayotgan qizlar, ularga rozilik berayotgan ota-onalar faqat bugungi kunni - oyoqlari ostini o‘ylashyapti. Oradan to‘rt-besh yil o‘tgach, ishonchim komilki, ular adashganlarini tan oladilar.

- Men bir narsadan qo‘rqaman, - so‘zida davom etadi Muhayyoxon. -Talabalarga tarix, huquq, milliy istiqlol g‘oyasi fanlaridan saboq beraman. Ularga tinimsiz ravishda vatanparvarlik, yurtga sadoqat, millatga muhabbat haqida gapiraman. Biror ziyrak o‘quvchim: "Opa, siz shunaqa deysizu, nega falonchi, pistonchilar Vatanimizdan uzoqqa, koreys yigitlariga ixtiyoriy ravishda erga tegib ketyapti?" -   deb savol berib qolishidan xavotirdaman.

Muallimaning tashvishlanishi bejiz emas.

Mas'ul kishilarning fikricha, Koreyada ham o‘zbekistonlik kelinchaklarning saragi sarakka, puchagi puchakka ajrabdi. Tahlillarga ko‘ra, Namangandan olib ketilgan qizlar boshqa viloyatlardagi kelinlarga qaraganda o‘zining sharm-hayosi, odobi, tarbiyasi bilan tarozini bosib ketibdi. Shunga ko‘ra, endi koreys janoblar asosan Namangandan qiz axtarishayotgan emish. Bu esa - ham yaxshi, ham yomon.

Bu orzumi yo xomxayol?

Ko‘rganlarimiz, eshitganlarimizdan shunday xulosa qilish mumkin. Xorijni havas qilganlar yo muhtoj oiladan bo‘lgan qizlar yoki "baxti" kelishmay erdan ajrashgan, ko‘proq yengil yo‘lni tanlagan yosh juvonlar. Birinchi holat-ku tushunarli: chet elga bo‘lsa-da, beli baquvvat, boy yigitga tegib, oilasidagi nochorlikdan qutulish.

Ikkinchi holat esa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O'z yurtida bir yigitning etagidan mahkam tutib, sabr-toqat qilib halol-pok hayot kechirishga ko‘nmagan ayol olis va begona yurtda o‘zga dunyo kishisining ko‘nglini topib, ko‘ziga qarab yashay olarmikan?!

Ularda oson emas

Qolaversa, koreys xalqi turmush tarzi, axloq-odobi me'yorlari, kelinlik burchlari biznikidan qattiqroq bo‘lsa borki, aslo yengil emas. Koreys yigitlari ayol xiyonatini kechirmaydilar, yolg‘onni hazm qilolmaydilar. "Nima qilib bo‘lsa-da, tegib olib, u yog‘iga o‘zim bilganimcha yashayman" degan "afiristkalar" yanglishadilar. Ko‘p o‘tmay o‘zlarining sharmandalari chiqib yurt, millat sha'niga salbiy taassurot tug‘dirganlari qoladi xolos. Bunga misollar ham bor.

Urf-odat, turmush tartiblarida ham butunlay biz uchun begona qoidalarga amal qilinadi. Masalan, bizda taom yeb bo‘lgach, kekirish yomon odat hisoblanmaydi. Ularda esa aksincha, eng xunuk odobsizlik belgisi bo‘lib, dasturxon ustida beixtiyor "hiq" deb yuborganni ketiga tepib haydashdan ham toymas ekanlar.

Buyog‘i nima bo‘larkin?

Davlatobod dahasida Dilnoza ismli yigirma besh yoshli juvon bilan tanishdik. U shahar mahallasida tug‘ilib o‘sgan. Bama'ni oilada ulg‘aygan. Maktabni tugatiboq ota-ona ixtiyori bilan turmushga chiqqan. Farzand ko‘rmagan. O'zining aytishicha, qaynonasi kun bermagani sabab ajrashib ketgan.

Ota uyiga qaytib kelgan qiz ular izmiga bo‘ysunmay qo‘yadi. Allakimlarning ta'siri, o‘zining "engilligi" bois "ko‘chaga chiqib ketadi". Mikrorayondagi ko‘p qavatli uylarning biridan panoh topadi.

Dilnoza o‘zi, ota-onasi haqida gapirishni istamadi. Keyingi hayoti haqida ham birovga "hisob" berish niyati yo‘q.

Toshkentga borganida Yulduz ismli ayol bilan tanishib qoladi. Yulduz o‘ziga yoqqan bir nechta qizlarning, jumladan, Dilnozaning ham suratini internet orqali xorijga jo‘natib yuboradi. Koreyadan javob keladi. Dilnozani yoqtirgan yigitning Toshkentga falon kuni kelishi ma'lum etiladi. Bu 33 yoshli, avvalgi turmushidan ajrashgan, qizning aytishicha, bank boshlig‘i (?) bo‘lib ishlaydigan Xu Van Sok ekan.

Ular Toshkentda uchrashishadi. Yigitga qiz ma'qul tushadi. Qizga esa buning unchalik ahamiyati yo‘q. Tarjimon orqali til topishgan kelin- kuyovlar uch kun o‘tib, FHDYo bo‘limida ro‘yxatdan o‘tishadi. So‘ngra Toshkentdagi  restoranlardan birida 30 chog‘li odam bilan tuyni nishonlashadi.

Shundan so‘ng kelin-kuyov to‘rt kun mehmonxonada yashashadi. Keyin esa kuyov Seulga ketdi, kelin Namanganga qaytdi. Oradan ma'lum muddat o‘tgach kelin viza bilan u yoqqa - Koreyaga chaqirtirildi. Bir oy yashab, nimagadir yana o‘z yurtiga qaytib keldi.

Dilnoza buning boisini aytgisi kelmadi. Erini, u yoqdagi sharoitlarni maqtaydi. "Viza kelsa yana ketaman", - deyapti-yu nimanidir yashirayotgani sezilib turibdi. Ko‘nglimizdan "Ahmoqqa Koson bir tosh ekan- da" degan naql kechadi, oyiga Seulga borib kelish oson bo‘lmasa kerak axir? Hay, mayli, buni vaqt ko‘rsatadi.

Tengi-tengi bilan emasmi?

Rasmiy idoralarning ma'lumotiga qaraganda 2006-2007 va 2008 yillarda o‘zbek qizlarining, jumladan namanganlik xonimchalarning Janubiy Koreyaga turmushga chiqishlari avj olgan. Uzatilayotganlarning 90-95 foizi hali hayotni yaxshi bilmagan yosh qizlar. Bir narsa kishini tashvishga soladi. Qizlarimizga xaridor kuyovlarning yoshi 35 - 50 yoshlargacha...

Ba'zilarning yoshlarida xuddi ota-boladek tafovut bor. Savol tug‘iladi: oradagi shuncha farq bilan ikki inson bir-birini tushunib umrbod turmush qurib keta olarmikan? Dunyoqarashlarida yer bilan osmoncha ayrilik bunga xalal bermaydimi? Mabodo, u yerdan turmushi buzilib kelsa, qizlarimizga bu yerda aqli raso, tuzukroq erkak uylanarmikan? O'zbek va koreys omuxtaligida bino bo‘lgan farzand kimni ko‘proq tan olib, qaysi millatga sodiq qolarkin? Bu kabi savollarga to‘rt-besh yildan so‘ng aniq javob topish mumkin Ayting-ayting, allanimalarning ishtahasi bilan xorijlik kuyovni ko‘ngli tusagan hamyurtlarimiz yillar o‘tib afsus va pushaymonlar alangasida yonishmasa bo‘ldi.

Avvallari ko‘p eshitardik. Bir qizning o‘z qishlog‘i yo shahri qolib, narigi qishloq yo shaharga uzatilishi o‘sha yerlik yigitlarning g‘ururiga shikast yetkazgan. To‘yda kuyovnavkarlarni tuzukkina siylab ham jo‘natishgan. Yoki vodiylik talaba qizga gap otib qolgan janublik yigit albatta siquvga olingan, ba'zan kaltaklangan ham...

Xo‘sh, qo‘shnisi, hamqishlog‘i bo‘lgan qizni juda olis yurtga, tili, dini, millati boshqa odamga ixtiyoriy tegib ketayotganiga bugungi yigitlarimiz qanday munosabatda bo‘lmoqdalar? Yoki ular ham o‘taketgan "demokrat" bo‘lib ketdilarmi?

Nozimjon Jabborov, kompyuter mutaxassisi:  Shaxsan men bu qizlarning tutgan yo‘lini yoqlamayman. Hozir bilinmasligi mumkin. Oradan yillar o‘tib, yoshi ulg‘ayganda ona-yurt, tug‘ishganlar sog‘inchi qattiq seziladi. Moddiy jihatdan qanchalik to‘kis yashamasin, sog‘inch dardiga hech nima malham bo‘lolmaydi.

Yaqinda Koreya televideniesi orqali xuddi shu mavzudagi bir ko‘rsatuvni ko‘rib qoldim. Koreyalik muxbir aynan namanganlik kelin bilan suhbat qilyapti. Tug‘ilgan Vatani, ota-onasi, qarindoshlari, bolaligi, yaxshi ko‘rgan taomlari va boshqalar xususida. Shundan so‘ng qizga tug‘ilgan va yashagan shahri, ko‘chalari, tanish, qadrdon joylari aks etgan video tasvirni qo‘yib berdi. Qiz faqat yig‘lardi. Vaholanki, uning hayoti yomon emas ekan. Faqat bemisl sog‘inch, afsus yoshlari zohir edi uning ko‘zlarida.

Yoqubjon Qurbonov, tadbirkor:  O'zbeklarning turkiy xalqlar bilan qudalashuvi tarixdan ma'lum. Urush yillarida, keyinchalik harbiy xizmatdan yigitlarimizning ba'zan rus qizlarini olib kelib uylanishiga ham ko‘nikkan edik. Ammo aynan Kumushoyim vorislarining koreys yigitlarini ma'qul ko‘rayotganlari kishini nafaqat ajablantiradi, balki milliy, diniy g‘ururini kamsitadi. Masalan, men singlim yo qizimning hech qachon shunaqa olis mamlakatga turmushga chiqishiga yo‘l qo‘ymasdim. Bu borada ota-onalar, aka-opalarning ham mas'uliyati susayganga o‘xshaydi.

Yana eng muhimi, Vatanga muhabbat dinga e'tiqod singari mustahkam, sobit bo‘lishi zarur. Ikkovisi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. O'zingiz o‘ylang, koreys-o‘zbek nikohidan tug‘ilgan bola qaysi dinga e'tiqod qilishi mumkin. Bu borada ota-ona o‘rtasida ixtilof chiqmaydi, deb kim kafolat beradi?!

* * *

Xulosa chiqarish har kimning o‘ziga havola. Vatandan olisda Vatanga zorlik dushmanning ham boshiga tushmasin.

Risliqxon Majnunova, jurnalist
Namangan shahri

P. S. Muallif jamiyatimizda ildiz ota boshlagan jiddiy muammoni qalamga olganlar. Masalani har tomonlama tahlil etishga uringan va bunga erisha olgan kuyinchak ijodkorimizning fikrlariga qo‘shimcha qilishni istardik. Aksariyat o‘zbek qizlarining bugun o‘z millatdoshlarini, dindoshlarini emas, balki boshqa millat va g‘ayri din vakillarini umr yo‘ldoshi sifatida ma’qul ko‘rayotganlari chindan ham og‘riqli muammo. Kimlardir buni – ko‘ngil ishi, der... Vatan va millat tushunchalarini anglab yetmaganlik, g‘ofillikni sabab bilar. Buning ortida boy-badavlat, bekamu-ko‘st yashash istagi ham ko‘proqdir, ehtimol. Nima bo‘lganda ham o‘zini, o‘zligini bilgan, anglagan odam bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaydi. 
Darvoqe, ijodkorimiz qalamga olganlari – mavzuning diniy tomonini nazardan qochiribdilar. Shariatga ko‘ra, musulmon erkaklar ahli kitoblardan – nasroniy yoki yahudiy diniga mansub ayolga (majusiy, butparast, otashparast  ayollarga emas) uylanishlari mumkin. Ammo muslima ayolning boshqa dinga mansub kishiga turmushga chiqishi mumkin emas. Agar muslima ayolga uylanishni istagan erkak Islomni qabul qilsa, shariatda bunday nikohga ruxsat berilgan. Nikoh ostonasida turgan qizlarimiz hamda ularning ota-onalari buni nazardan qochirmasalar va din ulamolari mazkur mavzuga o‘z munosabatlarini bildirsalar ayni muddao bo‘lardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.