OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Havoga sovurilayotgan boylik

Hozirgi kunda yurtimizning deyarli barcha tuman va shaharlarida choyxona va pivaxonalar, turli spirtli ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi kafe, restoranlarni uchratishimiz mumkin. Yaqin do‘st va qadrdonlarning bir piyola choy ustida diydorlashishi, shirin suhbatlar qurishiga nima yetsin! Dunyoda ko‘pdan beri yuz ko‘rishmagan qadrdonlarning uchrashuvidan ham yoqimliroq uchrashuv bo‘lmasak kerak. Ammo shunisi ham borki, bu kabi maskanlarga yig‘ilayotgan yosh-yalang har doim ham me'yor deb atalgan oltin qoidaga amal qilavermaydi...

Ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriy ibrati ila moziyga qaytib ish ko‘radigan bo‘lsak, aslida choyxonalar asrlar davomida jamiyatning muhim muammolari hal etiladigan, yoshi ulug‘ insonlar mashvarat va kengash o‘tkazadigan maskan bo‘lib kelgan. Odamlar shunchaki vaqt o‘tkazish uchun emas, bil'aks, elu yurt taqdiriga daxldor masalalarni hal etish uchun yig‘ilgan, bu maskanga. Shu bilan birga u nafis majlislar - qo‘shiq va askiya bazmlari o‘tkaziladigan joy vazifasini ham bajargan.

Afsuski, so‘nggi paytlarda choyxonalarimiz o‘zining tarixiy vazifasidan uzoqlashib, ko‘proq bekorchi vaqt o‘tkazish vositasi bo‘lib qoldi.  Choyxona va pivaxonalardagi holatni xolis kuzatgan odam fikrimizga qo‘shilishi tabiiy.

Ichkilik - umr zavoli, barcha yomonliklarning onasi, deymiz. U keltirayotgan ofat-balolarga bot-bot shohid bo‘lib turibmiz va bu haqda takror yozib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak. Ayrim paytlarda choyxonayu restoranlarning tinchligimiz va osoyishtaligimiz kushandasi - ichkilik uyasi bo‘lib qolayotgani tashvishga soladi. Xavotirni ikki hissa oshiradigan jihati, choyxona va pivaxonalarning asosiy mijozlari safida yoshlar ko‘payib bormoqda. Hali hayotning pastu balandini ko‘rmagan yoshlar bo‘sh vaqtining aksar qismini oshxo‘rlik yoki pivaxo‘rlikka sarf etayotganiga nima deysiz!

Achinarli bo‘lsa-da, qayd etish lozimki, bu kabi jamoat joylarida janjalli holatlar ham tez-tez uchramoqda. Arzimagan narsadan chiqqan janjallar ba'zida jinoyat sodir etilishiga olib kelmoqda. Matbuotda e'lon qilinayotgan maqolalarda o‘zaro janjallashib qolgan o‘spirinlarning bir-biriga og‘ir tan jarohati yetkazgani, hattoki pichoq va shunga o‘xshash sovuq qurol o‘qtalgani haqida ahyon-ahyonda o‘qib qolamiz. Taassufki, guldek umrini xazon qilib giyohvandlik va ichkilikvozlik domiga tushib qolayotgan yosh-yalang ko‘pincha choyxonayu pivaxonalarning doimiy mijozi bo‘lib chiqadi.

Ulug‘ ma'rifatparvar adib, jadid ziyolilarining yetakchilaridan biri Munavvarqori Abdurashidxonov o‘tgan asr boshlarida iztirob va taassuf bilan: «... millat foydasi uchun jonin qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz bugun millatni yodlaridan chiqarib, iste'dod va g‘ayratlarini choyxona va fivaxonalarga sarf etmakdadurlar", deb yozadi. Jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘lib turgan muammoni ko‘targan ma'rifatparvar o‘z o‘rnida uni keltirib chiqargan omilni ham izohlaydi: "Yoshlarning bu yo‘lga ketishlariga asosiy sabab ularning o‘qimaganliklari, jaholat zulmatida qolganliklaridir". Bu nadomatomuz so‘zlar Munavvarqori ham barcha jadidlarimiz singari, eng avvalo, millat istiqboli, yoshlar iqbolini o‘ylaganidan dalolatdir.

Afsuski, buyuk ma'rifatparvar kuyinib yozgan ushbu og‘riqli muammo bugungi kunimiz uchun ham begona emas. Ayni paytda millatining taraqqiyoti va ravnaqini esidan chiqargan ba'zi yoshlar o‘z g‘ayrat va shijoatini bekorchi yig‘inlarda o‘tirish va kayfu safo qilishga sarf etayotgani achinarli. (Spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari va tamaki mahsulotlariga ruju qo‘yib, ayol deb atalgan nozik xilqatga dog‘ tushirayotgan xotin-qizlarlarimiz haqida yozish esa juda ham og‘ir).

Farg‘ona vodiysi va Toshkent shahrida "osh", "shanbalik", "gap", "kuyov oshi" singari o‘tirishlar keng tarqalgan. Achinarli tarafi shundaki, bu kabi o‘tirishlar bir hafta-o‘n kunda takrorlanaveradi va yoshlarimizning qimmatli vaqti behuda sarf etilishiga sabab bo‘ladi. Kuzatishlarga asoslanib aytish mumkinki, bu kabi gap-gashtaklarda muloqotning asosini ma'nisiz suhbat yoki g‘iybat tashkil etadi, ba'zida esa "karta" o‘yini va qimorbozlik avj oladi. Vaqtini havoga sovurish o‘rniga yoshlarimiz kitob mutolaasi bilan shug‘ullansalar, yurtimiz va butun dunyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar va yangiliklardan boxabar bo‘lishga intilsalar, gazeta va jurnal o‘qisalar, bir so‘z bilan aytganda, taraqqiyotimiz uchun yanada ko‘proq xizmat qilish borasida fikr yuritsalar, maqbul emasmi!

Xalqimizda "Buyuklik suyak suradi" degan gap bor. Turon zaminidan ko‘plab allomalar, fozilu fuzalolarning yetishib chiqqani, ulug‘lik silsilasi asrlar davomida uzilmasdan davom etib kelayotgani bu fikrning yorqin isbotidir. Menimcha, choyxona va pivaxonalardagi huda-behuda o‘tirishlar suyak surayotgan buyuklikka rahna soluvchi zararli odatlardan hisoblanadi.

Xalqimizning suyukli adibi Tohir Malik suhbatlardan birida: "Biz tarbiyani tor tushunamiz, ko‘pincha vaqt tarbiyasiga bee'tibormiz. Ayrim otalar choyxonada soatlab o‘tirib, vaqtini sovurishi mumkin, lekin farzandiga 5-10 daqiqa ajratishga vaqti yetmaydi" degan edi.

Haqiqatan ham, soatlab choyxona va pivaxonalarda vaqt o‘tkazayotgan otalar, teleekranlardagi seriallardan bosh ko‘tarmayotgan onalar ham yo‘q emas. Tarbiyasi e'tiborsiz qolgan farzandlar esa ko‘pincha Internet kafelarida turli ruhdagi kinolar ko‘rish, kompyuter o‘yinlari bilan ikkinchi marotaba qaytarilmaydigan fursatini o‘tkazmoqda.

Umrimizning har bir daqiqasi - g‘animat. Kun davomida nedir bir ezgu ish qilsak, bu bilan umrimizga mazmun baxsh etgan, millat taraqqiyotiga ham oz bo‘lsa-da hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Go‘zallik, bunyodkorlik va ijodiy yangiliklar uchun berilgan hayotimizni foydasiz ishlarga sarflashdan oldin bir lahza aqlimizni ishga solaylik.

Aziz gazetxon, bu borada sizning qanday mulohazalaringiz bor?

Abduqahhor Rahimov,
“Hurriyat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.