background
logotype

Internet “kasalligi”

Bugun kompyutersiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Deyarli har bir tashkilotda uning xizmatiga ehtiyoj bor. Internet ham uzoqni yaqin qiluvchi, hamma sohadan ma’lumot beruvchi entsiklopediya o‘rnini egalladi.

Balki shuning uchundir, undan foydalanuvchilar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Biroq yoshlar, ayniqsa, o‘smirlar orasida internetga qattiq bog‘lanib qolish holatlari kuzatilayapti. Bu esa internet “kasalligi”ni keltirib chiqardi va natijada ularni davolash zarur bo‘lib qolayotir. 

Ana shunday bemorlarni davolovchi kasalxona Pekinda joriy yilda ochilgan bo‘lib, u yerda shu vaqtgacha 400 ga yaqin bemor davolandi. Bu kasalxonada davolanish narxi qimmat — kuniga kamida 50 dollar turadi. Shifoxonada bir vaqtning o‘zida 20 bemor davolanadi va ularga yana shuncha doktor va hamshira xizmat ko‘rsatadi. Internet “kasalligi” bilan og‘rigan bemorlarning davolanishiga kamida ikki hafta kerak bo‘ladi. Bu yerda dori-darmonlar bilan birga ularni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish uchun sport mashg‘ulotlari ham o‘tkaziladi. “The Times”ning yozishicha, 16 yoshli Day Genini ota-onasi kasalxonaga olib kelganlarida dastlab nima uchun kelganini anglamadi. Biroq davolanish uchun kelganini bilgach, “men kompyuter o‘yinlarini uzoq vaqt o‘ynamayman”, dedi. Vaholanki, u bir kunda 8 soat vaqtini kompyuter oldida o‘tkazardi. Bu yerga kelgan bolalarning ba’zilarini kompyuterda uzoq vaqt shug‘ullanib o‘qishga bormagani uchun maktab va kollejlardan chetlashtirishgan. 

O‘smirlarning ko‘pchiligi vaqtini internet chatlarda, odam o‘ldirish yoki zo‘ravonlik kabilarni targ‘ib qiluvchi o‘yinlarni o‘ynab o‘tkazgani uchun ota-onasi va do‘stlari bilan ham yaqin munosabatda bo‘lmagan. “O‘z-o‘zini past baholovchi yoki tarbiyasi muammoli bolalar internet oldida o‘tirib, o‘zlariga yetarli baho bera olmaydi, — deydi 20 yillik ruhshunoslik mutaxassisligiga ega shifoxona direktori Tao Ran. — Bizda davolanayotgan bemorlarning 85 foizi internet o‘yiniga ruhan bog‘langan, 10 foizi internet chatiga va yana 5 foizi internet o‘yiniga ashaddiy ishqibozlardir. Ana shu toifadan bittasi hatto kechasi kasalxona palatasidan chiqib, shifoxona kompyuter sistemasiga tegishli bo‘lgan parolni topib olib, kompyuter o‘ynagan”. Shu bilan birga Doktor Tao bu bolalar ruhiy kasallik, qo‘rqinch, uyqusizlik, qo‘l-oyoqlarining qotib qolishi kabi kasalliklarga chalinadi va ular o‘z tengdoshlari davrasida bo‘lishni ham xohlamaydi, deydi. Uning aytishicha, bu yerda davolanayotganlarning 70 foizi muvaffaqiyatga erishadilar. Ammo ayrim o‘smirlar bu yerdan chiqib, yana internetga bog‘lanib qoladilar. 

Internet “kasalligi”ga chalingan bolalarning ko‘pchiligida bitta umumiy o‘xshashlik bor — ular o‘z oilasida yagona farzand hisoblanadi. Shuning uchun ularda bo‘sh qolish va zerikishga istagancha vaqt topiladi. Bu muammo Xitoyda bir juftga bir bola siyosatidan paydo bo‘lgan. 

Ammo ahvol shunday davom etaversa, ushbu shifoxona mijozlari ko‘payishi aniq. Hisob-kitoblarga qaraganda, Xitoyda 42 million kompyuter va 103 million internetdan foydalanuvchilar mavjud bo‘lib, ular mamlakat aholisining 7,9 foizini tashkil qiladi. Bu esa AQShdan keyin ikkinchi o‘rin demakdir. Mavjud holatning, kelishi mumkin bo‘lgan xavfning oldini olish maqsadida hukumat tomonidan nazorat kuchaytirildi. Nazorat quyidagi ko‘rinishda olib boriladi. Masalan, kishi g‘ashiga tegadigan mavzularni izlovchilar uchun hukumat maxsus sharhlovchini yollagan, ular internet chatlarda to‘g‘ri fikrlarni bildiradilar. Mabodo foydalanuvchilar izlash tizimi orqali “demokratiya”, “inson huquqlari” va shunga o‘xshash so‘zlarni qidirishsa internet sayti maxsus signal bilan berkilib qoladi. Ilgari bolalar jinoyatchilik, giyohvandlik va o‘z-o‘zini o‘ldirishni ifodalaydigan o‘yinlarni o‘ynashi mumkin edi. Endilikda Xitoy hukumati kompyuter o‘yinlarini ham nazoratga olib, har bir o‘yinni tekshirib ko‘rgandan so‘ng o‘ynashga ruxsat berayapti. 

Internetga bog‘lanib qolishning salbiy oqibatlari haqida har qancha gapirilmasin, baribir kundan-kun unga o‘rganib qolayotganlar soni ortib bormoqda. Ayniqsa, ruhiy bog‘lanish fojeali oqibatlarga olib keladi. Yaqinda Janubiy Koreyaning 28 yoshli fuqarosi internet kafeda 60 soat kompyuter o‘yinini o‘ynab, ochlikdan vafot etdi. Taegu shahrining fuqarosi Li uyquni ham, ovqatni ham kompyuter o‘yinlariga sarflardi. U o‘yin davomida berilib ketib, o‘zi ishtirok etgandek bo‘lardi. Bir safar Li o‘zini behol sezganida uni kasalxonaga olib borishadi va bir necha soatdan keyin u yurak xurujidan vafot etadi. Bu ishqiboz bir oy oldin ish vaqtida o‘yin o‘ynashga ketgani uchun ishdan haydalgan edi. 

Ahvol shunday jiddiy tus olayotganiga qaramay, Janubiy Koreyada kompyuter o‘yinlari juda ommalashgan.

Nargiza DO‘SIMBETOVA tayyorladi.

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.