OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Internetni nega yomon ko’rasiz?

Televideniye chiqqanda, endi gazetalar yo'q bo'lib ketadi, degan tahminlar bo'lgan. Insoniyat bir yangilikni har doim ham xursandchilik bilan kutib olavermaydi. Tanqidlar, xavfsirashlar girdobida yangilik kirib keladi. O'zbekiston internet tarmog'iga ulanganini sarhisob qilib, "atigi" so'zini ishlatolmaymiz. Bunga 10 yildan oshdi, biz bu mehmonni kutib olib, allaqachon mezbonga aylantirishimiz kerak edi. Lekin hali ham eshikni ochaymi - yo'qmi, deb ikkilanib turibmiz.

Bizda internet rivojlanmaganini aytib o'tirmayman, ahvolni o'zingiz yaxshi bilasiz. Xo'sh, rivojlantirish uchun nima qilish kerak?

"Internet jurnalistikasi rivojlanishi uchun internet rivojlanishi kerak", deymiz. To'g'ri, bu uchun mablag', texnik ta'minot, har  bir  xonadon kompyuterga ega bo'lishi talab etiladi. Lekin bundan oldinroqdagi yana bir kerakli narsa bor. Bu -internetni tushunish, uning kerakligini his qilish. O'zbek ommaviy axborot vositalarida internet mavzusi qanday yoritilganini kuzatsangiz, ko'pincha, (to'g'rirog'i, asosan) tanqidiy fikrlarni ko'rasiz. Nimani tanqid qilishni bilmasdan internetni topib olishganmi bu muxbirlar, kim biladi. Internetga berilgan ta'riflarni eshiting: "mish-mishlar makoni", "buzg'unchilar uyi", "axloqsizlik manbai". Bir gazetada "Internetdan foydalanish - tikonzordan gul izlash" deyilgan bo'lsa, yana bir aqlli muallif internetdek mo'jiza, deya "mo'jiza" so'zini kinoya ohangida qo'shtirnoq ichiga olib yozibdilar.

To'g'ri, internet afzalliklari qatorida salbiy jihatlarga ham ega. Firibgarlar, axloqsizlar uchun u erkin maydon vazifasini o'tayapti. Terrorizm, pornografiya, turli illatlarning urchishi, tekshirilmagan har qanday axborotlar oqimi internet orqali kuchayyapti. Onlayn o'yinlar va chatxonalar yoshlar ongini egallab olib, vaqtlarini bekorchilikka ketkazmoqda. Lekin internetning turgan bitgani bu emas-ku. Sizga oddiy haqiqatni aytaman: o'sha o'yin va chat muxlislari, "chat-men" darajasiga yetganlar internetni bilmasligi mumkin. Internetni yoqishni biladi xolos, uning qanday imkoniyatlari bor, internetda chatdanda qiziqroq nimalar borligini bilmaydiganlari juda ko'p. Biz internet  kafelarni to'ldirib o'tirgan "chat jinnilari"ni ko'ramizu, internet yoshlar uchun tanishuv maydoni, bu ularni buzadi, deb osongina xulosa chiqarib qo'ya qolamiz. Aslida ular internetning faol foydalanuvchilari emas, agar shunday bo'lganida u orqali axborot olgan, til o'rgangan, masofaviy o'qishlar talabasiga aylangan, ish qidirgan, o'z jamiyatlarini tuzgan bo'lardilar. Mayli, bu ishlarini chatdan boshlabdilar, buni poydevor sifatida oqlash mumkin. Siz uni tanqid qilgandan ko'ra, internetning boshqa imkoniyatlarini ochib bering, chatga kirishga vaqti bo'lmay qoladi.

Internet yoshlar ongini buzayotgani yo'q. Hamma insonning xarakteri turlicha. Kimdir muomalada erkin, boshqa birov realda fikrini aniq bildirolmaydi, insonlar bilan chiqishib ketolmaydi. Shunda u uchun internet ma'naviy boshpana bo'lishi mumkin. Internet forumlari, onlayn konferensiyalar, qo'yingki, o'sha tanishuv saytlarida hech bo'lmasa insonlar bilan muloqotni o'rganar.

Internet  tanishuv makoni emas. Internetdan shu yo'lda foydalanadigan insonni ko'rgan bo'lsangiz, bilingki, u o'zi tabiatan shunaqa. Internet bo'lmasa, boshqa joyda ham shu ishni qilardi. Chatxonalar uni bemazalashtirmadi, bunga yordam berdi xolos. Har kuni 10 ta qiz bilan (yoki qiz yigit bilan) tanishishni rejalashtirgan bo'lsa, buni internetsiz ham amalga oshirishi mumkin. Televideniye, radio, mobil hizmatlari hattoki gazeta-jurnallarda ham bu bor-ku. Xullas, "Realda boshqa, virtualda boshqa odamman" safsatasiga ishonmang. Internetda yolg'onchi - hayotda ham yolg'onchi. Faqat birini og'zaki, birini yozma usulda aks ettiradi.

Internetni qoralovchilarning yana bir da'vosi - pornografiya. Bu borada ham yuqoridagi fikrni bildirmoqchiman. Internetni cheklash bilan behayoni hayoli qilib qo'yolmaymiz. Internet pornografiyasiga qarshi kurashgandan ko'ra, umumiy pornografiyaga qarshi turaylik. Auditoriyani keng yo'sinda ahloqqa o'rgataylik. Bunda diniy ko'rsatmalardan foydalansak, bir musulmon sifatida sharmsiz foto va videolar ko'rishni o'ziga ep ko'rmaydi, siz qilgan nasihat emas, e'tiqodi bunga yo'l qo'ymaydi. "Internet - pornografiya. Undan ehtiyot bo'lish kerak" degan gapingizga kiradigan odam internetdagi axloqsizlikdan chekinadi xolos, boshqa unsurlari-chi?   

Bizda internetni ko'pincha kattalar qabul qilolmaydi. "Internet ommaviy axborot vositasi emas", "Internet kitob bo'lolmaydi", "Internet kasridan milliy madaniyatmiz yo'q bo'lib ketyapti" deyshadi yoki internetni salbiy ta'sirini ko'rsatib sahifa-sahifa maqolalar yozishadi. Maqolalari to'la qo'rqinchli statistika. "Internetda o'z joniga qasd qilishni o'rgatadigan mingdan ortiq sayt bor ekan, buning orqasidan yuzlab yoshlar nobud bo'libdi". Bu ma'lumotlar, raqamlarni qayerdan oldingiz, deb so'rasangiz "Internetdan" deb javob berishadi...

Siz bizni shu yo'l bilan tarbiyalay olishingizga ishonasizmi? Eshitganiga amal qilib ketaveradigan yoshlar allaqachon yoshlar qatoridan  chiqib bo'lishdi. Hozirgi yoshlarga chatni yomon ko'rsatmoqchimisiz - internetning boshqa, to'g'ri ko'chalariga jalb qiling, o'z joniga qasd qiladigan saytlarga kirishimizni xohlamayapsizmi - hayotga qiziqishni orttiradigan saytlar oching.

Kattalar internetni qabul qilolmaydi, deymiz. Yoshlarchi? Yoshlarning o'zi tayyormi bunga? Bir yigit "Komputerdan ming kilometr uzoqda yuradigan qizlarni hurmat qilaman" deb fikr bildirgandi. Bir qizga internetni o'rgatay, desam, "Men  hech qachon internetni o'rganmayman" deydi (xuddi "Hech qachon sigaret chekmayman" degan ohangda). Mayli, har kimning o'z qarashi bor. Kimgadir internetni bilmaydigan qiz ideal bo'lsa, kimdir internetga kirmaslik bilan "onasi o'pmagan qiz" bo'lmoqchi-da. Komputerdan ming kilometr uzoqda yuradigan qizlarni yoqtiradigan yigit hurmatiga sazovor bo'lish uchun hech qachon internetni o'rganmasinlar. Biz - internetni ongli ravishda biladigan yoshlar esa har ikkalasini ham hurmat qilmaymiz!

Endi internet jurnalistikasi haqida. Biz rus va ingliz axboroti girdobiga tushib bo'ldik. Ruscha fikrlab, inglizcha o'ylayapmiz. O'zbekcha mushohada qayerda qoldi? Hamma kerakli ma'lumotlarni rus va ingliz tillarida olganimizdan keyin qayerda ham qolardi?! O'zbek tilidagi axborot beruvchi saytlar qanchada yangilanishini aytishga uyalaman. Yangilanganda ham ulardan xabar emas, press-reliz o'qiymiz. Informatsion-tahliliy materiallar bilan boyitilgan saytlar ham bor, lekin kam, keragidan o'n barobar kam!

Internet - qo'shtirnoqsiz yoziladigan mo'jiza. Siz qo'shtirnoqlar ichiga mahkum qilganingiz bilan, u mo'jizalar qatoridan chiqib qolmaydi. Alisher Navoiyning bundan bir necha asr ilgari aytib ketgan "Illat izlaganga illatdir dunyo, Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo" so'zlarini eslang. Nega illat izlayotganlar kasriga hikmat izlashni to'xtatib qo'yyapsiz?

 Internet rivojlanishi kerak. Bu uchun mablag', texnika va hokazo, hokazolar kerak. Undan oldin esa internetni tushunishimiz, internetni bilishimiz kerak.. Gazetalar internetdan yangilik olib bosgandan ko'ra, chatni yomonlab bong urgandan ko'ra bir sahifasini internetni (uning foydali tomonlarini) o'rgatish darsiga bag'ishlasin. Yo'q, bundan ham oldin gazetalarda "Hoy, odamlar, internet sizni yeb qo'ymaydi" mazmunidagi maqolalar kerak.

Biror yangilik paydo bo'lsa, u avvalo insonlar tomonidan qiziqish bilan qabul qilinadi, so'ng hamma mukkasidan ketib unga yopishib oladi, undan keyin ba'zi fosh etishga o'ch qatlam, masalan "qitimir" jurnalistlar undan yomon tomonini axtarishga tushadi, topadi ham. "Siz hayotingiz mazmuniga aylantirib olgan narsa aslida mana bunday salbiy tomonlarga ham ega" deb jar soladi. Huddi shunga o'xshab avval internet hayotimizga keng miqyosda kirib kelsin, auditoriya veb olamning faol fuqarolariga aylansin, ijobiy jihatlarini o'zlashtirib olaylik, keyin salbiy tomonini qidirasiz, o'shanda tanqid qilasiz. Hozir esa internet, yaxshimi-yomonmi, kirib, ommalashmasdan turib ko'ksidan itarmaylik,  uni biroz yaxshi ko'raylik, yomon ko'rishga hali ulguramiz!

Durdona Alimova

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.