OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Izhor ortidagi xavotir

Ommaviy axborot vositalarida qizlarning kiyinish madaniyati haqidagi ko‘p va xo‘p yozildi. Bu chiqishlarning ta'sir doirasi nechog‘lik bo‘lmoqda, bilmadigu bizni qizlarimizning ma'naviy dunyoqarashga oid yana bir jihat o‘ziga tortdi. Aslida bu to‘g‘rida yozish ham biroz noqulay. Shunday bo‘lsa-da, matbuot nashrlarini kundan-kun «bezab» borayotgan dil izhorlari kishini bezovta qiladi.

Ko‘pchilikning haftalik hamrohiga aylangan  nashrlarda turli qiziqarli mavzular bilan birga «Muhabbat bekati», «Dil izhori» kabi sahifalar ham borki, yoshlarimiz unga befarq qaray olishmaydi.

Bunday gazetalarni varaqlarkanmiz, ulardagi maktublarning aksariyati qizlar tomonidan yozilganini ko‘ramiz. Bir sahifada 8 ta xat berilgan bo‘lsa, shundan 7 tasi qizlarniki. Ochig‘i, ulardagi dil rozlaridan ogoh bo‘lib, bugungi qizlarimizning tarbiyasi haqida jiddiy bosh qotirish zarurligiga amin bo‘ldik.

«Farhod bilan internet orqali tanishganmiz. Bir-birimizni ko‘rmagan bo‘lsak-da, o‘rtamizda muhabbat uyg‘onganiga ishonchim komil» deb yozadi bir qiz.

Bor-yo‘g‘i internet tarmog‘i orqali tanishgan yigitni sevib qolganiga «ishonchi komil»ligi bu qizning dunyoqarashi haminqadar ekanligini ko‘rsatib turibdi. Bundan tashqari, yoshlarning ermagiga aylangan «chat»lardagi sevgi maktublari, ulardagi ma'lumotlar haqqoniyligiga kim kafolat beradi?

«Qiz bolaning izhori g‘alati tuyulsa kerak. Ammo... Yuragimdagi g‘alayonga ortiq chidolmayman. Faxriddin, men sizni yaxshi ko‘raman. Kimligimni vaqti kelganda bilib olasiz...» deb yozadi keyingi maktub sohibasi. Haqiqatan ham, qiz bolaning sevgi izhor qilishi har qanday yigitni ham hushyor torttiradi. Ammo turmush o‘rtog‘ining hatto uylanganini eshitganda ham o‘zbekona ibosini unutmagan Kumushning og‘zidan biror marta «Sevaman» degan so‘z chiqqanmidi? Bir necha oylab sevgilisini ko‘rmasa-da, «Chidolmayman» deganmidi u?

Shu mazmundagi dil nomalarini o‘qirkanmiz, ularda «Endi sevgi azobidan qanday qutulay, endi nima bo‘ladi?» kabi savollar ko‘pligini sezdik. Xat yozayotgan qizlarning onasi ular bilan suhbatlasharmikan, ularning o‘y-xayollaridan boxabarmikan degan savollar dilga tikandek qadaladi. Axir balog‘at ostonasidagi qizlarga hammadan ham ko‘ra onasi yaqin bo‘lishi lozimligi hammamizga ma'lum-ku. Maktablarda tashkil qilingan qizlar klublari faoliyatida o‘quvchilar bilan qaysi mavzularda suhbatlar uyushtirmoqda? Ta'lim muassasasida qizlar majlisi o‘tkazilganda hozirgi kunda nima masala kun tartibiga qo‘yilyapti? U haqiqiy ma'noda qizlarning yig‘iniga aylanayaptimi? Tarbiyaviy saboqlarimizdan samarani ololayapmizmi?

Dil izhorlari orasida eng ko‘p tarqalganlari xonandalarga atalgan maktublardir.

Biz faqat qizlarni tan­qid qilish fikridan yiroqmiz. O‘z o‘rnida, qizlarimizning millatimizga xos tarbiyasiga oilada va maktabda jiddiy e'tibor berish lozimligini ham ta'kidlab o‘tmoqchimiz.

Ba'zan kontsertlarda erkak xonandalarga qizlarimizning munosabatini ko‘rib uyalib ketasan kishi. Ularning o‘zini tutishi oldida boyagi qo‘shiqchi ham xijolat tortadi.

«Sevimli xonandam...! Qo‘shiqlaringiz, tabassumingiz muxlislar dilini sel qiladi. Nega so‘nggi paytlarda televidenieda ham, gazetada ham intervyu bermay qo‘ydingiz? Biz tomonlarga qachon gastrol safari bilan kelasiz? Boraman degandingiz. Qancha kutaylik?»

Qancha kutaylik? So‘roqning o‘zi juda g‘alati. Muxlisa qizimiz xonandadan nima kutayapti, nima talab qilayapti? Ilgari ahdlashgan yigitni harbiyga kuzatgan, u yo‘g‘ida sovchi kelganida otasiga bir og‘iz siri haqida gapira olmay turmushga chiqqanlarni ko‘p eshitganmiz. Balki, ana shunday iboli ayolning nabirasi yozgandir bu maktubni?

«...ning «...» filmidagi rolini ko‘rib, unga nisbatan qiziqishim yanada oshdi. Ko‘zlari, ajoyib tabassumi, yoqimli chehrasi qizlarni be'etibor qoldirmasligi aniq.» Aslida Yaratgan har bir ishda erkakni tashabbuskor qilib yaratgan. Nahotki,  bizning nomusimiz sanalgan qizlarimiz tabiatning ana shu qonuniga qarshi chiqib bo‘lmasligini uqmaganlar?

«Visol borligiga ishonaman, endi qandoq chidayman» kabi yalang‘och satrlarni o‘qib, ular orasida bizning ham singlimiz, qo‘shnimiz, tanishimiz yo‘qmikan, deb xavotirlandik.

Zuhra Ro‘ziyeva
“Ma'rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.