OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jamshid Matyoqubov. Mehr — bir piyola suv...

Shahar jamoat transporti, xususan, avtobusdan foydalanuvchilar ko‘p bor shunday manzaraga duch kelishadi:

Ertalablari tiqilinch, peshin mahali odam siyrak avtobusda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari yoniga yaqinlashgan chiptachi undan:

— Puling bormi? — deb so‘raydi.

— Yo‘q, — deydi bola.

— Unda tush. Nima, avtobus sanga katta xolangning uyimi?..

Avtobus to‘xtab, jovdirab turgan “qorako‘z”larni aro yo‘lda qoldirib ketvorgan paytlari bo‘lgan.

Yoki boshqa bir holat.

Aksariyat nafaqaxo‘rlar chiptachiga pensiya guvohnomasini ko‘rsatib yo‘lkira uchun kamroq to‘lamoqchi bo‘ladilar.

— Nega yuz so‘m berasiz? Man sizga tilanchimanmi? Manda plan bor, 300 so‘m to‘lang, — deydi chiptachi.

— Man pensionerman. Yarmini to‘lasam bo‘lmaydimi?

— Bo‘lmaydi. Pensionerlar ham yuz foiz to‘laydilar. Ana, eshikdagi e’londa yozib qo‘yilgan. Davay, to‘lang tezroq. Bo‘lmasa, tushing avtobusdan...

Bunday noxush manzaraga guvoh bo‘lish kayfiyatni buzadi. Ammo har kim o‘zicha fikr bildiradi. Ba’zilar indamaydi, ayrim kishilar suhbatga qo‘shiladi. Kimdir chiptachini oqlasa, yana kimdir yo‘lovchilarning yonini oladi. Xullas, haq-huquqlar borasidagi bunday dahanaki to‘qnashuv ertalab manziliga yo‘l olgan yoki o‘qishdan, ishdan qaytayotgan yo‘lovchilarning asabiga tegadi.

To‘g‘ri, yetti yoshdan oshganlar va nafaqaxo‘rlar yo‘lkira haqini to‘liq to‘lashlari kerak. Busiz kunlik rejani bajarib bo‘lmaydi. Lekin uch-to‘rt nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bergan yo‘lkira bilan chiptachining rejasi bajarilib qolarmidi? Eng xunugi, avtobus bo‘sh bo‘lsa-da, yosh bolakaylarni yarim yo‘lda tushirib ketishadi. “Pulim yo‘q”, deya zorlanayotgan qizaloqning yonida balki rostdan ham puli yo‘qdir. Aqlini tanib-tanimagan go‘dakka bunday qo‘pol munosabatni ko‘rib ranjiysiz. Bu narsa bolaning ko‘nglini o‘qishdan sovutib yuborishi mumkin. Kamida otasi, onasi tengi yetti yot begona kishidan dakki yeb, avtobusdan tushib qolgan bolakaylarning sarosimadagi nigohini kuzatish qanchalar og‘ir ekanligini jamoat transportidan foydalanuvchilar yaxshi bilishadi.

Nafaqat bolalar, gohida katta yoshdagi kishilarda ham pul bo‘lmay qolishi mumkin. Deylik, parishonxotirlik bilan uydan pul olmasdan chiqishi yoki bozordagi sarf-xarajatlarning hamyon bilan uchma-uch kelishi.

O‘zim ko‘p marta guvohi bo‘lganman. “Pulim yo‘q. Kelasi safar to‘larman...” deb aytgan yo‘lovchiga chiptachining: “Bunchalik past ketmang”, “Pulingiz bo‘lmasa nima qilasiz avtobusga chiqib?” yoki “Erkakmisan o‘zi?” qabilidagi kesatiq-pichinglarini ko‘rib uch yuz so‘m uchun kishi nafsoniyatiga tegish, uning dilini og‘ritish shartmikan deb o‘ylab qolasiz. Bir og‘iz shirin so‘z, mehr-shafqat anqoning urug‘i emas-ku. Ayrim haydovchiyu chiptachilar biroz bag‘rikeng bo‘lishsa bo‘larmidi.

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida maktab o‘quvchilari uchun alohida transport vositalari, maxsus avtobuslar tashkil qilingan. Bu avtobuslar bolalarni sog‘-omon maktabga yetib olishlariga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quvchilarning yo‘l xavfsizligini ta’minlaydi va turli baxtsiz hodisalarning oldini olishga yordam beradi.

Jamoat transportida oylik yo‘l chiptalaridan foydalanuvchilariga (ayniqsa talabalar) ayrim chiptachilarning o‘qrayib qarashiyu, o‘sha chiptalarni tasdiqlovchi guvohnomalardan “ayb” qidirib kishini “tekinxo‘r”ga chiqarib qo‘yishini qanday baholash mumkin? Boz ustiga, bu hol jamoatchilik oldida, deyarli har kuni takrorlanib tursa. Axir, oylik yo‘l chiptalari ham sotib olinadi-ku!

Bundan tashqari, jamoat transportida xizmat ko‘rsatish madaniyati borasida ham ayrim kamchiliklarni kuzatish mumkin. Ko‘zlangan manzilga yetib olguncha ayrim betakalluf, og‘zidan bodi kirib shodi chiquvchi qo‘pol chiptachilaru, “chekilmasin” deya qoq “peshonasi”ga yozib qo‘yilganiga qaramay, ayrim haydovchilarning o‘sha yozuvga qarata butun avtobus salonini sasitib tamaki tutatishlari nafaqat asabni buzadi, balki sog‘liqqa ham jiddiy putur yetkazadi.

Gohida metro bekatlarida, ayniqsa, “Chilonzor” metro bekatidan ayrim avtobuslarning “ko‘ngil uzib” ketolmay, turnaqator tizilishib, so‘ngra kim o‘zarga bellashishlaridan ishga, o‘qishga yoki uyga yetib olguncha yurakda hadik bilan o‘tirasiz. Ba’zi bekatlarda esa buning butunlay aksi: avtobus kutaverib xunob bo‘lib ketasiz.

Yaqinda shunday bir voqea bo‘ldi. Karvon bozordan Usmon Nosir ko‘chasi bo‘ylab Amir Temur xiyobonigacha harakatlanuvchi 33-avtobusning qatnovga qo‘yilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Yangi qatnov yo‘lovchilarga ma’qul bo‘ldi. Yurtimizda ishlab chiqarilgan har taraflama ixcham va qulay “Isuzu” mikroavtobuslari harakatlanayotgan yo‘nalishning ma’qul jihati, yuqorida aytganimizday, bekatlarda “uzoq” qolib ketmaydi, yo‘lovchilarni ko‘p kuttirmaydi. Qisqa qilib aytganda, tezyurar. Lekin bu tezyurarlik ham ba’zan haddidan oshib ketmoqda. Xullas, o‘tgan hafta shu avtobusga chiqdim. Transportning tezligi shu darajada oshdiki, chiptachi “Falon bekatda tushadigan bormi?” deguncha navbatdagi bekatga yetib keldik. Bu tezyurarlik oxir-oqibat yo‘l patrul xizmati xodimlarining to‘xtatishi bilan yakuniga yetdi. Avtobus ichida o‘tirar ekanman, bu voqeani kuzatib turib bir latifa esimga tushdi.

“Bir kuni katta qurilishga bir guruh tekshiruvchilar kelishibdi. Qurilayotgan inshootni ko‘zdan kechirib turgan tekshiruvchilardan biri qarasa, bir ishchi bo‘sh g‘altak-aravani tinim bilmay yugurib-elib u yoqdan bu yoqqa sudrab yurganmish. Shunda haligi tekshiruvchi ishchini to‘xtatib so‘rabdi:

— Ha, birodar, nega bo‘sh g‘altak-aravani beto‘xtov sudrab yuribsiz?

— E-e, asti so‘ramang. Hozir ish sur’ati shu qadar tezlashganki, g‘altakka hatto qorishma solishga ham vaqt yo‘q...”

Uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qiluvchi, tayyor dastyorimiz — avtobuslar, ularning haydovchi va chiptachilarini butkul yomonotliq qilmoqchi emasmiz. Faqat ayrim hollarda, ba’zi haydovchilarning xatti-harakatlari kishini ranjitadi. Chiptachilar jamoat transportlariga chiqayotgan yo‘lovchiga “300 so‘m” deb emas, inson sifatida qarashsa. Talabalar, o‘quvchilar ko‘proq to‘plangan bekatlarda ham “birrov” to‘xtab o‘tishsa. Birinchi sinfga qadam qo‘ygan yetti yoshli bolakayni qish-qirovli kunlarda, yozning jaziramasida yarim yo‘lda tashlab ketishmasa. Axir aytishadi-ku, “Mehr — bir piyola suv” deb. Chanqoq qalblarimizga ana shu bir piyola suvni qizg‘anmasak yaxshi bo‘lardi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2008 yil 27-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.