OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nafs...

Sinov (Ertak)

 

Qadim zamonda bir shahri azim chetidagi katta ko‘lda juda ko‘p baliqlar bo‘lgan ekan. Lekin ko‘l jonzotlarini tutib yeyish xavfli hisoblanarkan, ba'zi kunlari zaharli, ba'zi kunlari esa zaharsiz bo‘lib qolar ekan. Qaysi vaqtda zaharli bo‘lishini hech kim bilmasmish. Ochko‘z bir boy nafsi hakalak otib, o‘sha baliqlarni tutib yegisi kelibdi. Har qanday xavf-xatarni unutib, o‘z xizmatkorlariga bu baliqlardan keltirib, qovurishni buyuribdi. 

 Xizmatkor e'tiroz bildiribdi:

- Taqsir, bu ko‘lning baliqlarini yeyish zararli-ku, biz tutgan kuni ular zaharli bo‘lib qolishi mumkin!

- Miyasi aynigan chol, nega mening gapimni ikki qilasan, sening vazifang amrimni bajarish, uqdingmi? - o‘dag‘aylabdi boy.

Boyning aytgani vojib bo‘libdi. Ishtahasi karnay boy baliqni darhol yegisi kelibdiyu, qarori o‘zgaribdi. Axir, dasturxonda hil-hil turgan mana shu yegulik chindan ham zaharli bo‘lsa-chi? Shu payt ko‘chadan bir gadoning tilangan ovozi eshitilibdi. "To‘xta, gadoga xayr-sadaqa qilib shu taomdan beraman", deb xayolidan o‘tkazibdi boy va gadoga pishirilgan baliqdan uzatibdi. Tilanchi ko‘zdan uzoqlashibdi.

Oradan ancha vaqt o‘tgach, "O‘lmadi shekilli, ovozi eshitilyapti" deya nafsini tiyolmasdan, sabr-qanoat topa olmasdan baliqlarni paqqos tushirgan boy taqillagan eshikni ochibdi. Qarasaki, haligi tilanchi.

- Nega yana kelding? - deb so‘rabdi hayron bo‘lgan boy.

- Men balig‘ingizni yegan-emaganingizni bilmoqchiydim. Agar ular zaharsiz bo‘lsa, yemoqchiman! - degan emish gado.

Buni eshitgan boyning esxonasi chiqib ketibdi, bu paytda zaharlangan baliqlar uning tanasiga ta'sir qilib, bezovtalana boshlabdi va jon taslim qilibdi. Nafsini jilovlay olgan  gado esa omon qolibdi.

«Pichoq» yerga tushdi (Voqea)

 

"Direktor jamg‘armasi" deganlari koni foyda ekan, o‘ylab topganlar umridan baraka topsin. Axir, maktab rahbarining ham ko‘kragiga shamol tegadigan vaqt kelarkan-ku. Har oyda bu jamg‘armaga maktabdagi o‘qituvchilarning oylik maoshlariga teng yarim miqdorda mablag‘ kelib tushadi. Garchand bu mablag‘dan qachon, qancha miqdorda va qaysi maqsadlarda foydalanish bo‘yicha Nizom ishlab chiqilgan va joriy qilingan bo‘lsa ham, kim amal qilardi deysiz? Hamma maktab rahbarlarida ham jig‘ildon degan narsa bor, bola-chaqa tashvishi bor. Mabodo "komissiya" kelsa, xamir uchidan patir deganlaridek, bittasiga moddiy yordam rasmiylashtirsa, olam guliston, o‘zi ham tinch, tekshiruvchi ham xursand. Axir, nafs degan narsa kimda yo‘q?

Shu tariqa maktab direktori Falonchi Falonchievning «pichog‘i» moy ustida aylana boshladi. Jamg‘arma - naq xazinaning o‘zginasi. O‘qituvchilarning oylik ish ko‘rsatkichlariga qarab to‘lanadigan ustama haq, muhtoj bo‘lib qolgan muallimlarga moddiy yordam xuddi shu xazina hisobidan bo‘ladi. Falonchi Falonchiev dastlabki oylarda belgilangan maqsadlar uchun 50-60-70 ming so‘m miqdoridagi summalarni tartib-qoidaga muvofiq, o‘z egalariga ulashganida, uning sha'niga rahmatlar yog‘ildi. Ammo rahbar bundan ko‘pchilikning bahramand bo‘lishidan cho‘chir, keyingi oylarda o‘z cho‘ntagiga o‘zlashtirgan 200 ming so‘mning "egalari"ga sharmanda bo‘lishdan qo‘rqardi. Ularning nomidan chiroyli qilib arizani ham o‘zi yozdi, imzolarini qo‘yishga esa ancha qiynaldi. Vedomostdagi imzoga o‘xshatish uchun ancha mashq qildi, nihoyat, uddaladi. Birovning imzosini qo‘yishdek mashaqqatli ish bo‘lmas ekan-e...

...O‘quv yilining oxirlariga borib, tekshiruv boshlandi. Obbo, «pichog‘i» yerga tushadigan bo‘ldiyu. Falonchi Falonchievning ko‘ngli nimanidir sezib, huzur-halovati yo‘qoldi, qon bosimi ko‘tarildi, ko‘ziga hamma o‘qituvchilar, hattoki, bolalar ham balodek ko‘rina boshladi. Kimdir nimadir sezib qolgani va qaergadir "signal" yuborgani aniq edi. Axir, hammasini sir tutayotgan edi-ku, direktor jamg‘armasidan to‘g‘ri maqsadlarda foydalangan paytlari ham bor-ku? Bu qilgan xizmatlarini inobatga olishmasmikan? Yo‘q, hammasi chippakka chiqadiganga o‘xshaydi, o‘zlashtirgan 1 million so‘mni qachon, kimning nomidan olgani oydinlashadi endi. Arizalar ham, imzolar ham qalbaki emasligini isbotlay olmaydi.

...Falonchi Falonchiev tekshiruvdan so‘ng o‘z vazifasidan bo‘shatildi va shaxsiy manfaati yo‘lida o‘zlashtirgan summani qarz-havola qilib maktab g‘aznasiga qaytardi.

Kunda yegan och, oyda yegan to‘q (Naql)

 

Qaysi davrda yashashidan qat'i nazar, odamzot o‘z nafsining "quli" bo‘lgan. Ahli donishlar ta'kidlashadiki, hech qachon to‘ldirib bo‘lmas nafs o‘z egasining eng yaqin dushmani hisoblanar ekan. Qonu jonga jipslashib ketgan bu dushman har daf'a, har lahza egalik tuyg‘usi ila qo‘zg‘olib, sohibi ustidan g‘olib kelishga muvaffaq bo‘ladiki, uni mag‘lub etishga, yengishga ojiz odamizot buning orqasidan ne bir kulfat-musibatlarga giriftor bo‘ladi. Sabr-qanoat, boriga shukr qilish, yo‘g‘iga chidashdek marhamatli tuyg‘udan ko‘pchilik ochiqdan ochiq yuz o‘giradi. Sharq allomalaridan birining adabiy merosida shunday jumlalarni o‘qiysiz:"Ey farzand, ogoh bo‘l, kechalari kitob mutolaa aylab, uyquni o‘zingga harom qil. Agar niyating obro‘-e'tibor topishu, mol-mulk to‘plash yo biron bir mansab, lavozim egallash bo‘lsa, unda holingga voy. Va agar maqsading Rasululloh shartlarini tiriltirmoq yoki xulqingni poklamoq ila yomonlikka buyuruvchi nafs o‘yinini sindirmoq esa senga ezguliklar va ezguliklar bo‘lsin".

Uzoq yillar muqaddam Toshkentning Al-Xorazmiy mavzesida istiqomat qiladigan kamtar va odamoxun Muazzam opa qaysidir ma'rakada "Kunda yegan och, oyda yegan to‘q" degan naqlni aytib, barcha ayollar kabi meni ham taajjubda qoldirdi. Garchand bu maqolni avval ham eshitgan bo‘lsam-da, ma'nosi qanday ekanligi haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Har nechuk, "kosa tagiga nim kosa" yashirib qo‘yilgan bu xalqona iboraning noto‘g‘ri joyi bo‘lmasa kerak.

- Muazzam opa, bu nima degani? Aslida aksincha aytilsa to‘g‘ri emasmi ya'ni "Kunda yegan to‘q, oyda yegan och" deyish mumkin emasmikan? - deya davrada barchaning diqqatini o‘ziga qaratib o‘tirgan muhtarama onaxonga so‘z qotdi ayollardan biri.

- Ota-bobolarimiz aytgan gapning biror joyini o‘zgartirish, boshqa so‘z qo‘shishga haqqimiz yo‘q, o‘rgilay. Chunki bari topib, aql bilan, yetti o‘lchab aytilgan. Siz aytgandek bu maqolni o‘zgartirsak, ma'nosi butunlay teskari aylanib ketadi. Kunda yegan chindan ham och bo‘ladi, sababiki, nafsi buzuq odamning ko‘zi har xil noz-ne'matlarni ko‘rib o‘rgangan va shunga yarasha nafsini qondirib turgan, u yemasa, ichmasa turolmaydi. Endi oyida yoki yilida to‘kin dasturxon qarshisiga o‘tirgan bolaning nazari to‘q bo‘ladi, chunki u oylab, yillab tansiq taomu noz-ne'matlarni ko‘rmagani uchun o‘zida sabr-qanoat topa oladi, nafsini jilovlash qo‘lidan keladi. Shu bois ham bunday odamga "to‘q" deb ta'rif berilgan.

Qari bilganini pari bilmas, degan maqol shu o‘rinda o‘zini yana bir karra oqladi. Davrada o‘tirganlar Muazzam opa keltirgan hikmatni ma'qullagandek bir-birlariga qarab qo‘yishdi.

O‘zgalar haqida ham o‘yla (Psixolog fikri)

 

Odamning ichidagi "men" hamisha g‘alayon qiladi. Kishi qachon, qanday vaziyatda bo‘lmasin, ana shu "men"i bilan hisoblashib yashaydi, ba'zan unga bo‘ysunadi, ba'zan esa rad etadi. Tabiiyki, yaxshi narsalarga ega bo‘lish, yomonlikni o‘ziga ravo ko‘rmaslik, umuman, hamisha hokimlik qiladigan "men"­da o‘z-o‘zini yaxshi ko‘rishdek xususiyat borligini psixologiya fani tad­qiq etadi. Nafs tuyg‘usini qanchalik jilovlashga urinmasin, u odamdan aksariyat hollarda ustun kelishiga hayotda misollar ko‘p. U inson fe'l-atvorida gegemonlik ya'ni yakkahokimlik xususiyatiga ega ekanligini psixologiya fanlari nomzodi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘qituvchisi Feruza Akromova quyidagicha izohlaydi:

- Mavjud huzur-halovatdan shunday foydalanginki, kelgusida bo‘ladigan huzur-halovatga zarari tegmasin, degan falsafiy fikr bor. Bu menimcha, nafs tuyg‘usiga berilgan ta'rif. U psixologik tabiatiga ko‘ra, insonning o‘ziga kerak va nokerak narsalarga nisbatan egalik hissining namoyon bo‘lishini ifodalaydi. Chunki shaxsiy va ijtimoiy muhitda har bir individ boshqalardan ajralib turishi bilan birga o‘zgalar kabi hayot kechirish, moddiy ne'matlarga ega bo‘lish va ulardan foydalanish tuyg‘usini o‘zida mujassam etganligini ko‘ramiz. Tirik jonzotlar orasida nafsga nisbatan munosabat bir xil emas. Masalan, odamlarda nafsni tushunish, uning ma'naviy, moddiy turlarini idrok etish bilan baholansa, hayvonlarda nafsning aqlan idora qilinmaydigan turlari kuzatiladi.

"Inga-inga"lab dunyoga kelgan go‘dak vaqt o‘tishi bilan yoqimtoygina bolaga aylanadi. U aqlan va jisman rivojlana boshlaydi. Atrof-muhit ta'siri, yaqinlari bilan munosabat, jamiyatga moslashuv jarayonida u ham kattalar singari o‘z ichiga joylashib olgan "men"ning hukmiga quloq tutadi. Uning nutqi, ongi rivojlanish pallasiga kirgan payt­dan boshlab, ota-ona bolaga aka-uka yoki opa-singillari, tengqurlari haqida ham g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, o‘zgalarga mehr-muruvvat yoki xayr-saxovat qilish insoniy fazilat ekanligini uqtirib borganda, o‘sib kelayotgan farzandlarimizda nafsni jilovlash me'yorida shakllanadi. Bolasiga hamma narsani muhayyo qilish, moddiy ehtiyojlarini to‘liq qoplash undagi nafs tuyg‘usining haddan ziyod oshib ketishiga zamin hozirlaydiki, gohida ota-ona tomonidan rad qilingan istakni amalga oshirish uchun bola qing‘ir ishlarga qo‘l uradi. Bu esa o‘pqondek to‘ldirib bo‘lmas nafs tuyg‘usining shaxsga keltiradigan eng katta zarari hisoblanadi.

Biz - avvalo insonmiz. Nafs hodisasining psixologik mohiyatini anglab, unga butkul taslim bo‘lmasligimiz lozim. Yashash uchun berilgan turli imkoniyatlarga ongli munosabatda bo‘la olishimiz, ya'ni fiziologik va ma'naviy ehtiyojlar - oziqlanish, dam olish, xavfsizlik, salomatlikni saqlash, hissiy yaqinlik, o‘zimizni o‘zgalarga yaqin tutish, hurmat-e'tiborga sazovor bo‘lish, halol mehnat qilish kabilarning ta'sirini to‘g‘ri idrok etishimiz kerak.

Qonuniy jihatdan olib qaraganda (Huquqshunos sharhi)

 

Har qanday jamiyatda kishilar ruhiyatida yuzaga keladigan illatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘ziga xos ta'sir choralari qo‘llanib kelingan. Jamoat tartibini saqlashga doir ko‘rsatmalar, turli qonunlar, kodekslar, qaror va buyruqlar shunga xizmat qiladi. Shaxs­ning manmanlikka berilishi, turli nojoiz ishlarga qo‘l urishi, qonunni bila turib, bunga zid ish qilishi ko‘pincha undagi ichki va tashqi ehtiyojlarni qoplashi, ya'ni nafs tuyg‘usi bilan chatishib ketadi.

-     Qonuniy jihatdan olib qaraganda, sodir etiladigan jinoyatlarning aksariyati o‘z nafsini qondirishga qaratilgan maqsad tufaylidir. Buning qanday yuzaga kelishini o‘rganishda ilmiy asoslangan tavsiyalarga tayanish muhim ahamiyatga ega. Boshqacha aytganda, jinoyatning har qanday turiga jazo belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi "Jinoyat kodeksi"ning 164, 165, 166, 167, 168, 169-moddalarida bosqinchilik, tovlamachilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, o‘g‘rilik kabi jinoyat turlariga belgilangan jazo turlari ko‘rsatilgan. Qayd qilingan jinoyat turlarida shaxsning o‘z moddiy ehtiyojini ongli ravishda qing‘ir yo‘llar bilan qondirish muddaosi bor ekanligini anglash qiyin emas. Shaxsning mulkka bo‘lgan intilishi uning ijtimoiy kelib chiqishiga ham bog‘liq. O‘z manfaatlari, ya'ni nafsini qondirish uchun ijtimoiy-huquqiy munosabatlarga zid ravishda qilingan harakat jazoga tortilishini unutmaslik kerak, - deya buni huquqiy tomondan sharhlaydi Toshkent Davlat yuridik ins­tituti o‘qituvchisi, yuridik fanlari nomzodi, dotsent Mirodil Baratov.

Xulosa: "Qaysi  fe'llarni qilishing osonu, qaysi fe'llarni qilishing qiyin ekanini aniq bilib ol. Qalbingni mol-dunyoga  bog‘lanib qolishdan asra. Shundagina sen mol-dunyoni noo‘rin sarflashdan ham, baxillikdan ham  omonda bo‘lasan. Mol-dunyo sen uchun bamisoli suv. Biron tashnaning chanqog‘ini qondirish uchun sen uni ushlab turasan, biron muhtojning hojatini chiqarish uchun sen uni sarflaysan, berayotganingdan zarracha qiynalmaysan, aksincha, lazzatlanasan. Qaysi qalb shu darajaga yetsa, bilginki, Alloh taolo uni salomat saqlabdi. Qalb nafaqat saxovat va baxillikda, balki boshqa barcha xulqlarda ham dunyoga zarracha bog‘lanib  qolmasligi zarur.  Nafs mol-dunyo mehridan uzilsagina, sokinlashadi".

Bu - qadimda yashab o‘tgan donishmand G‘azzoliyning  fikri.

Hulkar To‘ymanova
“Ma'rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.