OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qo‘shningiz tinchmi?

Yaxshi-yomon kunlarda hamfikr, hamdard qidiramiz. Ko‘pincha ular oila bag‘ridan topilsa-da, yana kimnidir kutamiz, qadamiga intiq bo’lamiz. Bu — qo’shnimiz. 
Qo‘shnichilik xalqimizda qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Shunday qo‘shnilar borki, bir oila a’zolariday. Bir-birlariga munosabatidan ko‘nglingiz yayraydi. Yana shunday qo‘shnilar ham borki... 
Yaxshisi, yozishga undagan voqeadan boshlaylik. Qadimda emas, xuddi hozirgi zamonda ikki qo‘shni yashayotgan ekan. Yaratgan ularga mol-davlat beribdi. Farzanddan ham qismabdi. Boylik, dunyo borgan sari ularni o‘ziga tortaveribdi. Pul ketidan kelayotgan pul ikki qo‘shnining ham o‘y-xayolini band etibdi. Endi ular o‘zlarini, dunyolarini odamlarga ko‘rsatib qo‘yishni istab qolibdilar. «Ko‘rgazma»ni uyni balandlatishdan boshlabdilar. Devorni, tomni ko‘taribdilar. 
Birinchi qo‘shni uyni qancha balandlatmasin, ikkinchisinikidan pastroqday tuyulaveribdi. Aksiga olib, u qo‘shniga ham buning devori balandga o‘xshab ko‘rinarmish. Shunday qilib, u ham uyni ko‘taraveribdi, bu ham. Birinchi qo‘shni uyni qancha ko‘tarsa, ikkinchisi undan baland qilib qo‘yaveribdi.  Keyin yana...  O‘rtada farzandlar ham «Past-baland» o‘yini bilan ovora. Oxiri... janjal ko‘tarilibdi. Boshqa qo‘shnilar ham bu g‘alvalardan charchabdilar. Tez orada bu mashmasha mahalla oqsoqolining qulog‘iga yetib boribdi. Oqsoqol ikki qo‘shnini ortiqcha urishmabdi, so‘kmabdi. Faqat shunday debdi: «Yo‘lning u yog‘idagi Qurbon akani bilasizmi? Xohlasa, ikkovingiznikidan ham balandroq uy qurdirishga qurbi yetadi. Lekin uyiga bir qaranglar». Mahalla oqsoqoli nazarda tutgan kishining uyi oddiy va boshqa qo‘shnilarinikidan farq qilmas edi. Aslida, bir-birini «eyish»ga-da tayyor turgan ikki qo’shniga bu gaplar har qanday tanbehu urishlardan ham og’irroq edi.
Bu voqeaning «qadim zamonda shunday bo‘lgan ekan» deb boshlanishini juda xohlagan edik. Afsus... 
Qo‘shnichilik, qo‘shnining haqlari haqida hadislarda ham aytilgan. Buxoriydan rivoyat qilingan mana bu hadislarga e’tibor bering:
«Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga aziyat bermasin».
«Jabroil menga qo‘shni haqida tinimsiz vasiyat qilar edilarki, hatto yaqinda qo‘shni merosxo‘rga aylantirilsa kerak, deb o‘ylab qoldim».
Rasululloh(s.a.v.): «Allohga qasamki, mo‘min emas!» - deb uch marta qaytardilar. «Kim?»- deyishdi. U zot: «Qo‘shnilar uning aziyatidan omonda bo‘lmagan kishi», dedilar.
Lekin bugungi «yangi» qo‘shnilar-chi? Ularning o‘zaro begonalarday munosabatlaridan ajablanasan kishi. Bir-birini tanimaydigan qo‘shnilar ozmi?
— «Dom»ga kelganimizga bir yarim yil bo‘ldi, — deb gap boshladi bir suhbatdosh akamiz. — Ayolim yosh bolamizga qaraydi. Go‘dak emasmi, soatlab yig‘lagan paytlari ham bo‘ladi. Ayniqsa, isitmalab qolganda. To‘g‘risi, meni bolamning yig‘isidan ham ko‘ra qo‘shnilarning munosabati qiynaydi. Hol-ahvol so‘ramasa ham mayli, shu bolaning yig‘laganiga jahl qilishadi. Qishloqda bo‘lsa-ku, «Nima bo‘ldi?» deb yugurib chiqadiganlar ko‘p. Bu yerda esa... Endi bolam yig’lamasa edi, deb hayiqadigan bo’ldim.
Haqiqatan ham, bir devor ortidagi insonlarga shunchalik befarqmizki, hatto ularning ismlarini ham bilmaymiz. Yoki qo’shnimizning farovon turmushiga hasad qilib, unga yomonlik tilaymiz. Hatto qo‘shnichilik bilan bog‘liq shunday latifanamo gaplar ham paydo bo‘ldi. Sehrgarni uchratib qolgan bir odam undan biror tilagini  ro‘yobga chiqarishini so‘rabdi. Sehrgar esa bir shart bilangina rozi bo‘lishini aytibdi. «Agar xohlagan tilagingni amalga oshirsam, qo‘shningga xuddi o‘sha narsaning ikki barobari nasib etadi», — debdi u. «Unda bir ko‘zim ko‘r bo‘lib qolsin», debdi boyagi odam. Har bir latifayu hangomaning tagida ham bir haqiqat, yashirin dard bo‘ladi. Biz eshitib kuladigan yuqoridagi hazilnamo hikmat aslida yig‘lashga ham asos bo‘lishi mumkin.
Yaxshi qo‘shni senga ziyon va tashvish yetkazmaydigan qo‘shni emas(aslida bunday qo‘shni ham yaxshi), balki sening yomonligingga chidab yashayotgan qo‘shnidir, degan ekan Hasan Basriy. Eng achinarlisi, biz qo‘shnimizning yaxshi-yomonligini ham bilmaymiz. Bu qanday qo’shnichilik bo’ldi? 
Shunday paytlar borki, qo’shnining bir og’iz so’ziga ilhaq bo’lasiz. Bundan tashqari, qo‘shnilar  xonadoningiz qo‘riqchisi, uyingizga kelib-ketganlarni nazorat qilib ham turishadi. Lozim paytda, farzandingizni bog‘cha yoki maktabdan olib kelib, yordam beradi. Issiq-sovug‘ingizda birinchi «labbay» deguvchilar ham ular. 
Shukrki, ko’ngilni yorishtiradigan bir taskin bor: yaxshi qo’shnilar ham oz emas.
Bir onaxon o’g’il uylantirdi. To’y kuni uning yaqin qo’shnilaridan biri shifoxonaga tushib qoldi. U darrov tansiq taomlardan olib, shifoxonaga yugurdi. Qo’shnisini ko’rib, hol-ahvol so’ramaguncha ko’ngli tinchimadi. Uyiga uzoq-yaqindan kelayotgan yuzlab qarindoshu tanish-bilishdan ortib, qo’shni roziligi uchun yugurayotgan ayolni ko’rib odamiylik o’lmaganiga, yaxshi qo’shnilar borligiga  quvondik... 
Mahalladan o‘tgan-ketganlarni surishtiradigan, so‘roqqa tutadigan yoshi ulug’roq otaxon yoki onaxonlar bolalarning ham ortiqcha sho’xlik qilishiga, ekinlarni payhon etib, daraxt shoxlarini sindirishiga yo’l qo’ymaydi. Bizga yoqsa-yoqmasa, ana shunday «mahalla nazoratchisi»ning o’z o’rni bor. Ehtimol, ba’zi o’g’il-qizlarning bebosh bo’lib ketayotganiga qo’shnichilik munosabatlarimizning yaxshi emasligi ham sabab bo’layotgandir... 
Shunday ekan, yoshlarga ham qo’ni-qo’shnichilik an’analarini o’rgatib borish kerak emasmi? O‘ylab ko’ring-chi, oxirgi marta qo’shningiz bilan qachon gaplashdingiz?

Behzod Fazliddin

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.