OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Tilini hakka cho‘qiganlar

O‘zim guvoh bo‘lgan bu noxushlik haqida yozsammi yoki yo‘qmi, deya ko‘p o‘yladim. Ko‘ngilsiz bir voqea nafsoniyatimga qattiq tegdi.

Voqeaning qisqacha bayoni shunday: taniqli musavvir do‘stim uyidagi ziyofatga taklif etdi. Mehmonlarning aksariyati san’atga daxldor, ziyoli odamlar edi. Ularning ko‘pchiligini oldindan yaxshi tanirdim. Notanishlar o‘zaro tanishib olgach, gurung avjiga chiqa boshladi.

O‘zingizdan qolar gap yo‘q, ichmaydigan kishining xatti-harakati bo‘lakcha bo‘ladi. Balki ana shu holat sabab bo‘ldimi, davradagi mo‘ylovli, qotma, qirq yoshlarni qoralagan yigit diqqatimni jalb qila boshladi. Ajabo, u — o‘zbek rejissyori, majlisda yoki biron rasmiy joyda emas, mehmondorchilikda, yana o‘z do‘stlari — millatdoshlari davrasida negadir... o‘zga tilda gapirardi. Avvaliga uni shunchaki yo‘liga, oliftagarchilik qilayotgandir yoki davradagilarning milliy g‘ururini, sabru toqatini sinayotgandir, deb o‘yladim. Yo‘q, yanglishgan ekanman. Uning asl qiyofasi namoyon bo‘la boshlagan sayin yuragim siqilaverdi. Gap orasida yonimdagilardan hayron bo‘lib so‘radim:

— Kechirasiz, bu kishi o‘zbekmi o‘zi?

— Ha, o‘zbek.

— Nima, u o‘z ona tilini bilmaydimi?

— Biladi-yu... shu... o‘rischaga ko‘proq o‘rganib qolgan-da. O‘z tilida yaxshi gapirolmaydi.

Yo alhazar, deyman o‘zimcha hayratlanib. Mustaqillikdan oldin bu sharmandali holatni tushunish mumkin edi. Endi zamon o‘zgardi, odamlar o‘zgardi, mustaqil bo‘ldik. Shoir aytganidek, “Endi inson qadri ham avvalgilarga o‘xshamas”. Nahotki bu ziyoli ona tilini bilmasligidan zarracha xijolat chekmasa?    

Soxta kamtarlikni yig‘ishtirib qo‘yib aytganda, o‘zbek tili hali davlat tili maqomini olmasdan ancha oldin, aniqrog‘i 1987 yili bu o‘ta muhim masalani matbuotda dadil ko‘tarib chiqqan kalamkashlardan biri sifatida o‘zimcha faxrlanib yurardim. Qaerdaki tilga hurmatsizlikni ko‘rsam o‘zimni xuddi haqoratlangandek his etar, bundan ezilib, o‘z yog‘imga o‘zim qovrilardim.

Mustabid tuzum sharoitida, uzoq yillar muttasil, ongli, rejali ravishda o‘tkazilgan mash’um siyosat oqibatida ona tilimizning kamsitilgani, mavqei, nufuzi tobora pasayib borgani, avlodlar ongiga bu til istiqbolda keraksiz tilga aylanadi, degan tushuncha singdirilgani va bu siyosat o‘z mevalarini bera boshlagani hech kimga sir emas. Shunday muhitda o‘sib, voyaga yetgan avloddan nimani ham kutish mumkin? Ammo shu davrda yashaganlarning hammasi ham manqurtlashib ketmagan-ku! Davrada o‘tirgan, kamina bilan deyarli tengdosh bo‘lgan taniqli rassom do‘stim o‘rta maktabda, besh yil rassomlik bilim yurtida, yana besh yil Moskvadagi oliy san’at institutida faqat rus tilida tahsil ko‘rganiga qaramay, ona tili — o‘zbek tilini har qanday tilshunos yoki adib havas qilgudek darajada mukammal bilardi, ijodida milliy ruh juda kuchli. Bekorga “Xalq rassomi” unvoni berilmagan. Demak, hamma gap odamning, shaxsning o‘zida ekan-da!..

Uzr, mavzudan andak chalg‘idim. Men haligi begona tilda gapirayotgan rejissyor haqida to‘xtalmoqchi edim.

Ha, u bepisand, kattazang bir ohangda gapirar, boshqalarning fikri bilan mutlaqo hisoblashmas, tinglash, oddiy muomala, muloqot, bahs madaniyatidan bexabar, fikr-mulohazalari nihoyatda yuzaki va hayotga mantiqsiz edi. Yonidagi o‘rtog‘i unga gap uqtiraman deb qiynalib ketdi. Rejissyor tinimsiz javrardi:

— Men hamma vaqt, har kimga haqiqatni dangal aytaman, shuning uchun meni hech kim tushunmaydi. Men haqimda kim nima desa deyaversin, menga baribir. Qanday yashashni o‘zim yaxshi bilaman. Men surgan kayf-safolar, maishatlarni aytsam, e-he...

Uning og‘zidan endi beibo, beparda so‘zlar ham chiqa boshladi. Yo‘q, bu shunchaki mastlik oqibati emas edi. Boyagina dasturxon ustida og‘izga kelganini aytavermaslik haqida ogohlantirishga majbur bo‘lgan jo‘raboshining boshi egildi. Davrada o‘tirganlarning ham kayfiyati buzildi. Oshga pashsha tushgan edi.

Ehtimol, siz odamzodni darhol bilish qiyin, qat’iy xulosaga shoshmaslik kerak, dersiz. Ammo hayotda shunday lahzalar bo‘ladiki, insonning kim ekanligi, ichki dunyosi uning bir og‘iz so‘zidanoq ma’lum bo‘lib qoladi. Zero, maqolda aytilganadek, ovqat ta’mi tuz bilan, odam ta’mi so‘z bilan.

Xullas, o‘sha o‘tirishdan fayz ketdi. Axiyri hamma bir tomon, manqurtning o‘zi bir tomon bo‘lib qoldi. Shunda ham hech kim unga jiddiyroq dakki, tanbeh berolmadi. O‘zbekchilik-da: mehmon otaday ulug‘! Odamning yuzi issiq!..

Ana shunday mulohaza-andishalar bois qusurlarimizdan xalos bo‘lolmay, qulog‘imizgacha gunohga botib yuraveramiz. Ammo har qanday murosaning ham cheki-chegarasi bor. Axir, shu davrada “Tilingni hakka cho‘qiganmi, ey nodon! Hech bo‘lmasa biz bilan o‘z ona tilimizda so‘zlashsang-chi!” deyish shunchalik qiyinmidi? Kamina — chetdan kelgan mehmon, “Ie, sizlar haliyam davlat tiliga o‘tmabsizlar-da!” deya yengil kinoya qilishdan nariga o‘tolmadim.

To‘g‘ri, bukrini go‘r tuzatadi, deyishadi. Xudoning o‘zi urib qo‘ygan bunaqa manqurtlarni bandasining bir-ikki og‘iz tanbehi bilan yo‘lga solish qiyin. Shunday bo‘lsa-da, bunday kimsalarga bor gapni borligicha aytib, orani ochiq qilgan ma’qul.

Muqaddas hadislarda “Olimning buzilishi olamning buzilishi” degan purhikmat gap bor. Darhaqiqat, haqiqiy ziyolilar, ma’rifat va san’at ahli azro‘yi azaldan el-ulusning dardu quvonchiga hamnafas, hamdard bo‘lib kelgan. Ezgulik va haqiqat timsoli bo‘lmish bu zotlar el-yurtning uyg‘oq, tirik vijdonidir. Afsuski, hayotda sanoqli ziyolilar, san’atkorlargina bunday sharafga loyiq bo‘lishadi. Biz hozir ana shunday BUTUN ShAXSLARGA har qachongidan ham ko‘proq muhtojmiz.

Esimda, bundan ko‘p yillar muqaddam Gruziyaga borib, gurjilar bilan muloqotda bo‘lganimda, bir holatni kuzatgan edim. Gurjilar, davrada yoki rasmiy joylarda ularning tilini bilmaydigan mehmonlar bo‘lsa, bizga o‘xshab hamma tushunsin deya darrov begona zabonga o‘tavermas, o‘zaro faqat ona tilida gaplashishar ekan.

Ha, yaxshi ma’nodagi milliy g‘urur, iftixor har narsadan ulug‘, har qanday andisha-ishtibohdan ustivor bo‘lmog‘i lozim. Zero, har bir xalqning, har bir shaxsning kim ekanligi uning o‘z ona tiliga, o‘z milliy qadriyatlariga munosabati bilan ham o‘lchanadiki, bu haqiqatni unutishga haqqimiz yo‘q. Ming afsuski, hali oramizda qadriyatlarimizni mensimaydigan, hurmat qilmaydigan kimsalar bor. Mustabid tuzum gullab-yashnagan yillarda ularning birdan-bir “fazilati” o‘z tilidan ko‘ra begona tilda burro so‘zlay olishi edi. Kadrlar tanlashda ham ana shu narsa muhim mezon hisoblanardi. Mana endi zamona zayli bilan ularning paytavasiga qurt tushdi. Ammo bundaylarning osonlik bilan insofga kelib, tavbasiga tayanadigan siyog‘i yo‘q. Qon-qonimizga singib ketgan loqaydlik, murosasozlik, o‘zlikni anglashdagi sustkashlik bunday toifaga qo‘l kelmoqda.

O‘zingdan chiqqan baloga, qayga borasan davoga? Har qancha qiyin, mushkul bo‘lmasin, avvalo, ana shu bedavo dardga davo topmoq joiz. Axir, shoir ham “O‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir!” deya bejiz xitob qilmagan.

Qadimgi yunon faylasufi Diogendan so‘rabdilar: “Odamzod uchun eng qiyini nima?” Donishmand shunday javob beribdi: “Uning inson sifatida o‘z-o‘zini anglashi”.

Xo‘sh, o‘zligini anglamagan, milliy g‘ururi butunlay so‘ngan, dunyoqarashi cheklangan, ma’naviy olami qashshoqlashgan manqurtlarni qayta tarbiyalash mumkinmi? Qon ila, ona suti ila insonning ongu shuuriga, jismu joniga singdirilishi lozim bo‘lgan fazilat — xislatlarni targ‘ibot-tashviqot vositasida, qonun bilan, ma’muriy usulda shakllantirish mumkinmi? Qaydam?! Harqalay, donolar tarbiyadan ko‘ra qayta tarbiyalash qiyin deyishadi. Demak, xulosa oddiy: tarbiyada xatoga yo‘l qo‘ymaslik lozim ekan.

Vatanni sevgan odam, avvalo, uning qonunlarini hurmat qilishi, unga og‘ishmay amal qilishi lozimligi oddiy haqiqat.

Mustaqillik bergan buyuk ne’matlardan biri — ko‘plab qadriyatlarimiz qatori tilimiz nufuzining qonun himoyasiga olinganidir. Ammo holva degan bilan og‘iz chuchimaydi. Ushbu qonunning hayotda joriy etilishi biz — fuqarolardan izchillikni, fidoyilik va vatanparvarlikni talab etmoqdaki, buni to‘g‘ri anglamoq kerak.

Til haqidagi mulohazalarimni shoir Shukur Qurbonning quyidagi o‘tli misralari bilan yakunlagim keldi:

Ona tilim, jon tilim.
Sensiz men so‘ladirman,
Devona bo‘ladirman.
Tuqqanimga yetti yot
Begona bo‘ladirman.
Ona tilim, jon tilim —
Yuragimning qoshida
Sayrab turgan bulbulim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 5-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.