OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

SMS samimiy izhormi?

Zamon taraqqiy etgani sari ko‘p yumushlar oson hal bo‘layapti. Ilgari uzoqdagi do‘stlar bilan xat orqali xabarlashgan bo‘lsak, hozir internet tarmog‘i dunyoning u burchagidagi kishi bilan ham suhbatlashish imkonini beradi. Borgan sari aloqa sohasida barcha narsalar osonlashib borayotgandek. Bugungi kunda uyali aloqa vositasi ham hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Uy bekasidan tortib, kasalxonadagi bemorgacha o‘zining beminnat do‘stiga suyanib qoldi.

Kun sari uyali aloqa kompaniyalari turfa xil xizmatlarni taklif qilib, mijozlarni ham biroz shoshirib qo‘ymoqda. Endi kimgadir xat, ya'ni SMS yozmoqchi bo‘lsak, kompaniya taqdim etgan tayyor matn­dan foydalanish mumkin. Biroq...

Hozir televidenieda ham, radio yoki gazeta or­qali ham falon raqamga SMS yuboring degan undovni tinglash, ko‘rish mumkin. To‘g‘ri-da, deylik, radioning qutlovlar dasturiga telefon orqali ulanish mushkul, SMS esa ko‘psonli muxlislar talabini bir vaqt­da qondiradi.

Yaqinda tungi soat 23:00 lar atrofida obro‘li radiokanallardan birida ajoyib eshittirish berildi. Mavzu kishining ichki va tashqi go‘zalligi haqida ekan. Tanlangan mavzu mushohadali, efirga ulanayotgan muxlislar fikri esa bir-biridan qiziq. Orada SMSlar ham o‘qib eshittirildi. Shunda o‘ziga xos bir SMS e'tiborimni tortdi. "9- "g" sinfidagi Izzat ham ichki va tashqi tomonlama go‘zal. Men uni hurmat qilaman. Madina".

Boshlovchi esa, bu SMS muallifiga javoban shunday yo‘l ko‘rsatadi: "O‘rtangizdagi bu rishta visol bilan yakun topsin".

Kechirasizu, 9-sinfdagi o‘smir qizga bunday tilak bildirish, bizningcha, boshlovchi etikasiga to‘g‘ri kelmaydi. Shu bahona har kuni istar-istamas quloqqa chalinayotgan SMSlar mazmuni haqida ayrim mulohazalar tug‘ildi.

- ... Salom, abonent yaxshi yotib tursinlar.

- !...Qarshi shahridagi falonchixonga yurakcha...

-...Salom azizim­­­, ______ M, kechirasiz (boshlovchi boshlab qo‘yganu, u yog‘ini o‘qishga uyat yo‘l bermaydi).

Albatta, muxlis bilan radiokanalning jonli muloqotga kirishgani yaxshi, ammo yozish kerak ekan deb, hamma narsani ham yozavermaydi-da. Hurmatli boshlovchilar ham qaysidir hamma eshitishi zarur bo‘lmagan, ba'zan behayo SMSlarni o‘qimasalar, nari borsa, bir abonent (yo‘g‘-e, muxlis demoqchi edim) xafa bo‘ladi. Ammo minglab tinglovchilar bemaza satrlarni eshitmaydi. Efir vaqti ham behuda sarf bo‘lmaydi. Yana mavzuga doir bir jihat. Bir kuni tasodifan hamkasb qizga kelgan SMSlarga ko‘zim tushdi. Ishonasizmi, bir haftada naqd 160 xabar kelibdi. Ha, shoirtabiatligiga boribdi-da, dedim ichimda. Biroq xabarlarda yozilgan "she'rlar" SMS muallifi haqidagi fikrimning  o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Keyinroq esa, bu beparda satrlar tayyor sevgi izhorlaridan ko‘chirilganligini aytishdi.

Millionlab mijozlarga xizmat ko‘rsatish, ularni ushlab turish, to‘g‘risi, uyali aloqa kompaniyalariga ham oson emas. Kuchli raqobat sharoitida abonentlarni jalb etish anchagina ter to‘kishni talab qiladi. Qilingan mehnat esa mijozlar soni oshgani bilan qadr­lanaveradi. Ammo bu abonentni nima qilib bo‘lsa ham ushlab turish degani emas. Daromad o‘z yo‘liga, ammo shunday ajoyib, bir-biriga o‘xshamas xizmatlar (deylik, ertangi ob-havo haqidagi, iqtisod va narx-navo bilan bog‘liq xabarlar) ko‘rsatayotgan zahmatkash xodimlar nega mijoz saviyasini o‘tmaslashtirib qo‘yishdan xavotirlanmayotirlar? Sevgi izhori uchun SMS tayyorlash kerak ekan, bo‘lar-bo‘lmas so‘zlar qorishmasini yozib, qiynalgandan ko‘ra, mumtoz asarlardagi shoh baytlardan yoxud zamondosh shoirlarimiz ijodidagi go‘zal satrlardan foydalanilsa bo‘ladi-ku. Albatta, bu mening qarashlarim. Asosiysi, o‘smir yoshlarimiz she'r deganda o‘sha «jo‘qiy» izhorlarni tushunib qolishlaridan xavotirdaman.

Zuhra Boboxo‘jayeva
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.