OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

So‘kinish ham madaniyatmi?

Qizlar erkakcha so‘kinishni urf qilmoqda

Yo‘lda borayotib shovqin-suron solib kelayotgan bir to‘da o‘quvchi o‘g‘il-qizlarga duch keldim. Ularga yaqinroq kelganimda shovqin-suronning sababi aniq bo‘ldi. Taxminan 6-sinflarda o‘qiydigan ikki o‘g‘il bola bir-birini beayov haqorat qilmoqda. Haqoratning tilga olib bo‘lmas barcha nayzalari uyda farzandlarini kutib o‘tirgan onalarga sanchilmoqda.
Eng achinarlisi, ular atrofidan o‘tib ketayotgan katta yoshdagi ayolu erkaklarga ham, yonlarida maktabdan birga kelayotgan sinfdosh qizlarga ham mutlaqo e’tibor qilishmas edi. Ularning ko‘pchilik orasida o‘zlarini bunday axloqsizlarcha tutishlari oddiy holga aylanib qolgani ayon.
Keling, yana bir hayotiy misolni keltirib o‘tay, keyin mavzuni davom ettiraman. Ushbu satrlarni yozishdan bir kun oldin ishdan qaytayotib qiziq holga guvoh bo‘ldim. (Aslida ushbu maqolani yozishga ham shu voqea sabab bo‘ldi).
Bir uy darvozasi yonida to‘planib olgan 5 nafar taxminan
16-18 yoshdagi qizlar oldilarida turgan 4-5 yosh chamasidagi 2 o‘g‘il bolaga erkakcha qilib so‘kishni o‘rgatishyapti. Ukalaridir, ehtimol qo‘shnining bolalaridir, buning unchalik ahamiyati yo‘q. Ahamiyatlisi shuki, bir-ikki yil o‘tib turmush quraman degan, kelinlikni orzu qilgan,  bir kuni kelib o‘zlari farzandli bo‘lib, bola tarbiyalaydigan o‘zbek qizlarining qilayotgan ishlarini aqlimga sig‘dira olmadim.
Xo‘sh, nega shunday bo‘lmoqda? Matbuotimiz, televidenie va radioda, turli-tuman majlisu yig‘ilishlarda ma’naviyatimizning naqadar yuqoriga ko‘tarilayotgani haqida xabar, lavhayu ma’ruzalarni tinmay ko‘rib, eshitib yurganimizga qaramay, ma’naviyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan o‘zaro munosabatlardagi muomalamizning shu darajaga tushib qolishiga sabab nima? Bilaman, maqolani o‘qib, o‘zaro muhokama qilganlar, biri oilani, biri maktabni, aybdor hisoblay boshlaydi. Men bularni inkor qilmagan holda, asosiy aybdor biz katta yoshdagilar deb aytgan bo‘lar edim. Agar ishonmasangiz istagan bir ishlab chiqarish korxonasiga kirib, xodim ishchilarning yoki boshliq bilan uning qo‘l ostidagilarining o‘zaro muomalasiga bir e’tibor bering. Ko‘chadagi o‘quvchi bolalar yoki balog‘atga yetib kelayotgan qizlar aytayotgan gaplarning hammasini ulardan eshitasiz.
Nahotki, oilali, farzand tarbiyalayotgan kap-katta odamlar so‘kinishsiz o‘z fikrini bildira olmasa? Buning sababi shuki, ma’naviyatli bo‘lishga boshqalarni chaqirayotgan, ma’naviy tarbiya­ga mas’ul, o‘zlari ma’naviyatli bo‘lishga majbur shaxslar, ma’naviyat nimaligidan mutlaqo bexabardirlar. Bunday shaxslar odobli gaplar, to‘g‘ri muomala faqat ma’naviyat xonasida, ma’naviyat markazida bo‘lishi kerak, deb o‘ylashadi. Ma’naviyat talablariga faqat ana shu mavzudagi tadbirlarda va ma’naviyat darslarida rioya qilsak bo‘ldi deb hisoblashadi. Aslida esa  mutlaqo bunday emas. Ma’naviyatli bo‘lish, yoshidan, jinsidan, egallagan mavqeidan qat’i nazar har bir kishining burchidir. Agar hozirgi bolalarimizning yurish-turish, axloqi, muomalasi, bosh­qalarga munosabati jamiyat qoidalaridan tashqari chiqib ketishini istamasak, o‘zimiz ana shu qoidalarga rioya qilishga majburmiz. Aks holda, majlisu yig‘ilishlarda, dars va tadbirlarda o‘zimizni qoida doirasida ushlab, boshqa joyda o‘zimizni o‘sha darajada “qolip”dan tashqari tutsak, qilayotgan hamma “toat-ibodat”­larimizning bahosi bir pul.
Bugungi kunda ma’naviyatimizdan lof urayotganlar ushbu so‘zga turli-tuman izohlar berishadi. Ammo, men ularning birortasida ushbu so‘zning asl ma’nosini to‘g‘ri tushuntirib berishganini ko‘rmadim.
“Ma’naviyat” so‘zining o‘zagi “ma’no” ekan, har bir so‘zimiz, harakatimiz, odamlarga qilayotgan muomalamiz va munosabatimizdan qanday ma’no chiqishi bizning ma’naviyatimizni belgilaydigan mezondir. Agar ota-ona, farzandiga to‘g‘rilikni, halollikni og‘izda o‘rgatib, amalda o‘zi shu ishning aksini qilsa, bilingki, bunday farzandning kelajagidan yaxshi narsa kutib bo‘lmaydi.
Agar rahbar qo‘l ostidagilaridan, halollik va mehnatsevarlikni, samimiylik va odillikni talab qilsa-yu, o‘zi uning qo‘liga qarab tursa, faoliyatida jamoa va jamiyatning manfaatini emas, shaxsiy yoki o‘z yaqinlari manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ysa, bilingki, bunday shaxs ma’naviyatning ko‘chasidan ham o‘tmagan.
Agar o‘qituvchi har bir darsda odillik, to‘g‘rilikdan saboq bersa-yu, o‘zi shunga rioya qilmasa, uning sabog‘i ma’naviyatsizlikdan o‘zga narsa emas.
Har bir shaxs o‘z turmushi davomida kitobiy ma’naviyatdan emas, hayotiy ma’naviyatdan ko‘proq saboq oladi. Bu saboqni esa biz kattalar, faqat yig‘ilish ma’rakalarda emas, darsu tadbirlarda emas, balki har qadam, har soniyada bersakkina, ishimizning natijasi bo‘ladi — yoshlarimizning ma’naviyatida ijobiy o‘zgarishga erishamiz.

Orzumurod Hamroyev,
jurnalist
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.