OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Suvlar bormi – bir tush aytsak...

Bobom rahmatlining ibrat olsa arziydigan jihatlari, mo‘minga xos xislatlari bisyor edi. Ayniqsa hamma narsaning uvoli bor, isrofdan saqlanish kerak, deb ko‘p aytardilar. Ariqdan oqib kelgan non burdalarini chetga olib qo‘yarkanlar, boshlarini afsus bilan chayqardilar. Suvda mag‘zava, turli chiqindilar oqib kelsa, bizga ko‘rsatib nasihat qilardilar: "Suvni iflos qilgan, nojoiz narsalar tashlagan odam ko‘r bo‘ladi, hamma narsani o‘z joyiga qo‘yishga o‘rganinglar". Biz bolalar ko‘r bo‘lib qolishdan qo‘rqib, ariqni ifloslantirmaslikka harakat qilardik. Qo‘shni kelinning ko‘r bo‘lmayotganiga hayron edik, chunki u boshqa narsalar qolib, chaqalog‘ining tuvagini ham ariqqa to‘kardi. Bu gaplardan buyon qancha suvlar oqib o‘tdi... Yo‘q adashdim, qancha ariqlar chiqindiga to‘lib, suv oqmay qo‘ydi desam, to‘g‘riroq bo‘lar. Agar o‘sha bolalik tushuncham bilan bugungi kunga qarasam, so‘qirlarning soni judayam ko‘payib ketarkan.

Yo‘lning narigi yuzidagi ajnabiy yigit va qizning harakatlarini kuzatib turib shu kabi xayollarga cho‘mdim. Yigitning qo‘lida suvdan bo‘shagan yelim idish, tinmay u yoqdan bu yoqqa borib keladi. Bir payt qiz qo‘li bilan nimanidir ko‘rsatdi, yigit o‘sha tomonga o‘tib ketdi. Borib ancha uzoqroqdagi  "musorka"ga suv idishni tashlab keldi. Yaxshiki, ko‘pchilik o‘rgangan odatga muvofiq yo‘lakkami, nariroqdagi ariqqami tashlamadi qo‘lidagini... O'zimcha o‘yladim, ularning ham mening bobomga o‘xshagan bobosi bo‘lsa kerak...

Bundan ham avvalroq bir voqea sabab bobomning yuqoridagi kabi nasihatlarini eslagandim. Oyning birinchi kuni edi. Ishdan qaytar ekanmiz, hamkasbim sumkasi-yu kiyimlarining cho‘ntaklarini, xonadagi tortma borki, hammasini ag‘dar-to‘ntar qilib chiqdi, yangi oylik yo‘l chiptasi yo‘q . Eskisi turibdi, yangisini topolmaydi. "Bekatda nimanidir g‘ijimlab tashlamoqchi bo‘lgandim. Demak, o‘sha yangi "proezdnoy" bo‘lgan. Lekin, bir narsa aniq esimda, bekatda chiqindilar qutisi yo‘qligi uchun, yerga tashlashga ko‘nglim bo‘lmay cho‘ntagimga qaytarib solib qo‘ygandim". Shularni gapirib kelayotgan hamrohim, kutib turing, deb chopganicha ishxonaga kirib ketdi. Tezda qaytib tushdi, yuzida tabassum, qo‘lida g‘ijimlab tashlangan yangi oyning yo‘l chiptasi. "Qarang, - izoh berdi u, - qo‘shni xonadagi musor chelakka tashlagan ekanman". Ikkovimiz ham yengil nafas oldik. Bu voqeaga kimdir hamkasbimning e'tiborsizligi bilan xulosa yasar balki. Biroq hamkasbim ham yegan muzqaymog‘ining qog‘ozini, ichgan suvining idishini, chaqilgan pistaning po‘choqlarini, qo‘yingki, zaruratsiz ashyolarning deyarli barini jamoat joylariga tashlab ketaveradigan ayrim odamlardek qo‘lidagi g‘ijimlangan yo‘l chiptasini shundoqqina ko‘chaga tashlab yuborganida nima bo‘lardi? Shular haqida o‘ylab, yuz bergan voqea hikmatini amali chiroyli insonlarga berilajak ajrning ham chiroyli bo‘lishiga yo‘ydim.

Yana bobomni esladim - yurgan yo‘llarida tosh, shox-butoq ko‘rsalar chetga surib o‘tadigan, qog‘oz ko‘rsalar olib tandir yo o‘choqqa tashlaydigan, sochilgan non burdalari, ushoqlarini erinmay terib oladigan, dilozorlikdan qattiq parhez qiladigan...

Bugun hammamiz ham qaysidir ma'noda "Qo‘shni kelin"ga sherikmiz, dilozormiz. Nega aynan "dilozor"? Tasavvur qilaylik, shirin xayollar bilan ketayotganimizda oyog‘imiz ostiga ko‘p qavatli uylardan birining derazasidan uloqtirilgan chiqindilar to‘la yelim xalta tushsa... Yoki hozirgina kimdir yeb, tashlab ketgan olmaningmi, bananningmi po‘chog‘ini bosib olib, sirpanib ketsak... Yoxud tushlarimni aytib kelay, deb ariq bo‘yiga borsagu tashlangan chiqindilarning ko‘pligidan yo‘lini yo‘qotgan suvga ko‘zimiz tushsa... Dilimiz og‘riydi, to‘g‘rimasmi? Dilimiz bir og‘rigach, zora keyingi safar boshqalarning diliga ozor berishdan tiyilsak.

So‘z so‘nggida ma'lumot - internetdan olingan xabarga ko‘ra, yaponlar ajoyib chiqindi chelaklari ishlab chiqarishibdi. Agar uning ichiga chiqindi tashlasangiz, minnatdorchilik eshitasiz. Chelakdan chiqayotgan ovoz tartibli ekanligingizni e'tirof etib, atrof-muhit ozodaligiga qo‘shgan hissangiz uchun sizga tashakkur izhor etadi. Asosan, bolalarga o‘rnak bo‘lishi uchun  uylab topilgan bu yangilikni, tajribani butun dunyo bo‘ylab qo‘llash kerakdir...

Payg‘ambarimiz bir hadisi sharifda shunday marhamat qiladilar: "Alloh taolo pokdir, pokizalikni yaxshi ko‘radi, u tozadirki, tozalikni yaxshi ko‘radi, u saxiydirki, saxiylikni yaxshi ko‘radi, hovli, sahn va turar joylaringizni toza tutinglar..."

Agar bu hadisni yaxshi uqsak va amal qilsak, chiqindi chelak bildiradigan minnatdorchilikka muhtojligimiz qolmasdi. Chunki o‘zimizni, atrofimizni toza tutish bilan ham Alloh rizoligiga erishish mumkinligini yuqoridagi hadisi sharif aytib turibdi. Shunday bo‘lgach, bizga boshqa o‘rnakning hojati bormikan?!

Nodira Abdullayeva

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.