OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Talabaning karmoni: kim, nimaga, qancha sarflaydi?

Talabaning karmoni - bu buyum gohida to‘ladi, gohida bo‘m-bo‘sh qolishi mumkin. Biroq, har oyning boshida talaba karmoni to‘lishi aniq. Chunki, u bilim darajasiga qarab stipendiya oladi. Ya'ni «qoniqarli» o‘qib, 56-70 foizgacha ball to‘plagan talaba 44.600 so‘m, «yaxshi» o‘qib, 71-85 foizgacha fanlar so‘rog‘iga javob berganlar 67.700 so‘m, savollardan «a'lo» (86-100 foiz) o‘tganlar esa 89.900 so‘m stipendiyaga egalik qiladi.

Xo‘sh, talaba ushbu mablag‘ning qancha qismini o‘z bilimlarini boyitishga xarjlaydi-yu, qanchacini boshqa ehtiyojlariga sarflaydi.

Asosiy ulush: internet va uyali telefonga

Biz talabalar uchun stipendiyamizning eng ko‘p qismi internet va uyali telefonga 
sarflanishini ko‘pgina tengdoshlarim tasdiqlaydi. Bu yaxshi. Zero, talabaning bilim darajasi va qobiliyatini rivojlantirish uchun beriladigan mablag‘ning bir qismi har holda shu maqsad yo‘lida ishlatilyapti.

Bugungi tezkor davrda uyali aloqa vositasi ham talaba uchun juda zarur. Agarda u bekorchi, vaqtni behudaga sarflaydigan suhbatlarga xizmat qilmasa, albatta.  Tejalgan vaqtni bilim olishga sarflash o‘rinli. Bunda bizga internet yordamga keladi. Biz talabalar belgilangan fanlarni o‘zlashtirishimiz uchun ushbu axborot vositasidan turli ma'lumotlar, yangiliklarni olamiz. Albatta, sarflayotgan pulimizga achinmasak ham bo‘ladi. Sababi, u ma'naviy dunyoimizni boyitishga xizmat qiladi.

Ko‘proq pul uchun ko‘proq o‘qish kerak!

Toshkent moliya instituti talabasi G‘aybulla Jo‘raevning aytishicha, stipendiyasining bir qismini o‘quv qurollariga, tushlikka, ba'zan do‘stlar bilan uchrashib, shahar aylanishga, kino va teatrga borib hordiq chiqarishga 
sarflaydi. Talaba yigitlar o‘rtasida ham pulni rejali ishlatadiganlari topiladi. Bundaylar oy oxirlashidan hecham qo‘rqishmaydi va karmonlarida doimo pul bo‘ladi. Kamina kichkina bir sirimni ochsam. Har oy talabalik «maoshim»dan o‘n ming so‘mini moliyaviy adabiyotlar, entsiklopediya lug‘atlariga sarflayman.

Talaba-qizlarning bu boradagi amallari qanday ekan? Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Xolida Mahkamova shunday deydi: «To‘g‘risi, talaba-qizlar yigitlardan ko‘ra puxtaroq va tejamliroq, deb o‘ylayman. Chunki, qizlarga yigitlardan farqli o‘laroq har mavsum uchun bir-ikki xil kiyim-kechak emas, balki turli-tumanlik xos. Biz qizlar o‘quv qurollari, yo‘l haqi, ovqatlanishdan orttirib, kiyim-kechak va pardoz-andoz buyumlari ham olishimiz mumkin. Albatta, «a'lochi» qizlar ko‘proq ehtiyojlarini butlaganini ko‘rganda «qoniqarli» baholilarning g‘arazi kelishi tayin. Biroq, dugonajon, ko‘proq pulga egalik qilish uchun ko‘proq o‘qish kerak!»

Ishlaydigan va ishlamaydigan talaba: kim yutadi?

Ko‘pchilik ustozlarimiz ishlaydigan talabalarga (agar o‘z sohasida bo‘lsa) ishlamaydiganlardan ko‘ra ijobiy munosabatda bo‘ladi. Ya'ni, ular nazariya va amaliyotning uyg‘unligi masalasida ishlamaydiganlardan ko‘ra tajribaliroq. To‘g‘ri, ular vaqt yetishmasligi sabab ba'zan tadbirlardan chetda qolishi mumkin, ammo dars masalasida hamma qatori ulgurishga intiladi. Bunday hollarda bo‘sh vaqtning topilishi mahol-ku, biroq salohiyatdan unumli foydalanilsa, barchasini bajarish mumkin ekan. Toshkent davlat agrar universiteti talabasi Husniddin Jumanov ishlaydigan talabalar vakili sifatida shunday deydi:

- Men o‘qishdan bo‘sh vaqtimda soham bo‘yicha ishlayman. Boshida ish biroz darslarimga xalaqit berdi. Hozir esa hammasiga vaqt topaman. Stipendiyamni o‘zimning o‘qish va shu yo‘ldagi ehtiyojlarimga ishlataman. Uylanganman, farzandim bor. Maoshimni oilamga sarflayman.

Biz bu o‘rinda hamma ishlaydigan talaba namunaliyu, ishlamaydiganlar bekorchi, degan fikrdan yiroqmiz. Albatta, talaba faqat talabaligini qilganda, to‘laqonli bilim olishi uchun imkoni katta bo‘ladi. Biroq, talaba bo‘la turib ham o‘qimay, ham ishlamay vaqt o‘tkazayotgan tengdoshlarimni ko‘rganda afsuslanaman. Ular, talabalik davri qaytib kelmasligini, ustozlar qayta saboq bermasligini tushunib yetishmaydi chog‘i.

Shartnoma asosida o‘qiydigan talaba: «a'lo» o‘qisa, o‘ziga foyda

- Men shartnoma asosida o‘qiyman, - deydi Toshkent avtomobil va yo‘llar instituti talabasi Ulug‘bek Shoev. - Kundalik xarajatlarimni stipendiya evaziga qoplayman. Ota-onam shartnoma pulini to‘laydi. Shuning uchun ulardan ortiqcha sarflarga hadeb mablag‘ kutavermasdan, yaxshisi, stipendiyamga suyanaman.

Ba'zi talabalar past bahoga o‘qisam, shartnoma pulini kamroq to‘layman deb o‘ylashadi. Bu noto‘g‘ri. Chunki, stipendiya talabaning ilmiy-ma'naviy salohiyatini qayrash uchun ajratilgan mablag‘-ku?!

Aksariyat xorijiy davlatlarda to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydigan talaba stipendiya bilan ta'minlanmaydi. Yurtimiz oliy o‘quv yurtlari tizimidagi talaba xoh u grant asosida, xoh shartnoma bilan o‘qisin, stipendiya oladi. Bu yoshlar ta'lim olishining davlat tomonidan to‘laqonli qo‘llab-quvvatlanishini isbotlaydi. Shuningdek, Navoiy, Beruniy, Prezident stipendiyasi va bir qator imtiyozli stipendiyalar ham joriy etilganki, ularni qo‘lga kiritgan a'lochi, iqtidorli, izlanuvchan talabalar ko‘pgina imkoniyatlarga erishadi.

Maqsadimiz kimning qancha pul sarflashini, kimning hamyoni bo‘sh yoki qappayganini tekshirish emas, balki stipendiyaning  talabaning o‘qish, izlanish, shaxsiy qobiliyatini charxlashdagi munosib o‘rnini ta'kidlash edi. Zero, bugun «a'lo» o‘qib, ko‘p stipendiya oladigan talaba, erta bir kun eng yaxshi kadr sifatida ko‘p maosh oladigan mutaxassisga aylanishi tayin.

Muhammadjon Erxonov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.