OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

To‘rsimon bozor tahdidi

Globallashuv va madaniyatlar to‘qnashuvi kechayotgan bir davrda axborot va ma’naviyat sohasidagi tahdid turlarni ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz. Shu jumladan, ularning axborot neokolonizmi, axborot ekspantsiyasi, diniy missionerlik, lingvistik bozor kabi bir qancha turlari mavjud. Lekin ayrim gazetxonlar iqtisodiy tahdid turlari va ularning nayranglarini bilmasligi yoki bilsalar ham bu narsaga «xavfli» deb qaramasligi mumkin. Chunki biznes sektalar faoliyati hozirgi o‘zgaruvchan dunyoda o‘z-o‘zini ta’minlashning biror turi-da, degan ko‘nikmaga olib kelyapti.

Ma’lumki, chegara bilmas transmilliy kompaniyalar harakatidan tashqari, to‘rsimon bozor o‘z mahsulotlarini sotishning «samarali» usulini o‘ylab topgan. To‘rsimon — tarmoq bozori va reklama orqali keng ko‘lamda iste’molchilar ichiga kirib borgan ikki toifa — kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqaruvchi: 1) «Oriflame», «Faberlic», «Avon», 2) «Procter and Gamble», «Loreal», «Schwarzkopf and Henkel» kabi kompaniyalarni yaxshi bilasiz.

Bu ikki to‘rdagikompaniya bir-biridan asosan mahsulotlarini sotish usuli bilan farqlanadi. Ikkinchi turdagi kompaniya ishlab chiqaruvchilaridan yirik ulgurji sotuvchilar mahsulotni bevosita sotib oladi. Va bu mahsulotlar qo‘ldan qo‘lga o‘tmaydi. Natijada ularni iste’molchi bevosita supermarket va shu kabi do‘konlardan xarid qilib olishi mumkin.

«Oriflame», «Faberlic», «Avon» firmalari mahsulotlarini esa zanjirsimon yoki piramida shaklida sotilishini kuzatish mumkin. Bu quyidagicha amalga oshadi: ishlab chiqaruvchilar, distribyutor (iste’molchi), yana uning qo‘lidan oluvchi distribyutor (iste’molchi) va yana ular topgan, aniqrog‘i, o‘z zanjiriga ulagan distribyutorlar. Bunda biz to‘rsimon yoyilayotgan tarmoq bozorining piramida shaklida taraqqiy etayotganining guvohi bo‘lamiz. Bir qarashda mazkur usul silliq, bexavotir, halol shaklda kechayotganday ko‘rinadi. Biroq masalaning boshqa tomoni bor. Haqiqatan ham bunda hech qanday xavfli nayrang ishlatilmaydi. Lekin piramidaning eng pastki qismi hisobiga avvalgi pog‘onadagi “tarqatuvchi”lar moddiy ta’minlanadi. Yuqoridagilar quyidagilarning foizi hisobiga kun kechiradilar. Ya’ni pastdagilar yuqoridagilarga havas qilgan holda o‘zlari ham bir kun ulardek «foizxo‘r» bo‘lishga intilgan holda «tirama kuzov»lariga «zanjir» ulash uchun jonini jabborga beradi. E’tibor qiling: bu holat bizga shariatda man etilgan sudxo‘rlikni eslatmaydimi? Faqat bu — sudxo‘rlikning zamonaviy ko‘rinishi. Agar kompaniya tanazzulga uchrasa, adolatsizlik o‘z «bo‘yi basti» bilan namoyon bo‘ladi.

Bu to‘rsimon tarmoq bozori amaliyoti faqat bugun paydo bo‘lmagan. Bu manzarani bundan bir necha yil oldin Herbalife (gerbalayf) dori-darmon mahsuloti bilan shug‘ullangan kishilar yaxshi eslashsa kerak. Tarmoq bozorining tarixiga nazar tashlasak, bu ishni Amway firmasi boshlab bergan. Hozir Amwaychilar butun dunyoni bosib ketgan.

Yuqori pog‘onadagi shaxslar o‘zlariga turli lavozim va rag‘batlar berib borishadi. Masalan, «Diamond Director» «Brilliant ambassador», «Besh yulduz sohibi», «To‘rt yulduz sohibi» va hokazo unvonlar olishadi. Yuqoridagi ushbu «to‘ralar» turli seminarlar, trening mashg‘ulotlari o‘tkazib, o‘zlarini namuna qilib ko‘rsatib pastdagilarni tezlaydilar. Hatto «bizdek yashang!» deganday, chet ellarga sayohat uyushtiradilar, yana shaxsiy samolyotga, shaxsiy vertolyotga ega bo‘layotganlari haqida lof uradilar.

Albatta, bu amaliyotni, ya’ni o‘zlari ishlayotgan kompaniyaga jalb qilish uchun (foiz yeyish maqsadida «zanjir»ga) to‘rt yoki besh kishini topish uchun chopayotganlari, qo‘llaridagi mahsulotni reklama qilib yurganlarini eshitgansiz yo ko‘rgansiz. Ular bilan uchrashib qolsangiz, albatta, suhbat mavzusini o‘z o‘zanlariga burishga harakat qiladilar. Ular ichida hatto kasblarini tashlab ana shu «halovatsiz chohga» sho‘ng‘ib ketganlar ham topiladi. Inson ruhiyatiga ta’sir qilish jihatidan bu amaliyotni buzilgan diniy sekta harakatiga qiyoslash mumkin.

Xo‘sh, bu kompaniyalar ishining adolatsizligi va nopokligi nimada? Birinchidan, ayrim davlatlar to‘rsimon bozor faoliyatini ta’qiqlab qo‘yganlar (masalan, Shvetsiya). Ular tadbirkor sifatida soliqdan bosh tortadilar. Chunki, bu «tadbirkorlik» davlat soliq qonunchiligida ko‘rsatilmagan. Yana soliqchilik bilan bog‘liq me’yoriy hujjatlarda bunday faoliyat aks etmagan. Shu ma’noda, hech kim ularning «mushugini pisht deyolmaydi». Ikkinchidan, ularning ko‘plari davlat ro‘yxatidan o‘tmagan, sertifikat olmagan mahsulotlarni ekologik, biologik toza deb, reklama qilib «arzon» narxda sotadilar. Uchinchidan, kompaniya to‘riga ilingan inson uni tark etishi amri mahol. Kompaniya ichida mazkur faoliyatga qarshi so‘z ham bo‘lishi mumkin emas. Eng achinarli tomoni shundaki, kompaniyaga a’zo bo‘lib kirgan kishi bu ishga kim bo‘lishidan qat’iy nazar, qarindoshimi, xotinimi, erimi, farzandimi, hammasini tortadi. Ko‘rib turganingizdek, bu kompaniyalarning asosiy maqsadi mahsulot sotish emas, balki foiz yig‘ishga qaratilmoqda. Qolaversa, odamlarga agar kompaniyaga a’zo bo‘lishsa, katta foyda ko‘rishi va’da qilinadi, unga erishish esa noaniq...

Tarmoq bozori faoliyatini dallollikka ham qiyoslab bo‘lmaydi. Chunki dallol boshqa bir kishining molini sotib bergani uchun haq (shirinkoma) oladi. Tarmoqli bozorda esa piramida a’zolarini ko‘paytirish va ulardan foiz olish ko‘zda tutiladi.

Bu biznes turining nomi juda ko‘p: «Piramida», «To‘rsimon bozor», «Tarmoqli marketing» (setevoy rыnok), «ko‘p qo‘lli bozor», «network marketing», «multi level marketing» va hokazo. Ularning ko‘pchiligi mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga shoshilmaydilar. Albatta, bu omil ularga shubha tug‘diradi. Hozirgi kunda kitob savdosini ham shu yo‘l orqali amalga oshirayotganlar uchramoqda. Shahar sharoitida parfyumeriya, kosmetika mahsulotlarini olib yurgan kishilardan tashqari, Rossiya va MDH davlatlari bosmaxonalarida chop etilgan yaltiroq muqovadagi turli-tuman kitoblarni sotish uchun ishxonalarga kirib kelayotgan odamlar ham uchrab turadi. Qani endi, tarmoqli bozorni aralashtirmay, milliy kitoblarimizni ana shunday ko‘tarib yurib sotsalar... Nur ustiga nur bo‘lardi...

Bugungi kunda mamlakatimizda «quest net», «herbalife», «tyanshi» kabi to‘rsimon marketing kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan ayrimlari davlat ro‘yxatidan o‘tib, sertifikat olgan. Lekin hech qanday hujjat olmay ishlayotgan kompaniyalar qanchadan-qancha. Biz bunga ko‘cha-ko‘yda ularning gap-so‘zi, sa’y-harakatlari orqali guvoh bo‘lmoqdamiz. To‘rsimon bozor faoliyati kundan-kunga ko‘payib, zamonaviylashib bormoqda. Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan turib faoliyat yuritayotgan kompaniya yoki tadbirkorlarni firibgarlik qilmayapti, deb kim kafolat bera oladi? Har holda, bozorning ota-bobolarimizdan qolgan, sinalgan usuliga nima yetsin...

Shukur Jabborov

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 3-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.