OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Nurullayev. Ezgu xayollar qudrati

Xayol surish insonga xos xususiyat. Uning hayotini o‘y-xayollarsiz tasavvur etish qiyin. Kim biladi, balki tushimiz uyquda ko‘rayotgan xayollarimizdir? Agar o‘y-xayollar chalg‘itib turmasa, bilmadim, odam zerikishdan nima qilgan, qanday holatga tushgan bo‘lardi. Umuman, hayotimizda shunchalar muhim ahamiyatli ega ekan, nima u xayol? Uning paydo bo‘lishi qaerdan, qanday? Miyada tutgan o‘rni, aql bilan munosabati nechog‘li ekanini bilamizmi? Gohida kishini xayollari boshqarib tursa kerak, degan o‘yga ham boraman. Lekin aql degan tushunchani ko‘proq bilganim uchun xayol undagi jarayon bo‘lib tuyuladi menga. Uzoq mulohaza yuritib, oxiri xayol Yaratganning mo‘‘jizalaridan biri ekaniga amin bo‘laman, U odamzotga o‘z-o‘zini va olamni anglash uchun yaratilgan imkoniyat, bir so‘z bilan aytganda ilohiy ne’mat.
Chuqurroq fikr yuritsa, darhaqiqat, insonni xayollari boshqarib turganiga kishi ishonadi. Chunki amalga oshirmoqchi bo‘lgan har qanday harakatimiz, avvalo xayol kuzgusida gavdalanadi. Bu oniy lahzalarda ro‘y bersa ham shunday ekani ma’lum. Hatto tilga chiqarmoqchi bo‘lgan gaplarimiz ham birinchi navbatda ko‘nglimizdan o‘tadi. Biz ko‘pincha buni payqamay ham qolamiz. Mayli, gap bunda emas, maqsadimiz xayol surganda nimalarga e’tibor berishni tushunish, xolos. Xayol surishning qanday kechishini aniqlash esa fanning vazifasi. Insonning holati uning miyasida charx uradigan o‘y-xayollariga bog‘liq ekani tajribalarda isbotlangan. Ruhiyatda sodir bo‘ladigan jarayonga inson o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin ekan. Ya’ni ruhiyat ahvolimizni belgilagani uchun, uni o‘zgartirishimiz, natijada holatimizni boshqarishimiz mumkin. Lekin bu imkoniyatdan qanday foydalanyapmiz?
Ruhshunoslar mudom yaxshi narsalar haqida o‘ylashni maslahat berishadi. Yomon fikrlarni miyangizdan haydang, degan tavsiyani ko‘p eshitganmiz. Buning uchun ko‘ngildan yaxshi narsalarni kechirish kerak ekan. Har bir inson hayotida o‘ylaganda kayfiyatini ko‘taradigan voqea-hodisalar ko‘p sodir bo‘lgan. Ularni hech qachon esdan chiqarmaslik kerak. Aksincha, ko‘ngilni cho‘ktiradigan, yodga olganda kishi o‘zidan xafa bo‘lib ketadigan xotiralarini unutishi zarur.
Xorijda qiziq bir tajriba o‘tkazilgan. Gazetaga o‘ziga xodim kerakligi haqida e’lon bergan bir tashkilotga mutaxassisligi to‘g‘ri keladigan 20 ta odamni ikki guruhga ajratib suhbatga yuborishgan. Birinchi guruhga kirganlarda taklif etilgan ishga o‘zlarini olishga gumon, to‘hrirog‘i ishga yo o‘taman, yoki o‘tmayman degan xavotir, ayrimlarida esa, hatto meni bu ish joyiga olishmaydi degan hadik bo‘lgan. Ikkinchi guruh vakillari esa mazkur bo‘sh joy o‘rniga aniq men o‘taman degan ishonchda bo‘lishgan. Tanlov yakuni hayratlanarli natijani ko‘rsatgan, ya’ni birinchi guruhdagilarning birortasi belgilangan ishga o‘tishga loyiq topilmagan. Ikkinchi guruhdagilarning aksariyati esa taklif etilgan ishga to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Bu tajriba ishga qabul qilishda emas, o‘zgalar fikrini bilish uchun uyushtirilgan boshqa o‘zaro munosabatlarda ham sinab ko‘rilgan, natija esa bir xil, yuqoridagi holat takrorlangan. Demak, shunday xulosaga kelinganki, kishilarning ruhiy holati o‘zgalarga ta’sir etibgina qolmay, ko‘nglidagi istakni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan odamni o‘ziga nisbatan xayrixoq bo‘lishga ham undaydigan qandaydir bog‘liqlik ham paydo bo‘larkan.
Xalq orasida har gapga farishtalar omin deydi degan gap yuradi. O‘ylagan narsa amalga oshadi deb bejiz aytilmagan. Xo‘sh, shunday ekan, biz nimalar haqida gapiramizu, nimalar haqida o‘ylaymiz? Albatta biror ish bilan mashg‘ul bo‘lsak, fikrimiz bajarayotgan ishga bog‘liq bo‘ladi. Diqqatimiz amalga oshirayotgan ishimiz qaratilgan bo‘lsa, mehnatimiz barakali, aksincha chalQisa ishimizda unum bo‘lmaydi. Demak, ishimizning qanday kechishi va qanday bo‘lishi ham xayollarimizga bog‘liq bo‘larkan.
Agar aytgan gapimiz, o‘ylagan fikrimiz amalda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lsa, nega yashashga bo‘lgan munosabatimizni shunga moslamaymiz? Axir barchamiz hayotimiz yaxshi bo‘lishini istaymiz-ku. Kunlari xursandchilik bilan o‘tishini kim xohlamaydi? Kayfiyatni o‘y-xayollar bilan o‘zgartirish mumkin ekan, nega shu oddiy usulni o‘zimizda qo‘llamaymiz. Bizga shunday imkoniyat yaratilganidan foydalanib, kayfiyatimiz mudom ko‘tarinki bo‘lishini ta’minlaylik. Nega holatimizga salbiy ta’sir etadigan yomon xayollar bilan miyamizni zaharlashimiz kerak. Hasad, o‘zgani ko‘rolmaslik, boshqalarga yomonlik tilash kabi jirkanch xayollar bilan band bo‘lgan kishini aftu angoridan ham sezish mumkin, uning basharasi tund, nigohi so‘nik, harakatlari sust bo‘ladi. O‘ziga va boshqalarga ezgu niyatda bo‘lgan kishilar esa qaerda bo‘lishmasin, yarq etib ko‘zga tashlanishadi. Chunki ularning yuzidan nur yoQilib turadi, ko‘zlarida yorqin bir o‘t bor, chaqnab turishi shundan, hatto bir joyda o‘tirgan bo‘lishsa-da, ularning harakatchan, tetik inson ekanliklari sezilib turadi. Insonning holati uning qanday xayol surayotganini ma’lum qilib turar ekan, biz beixtiyor yaxshi xayollar og‘ushidagi insonga o‘xshagimiz keladi. Axir yuzi charog‘on, ko‘zi yongan, harakatchan odam bo‘lishni kim ham istamaydi. Shunday ekan, keling mudom yaxshi narsalar haqida xayol surishni odat qilaylik. Kayfiyatingizni ko‘taradigan xotiralaringiz bisyor, o‘shalarni eslang. Insonning yolg‘iz qolgan damlari bo‘ladi. Ana shu vaqtni har bir kishi o‘ziga foyda keltirishi uchun sarflashi kerak. Bunday pallada sizga hech kim xalal bermaydi. Hayotingizning eng faravon damlarini xotirlang. Umringizni yanada zavqli o‘tishiga zamin tayyorlaydigan ezgu orzularga beriling. Agar shunday qilsangiz yomon xayollar surish odati sizni butkul tark etadi va endi ko‘nglingizda hamisha kechadigan yaxshi niyatlaringiz sizni ezgulikka, demak kamolot sari yetaklaydi. Mudom esingizda tuting: Faqat ezgu niyatli kishilar baxtga erishganlar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.