OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yurakning to'rt sanchig'i

SHAYMAN CHAVANDOZNING NIGOHI
Kuzning oxirlari edi. Telefon jiringladi: notanish raqam. Behafsala go‘shakni ko‘tarsam, tanish ovoz eshitildi:
— Qandaysan, nevara, kayf chog‘mi?
Ko‘ksimga qishloq hidi urilganday bo‘ldi: Shayman chavandoz. G‘ayratli bova, fermer. Yilda ikki-uch marta nimalarnidir hal etgani bazza-bazza poytaxta kelib turadi. 
So‘rashdik. Chilonzordan qo‘ng‘iroq qilayotgan ekanlar. Bordim. Chavandoz bova dashtday keng bag‘rini ochdi:
— Ha, ko‘zingdan...
Uyga taklif qiluvdim, rapidaday qo‘lini sermadi:
— Yer qarab turibdi, choylashishga balo borma? Poezd jo‘nashiga hali barvaqt. Bir xabarlashay, deb edim-da...
Yo‘l ustidagi kafega kirdik. Chavandoz bova do‘ppisini qo‘liga urib, qayta-qayta qoqdi:
— Tovbangdan-ay, uch oy oldin manov bino yo‘q edi-ku...
— Ha, endi...
Ovqat orasi ag‘dan-bag‘dan gurung qo‘shildi. Chavandoz zotining ichi to‘la gap bo‘ladi...
— Ay, nevara, erkak degani ot minmay qo‘ydi. Shuning uchun badanda bujur yo‘q-da. Sen tengi paytimiz Inoyat «kuzir» bilan ko‘pkaridan qolmasdik. Qor beldan urib tursa ham buyog‘i Boysunu Sherobod, naryog‘i Sariosiyoga borib ot chopganmiz. Yaqin orada avvalgiday ko‘pkarini ham, chavandoz ham ko‘rolmadim, nevara...

Chavandoz bova tiynatiga nomuvofiq andak ma’yuslanadi, xo‘rsinadi. Bir dam o‘tgach, ko‘zlarda yana o‘sha shiddat jilva qiladi:
— Ay, baxshilarni aytgin. El sel bo‘lardi-ya. Qodir baxshi to‘yga kelsa, o‘tirgani joy topilmasdi. Polvonlar doston eshitib, davralardi. So‘ng kurash ko‘rgin-da. Kuch bilakka sig‘may, jelakni «tors-tors» yirtadi-ya... Qodir baxshi ham chertib aytardi, ammo-lekin «Ot mingan yigitlarga oriyat yo‘ldosh bo‘ldi...» derdi. Ay, belida belbog‘i borlar bu gapdan qizinmasin-ma?!.
Chavandoz bova choy ho‘pladi:
— Endi, bu gaplar qolib ketdi. Bugunning bolasi — boshqacha! Bularing otni zooparkda ko‘rib katta bo‘layapti. Shuning uchunmikan, ko‘zida o‘t ko‘rmayman. Ay, tovba-ay...
Sal narida bir talay o‘smirlar yoshi o‘tganroq ikki ayol boshchiligida nimanidir bayram qilishardi. Qiy-chuv, hiring-hiring... 
Bittasi turib, magnitofonga kasseta qo‘yib keldi.
— «... qachon, dema, dilni qilma vayron,
qachon, dema, senga jonim qurbon,
kechirgin xatoyim,
kechirib qo‘ygin tamom — Mario!..»
Jazavali raqs boshlandi. O‘smirlar kimo‘zarga qiyqirib, haligi ayollarni o‘rtaga olishib, bilganicha o‘ynashardi. Bittasi esa azbaroyi zavq-shavqdan bo‘lsa kerak, qiz bolani dast ko‘tarib, bir-ikki aylantirib qo‘ydi.
Shayman chavandoz hayron bo‘lib tikildi. Keyin shahd bilan turdi-yu, magnitofonning sim-pimini uzib, otib yubordi. Qiy-chuv bir zumda tinchidi.
Chavandoz bova hayron bo‘lib turganlarga bir qoshini balandlatdi:
— Ha-a?..

Uning xarakterini bilganim uchun aralashmadim. Ammo jim qarab ham turolmadim. Oliftaroq bittasini tutolmay qoldim. Qaboq uyub turgan Chavandoz bovaga ro‘para bo‘ldi:
— Nima qilyapsiz, boboy?..
Ulgurolmadim. Haligi bola tarsakidan ancha nariga uchib tushdi. Boshlandi to‘polon. Yuz-ko‘zlari bo‘yalgan, sochi kalta boyagi xotinlar shang‘illagancha «tartibbuzar zo‘ravon»ga yopishib ketdi:
— Kimsiz, o‘zi. Vaobshe tushunolmay qolduv. Vay, tovba qilsam, jinniroqmisiz,a?..
Chavandoz bova qo‘lini sermadi:
— Tek tur-ay...
Kafening kattalari yugurib keldi. Shayman chavandozni qo‘ltiqlashib, qulog‘iga bir nimani shivirlashib, tashqariga olib chiqishdi.
— Bo‘ldi-ay...
Chavandoz bova bir siltanib, u yog‘-buyog‘ini to‘g‘rilagan bo‘ldi.
— Bizdan qancha?..
Cho‘ntak kovlayotib qarasam, u o‘qrayib turibdi. Tinchidim. Ketayotib, uzr so‘ragani chiqqan qandaydir bolaga chavandoz bova o‘dag‘ayladi:
— Kim, anov urg‘ochi?..
Yigitcha yerga qaradi:
— Ustozimiz...
Indamay yo‘lga tushdik. Shayman chavandoz poezdga chiqarkan, jim bag‘riga bosdi. So‘ng... Ke-e-e-tdi. Shu bo‘yi mana ikki yildirki, u poytaxtga kelmaydi.

«QORNIM TO‘YSA, BO‘LDI-DA»
So‘nggi marta qishloqqa borganimda, adirga chiqdim. Bir bola mol boqib o‘tirgan ekan. Gaplashgim keldi, negadir. So‘rashdimu, arang tanidim: uyi anhorning narigi betida. Juvozkash amakining supraqoqdisi. Bu yil 9-sinfni bitiribdi.
— Kitob o‘qiysanmi? — dedim gapni aylantirib.
Boshini chayqadi. Sababini so‘rasam, yelkasini qisdi. Menam qo‘ymadim.
— Kim bo‘lmoqchisan?
— ... Hech kim...— pichirladi u.
— Iya, uka, sal pastroq tushing, — dedim erkalab. — Agar sen hech kim bo‘lolsang, dunyo nima bo‘lishini bilasanmi?
Ajablanib tikildi. 
— Shaharda o‘qiysanmi, nasib bo‘lsa?
— Yo‘q...
— Nimaga, endi?
— Otamning puli yo‘q, — cho‘rt kesib gapirdi u.
— Iya, qiziq ekansan-ku. Sarflagan puling bir kuni qaytib keladi.
— ...

Boshini siladim:
— Xo‘sh, otang bilan gaplashsam, o‘qiysanmi?
U o‘ylanib qoldi. Keyin... ishonasizmi, naq saksondan sakragan cholday gapirdi:
— Bizar kattarguncha... zamonlar o‘zgarib ketadi.
— Nimasi o‘zgaradi, — dedim iddao aralash.
— ...
Bir pas jim qoldik.
— Cho‘pon bo‘lasanmi? — dedim andak o‘tib. 
Boshini sermadi.
— Keyin-chi?
— Mol boqaman.
— Bor-yo‘g‘i shumi? — dedim ajablanib.
U yerga qaradi:
— Qornim to‘ysa, bo‘ldi-da.
Iloji boricha xotirjam gapirishga urindim:
— Hov, anov targ‘il g‘unajinni ko‘ryapyasanmi? Ana shuning ham qorni to‘ysa bo‘ldi. Sening undan farqing yo‘qmi?
Ukam tushmagur qochib ketdi.
Kechqurun hamsoyamiznikida to‘y bo‘ldi. Otarchilar shaharlik ekan. Ko‘pchilikning ko‘zi husni qocha boshlagan raqqosa-da. U ham o‘z ishining ustasi: pul chiqarmaguningizcha ketmaydi. Kimdir pul uzatib o‘pmoqchi bo‘ldi. Raqqosa nozlandi. Haligi kishi shartta do‘ppisini kiydirdi-da, pulga belab tashladi. Raqqosa bu safar yo‘q demadi, hartugul. Maqsadiga yetgan boyagi kishi atrofga burgutona qarash qilib davradan chiqdi. Yonimga kelib o‘tirganida uni tuyqus tanib qoldim. Bu — o‘sha juvozkash edi.

JO‘NLASHAYOTGAN HAYRAT

«Oxir zamon odamlari yantoq ustiga chiqib azon aytarkan», — derdilar momom. Ba’zan o‘ylab qolaman. Avlodlar almashgani sayin umr ko‘rish yoshining qisqarayotgani, gavda tuzilishining kichrayib borayotganligi — bor gap. Ammo e’tiborlisi shundaki, odamzotda xudbinlik ortgani sayin hayrat jo‘nlashib, doirasi torayib borayotir. Sun’iy jarayonlar qarshisidagi lollik esa hayrat bo‘lolmaydi. Navoiy hazratlari «Lison ut-tayr»dagi bir vodiy (kamolot bosqichi)ni Hayrat deb nomlaganlar-da. Bilingki, hayrat yo‘qolgani sayin inson o‘zligidan, «men»idan uzoqlashib boraveradi.
Yaqinda Toshkentga kelishimda bir yigit safardosh bo‘ldi. Gapimiz darrov o‘ng tushdi. Rosa xursand ko‘rinardi:
— To‘ydan kelayapman, aka. Tog‘am o‘g‘lining qo‘lini halolladi. Dahshat. Hamma qoyil qoldi. Sakkizta otarchi. Vay, to‘ydan bir kun oldin-chi, to‘rtog‘ayni «neksiya»ni minib chiqqanmiz. Rosa o‘tirib, yarim kechasi osh qilmoqchi bo‘ldik-da. Urin-urin boshlandi. Bir payt ko‘zimni ochsam, savzi kuyib, qozonga yopishib qolibdi. Hamma «o‘chib qolgan» ekan. Vay, ana komediya...
U yana ko‘p gapirdi: asli samolyotda kelmoqchi ekanu, Termizgacha borishga erinibdi. Hali «prava» ololmagani uchun mashinani olib kelolmabdi. Qizlardan tanishi ko‘p, o‘zi ham sanog‘idan adashib ketadi. Bir qancha rasmlarni ko‘rsatdi: turli hangomalardan yodgorliklar.
Avtobus jo‘nashi oldidan u bir yigit bilan gaplashib turgandi. Negadir u yigit chiqmadi. Shuni so‘radim. 
— Ha, umi, sinfdoshim, qo‘shnimizning o‘g‘li, — beparvo qo‘l siltadi. — Toshkentga ishga borayotgan ekan, avtobusga puli yetmabdi. Mana, mana shu-da haligi aytganim. Tog‘da «Matiz»ni haydab avariya qilishimga ozgina qolgan...

SO‘ZG‘AKI POYON BO‘LUR...
Bir kuni darsdan kelsam, shumxabar aytishdi: yaqin bir akamiz olamdan o‘tibdi. Bandalik. Uyidan chiqarishayotgan ekan. Ulgurolmasligimni bilgach, to‘g‘ri qabristonga borib qo‘ya qoldim. Masjidda ikkita tobut turardi. Ko‘p yaxshi gaplar bo‘ldi. So‘ng bitta tobut chiqdi. Qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Imkon qadar ko‘tarishdim. Marhumni qabrga qo‘yayotib, atrofimga qarasam, bitta ham tanish kishi yo‘q. Adashganimni sezdimu, duoni o‘qir-o‘qimas, ikkinchi tobutni olib ketishgan tomonga chopdim. Qorovuldan so‘rab topgunimcha vaqt o‘tdi. So‘ngi duoga adashganimdan afsuslandim. Keyin... o‘zimdan jirkanib ketdim.

Umid Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.