OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anor, xurmo va mandarinning xosiyati

Anorni xorijda “alvon shifokor”, deb atashadi. Negaki, u dunyodagi eng foydali mevalardan biridir. Tarkibidagi V, RR, S guruhiga kiruvchi darmondorilar, karotinlar, oqsillarning odam organizmida sintezlashuvi va modda almashinuvini faollashtiradi. Foliy kislotasi o‘rnini bosuvchi folatsin moddasi esa qon hosil bo‘lishida muhim ahamiyatga ega. Anor tarkibidagi tanin moddasi taomni hazm qilish a’zolaridagi yallig‘lanishni davolashda qo‘l keladi. Anor qonda gemoglobin miqdorini ko‘paytiradi, turli xastaliklarga qarshi immunitetni oshiradi, ishtahani ochadi. Issiq haroratni tushiradi, qon bosimini mo‘‘tadillashtiradi, yo‘talni kamaytiradi, og‘riqni qoldiradi.

Anor sharbati eng kuchli antioksidantdir. U siydik va o‘t haydash, a’zolar yallig‘lanishini davolash, taomlar hazmini yaxshilash va ichak yo‘llarini mustahkamlash xususiyatiga ega. Biroq shuni ham unutmangki, anor sharbatini gastrit va me’da yarasi xastaligida ichib bo‘lmaydi. Qorinni damlatmasligi uchun anor sharbatini sabzi va lavlagi sharbatlari yoki qaynatilgan suv bilan uchga bir nisbatda aralashtirib ichgan ma’qul. Tishlari o‘ta sezgir kishilar ham anor sharbatini ichishda ehtiyot bo‘lmog‘i kerak, u tishning nafislashib qolgan emal qatlamini yemirishi mumkin. Anor mevasi va ildizidan tayyorlangan turli damlamalarni haddan ziyod ko‘p ichish umumiy holsizlik, bosh aylanishi, ko‘rish qobiliyati susayishiga olib keladi.

* * *

Qishning sovuq kunlari xurmoning ta’mini yanada oshiradi. Uning tarkibida, ayniqsa, yod ko‘p. Shuning uchun qalqonsimon bez xastaligining oldini olish va davolashda xurmo nihoyatda qo‘l keladi. Rangidan ham ma’lumki, uning tarkibida qartayishning oldini oluvchi beta-karotin moddasi juda ko‘p. Xurmo tarkibidagi kaliy yurak mushaklari faoliyatini yaxshilaydi, temir kamqonlikning oldini olishda betakror vosita. S va R darmondorilari tomirlarga shifo, magniy esa buyrakda tosh hosil bo‘lish ehtimolini kamaytiradi.

Xurmoning pektinga boyligi taomlarning hazm bo‘lishini yengillashtiradi, me’da shirasi va xolesterinni me’yorga soladi. Ovqat hazmi buzilganda ham xurmo iste’mol qilish tavsiya etiladi. Xurmo sharbati bakteriyalarni yo‘qotish xususiyatiga ega, shu sababli zaharlanish va oshqozon ichak xastaliklari muolajasida xurmo buyuriladi.

Biroq xurmo tez buziladigan meva. Sirtida qora dog‘lar hosil bo‘lishi uning chiriy boshlaganidan nishonadir. Tarkibida shira ko‘pligi uchun qandli diabet bilan og‘rigan va semiz kishilarga tavsiya etilmaydi. Xurmoni haddan ziyod ko‘p yeyish ichaklarning me’yordan ortiq to‘lib ketishiga olib keladi.

* * *

Mandarin tarkibidagi S darmondorisi bu meva uzoq saqlanganda ham yo‘qolmaydi. Undagi D darmondorisi raxitga chalinishdan asraydi, K darmondorisi esa qon tomirlar elastikligini saqlaydi. Mandarin tarkibidagi sinefron moddasi yog‘larni parchalab, nafas yo‘llaridagi shilimshiq moddalarni eritib yuboradi. Shu sababli bronxit va damqisma bo‘lganlar ertalab bir stakan mandarin sharbatini ichishlari tavsiya qilinadi. Mandarin sharbati o‘pka va nafas yo‘llarini shilimshiq moddalardan tozalaydi. Aminokislotalarga nihoyatda boyligi uchun mandarin turli shishlarni davolashda samarali vositadir. Mandarin me’da, ichaklar va buyrak shilliq qavatini yallig‘lantiruvchi turli meva kislotalariga boyligi uchun sariq xastaligi, xoletsistit, enterit, kislotasi yuqori bo‘lgan gastrit, me’da yarasi va o‘n ikki barmoqli ichak xastaliklarida tavsiya etilmaydi.

* * *

Xorij matbuotining xabar berishicha, dorishunoslikka ixtisoslashgan chet el kompaniyalarida SPIDga qarshi eng samarali preparat yaratilgan. U odam immun tizimidagi to‘qimalarga SPID virusi joylashib olishiga yo‘l qo‘ymaydi va qondagi viruslar miqdorini 95 foizcha kamaytiradi. Akademik S. Kolesnikov fikriga ko‘ra, yangi vosita keng ko‘lamda klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘nggina uning foydasi haqida gapirish mumkin.

“AiF”ning 2011 yil, 52-sonidan O‘zAS tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.