OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yetti xazina

http://ziyouz.com/images/xazina.jpgXalqimizning ma’naviy va madaniy merosi shunday boy ummonki, unga qancha chuqur sho‘ng‘iganing sayin yanada noyob javohirlarga duch kelaverasan. Buyuk bobokalonlarimiz dunyo tamadduniga nafaqat o‘zining ilmiy salohiyati bilan, balki yuksak insoniy odob-axloqi, madaniyati bilan ham katta hissa qo‘shganlar.

Tabiat va jamiyat bir-biridan ajralmasdir. Shuni chuqur anglagan ajdodlarimiz tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lgan. Buni yetti sohani, jumladan, sigir (chorvachilik), asalari (asalarichilik), ipak qurti (ipakchilik), objuvoz (yog‘-moy ishlab chiqarish), tegirmon (novvoychilik), o‘rmon (duradgorlik), tovuqni (parrandachilik) bir-biri bilan hamohang tarzda boshqara olgan dono, ishbilarmon kishilarnigina boy, bek deb ataganlari misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Chunki, mazkur sohalar bir-birini to‘ldirishi bilan birga tabiatni tozalab borish xususiyatiga ham ega.

Masalan, sigirni (chorvachilik) olaylik. Ota-bobolarimiz sigirga  ro‘zg‘orning qassobi va baqqoli, deya ta’rif berishgan. Ma’lumki, ajdodlarimiz azaldan asosan chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Dasturxonimiz ham asosan chorvadan olinadigan go‘sht va sut mahsulotlari bilan bezaladi. O’rta asrlarda Turonzaminga qadam qo‘ygan Yevropa sayyohlarining  yozishicha, turkiy qavm jangchilari o‘rta bo‘y, bilaklari durkun, zarbi o‘ta kuchli bo‘lib, asosan go‘sht mahsulotlari iste’mol qilgan.

Asalarini (asalarichilik) dono xalqimiz oilaning tabibi deyishgani bejiz emas. Ma’lumotlarga qaraganda, ming dardga da’vo bir kilogramm asalni yig‘ish uchun asalari 2 millionta guldan nektar olar ekan. Mamlakatimizda fasllar almashinuvi keskin kuzatilishi tufayli kishilarda shamollash bilan bog‘liq har xil kasalliklar tez-tez uchrab turadi. Shunday hollarda asalning o‘rni bo‘lakchadir.

Ipak qurti (ipakchilik) — qizlarning sepi. Ipak qurti hozirgi davrda to‘qimachilik sanoatida keng qo‘llanilib kelinmoqda. Shu o‘rinda asrlar davomida to‘qilib kelinayotgan milliy madaniyatimizning bir qismiga aylangan Marg‘ilon atlaslari haqida to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Bugungi kunda kamalak kabi tovlanib turadigan atlas va adras matolarimiz yangicha qiyofada xalqaro maydonga yanada keng chiqmoqda. Chunki, ipak Yevropada shoxona mato hisoblanib, Londonda birgina «Thomas Pink» brend markasida bitta ipakdan to‘qilgan mavsumiy ko‘ylak 170 funt, «Marks & Spenser» do‘konida 120 funt bahoda sotiladi. Shunday ekan, fikrimcha, milliy atlas va adras matolarimizni ham xalqaro bozorda brend darajasiga ko‘tarish dolzarb vazifalarimizdan biriga aylanishi zarur.

Objuvoz (yog‘-moy ishlab chiqarish) — qozonimizning qaynashi uchun beqiyos ne’matlardan. Qadim zamonlardan zig‘ir, kunjut yog‘ining shifobaxshligi haqida ko‘p va xo‘p gapirilgan. Ayniqsa, dunyoga mashhur palovimizni yog‘siz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bugungi kunda dunyodagi istalgan mehmonxona yoki restoranning taomnomasida milliy taomlarimiz nomini uchratish  oddiy holga aylanib bormoqda.

Tegirmon nonini xalqimiz qadimdan iste’mol qilib kelgan, aziz deb bilgan. Xalqimiz uyiga mehmon kelsa, dasturxon yozib, avvalo, non qo‘yadi. O’g‘il Vatan xizmatiga otlanganda safar oldidan nondek butun bo‘lgin, deya non tishlatadi. Yerga tushgan bir burda nonni ham ko‘ziga surib, olib qo‘yishdek o‘gitlar avloddan-avlodga uqtirib kelinadi. Mamlakatimizda  joriy yilda 7 million tonna g‘alla xirmoni bunyod etildi. G’alla ahamiyati jihatidan eng qadrli boyliklarimizdandir. Bu bilan har qancha faxr­lansak arziydi. Bozorlarimizda non va non mahsulotlarining turini ko‘rib, kishi aqli shoshadi. Samarqand nonlari mo‘‘jizaning o‘zginasidir.

Xalqimiz hayotida o‘rmonning (duradgorlik) ham ahamiyati juda katta. Zero, daraxtni imoratning suyagi, deb bejizga atashmaydi. Daraxt atmosferani tozalashga xizmat qiladigan muhim manbalardan sanaladi. Shunday ekan, undan oqilona foydalanish insoniylik burchlarimizdan biridir.

Elimizda ajoyib an’ana bor, farzand tug‘ilsa, yaxshi niyatlar ila unga atab daraxt ko‘chati ekishadi. Buning zamirida chuqur ma’no-mazmun mujassam. Shuningdek, xalqimiz azaldan yog‘ochga ishlov berish orqali unga zeb bag‘ishlab kelgan. Undan qurilishda, eshik va romlar, ustunlar yasashda foydalanilgan. Qadimiy shaharlarimizda asrlar osha bizgacha yetib kelgan naqshinkor ustunlar, yog‘och o‘ymakorligining noyob namunalarini ko‘rib ajdodlarimiz mahoratiga yana bir bor qoyil qolasan kishi.

Hozirgi kunda butun mamlakatimizda keng miqyosda bunyodkorlik, qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bunda qadimiy san’at ustalari  – duradgorlar xizmatidan ham keng foydalanilmoqda. O’zida azaliy qurilish madaniyatini mujassam etgan zamonaviy bino va inshootlarimizning eshik-romlari, gumbazu ustunlarini,  san’at asariga tenglashtirsak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu nuqtai-nazardan daraxtlarni (duradgorlik) bebaho xazinalarimizdan deyish mumkin.

Tovuq (parrandachilik) — ham obiyovg‘on, ham dori-darmon. Rivoyatlarda aytilishicha, har kuni tong sahar yer bo‘ylab ikkita farishta rizq sochib chiqar ekan. Xo‘roz esa odamlar rizqdan benasib qolmasin deb erta uyg‘otishga chog‘lanar emish. Mana shunday ezgu niyatli parrandani bobolarimiz yetti xazina qatoriga kiritgani bejiz emas. U nafaqat shifobaxsh go‘shti va tuxumi bilan, balki hovlimizni turli xil zararli hashoratlardan tozalab turishi bilan ham ahamiyatlidir.

Yuqorida tilga olingan yetti jihat shunisi bilan qiziqki, ular bir-biri bilan bevosita va bilvosita bog‘liqdir. Sigirning «o‘g‘iti» dalaga sepiladi, daladan olingan bug‘doyning donu somoni, kepagi tovuqqa, ham sigirga yemish. Yoki asalari o‘simliklardan bol yig‘ish bilan birga uni changlatishga ham xizmat qiladi. Albatta, bularning barchasini bir butun uyg‘unlikda bosh­qarish uchun kishidan katta iroda va aql-zakovat talab etiladi. Xalqimiz tarixida ana shunday tuganmas boylikka ega bo‘lishiga qaramay, hokisor hayot kechirgan saxovatpesha, dono insonlar ko‘p bo‘lgan. Arab sayyohi Ibn Batuta «Safarnoma» kitobida shunday yozadi: «Men dunyoni kezib, bunday odamlardan (ya’ni javonmardlar) ko‘ra ezgu niyatli va ezgu xulqli kishilarni ko‘rmadim. Sheroz va Isfaxon aholisi garchi o‘zlarini javonmardlarga o‘xshatsalar-da, ammo Xorazm va Movarounnahr javonmardlari g‘arib-musofirlarni siylash va mehmondorchilikda ulardan baland turadi. Ularni Iroqda shotir, Xurosonda sarbador, Mag‘ribda sukra deydilar. Ularga tobe joylarda adolat rasmi shunday rivojlanganki, ularning lashkargohlari, uylari ostonasida oltin va kumush tangalar yerga sochilib yotadi va egasi topilmaguncha hech kim bu pullarga tegmaydi».

Hoja Ahror Valiy siymosi mana shunday buyuk shaxslardan biri bo‘lib, uning ko‘plab yeru mulklari bo‘lsa-da, ammo o‘zini faqir hisoblagan. Chunki, u barcha boyligini boshqalarning manfaatlari va ehtiyoji yo‘lida sarflagan. Shahar aholisi qashshoqlikdan yillik soliqni (250 ming dinor) to‘lolmadi. Shunda Hoja Ahror Valiy bu mablag‘ni to‘lab, shahar aholisini tashvishdan xalos etishdan tash­qari, yana toshkentliklarga 70 ming dinor tuhfa etdi — xalq qishdan eson-omon chiqsin, deb. Hoja Ahror Valiy qurdirgan madrasa va xonaqohlarning soni yigirmadan ortiq, vaqfnoma daftaridagi mol-mulklarning soni 254 tani tashkil etadi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, buyuk ajdodlarimiz orasida ham ma’nan, ham moddiy jihatdan boy insonlar ko‘p bo‘lgan. Binobarin, mo‘‘tabar kitoblarda naql qilinganidek, dunyo shunday zotlar tufayli barqaror va osoyishtadir. Zero, saxovatpeshalik ham yetti xazinaga tatiydi.

Bunyod Abdullayev,
jurnalist

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.